“Samarqand” gazetasi xalqning koʻzini ochishga bois boʻldi”. Mazkur fikrni ulug‘ maʼrifatparvar Abdulla Avloniy “Samarqand” gazetasining oʻz davridagi ahamiyati haqida yozgandi. Mahmudxoʻja Behbudiy noshirligi va muharrirligida chop etilgan mazkur nashr, haqiqatan ham, milliy matbuotimiz tarixida muhim oʻrin egallaydi.
Mahmudxoʻja Behbudiy gazeta ochish yoʻlida Chor hukumatining norizoligi-yu qogʻozbozligi ortidan besh yil sarsongarchilikka duchor boʻladi. Bu haqda Sadriddin Ayniy shunday xotirlagan: “1908 nchi yildan oʻz idorasinda biron gazeta chiqarmoq fikrigʻa tushub, 1913 nchi yil aprel oyinda bu maqsadigʻa yetishub, “Samarqand” gazetasining bir necha raqamini chiqarishga muvaffaq boʻlgʻon”[1]. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlangan maʼlumotlar ham buni tasdiqlaydi [2].
Abdulla Avloniyning fikriga kelsak, darhaqiqat, “Samarqand” oʻzidan avval chiqqan nashrlardan farq qiladi. Bunda Behbudiyning matbuot sohasida toʻplagan tajribasi qoʻl kelgan. Gazetaning oʻzgachaligiga birinchi dalil shuki, bizda ungacha hech bir nashr uch tilda chop etilmagan. Muharrir gazetani faqatgina oʻzbek tilida chiqarib, forscha soʻzlashadigan aholini eʼtibordan chetda qoldira olmasdi. Uning oʻzi bu haqda shunday degan: “Samarqand” jaridasi oʻzbekiy, forsiy va rusiy tillarinda va Turkistonning oʻrta shevasinda taʼsis etilib edi. Mundan maqsad shul ediki, gʻarbdagi bahri Xazardan boshlab sharqdagi Gʻulja va Koshgʻargʻacha, shimoldagi Qozogʻistondan boshlab janubdagi Afgʻoniston fosili Amu nahri oʻrtasindagi vose’ arozigʻa sokin turk va tojik birodarlarimizgʻa baqadri toqat xizmat etmak... Maktab boʻlsun, madrasa boʻlsun, ishkoʻl boʻlsun – isloh va taraqqiysigʻa yordam uchun xalqni daʼvat qilmoq edi. Fosid urf va botil rasmlarni, yomon odatlarni sharʼan islohigʻa koʻshish etmoq edi” [3].
Muharrir istilohi Navoiy asarlari lugʻatida “yozuvchi, tahrir qiluvchi” maʼnosini berishi taʼkidlanadi. Biroq XX asr boshiga kelib muharrir faqat yozib, tahrir qiladigan emas, balki tahrirdan oʻtgan xabar va maqolalarning gazetada berilishini boshqaradigan, muallif jalb etadigan, yana bir qancha vazifalarni bajaradigan masʼul shaxs darajasiga chiqqandi. Mahmudxoʻja Behbudiy esa Sharq-u Gʻarb tushunchasidagi muharrirning vazifasini bemalol bajara olgan. Ayniqsa, oʻzining qalamiga mansub maqolalarni muharrir nuqtayi nazari bilan qarab, qisqa va loʻnda tarzda yozganini koʻramiz. “Tahsil oyi”, “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?”, “Ehtiyoji millat” kabi koʻpgina maqolalari fikrimizga dalildir.
Nashr nimasi bilan va qaysi yoʻnalishlarda xalqning koʻzini ochdi?
Gazetada mustamlaka iskanjasida turib boʻlsa-da, millat bolalarini oʻqitib, oʻzligini tanitib, maʼrifat vositasi-la ozodlikka erishish gʻoyasi targʻib etildi. Bu yoʻlda tahririyat jamoasi barcha janrdagi – axboriy, tahliliy, badiiy, hajviy materiallardan unumli foydalandi. “Mahalliy xabarlar”, “Ibratlik xabarlar”, “Musulmon olami xabarlari” doimiy bosilgan. Muayyan yangiliklarni “Ibratlik xabarlar” deb nomlashning oʻzi ham muharrirlarning maqsadini anglatadi (keyinroq “Doxiliy xabarlar” va “Xorijiy xabarlar” tarzida oʻzgartirilgan).
Millat uchun biror ibrat boʻlarli voqea haqida yozilsa, undan saboq olish lozimligi alohida taʼkidlab ketilgan. Jumladan, Ummon mamlakati musulmonlari “Jamʼiyat ul-ittifoq” degan tashkilot tuzishgani, shu tariqa yoshlarni oʻqitish uchun pul toʻplashga qaror berilgani haqida aytilib, xabar oxirida “Turkiston va Buxoro uchun ibrat” degan qayd qistirib oʻtilgan (bu oʻrinda yurtimiz hududi ikkiga ajratib tilga olingani boisi, oʻsha davrda xalqimiz ikki idoraviy-boshqaruv ostida – general-gubernatorlik va amirlik tarkibida yashardi).
Yangilik janriga Gʻarb jurnalistika nazariyasi tomonidan berilgan oʻziga xos taʼrif mavjud: “When a dog bites a man, that is not news. But when a man bites a dog, that is news” (Agar it odamni tishlasa, bu yangilik emas. Biroq odam itni tishlasa, bu yangilikdir) [4]. Bunday mazmundagi yangiliklar “Samarqand” gazetasida ham berib borilgan. “Ajab voqea” sarlavhali material fikrimizga dalil boʻla oladi:
“Xoʻjandda Abdulrofe’ mahallasida Fayziya degan eri oʻlgan bir xotun ila oning 14 yoshlik bir qizi bor ekan. Mazkur xotun yoshlik chogʻida ersiz qolganidan oning hamsoyasida boʻlgan Zarifqori ismlik bir odam oning ahvolidan xabardor boʻlub, dafʼi ehtiyoji xususida baʼzan yordam berib turganini mazkur mahalla aholisi aytadurlar.
Kunlardan bir kun 65 yoshgʻa yetgan Zarifqori oʻshal xotunning qiziga muhabbat qoʻyub, olmoq fikrida yurganida taqriban 60 yoshlik Fayziya xotun Zarifqorining 16 yoshlik Ziyovuddin degan oʻgʻligʻa oshiq boʻlur.
Bir kun betoqatligʻidin Zarifqori qizigʻa oshiq boʻlganini Fayziyagʻa bildurganida, bu xotun ham oning oʻgʻligʻa oshiqligini izhor etibdur. Hamda agar shuning chorasi topilsa, unga-da bir chorasi topilmogʻi mumkinligini bayon qilibdur.
Bu soʻzni eshitib jon-u dilidan Zarifqori rozi boʻlub, balatoxir Fayziya kampirni yosh oʻgʻli Ziyovuddingʻa va uning 14 yoshlik qizini oʻzigʻa aqd va toʻy qilibdur” [5].
Gʻarbona misolda itning odamni tishlagani odatiy, odamning itni tishlashi noodatiy holdir. Jadid matbuotidan olingan yangilikda ham mana shunday gʻayrioddiy voqea bayon qilingan. Keksa ayolning boʻz yigitga uzatilishi mahalliy xalq nazdida chini bilan “Ajab voqea” boʻlgan. Muharrir esa gazetxonlar ikki oila boshliqlarining nafs qutqusida aql bovar qilmas darajada til biriktirishidan tegishli xulosa chiqarishini koʻzlagan.
Gʻarb jurnalistikasida axborotda munosabat boʻlmasligi, yaʼni muxbirning voqea-hodisaga betarafligi bilinib turishi kerakligi uqtiriladi. “Samarqand” gazetasida ham shunday manzaraning guvohi boʻldik. Masalan, quyidagi yangilikka eʼtibor qiling. “Piterburg. Usmonli elchixonasi rasmiy eʼlon aytadur: Sharkuyda (Marmara dengizi boʻyida) bulgʻorlar musulmon imoratlarining hamasini xarob etibdur. Shaharda faqat 5–10 imorat buzilmay qolibdur” [6]. Lekin shu jihati ham borki, muharrir gazetaga bosish uchun qanday xabarni tanlashida gap koʻp. Masalan, yuqoridagi ikki enlik axborotda Behbudiyning dunyoqarashi yalt etib turibdi.
“Samarqand” gazetasida yana shunday xabarlar uchraydiki, voqea-hodisaga tahririyatning munosabati ochiq bildiriladi: “5-avgustda Yangi Chorsu mahallasidaki choyxonada Abdulfattoh boybachchani nomaʼlum kishilar tafangcha ila otub qochubdurlar. Maqtul otasidan qolgan koʻb mollarni safohat yoʻlida sarf qilub, yomon odamlar ila qoʻshulushub yurgan ekanki, yomon rafiqlari bukun oʻzining boshigʻa balo boʻlibdi.
Idora:
“Agarda otasi oʻqutsa edi, bolasi balo boʻlmas edi” [7].
Matnda muxbirning munosabati yaqqol sezilib turibdi. Shu bilan ham qanoat qilmasdan, tahririyat yana xulosa qoʻshadi: “Agarda otasi oʻqutsa edi, bolasi balo boʻlmas edi”. Bu fikrda faqat bir boy bolasining emas, balki butun Turkiston xalqlari tanazzulining bosh sababi koʻrsatilgan. Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” pyesasida ham ayni shu illat qalamga olingan.
Jadidlar goʻyoki betarafdek koʻringan xabarlar zamirida gʻoyaviy kurash mavjudligini yaxshi anglagan. Notoʻgʻri talqin qilingan, atay buzilgan, gʻayri maqsadga yoʻnaltirilgan axborotni ajrata bilganlar, shunga koʻra ish tutganlar, ayrim paytda tarafkashlikka ham yoʻl qoʻyganlar. Quyidagi misolga diqqatingizni qaratamiz:
“Istanbul. Adrina viloyatiga puplardan Patriyorxgʻa kelgan xabarga koʻra, turk askari onda 22 xristiyon qishlogʻini yondurubdurlar. Va koʻb odamni kalisogʻa qamab, otash berubdurlar. Bir qishloqda 600 kishidan ikki nafari eson qolibdur. Goʻyo “Ittihod va taraqqiy” firqasi munda xristiyonlarni qirib, oʻrinlarigʻa musulmonlarni qoldirmakchidurlar.
“Samarqand”:
Puplarning bu xabari koʻp mubolagʻali va “Ittihod va taraqqiy” firqasigʻa dushmanlik uchun boʻlsa kerak. Bul xabar durust boʻlgan taqdirda ham bulgʻorlarning gunohsiz musulmonlar haqinda qilgan jabr va zulmlarining muqobilida yuzga birdur” [6].
Mazkur axborot urush davrida dushman davlat tomonidan tarqatilgani inobatga olinsa, munosabatning qay tomonga yoʻnaltirilganini anglash qiyin emas. Axborot kurashi birinchi jahon urushi arafasida avj olgani shu kabi misollardan anglashiladi.
“Samarqand” gazetasida chiqqan “Musulmon sinematografiyasi”, “Yangi maktablar”, “Muslimalar uchun maktab”, “42 xonali maktab haqida”, “Kafkaz musulmonlarida ruscha tahsil” singari yuzlab materiallar mustamlakada ezilgan avomni maʼrifatli xalqqa aylantirish, shu yoʻl bilan ozodlikka erishish maqsadini koʻzlagan.
Jadid matbuotida sobiq shoʻro davridagidek umumiy gaplarga chirmab mavhum yozilmagan, balki Gʻarbning ilgʻor jurnalistikasidagi kabi demokratik tamoyillarga tayanilgan, ayni paytda milliy manfaatlar ham unutilmagan. Mahmudxoʻja Behbudiyning oʻzbek milliy matbuoti tamalini qoʻygan jonkuyar muharrir sifatidagi ish tutumlari bugungi jurnalistikamiz uchun ham ibrat maktabidir.
Halim SAIDOV,
OʻzJOKU professori, filologiya fanlari doktori
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Sadriddin Ayniy. Mahmudxoʻja Behbudiy hazratlarining qisqacha tarjimayi holi // “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1920-yil 8-aprel.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, 18-fond, 1-roʻyxat, 8752-ish.
3. Mahmudxoʻja Behbudiy. Na uchun iltifot etmaydurlar // “Samarqand” gazetasi, 1913-yil 16-avgust.
4. Conrad C.Fink. Introduction to professional newswriting. – USA: Longman Publishers, 1998. – P. 15.
5. Muhammad Saʼd. Ajab voqea // “Samarqand” gazetasi, 1913-yil 16-iyul.
6. Doxiliya xabarlari // “Samarqand” gazetasi, 1913-yil 26-iyul.
7. Xoʻjandda // “Samarqand” gazetasi, 1913-yil 16-avgust.
“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali, 2025-yil, 1-son.
“Samarqand” gazetasi xalqning koʻzini ochishga bois boʻldi” maqolasi