Maqolada Saroymulkxonimning genealogik tarixi va uning Temuriylar davlati siyosiy hayotidagi oʻrni tahlil qilinadi.
Amir Temur saltanatining huquqiy va mafkuraviy asoslarida Chingiziylar bilan qarindoshlik aloqalari oʻta muhim strategik ahamiyatga ega boʻlgan. Bu jarayonda Saroymulkxonim (1341–1408) shaxsi markaziy oʻrin tutadi. U Chigʻatoy xoni Qozonxonning qizi boʻlib, Amir Temurga turmushga chiqqach, buyuk hukmdorga “Koʻragon” (“xonning kuyovi”) unvoni berildi. Bu unvon Amir Temurning nafaqat Movarounnahrda, balki butun moʻgʻul olamida mutloq huquqiy maqomga ega boʻlishini taʼminladi.
Saroymulkxonim dastlab 1355-yilda Amir Qazagʻonning nabirasi Amir Husayn Musallabga turmushga chiqadi va bu turmush 1370-yil Amir Husayn qatl etilguniga qadar davom etadi. Manbalarda Saroymulkxonimning Amir Husayn bilan nikohidan farzandlari boʻlgani haqida biron maʼlumot uchramaydi. Malika Amir Temurning nikohiga qabul qilingach (1370), Koʻragon vafotiga qadar sohibqironning birinchi xonimi sifatida tarixiy manbalarda “Bibixonim” nomi bilan yoki “Katta xonim” sifatida eʼzozlanadi. U zamonasining aql-zakovatli, farosatli, maslahatgoʻy, siyosiy-ijtimoiy hayotga faol qatnashgan malikalaridan biri boʻlgan. Bu haqda zamondosh tarixchilar koʻplab rivoyatomuz misollar ham keltiradilar.
Saroymulkxonim ilm-maʼrifatni qoʻllab-quvvatlagan, madaniy hayotga homiylik qilgan. Malika Samarqandda madrasa va masjidlar qurilishiga, jumladan, Bibixonim madrasasi va boshqa qurilish bunyodkorlik ishlarida faol namuna koʻrsatgan. Shuningdek, Amir Temur bilan koʻplab safarlarda hamrohlik qilgan va saroy ishlarida maslahatlari bilan faol ishtirok etgan.
Tarixiy manbalarga koʻra, Saroymulkxonimning Amir Temur bilan nikohidan ham farzandi boʻlmagan. U Sohibqironning oʻgʻli va nabiralari – Shohruh, Ulugʻbek, Muhammad Sulton va Xalil Sulton kabi shahzodalarni tarbiyalab, ularga ustozlik qilgan.
Saroymulkxonim Chigʻatoy xonlari sulolasining toʻgʻridan-toʻgʻri vorisi edi. Uning nasabnomasi Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asarida quyidagicha keltiriladi: Saroymulkxonim – Qozonxon – Yasavur Oʻgʻlon – Urktemur – Toʻqtemurxon – Qudagʻay – Komkor – Chigʻatoyxon – Chingizxon. Malikaning otasi Qozonxon (1343–1346) – Chigʻatoy ulusining soʻnggi qudratli xonlaridan biri edi. U hukmronligi davrida davlatni markazlashtirishga va amirlar oʻzboshimchaligiga chek qoʻyishga urinib koʻradi. Yozma manbalarning deyarli barchasida Qozonxonning hokimiyatga kelish sanasi chalkash ifodalangan va bu hijriy 733 (milodiy 1332/1333)-yildan ekani aytiladi, – ammo notoʻgʻri sana. Negaki, bu paytda hokimiyatni Chigʻatoy ulusining oʻn yettinchi xoni Tarmashirinxon boshqarayotgan edi. Buni numizmatik maʼlumotlar ham isbotlaydi. Qozonxon davriga oid numizmatik maʼlumotlarda uning hokimiyati hijriy 744 (milodiy 1343/1344)-yildan boshlangani aytiladi. A.K.Markov tomonidan oʻrganilgan tangalar orasida Qozonxon nomiga rasmiylashtirilgan tangalar hijriy 744–747 (milodiy 1343–1346)-yillarga tegishli. Shunga asoslanib Qozonxon hokimiyati 1343-yildan boshlangan deyishimiz mumkin.
Qozonxon aslida butun Chigʻatoy ulusi hududida emas, faqat ulusning gʻarbida, aniqrogʻi Movarounnahrda hokimiyatni qoʻlga oladi. Uning davrida davlatning boshqaruv markazi Kebekxon va Tarmashirinxon davridagi kabi Qashqa vohasida joylashgan edi. Qozonxon Kebekxon saroyidan ikki manzillik gʻarbiy yoʻnalishda oʻzi uchun yangi saroy qurdiradi. U tarixiy manbalar va tadqiqotlarda Zanjirsaroy deb atalgani aytiladi. Oʻtgan yillar mobaynida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari va boshqa tadqiqotlar Qozonxon qurdirgan Zanjirsaroy hozirda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani hududida ekani aniqlangan.
Temuriylar davri manbalarining aksariyatida Qozonxon Movarounnahrni qattiqqoʻllik bilan idora qilgani taʼkidlanadi. Xonning qatlga zoʻr berishi ortidan davlatdagi asosiy harbiy kuchlar hisoblangan turk amirlari unga qarshi birlasha boshlaydi. Qozonxon toʻgʻrisida asosan Muiniddin Natanziy asarida atroflicha soʻz yuritilgan. Unda aytilishicha, Qozonxon har kuni yuzlab odamlarni qatl etgan (Hozirgi kunda Zanjirsaroy atrofida juda katta qabriston saqlanib qolgan va u keyinchalik “Xoja Rostan” nomimi olgan. Oʻldirilganlar shu mozorga dafn etilgan, ehtimol. Arxeologlar qabrlarni oʻrgansa, aniqlik kiritilishi mumkin). Shuningdek, Qozonxon davri adolatsizlik hukmron boʻlgan va qonxoʻrlik haddan oshgan, katta amirlar qatli amalga oshirilgan davr sifatida eslatiladi. Natijada, qoraunos qavmidan Munk (qadimgi Xuttalon, hozirgi Baljuvon) va Solisaroy (Xuttalondagi viloyat) shaharlari hokimi amir Qazagʻon noʻyon unga qarshi isyon koʻtarib, ikki marta jang qiladi. Ikkinchi jangda Qozonxonni oʻldirib (1346), mamlakat boshqaruvini qoʻlga oladi. Bu voqea Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi”da ham batafsil yoritilib, jangda Qazagʻonning bir koʻziga oʻq tegib yaralangani, xon qoʻshinining Qarshiga chekingani tasvirlanadi. Shuningdek, manbada qish qattiq kelganidan qoʻshinning omon qolgan otlari nobud boʻlgani, amir Qazagʻon yana qoʻshin tortib kelib, Qozonxonni qatl etgani keltirilgan.
Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida mazkur voqea quyidagicha tasvirlanadi: Qozonxon bilan amir Qazagʻonning birinchi toʻqnashuvi Hirot yaqinidagi Darai Zangi (Qora dara) degan joyda boʻlgan. Qozonxon katta qoʻshin bilan kelib jangda gʻalaba qozongan. Ammo jang soʻngida noxosdan otilgan oʻq Qazagʻonning koʻziga tegib, uni koʻr qiladi. Bu voqea hijriy 746 (milodiy 1345/1346)-yil qishida sodir boʻladi. Oradan koʻp oʻtmay, hijriy 747 (milodiy 1346)-yil yozida amir Qazagʻon yana qoʻshin toʻplab keladi va ikki oʻrtadagi hal qiluvchi jangda Qozonxon yengiladi. Bunga sabab Darai Zangidagi jangdan keyin Qarshida qishlayotganda qish juda qattiq kelib, otlarning oziq-ovqati tugagani va ular bitta qolmay qirilib ketgani, deyiladi manbada. Mavjud vaziyatdan xabar topgan amir Qazagʻon katta qoʻshin bilan kelib, muzaffar boʻladi va “Qozonxonni darajai shahodatga yetkurdi”.
Qozonxonning oʻldirilishi natijasida Chigʻatoy nasabining Movarounnahrdagi mustaqil hokimiyatiga chek qoʻyildi. Amir Qazagʻon Chingiziylar sulolasining Movarounnahrdagi hokimiyatini tugatgan boʻlsa ham, u oʻzini xon deb eʼlon qilolmasdi. Shuning uchun Chingizxon naslidan boʻlgan turli xonadonga mansub shahzodalarni taxtga chiqarib, davlatni ularning nomidan boshqaradi.
Manbalarda Qozonxonning otasi Yasavur Oʻgʻlon boʻlgani haqida maʼlumotlar keltiriladi. Shuningdek, Yasavur Oʻgʻlonning shajarasi turli shakllarda ifodalanadi. Moʻgʻullar davri ayrim manbalarida Yasavur Oʻgʻlon nisbasi eslatib oʻtilgan. Jumladan, “Tarixi Vassaf”da Yasavur oʻgʻul ibn Oʻroʻq Temur ibn Buqa Temur ibn Qadaqay ibn Buri ibn Mitukay-far ibn Jagʻatay” shaklida keltiriladi. Xuddi shunga yaqin shajara Rashididdinning “Jome at-tavorix” asarida ham eslatilgan.
Temuriylar davri bitiklarida Yasavur Oʻgʻlon asosan Chigʻatoy xoni Qozonxonning otasi sifatida eslatilsa ham, bu masalada barcha manbalarda yakdillik yoʻq. Jumladan, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari muqaddimasida Qozonxon ibn Yisun Temurxon shaklida keltiriladi. Faqatgina Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asarida Qozonxonning toʻliq shajarasi keltirilgan. Bu shajaraning biz uchun ahamiyatli jihati shundaki, unda Qozonxonning otasi Yasavur Oʻgʻlonning ham shajarasi xususida maʼlumotlar qayd etilgan. Manbada yozilishicha, Qozonxonning nisbasi quyidagicha, “Qazon sulton ibn Yasavur ibn Urktemurxon ibn Toʻqtemurxon ibn Qudagʻay ibn Komkor ibn Chigʻatoyxon ibn sohibqironi aʼzam Chingizxoni muazzam” shaklida berilgan. Fasih Havofiy ham oʻzining “Mujmali Fasihiy” asarida Yasavur Oʻgʻlonning oʻgʻli sifatida Gʻazonxonni (Qozon) zikr qiladi. Biroq muarrix bu shajarada Yasavur Oʻgʻlondan keyingi ajdodlarning nomini tilga olmaydi. Ayni holat Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida ham takrorlangan. Shuni aytish joizki, Chigʻatoy ulusi tarixi aks etgan koʻplab tadqiqotlarda ham Yasavur Oʻgʻlon Qozonxonning otasi ekani taʼkidlanadi.
Abdulloh ibn Muhammad al-Qoshoniyning “Tarixi Oʻljoytu” asarida keltirilishicha, Yasavur Oʻgʻlon hijriy 688 (milodiy 1289)-yil tugʻilgan va 28 yoshida, hijriy 716 (1316/1317)-yil vafot etgan. Ammo Muiniddin Natanziy “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy”da u 32 yoshida oʻldirilgani haqida yozadi. Manbalarda Yasavur Oʻgʻlon 1301-yil Oʻqtoy naslidan Qayduxon vafotidan keyin siyosiy tarix maydoniga chiqqani taʼkidlanadi. Bu davr Markaziy Osiyo hududidagi siyosiy jarayonlarda Chigʻatoy xoni Duvaxon bilan Qayduxonning oʻgʻli Chopar oʻrtasida Chigʻatoy ulusi siyosiy mustaqilligi va mintaqada taʼsir doirasini oshirish masalalarida jadal kurash kechayotgan edi. Bu orada Duvaxonning oʻlimi (1307) vaziyatni yanada murakkablashtirib, Chigʻatoy ulusi taxtini egallash uchun kurashning avj olishiga sabab boʻladi. 1307–1309-yillarda bir nechta shahzodalar xonlik taxtini egallash uchun harakat qiladilar. Bu kurashga Yasavur Oʻgʻlon ham bosh qoʻshib, Kunjakxon (1307-1308), Taliguxon (1308-1309), Eson Buqoxon (1309–1318) va Kebekxon (1309, 1318–1326) hukmronligi yillarida Chigʻatoy ulusi taxtini egallash uchun amaliy harakat olib boradi.
Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan Chigʻatoy va Oʻqtoy vorislari oʻrtasidagi kurashdan foydalanib, oʻz siyosiy mavqeini oshirib olishni maqsad qilgan ulug‘ qoon (bu davrda qoonlik markazi Yuan imperiyasi hududida edi) Yasavur Oʻgʻlonga yorliq berib, bu kurashga qonuniy tus kiritadi. Maʼlumki, Chigʻatoy ulusi tashkil topgach, to Qayduxon davrigacha Chigʻatoy xonlari ulug‘ qoon yuborgan yorliq asosida hokimiyatni egallagan. Qayduxon mintaqada taʼsir doirasini kengaytirib olgach, Chigʻatoy ulusiga xon tayinlash huquqi Yuan qoonlaridan “olib qoʻyiladi”.
Eson Buqoxon hukmronligining uchinchi yili oxirlarida Yuan imperiyasining yangi qooni Buyantu qoon (1311–1320) Yasavur Oʻgʻlonga ulus boshqaruviga egalikni tasdiqlovchi yorliq berib, Chigʻatoy ulusiga yuboradi. Qoon bu bilan katta bobosi Xubilay qoon davridagi kabi Chigʻatoy ulusining boshqaruviga xonlarni tayinlash huquqini qaytarmoqchi edi. Ammo Yuan imperiyasi Oʻljoytu Temur qoon vafotidan keyin avj olib ketgan ichki kurashlar sababli avvalgi kuch-qudratini yoʻqotgandi. Shu sabab Yuanda 1308–1332-yillarda oltita qoon almashadi. Aslida, mavjud vaziyatdan kelib chiqqanda, Yuan imperiyasi Chigʻatoy ulusidagi amaldagi xonni taxtdan agʻdarib, yangi xonni boshqaruvga koʻtarish qudratiga ega emasdi. Shuningdek, Chigʻatoy xonlari ham avvalgi davrlardan farqli oʻlaroq oʻz boshqaruv huquqlarini himoya qila oladigan kuchga ega edi.
1313-yil qoon tomonidan Yasavur Oʻgʻlonga yorliq berilganidan xabar topgan aka-ukalar – Eson Buqoxon va Kebek uni zudlik bilan yoʻqotish uchun yoʻlga chiqadi. Aka-ukalar Yasavur Oʻgʻlondan yengilib, chekinishga majbur boʻladi. Yasavur Oʻgʻlon bilan aka-ukalar oʻrtasidagi kurash Chigʻatoy ulusi ichkarisida ham davom etadi. Ikki oʻrtadagi kurash natijasida Movarounnahr aholisi katta qiyinchiliklarga duchor qilinadi. Yasavur Oʻgʻlon Xuroson amirlari yordamida Movarounnahr shaharlarini talab, Samarqand, Buxoro va Keshdan minglab asirlarni haydab ketadi. Temuriylar davri manbalarida ham Kebek va Yasavur Oʻgʻlon kurashi Movarounnahr aholisiga katta zarar keltirgani taʼkidlanadi. Jumladan, Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida hijriy 716 (1316-1317)-yilda Chigʻatoy shahzodalarining Xurosonga bosqini eslatiladi. Manbaga koʻra, Chigʻatoy shahzodasi Yasavur Oʻgʻlon Xurosonga bostirib kiradi. Bu davrda Xurosonning bir qismi Chigʻatoylar tomonidan idora qilinayotgan edi. Shuning uchun ham shahzoda Kebek shahzoda Yasavur Oʻgʻlonga qarshi hujum qiladi. Fasih Havofiyning yozishicha, Yasavur Oʻgʻlon Xurosonda koʻp vayronagarchiliklarni yuzaga keltiradi.
Chigʻatoy ulusi bilan uzoq yillardan buyon kurashib kelayotgan Elxoniylar davlati ulus ichki siyosatiga taʼsir oʻtkazish maqsadida taxt uchun kurashga qoʻshilgan Chigʻatoy shahzodalarini harbiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. Qoon tomonidan yorliq berilgan shahzoda Yasavur Oʻgʻlonni dastlab qoonlikning eng yaqin ittifoqchisi Elxoniylar davlati va Xuroson amirlari ham qoʻllab-quvvatlagani tarixiy manbalarda aks etgan. Elxoniylar uni doimo qoʻshin va harbiy taʼminot bilan taʼminlab turgan. Shuning uchun ham Yasavur Oʻgʻlonning taxt uchun kurashlari uzoq davom etadi va bu Movarounnahr aholisining iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va etnik holatiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatadi.
Manbalarda Yasavur Oʻgʻlonning vafoti bilan bogʻliq maʼlumotlar ham turlicha. Fasih Havofiyning yozishicha, Yasavur Oʻgʻlonning Hirot mulkiga yetkazgan vayronagarchiliklaridan xabar topgan sulton Abu Said Bahodirxon hijriy 721 (1321)-yil unga qarshi katta qoʻshin toʻplaydi va koʻplab shahzodalarni ham bu jangga jalb qiladi. Jangda shahzoda Yasavur Oʻgʻlon oʻldiriladi. “Mujmali Fasihiy”da shahzoda Yasavur Oʻgʻlonning oʻlimi jangda kechgani aytilsa, Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy” asarida biroz boshqacharoq kechgan. Manbada yozilishicha, Elxoniylardan panoh topgan Yasavur Oʻgʻlon Kebekxondan yengilgach, siyosiy kurashlardan chekinib, Haj safariga otlanadi. U Makkada qandaydir janjalga aralashib qoladi va oʻldiriladi. Yasavur Oʻgʻlonning oʻlimi bilan bogʻliq maʼlumotlar boshqa tarixiy manbalarda kuzatilmaydi. Muiniddin Natanziy maʼlumotlaridagi yana shu jihat muhimki, unda Fasih Havofiy keltirganidek shahzoda Yasavur Oʻgʻlon Elxoniylar bilan boʻlgan jangda emas, Haj safari chogʻida vafot etgan. Shunda u Chigʻatoy ulusi xonzodalari orasida birinchi boʻlib Haj amaliga otlangan shahzoda boʻlib chiqadi.
Yasavur Oʻgʻlon Chigʻatoy ulusi taxtini egallay olmagan boʻlsa ham, uzoq davom etgan bu kurash davlat taraqqiyotiga putur yetkazib, siyosiy beqarorliklarni yuzaga keltirdi. Bu holat Kebek tomonidan Yasavur Oʻgʻlon magʻlub etilguniga qadar davom etadi. Yasavur Oʻg‘lon vafotidan keyin ham uning tarafdorlari oʻz faoliyatlarini davom ettirishdi. Undan qolgan qoʻshinning boʻlinmalari keyinchalik ham Yasavuriylar nomi ostida Movarounnahr va unga tutash mintaqalardagi siyosiy-harbiy jarayonlarda ishtirok etdi.
Amir Temur va Temuriylar davridagi deyarli barcha forsiy manbalarda mintaqa ijtimoiy-siyosiy hayotida faol oʻrin tutgan etnik guruhlar orasida Yasavuriy, yasuriy nomlari bilan tilga olingan xalqlar ham mavjud. Bu etnik guruhning kelib chiqishi shahzoda Yasavur nomi bilan bogʻliq. Yasavur Oʻgʻlonning qoʻshinidagilar undan keyin ham oʻzlarini Yasavuriylar nomi bilan atab, shu nom ostida tuman shaklida faoliyat yuritganlar. Natijada, Amir Temur davriga qadar bu nom etnonimga aylanib ulgurgan. Amir Temur tarixi aks etgan asarlarda bu davrda yasavuriylarning bir qismi Samarqandda yashagan va ularga Xizr Yasuriy boshchilik qilgani aytiladi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Yasavuriylar XIV asrning 60-yillar voqealari bayonida gohida Tugʻluq Temur boshchiligidagi moʻgʻullar, gohida Boyazid jaloyir, keyinchalik Amir Temur tomonida boʻlganlar. Yasuriylarning boshqa bir qismiga Hoji Muhammadshoh (Mahmudshoh) Yasuriy yetakchilik qilgan. U boshliq yasuriylar Amir Temurga sadoqat koʻrsatib, uning bir qancha harbiy yurishlarida ishtirok etganlar. Shuningdek, yasuriylar Amir Temur bilan qarindoshlik aloqalarini ham bogʻlab, Mirzo Jahongirga Ilyos yasuriyning qizi Baxt Malik ogʻa nikohlangan. Bu nikohdan Amir Temur davlatining taxt vorisi Pirmuhammad Mirzo dunyoga kelgan.
Xulosa qilib aytganda, Saroymulkxonim shaxsi Temuriylar davri siyosiy va madaniy hayotida muhim oʻrin egallagan tarixiy siymo boʻlib, uning mavqei nafaqat Amir Temur bilan boʻlgan nikohi, balki nasl-nasabining yuksakligi bilan ham bevosita bogʻliqdir. U Chigʻatoy ulusi hukmdorlari sulolasiga mansub boʻlib, Qozonxonning qizi, Yasavur Oʻgʻlon avlodidan edi. Mazkur nasab Saroymulkxonimga “katta xonim” maqomini berib, Amir Temur hokimiyatining siyosiy-legitim asoslarini mustahkamlashda muhim omil boʻlib xizmat qilgan. Qozonxon Chigʻatoy ulusida markaziy hokimiyatni tiklashga intilgan hukmdor sifatida tarixda maʼlum boʻlsa, Yasavur Oʻgʻlon esa ushbu sulolaning siyosiy va harbiy anʼanalarini davom ettirgan vakillaridan biri hisoblanadi. Ushbu ajdodlar faoliyati Chigʻatoy ulusida davlat boshqaruvi, sulolaviy hukmronlik va siyosiy barqarorlik tushunchalarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Saroymulkxonim ana shu siyosiy tajriba va sulolaviy anʼanalar vorisi sifatida Temuriylar saroyida nafaqat ramziy shaxs, balki real ijtimoiy-siyosiy taʼsirga ega boʻlgan arbob sifatida namoyon boʻladi. U Temuriy shahzodalar tarbiyasida, saroy marosimlari va davlat mafkurasining shakllanishida faol ishtirok etgan. Shu bois Saroymulkxonim siymosi Temuriylar davlatining siyosiy legitimatsiyasi, madaniy yuksalishi va sulolaviy uzviyligi jarayonida muhim tarixiy boʻgʻin sifatida baholanishi lozim. Umuman olganda, Saroymulkxonim va uning ajdodlari – Qozonxon hamda Yasavur Oʻgʻlon faoliyatini oʻrganish Temuriylar davri davlat boshqaruvi, sulolaviy siyosat va tarixiy vorisiylik masalalarini chuqurroq anglash imkonini beradi hamda Markaziy Osiyo oʻrta asrlar tarixini kompleks tadqiq etishda muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Sevinch ULASHOVA,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent