5-oktabr kuni komil_vlogs blogeri oʻzbek tilida gaplashishni soʻraganidan keyin Samara—Toshkent reysiga qoʻyilmagan edi. Bu haqdagi murojaatga Centrum Air kompaniyasi matbuot xizmati izoh berdi.
“Centrum Air — koʻp millatli Oʻzbekistonda tashkil etilgan va rivojlanayotgan aviakompaniya. Barcha bort kuzatuvchilarimiz oʻzbek, rus va ingliz tillarini biladi hamda yoʻlovchilar bilan ular uchun qulay tilda muloqot qiladi”, deyiladi xabarda.
Aviakompaniya taʼkidlashicha, yoʻlovchi “bort kuzatuvchisiga nisbatan tajovuzkor munosabatda boʻlgan: qoʻpol tarzda talablar qoʻygan, xodimni haqorat qilgan va yoʻlovchilar samolyotga chiqarilayotgan vaqtda uning ishiga xalaqit bergan”.
Aytilishicha, bunday xatti-harakatlar bortdagi xavfsizlik va tartibga tahdid solishi mumkinligi sababli havo kemasi komandiri yoʻlovchini parvozga qoʻymagan. Xabarda qaror toʻliq asosli deb hisoblanishi taʼkidlangan.
“Hodisaning barcha tafsilotlari hujjatlashtirilgan. Aviaompaniya ushbu fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish masalasini koʻrib chiqmoqda”, deya qoʻshimcha qildi aviakompaniya.
Keyinroq bloger Moskvaga chipta sotib olganini, u yerdan Toshkent yoki Samarqandga uchib kelishini maʼlum qildi. U Rossiyadagi Oʻzbekiston elchixonasiga murojaat qilishini, vataniga qaytgach esa adolat qaror topishi uchun harakat qilishini aytdi.
Erkak Centrum Airʼning bort kuzatuvchi yigitlari xushmuomala, bort kuzatuvchi ayollari esa “qoʻpol va musor” ekanini aytgan. Ayrim oʻquvchilar aviakompaniya xodimiga nisbatan haqoratli izohlar qoldirgan.