SAROY MULK XONIM (BI BI XONIM) – Chigʻatoy ulusiga mansub boʻlgan moʻgʻul xonlaridan Qozonxonning qizi boʻlib, 1341-yilda tugʻilgan. Qozonxon taxtdan azl etilib, qatl qilingan chogʻda Saroy Mulk xonim hali besh yoshda edi.
1370-yilda Saroy Mulk xonim Sohibqiron Amir Temur nikohigakiradi. Zotan, Sohibqiron Amir Temur mazkur Saroy Mulk xonim tufayli “Koʻragon” unvoniga musharraf boʻladi. “Koʻragon” iborasi moʻgʻulcha soʻz boʻlib, “kuyov” degan maʼnoni ifodalar edi.
Saroy Mulk xonim xon avlodiga mansub boʻlgani tufayli haramdagi barcha malikalardan ulug‘ hisoblanib, “katta xonim” (Bibixonim) degan unvonga ega boʻldi. Albatta, bunday eʼzozga musharraf boʻlishda aql-zakovat va fikrlash doirasining ulkanligi bosh omildir. Biz tarixiy manbalardan bilamizki, Saroy Mulk xonim oliy himmatli, zamonasining yuksakidrokli,farosatli, tadbirkor va aql-zakovat sohibasi boʻlgan. Shuningdek, husn-latofat bobida ham benazir boʻlgan. Saroy Mulk xonim siyosatdon, insonparvar, sahovatli ayol boʻlib, saltanatni boshqarishda faol ishtirok etgan, mamlakatning ijtimoiy, madaniy hamda qurilish ishlariga, ayniqsa, tolibi ilmlarga homiylik qilgan. Shuningdek, u oʻz zamonasining olimlari, sanʼat ahllariga gʻamxoʻrlik va homiylik qilib, ilm va fanning rivojiga muhim hissa qoʻshgan.
Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlarida Saroy Mulk xonim koʻpincha hamroh boʻlgan. Muarrixlar guvohlik beradilarki, Amir Temur siyosiy, harbiy ishlarda garchi Saroy Mulk xonimning maslahatlarini pisand qilmagandek koʻrinsa-da, ammo uning aql-idrokiga, tadbirkorligiga oʻzida qandaydir ehtiyoj sezib turar ekan. Naql qilishlaricha, Amir Temur Eronga harbiy yurish davrida Isfaxonning qamali koʻpga choʻzilib, qoʻshinni ozuqa bilan taʼminlashga mablag‘ yetishmay qoladi. Nihoyat, Amir Temur Samarqandga chopar yoʻllab, Saroy Mulk xonimga maktub joʻnatadi. Maktub qisqa boʻlib, “qoʻshinning zahirasi tugadi, xazinadan zar yuboring!” deyilgandi. Saroy Mulk xonim maktub mazmunidan ogoh boʻlgach, mazkur maktubning orqa tomoniga “Ulug‘ amir! Zaringiz tugagan boʻlsa, siyosatingiz ham tugadimu?” deb yozadi va maktubni choparga berib, yoʻlga ravona qiladi.
Amir Temur maktubni olgach, Saroy Mulk xonimning kinoyasini mushohada qilib, muammoli vaziyatdan chiqish yoʻlini topadi.
Amir Temur saroyida joriy qilingan tartibga koʻra, chet ellik elchilarni qabul qilish marosimlarida hukmdor yonida uning rafiqalari ham ishtirok qilganlar. Rui Gonsales de Klavixoning yozishicha, 1404-yil 8-sentabr dushanba kuni Amir Temur Samarqand chetidagi “Dilkusho” bogʻida elchilarni qabul qilgan marosimda Saroy Mulk xonim boshliq boshqa xotinlar ham yuzlariga parda tashlab oʻtirganlar. Ispan qiroli yuborgan hadyalar orasida hukmdorga ayniqsa, qizil movut maʼqul boʻlgan hamda bu haqda oʻz xotinlari, birinchi navbatda Saroy Mulk xonim bilan fikrlashgan. Shuningdek, 1404-yil 17-oktabr juma kuni Saroy Mulk xonim elchilar sharafiga katta ziyofat bergan. Ushbu ziyofatda boshqa elchilar qatorida ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo ham ishtirok qilgan edi.
Saroy Mulk xonim mamlakatda qurilish va obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan. Chunonchi, malika tomonidan Samarqandda qurilgan madrasa XIV asr oxiri va XV asr boshida poytaxtdagi madrasalar orasida eng ulkani va mahobatlisi edi. Madrasaga zamonaning yetuk mudarrislari tayinlanib, ular tolibi ilmlarga diniy va dunyoviy ilmlardan dars berganlar. Saroy Mulk xonim madrasa tolibi ilmlarining ahvolidan tez-tez xabar olib, ularga homiylik qilib turgan. Shuningdek, Saroy Mulk xonim tomonidan madrasa yoniga yana bir inshoot – maqbara qurilgan. Maqbaraning old tomoni rang-barang koshinlar bilan bezatilgan. Maqbaraning ichki qismidagi bezaklarga yashil, qizil va qora boʻyoklar bilan jilo berilgan. Izoralarga yulduz shaklida koʻk naqshlar ishlanib koshinli hoshiyalar bilan oʻralgan. Maqbara dahmasiga tashqaridan maxsus eshik orqali kiriladi. Dahma devorlari ham xilma-xil koshinlar bilan bezatilgan. Dahma ichiga tosh tobut qoʻyilgan.
1408-yilda Saroy Mulk xonim ham vafot etadi va oʻzi qurdirgan madrasa yonidagi maqbaraga tosh tobutga solinib, mo‘miyolanib dafn qilinadi.Sohibqiron Amir Temur Saroy Mulk xonimdan farzand koʻrmagan. Ammo Sohibqiron oʻz oʻgʻli Shohruh Mirzoni, suyukli nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulugʻbek Mirzo va boshqa mirzolarni bevosita zukko Saroy Mulk xonim tarbiyasiga topshirgan edi.