Roziya Sulton begim – Hindistonda turkiylar tomonidan tuzilgan Dehli sultonligining birinchi va yagona ayol hukmdori (1236 – 1240). U musulmon tarixidagi rasman birinchi valiahd etib tayinlanib taxtga oʻtirgan ayol hukmdordir. Uning tugʻilgan yili haqida aniq maʼlumot yoʻq. 1205 yoki 1211-yillarda tugʻilganligi toʻgʻrisida taxminlar mavjud. Otasi Shamsiddin Eltutmish – Turkistonda yashagan “ilbari” nomli turkiy qabiladan boʻlgan. U akalari tomonidan qul qilib sotib yuboriladi. Shu tariqa Buxoroga kelib qoladi. Keyinchalik Qutbiddin Oybek xizmatiga kirib, uning huzurida katta mavqega erishadi va qiziga uylanadi. Olimlar uning tugʻilgan yerini Margʻilondan Andijonga boradigan yoʻlda joylashgan “Ilomish” qishlogʻi boʻlgan deb ham taxmin qiladilar. Baʼzi manbalarda Roziya Sultonning onasi Eltutmishning kanizagi Shoh Turkon deb keltiriladi. Biroq, Roziyaning onasi Turkon Xotun – kanizak boʻlmagan, Qutbiddin Oybekning qizi, Eltutmishning birinchi ayoli boʻlgan.
Roziya begim bugʻdoyrang, uzun qora sochli, beli ingichka, boʻyni koʻzadek nozik, koʻzlari biroz qiyiqroq edi. Aytishlaricha, u oʻzining shu xususiyati bilan saroydagi qizlar orasida paridek edi. Sulton Eltutmish ham bu goʻzal va aqlli qizini “Qurratuʼl-aynim” yani “koʻzimning qorasi” deb chaqirardi. Roziya uzoq vaqt turmushga chiqmagan va otasining oʻng qoʻli sifatida doimo uning yonida yurgan. Roziya kuchli siyosiy va harbiy bilimga ega edi. U paytda ayollar roʻmol oʻrab, yuzlarini yopib yurishardi, Roziya boʻlsa, yuzini berkitmagan, erkaklardek mohir mergan va filni ham mahorat bilan boshqargan. Bu koʻpchilik amirlarni norozi qilgan va tanqidiga sabab boʻlgan. Oʻz davr manbalarida Roziya ulug‘ donishmand, adolatli, ulamolarni xush koʻradigan, xalqiga gʻamxoʻrlik qiladigan, qoʻshinni mohirlik bilan boshqaradigan rahmdil hukmdor sifatida taʼriflanadi.
Shamsiddin Eltutmish Roziya begimga jangovar texnikani oʻrgatish vazifasini asli habash boʻlgan efiopiyalik Jamoliddin Yoqut ismli kishiga topshiradi va Sulton Yoqutning jasorati yoqqanligi uchun uni Roziyaning otaligʻi etib tayinlaydi. Roziya ustozini juda hurmat qilardi, keyinchlik uni saroydagi muhim lavozimlardan biriga masʼul etadi. Qolaversa, zukko boʻlgan Yoqutga Sulton Roziya huzurida maqtovlar aytilishi amirlarning hasadini qoʻzgʻatdi. Bu hatto isyonlarni keltirib chiqaradi. Oxir-oqibat isyonkor amirlar Roziyaning buyrugʻi deb bahona qilib, Yoqutning oʻlimiga sababchi boʻladilar.
Roziya nafaqat harbiy sohada mohir, balki, yoshligidan Qurʼon yod olgan hofiza boʻlganini ham taʼkidlash oʻrinli. Qurʼonni nihoyatda chiroyli oʻqigani bois uni “Qurʼonxon” deb ham atashardi. U “Shirini Dehlaviy” va “Shirini Gʻuriy” taxallusi bilan sheʼrlar yozib, oʻzining ijodkorlik qobiliyatini ham namoyon qilgan. Uning turkiy sheʼrlari jamlangan devoni borligi aytiladi, hatto ilk turkiy devon sohibi boʻlgan degan qarashlar ham mavjud. Otasi ham uning sheʼr yozishini qoʻllab-quvvatlagan.
Eltutmish oʻzining eng qobiliyatli oʻgʻli Nosiriddin Mahmudni taxt vorisi etib tayinlagan edi. Biroq u Bengaliya hokimi boʻlib turgan paytida vafot etadi. Shundan soʻng Eltutmishni vorislik masalasi jiddiy tashvishga soldi. U tirik qolgan oʻgʻillaridan hech birini taxtga munosib deb bilmasdi. Uzoq va tashvishli oʻy-mulohazalardan soʻng, nihoyat qizi Roziya (Roziya Sulton)ni taxt vorisi etib tayinlashga qaror qildi hamda amirlar va ulamolarni bu qarorni maʼqullashga koʻndirdi.
Qadimgi Eron va Misrda ayollar malika sifatida hukmronlik qilgan, shuningdek, shahzodalar voyaga yetmaguncha regent sifatida davlatni boshqargan holatlar boʻlsa-da, oʻgʻillar oʻrniga ayolni voris etib tayinlash avval kuzatilmagan yangicha qadam edi. Bu borada vaziri Tojulmulk Mahmudga tegishli farmon tayyorlashni buyurdi. Sultonning bu qaroridan koʻpchilik amaldorlar norozi boʻlgan. 1236-yilda Sulton Eltutmish kasal boʻlib, vafot etadi. Uning oʻlimidan soʻng Dehli ikki lagerga boʻlinib ketdi. Roziyaning ukasi Rukniddin Feruzshoh boshidanoq Roziyaga qarshi boʻlgan saroy aʼyonlari va “Turkoni Chihilgani (Iltutmish tomonidan ishlab chiqilgan muntazam vazirlik organi)” yordamida taxtga oʻtiradi. Ruknuddin Firuz taxtga chiqqach, aysh-ishratga berilib ketadi va davlat boshqaruvi onasi Shoh Turkon qoʻliga oʻtdi. Roziya tarafdorlari tomonidan Rukniddin taxtdan agʻdarilib, qatl etildi. Roziya rasman Dehli taxtini egalladi. U otasi Eltutmish davrida amalda boʻlgan, qonun-qoidalarni qaytadan hayotga tatbiq etib, adolat oʻrnatdi.
Roziya Sulton hukmronligining dastlabki yillarida zarb qilingan tangalar uning siyosiy mavqeyi va legitimlik masalasini yoritishda muhim numizmatik manba hisoblanadi. Tangalar yozuvlari orqali Roziyaning oʻz hokimiyatini sulolaviy va diniy asoslashga intilgani kuzatiladi. Avvalo, ayrim kumush tangalarda u “binti Shamsiddin Eltutmish” (Shamsiddin Eltutmishning qizi) deb koʻrsatilgan. Bu nisbat tasodifiy emas, balki Dehli sultonligida hokimiyatni asoslashning anʼanaviy usuli – sulola asoschisiga tayangan legitimlik shaklidir. Ikkinchidan, Roziya tangalarida u “Sultan” unvoni bilan qayd etiladi. Bu juda muhim jihatdir, chunki oʻrta asr musulmon siyosiy terminologiyasida “Sulton” hukmron suveren maqomini anglatadi. Roziya Sulton nomi ham erkak hukmdorlar bilan teng maqomni bildiruvchi titul bilan zarb etilgan.
Bundan tashqari Roziya “Roziyat ad-dunyo va din” (“Dunyo va din mahbubi”), “Bilqisi Jahon” (“Olam bilqisi”) unvonlariga ham sazovor boʻlgan.
Roziya Sulton hukmronligi qisqa vaqt davom etgan boʻlsa-da, ulkan ishlarni amalga oshirishga ulgurgan. Oʻz davri uchun ilgʻor ijtimoiy va siyosiy qarashlarga ega hukmdor sifatida namoyon boʻladi. U davlat boshqaruvini tor etnik va harbiy guruh manfaatlaridan chiqarib, kengroq ijtimoiy asosga tayantirishga harakat qilgan. Xususan, uning jizya (musulmon boʻlmaganlardan olinadigan soliq)ni bekor qilish tashabbusi diniy ajratish siyosatini yumshatish va musulmon boʻlmagan aholiga nisbatan adolatli munosabat oʻrnatish istagini koʻrsatadi. Bu taklif saroy amirlari tomonidan keskin qarshilikka uchragan boʻlsa-da, Roziya diniy hukmlarni formal talqindan koʻra ularning ruhiy-axloqiy mohiyati muhim ekanini taʼkidlagan. Shuningdek, davlat lavozimlarini faqat turk amirlari qoʻlida saqlab qolish siyosatiga qarshi chiqdi. U hinduizm dinidan islomni qabul qilgan Imomuddin Rayhonni yuqori mansablardan biriga tayinlashga uringan. Bu koʻplab noroziliklarga va qoʻzgʻalonlarga sabab boʻldi. 1239-yilda Lahor hokimi Malik Izzuddin Kabirxon Ayaz boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtarildi. Roziya qoʻshin bilan yurish qilib, uni taslim boʻlishga majbur etdi va Lahor hokimligini tortib oldi, biroq hayotini saqlab qoldi.
Roziya Sulton saroydan tashqarida boʻlgan paytida esa unga qarshi fitna uyushtirildi. 1240-yil 3-aprelda Dehliga kelib, Ixtiyoriddin Oltuniyning Tabarhinda isyon koʻtarganini bildi. Dehlidagi ayrim zodagonlar ham unga qarshi fitnaga qoʻshilganidan bexabar holda, u Tabarhinda tomon yoʻl oldi. U yerda qoʻzgʻolonchilar Yoqutni oʻldirib, Roziyani asir oldilar. Bu xabar Dehliga yetgach, zodagonlar Iltutmishning oʻgʻli Muizuddin Bahromni taxtga oʻtqazdilar. Keyinchalik Roziya Oltuniyni oʻz tomoniga ogʻdirib, unga turmushga chiqdi va Dehlini qaytarib olishga urindi. U mardonavor kurashgan boʻlsa-da, magʻlubiyatga uchradi va qochish chogʻida oʻrmon ichida bosqinchilar tomonidan oʻldirildi.
Roziyaning oʻlimi toʻgʻrisida boshqa hikoyalar ham mavjud. Masalan, “Tabaqoti Akbariy” da uning oʻlimi boshqacha shaklda keladi. 1240-yil 14-oktabrda hind dehqoni Roziyani qochib ketayotganda oʻldirib, dalasiga dafn qilgan. Rivoyatga koʻra, Roziya ukasi Bahromshoh yuborgan qoʻshin bilan jangda magʻlub boʻlgach, asir tushmaslik uchun qochadi. Uzoq sarsonlik va ochlikdan soʻng bir hindu dehqonidan ovqat soʻrab, uning bergan quruq nonini yegach, holdan toyib uxlab qoladi. Dehqon uning kiyimi ostidagi qimmatbaho kaftanni koʻrib, uni oʻldirib dalaga koʻmadi. Keyinchalik kiyim parchasini sotmoqchi boʻlganida shubha uygʻotib, qozi huzuriga olib boriladi va soʻroq davomida Roziyani oʻldirganini tan olib, dafn etilgan joyni koʻrsatadi. Sulton Roziyaning jasadi chuqurdan olib chiqilib, uning ustida diniy marosimlar oʻtkazilgach, yana oʻsha joyga dafn etilgan, qabr ustiga qabrtosh oʻrnatilgan.
Bugungi kunda Roziya qabri Eski Dehlidagi Turkman darvozasi yaqinida joylashgan. Ustiga gumbaz qurilgan, odamlar undan baraka tilaganlar. Hozirda bu joy deyarli eʼtibordan chetda qolgan. Hindiston Arxeologiya xizmati uni har yili taʼmirlab turadi. Ammo uni yanada obodonlashtira olmaydi, chunki u noqonuniy qurilish bilan oʻralgan va faqat tor yoʻlakcha orqali borish mumkin.
Xulosa oʻrnida aytish mumkin-ki, Dehli sultonligining yagona ayol sultoni Roziya Sulton hind-turk tarixida alohida oʻrin tutadi. Manbalarga koʻra, u hukmdorlik uchun zarur fazilatlarni oʻzida mujassam etgan va otasi Eltutmish tomonidan aka-ukalaridan ustun deb topilgan. Roziya markaziy hokimiyatni mustahkamlash, davlatni adolat asosida boshqarish hamda saroy zodagonlarining haddan tashqari taʼsirini cheklashga intildi. Va bu yoʻlda u juda qattiq qarshiliklarga duch keldi. Shunga qaramay, u hokimiyatni qayta tiklash yoʻlida kurashni davom ettirdi va bu yoʻlda jonini ham fido qildi.
Roziya shaxsiyati turkiy ayollarning tarixan siyosiy iroda, harbiy jasorat va davlat boshqaruvida faol ishtirok eta olish qobiliyatiga ega boʻlganini yaqqol namoyon etadi. U jasoratli, qatʼiyatli va mustaqil hukmdor sifatida nafaqat oʻz davrining, balki butun turkiy ayollar tarixining yorqin timsolidir.
Maʼsuma IBROHIMOVA,
OʻzR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Juzjani Tabakat-I Nasiri: A General History of the Muhammadan Dynasties of Asia, (trc. H.G. Raverty), Calcutta, 1881.
2. Erkan Türkmen, Sultan Raziye, NKM Yayınevi, İstanbul, 2007.
3. Dr. Bahriye Üçok: Delhi Müslüman - Türk Sultanlığının Kuruluşu Ve Sultan Raziyeʼnin Saltanatı, Ilâhiyat fakültesi dergisi,Ankara, 1961.
4. Cüzcanî, Tabakât-ı Nâsırî I, Nşr. A. Habibî, Kabil, 1963.
5. Stanley Lane-Poole: The Coins of the Delhi Sultans, London, 1884.
6. Rafiq Zakaria. Razia – Queen of India. Bombay, 1966.
7. H. Hilal Şahin. Müslüman Türk Devletinin Tek Kadın Sultanı: Belkîs-i Cihan Raziye Begüm. Akademik Tarih ve Düşünce Dergisi 2018.