Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yoʻlida” xalqaro sammiti doirasida “Imkon” markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, sammitda ishtirok etayotgan birinchi xonimlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashdi.
Qayd etilishicha, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi markazda maktabgacha taʼlim, korreksion-pedagogik yordam va kompleks reabilitatsiya xizmatlari birlashtirilgan. Har bir bola uchun uning individual ehtiyojlaridan kelib chiqib alohida dastur ishlab chiqiladi.

Markazning maktabgacha taʼlim boʻlimi 150 oʻringa moʻljallangan. Unda 2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun 10 ta ixtisoslashtirilgan guruh tashkil etilgan. Ambulator boʻlimda esa 2 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oyiga 100 nafarga yaqin bola reabilitatsiya kurslaridan oʻtishi mumkin.
Muassasada davolovchi jismoniy tarbiya, nutq va mayda motorikani rivojlantirish, sensor integratsiya mashgʻulotlari hamda fizioterapiya muolajalari oʻtkaziladi. Bu yerda yetti yoʻnalishdagi shifokorlar, logopedlar, psixologlar, defektologlar va reabilitatsiya mutaxassislari faoliyat yuritadi.

Samarqanddagi muassasa Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshonda faoliyat yuritayotgan “Imkon” markazlari tarmogʻiga qoʻshildi. Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilda ushbu tarmoq muassasalarida 546 mingdan ortiq muolaja va mashgʻulot oʻtkazilgan, 3 777 nafar bola ambulator reabilitatsiyadan oʻtgan.
Hozirda Fargʻonada ham shunday markaz qurilishi boshlangan. Namangan va Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ham yangi muassasalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
