Sayyidlar kim?
Haqiqatan ham ular Paygʻambar avlodlarimi? Shunday boʻlsa, ular qanday qilib Markaziy Osiyoga kelib qolishgan? Bu kabi savollar koʻpchilikda qiziqish uygʻotishi tabiiy. “Sayyid” arabcha soʻz boʻlib, janob, qabila boshligʻi, oʻzining shaxsiy sifatlari, mulki yoki kelib chiqishiga koʻra taniqli shaxs maʼnolarini anglatadi. U islom dini tarqalgan mamlakatlarda keng yoyilgan diniy unvon belgisi. Ilk oʻrta asrlar Arabistonda yirik zodagonlar, aslzoda qabila boshliqlariga shu nom bilan murojaat qilganlar.
Sharqshunos olim Y.Belyayev fikricha, har bir qabilaning boshida (arab qabilasining – K.K) keyinchalik uning yoʻlboshchisi – sayyid (janob maʼnosini beradi) turadi; keyinchalik ularni shayx deb ataydigan boʻldilar. Koʻchmanchilarning alohida sulolalari va katta guruhlari ham oʻzlarining sayidlariga ega edilar. Tinchlik vaqtlari sayyid koʻchish ishlarini tashkillashtirar, qochish uchun manzilgoh tanlar, oʻz qabilasining vakili sifatida boshqa qabilalar bilan muzokaralar olib borar, oʻz qabiladoshlari orasidagi bahs va tortishuvlarni hal etar (agar qabila ichida hakamlar boʻlmasa), baʼzan, ammo juda ham kam holatda, ruhoniy xizmatkor vazifalarini bajarardi. Bosqin va urushlar vaqtida sayyid oʻz qabiladoshlaridan tuzilgan harbiy boʻlinmani boshqarardi; bu vaqtda u rais (boshliq) deb atalgan. Oʻrta asrlardagi Oʻrta Sharq mamlakatlarida baʼzan ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, mahalliy zodagon va aʼyonlarning vakillariga ham “sayyid”lar deb murojaat qilingan. Diniy nuqtayi nazardan talqin etilganda sayyid – bu Muhammad Paygʻambar (s.a.v.) avlodlarining faxriy unvoni.
Paygʻambarimiz (s.a.v.) avlodlariga “ahli bayt” deb murojaat qilingan. “Rasuli akram (s.a.v.), Xadicha binti Huvaylid, Ali ibn Abu Tolib, Bibi Fotimai Zahro, imomi Hasan va imomi Husayn (raziyallohu taolo anhum ajmaʼni) musulmonlar qavmi uchun “ahli bayt” qutlug‘ xonadon boʻlib, ulardan tarqalgan avlodlar sayyidlar (sayyid – arabcha "janob") sifatida ulugʻlanadilar. Hozirgi kunda koʻpgina arab davlatlarida martabali, masʼuliyatli darajadagi shaxslar, davlat va jamoat arboblariga ham “sayyidiy”, yaʼni “janob” deb murojaat qilinadi. Sayyidlar islom dunyosi, xususan, Markaziy Osiyoda nihoyatda katta mavqe va hurmatga ega boʻlgan tabaqa hisoblangan. Shu bois, sayyidlar murid (shogird) tushish, balki ular avlodiga yaqinlashish uchun turli davrlarda oʻziga xos saʼy-harakatlar ham boʻlib turgan.
Sayyidlar Markaziy Osiyo hududida
Markaziy Osiyo, xususan, bugungi Oʻzbekiston hududida Husayniy sayyidlar va Hasayniy sayyidlar istiqomat qilishadi. Mintaqada koʻpchilikni tashkil etgan Husayniy, yaʼni imom Husayn avlodlari deyarli mamlakatning hamma viloyatlariga joylashishgan. Imom Hasan (baʼzan Hasayn) avlodlari esa Margʻilon, Nurota shaharlarida, qisman Andijonning Baliqchi tumani va Fargʻona viloyatining Beshariq tumanlari atroflarida istiqomat qilishadi.
Ilmiy manbalarda imom Hasandan avlodlar tarqalgani toʻgʻrisida maʼlumotlar uchramaydi, sayyidlarning bir qancha vakillari oʻzlarini shu zotga muqim bogʻlaydilar. Yuqori maqomdagi oilalar kelin olishda istagan toifadagi oila bilan quda-andachilik qilishi mumkin, ammo qizlar qatʼiy ravishda faxriy unvonli oila aʼzosiga uzatiladi. Chunki avlod martabasi faqat erkak kishi tomonidan belgilanadi.
Hukmdorlar, amirlar, agar, nasablari quyi darajada boʻlsa, oʻz avlodlari mavqeyini koʻtarish uchun Paygʻambar (s.a.v.) avlodidan boʻlgan qavmning qizlariga uylanishgan. Shariat qonunlari asosida bunga javob ham topilgan. Toj-u taxt uchun kurashlarda daʼvogarlar keng xalq ommasining asosini tashkil etgan shahar hunarmandlari, doʻkondorlar hamda “bozor ahli va savdogarlar”ga oʻz taʼsirini oʻtkaza oladigan ruhoniylarni oʻzlarini qoʻllab-quvvatlashda hamkorlikka daʼvat qilganlar. Hamma davrlarda ham “oʻzini saqlab qolish” yoki mansab va martabani kuchaytirish maqsadida “oila”ga aʼzo boʻlish muhim ahamiyat kasb etgan, qarindosh urugʻchilik rishtalari baʼzan manfaatlar doirasida oʻrnatilgan. Aslida, oʻzini Paygʻambar avlodi hisoblagan sayyidlarning qizlarini nafaqat oddiy qatlamdagilar, hatto xoʻjalar ham baʼzida soʻrashga jurʼat etolmaganlar.
Qoʻqon xonligida sayyidlar avlodiga mansub hukmdorlarga toʻralar deb murojaat qilingan. Sayyidlar avlodida toʻralar oliy sulukka mansublikni ifodalaydi. Toʻra qadimgi turkiy tilda qoida, rasm-rusum, qonun, intizom degan maʼnolarni anglatadi. Buxoro amirligida amir oʻgʻillari, Turkistonda podsho maʼmurlari nomiga hurmat yuzasidan qoʻshib aytilgan. Masalan, Akromxon toʻra, Mochalov toʻra kabi.
Toʻra atamasini tushuntirishda ham bir-biridan farq qiladigan bir qancha fikr-qarashlar mavjud. Jumladan, qozoq tadqiqotchisi Zoyir Sadibekov “Toʻra – bu Joʻchixonning Oʻrisxondan tarqalgan avlodlari. Asli Chingizxon zotidan, oʻzlarini avom (oddiy, qora) xalqdan ajratib turish uchun “toʻra” deb nomladilar”, – deb yozadi. Tadqiqotchi Jaloliddin Mirzayev esa “Termiz sayyidlari” maqolasida “toʻra” musulmon olamida sayyid atamasining sinonimi sifatida ishlatilishini aytadi. Shuningdek, ayrim hollarda Muhammad alayhissalomning nabiralari Hasan avlodi sharif, Husayn avlodi sayyid unvonlari bilan alohida ajratiladi.
Nurota shahrida olib borilgan suhbatlarimizda oʻzlarini Muhammad Paygʻambar (s.a.v.)ning nabiralari imom Hasan va imom Husayn avlodlari deb hisoblagan qavm kishilariga “eshonbova” (eshonbuva) deb murojaat qiladilar. Shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryoda istiqomat qilayotgan Paygʻambar avlodlari bilan ham “eshonbova” deb muloqotga kirishiladi. Agar ular oʻz oilaviy munosabatlarida “quyi” toifa yoki tabaqadagi kishilar bilan nikoh munosabatlarida ishtirok etmasalar, hamda avlod-ajdodlari faqat eshonlar (sayyidlar avlodi nazarda tutilayapti – K.K.) xonadoniga mansub boʻlsa, oddiy xalq bu toifadagi kishilarni “katta eshonlar” deb atashadi.
Sayyidlar avlodiga mansub kishilarga asosan Fargʻona vodiysida toʻra, toʻraxon, toʻramlar deb murojaat qiladilar. Boshqa viloyatlarda bunday murojaat uchramaydi. Fargʻona vodiysining oʻzida sayyidlarni ulugʻlab, ularga “xoja” deb ham murojaat qiladilar. Xoja forscha – ulug‘, hukmdor, malik degan maʼnolarni anglatadi. Bu yerda sayyidlar avlodiga (shuningdek, “xoʻja” unvoniga mansub boʻlgan oilalarga ham) “xon” nisbati ismga qoʻshib aytiladi. Bu nisbat nafaqat ayollarga, balki erlarga ham murojaatda toʻliq qoʻllanilgan. Masalan: Sayyidaʼlamxon, Sayyidaʼzamxon, Muhammadxon, Akmalxon, Joʻraxon.
“Xon” yoki “toʻra” nisbatlarining ishlatilishi hurmat yoki ehtiromni belgilab qolmasdan, yuksak axloqiy madaniyat va qadriyat darajasiga koʻtarilgan. Turkiy xalqlar oʻrtasida katta amal va darajaga ega boʻlgan xoqonlar avlodiga “toʻra” va “xon” nisbatini qoʻllash odati boʻlgan. Q.Mambetov “Qoraqalpoqlar shajarasi” kitobida xon unvoni hammaga ham berilavermagan, deb yozadi. Bunday “xon”larning ota-bobolari faqat Chingizxon avlodidan boʻlishi lozim edi. Bu xon shajaralari katta shajara, oʻrta shajara hamda kichik shajaraga boʻlingan. Katta shajaraga Chingizxonning bobolari va nabiralari kirgan. Oʻrta shajara uning chevaralaridan tashkil topgan. Kichik shajara boʻlsa milliy xonlar – oʻzbek, qozoq, turkman, qirgʻiz hamda qoraqalpoq xonlaridir.
Keyinchalik mazkur atamalar islom taʼlimotini mahalliy aholi oʻrtasida keng yoyilishiga xizmat qilgan, maʼnaviy rahnamolarga nisbatan ishlatilgan va vaqtlar oʻtib sayyidlar xonadonining turmush tarzida axloqiy-tarbiyaviy mazmun kasb etganligi ehtimoldan xoli emas.
Sayyidlar xonadonida oilaning barcha aʼzolari bir-birlariga “siz”lab murojaat qiladilar. Oʻz navbatida, ichki muhit tufayli shakllantirilgan tartib intizomni tashqaridagi kishi, guruh va qatlamdagilar ham hurmat qilishga majbur boʻladilar. Yuqori qatlamga mansub avlodlarning oddiy kishilar tomonidan hali-hamon eʼzozlanib kelinishi sabablardan biri – shu. Ayniqsa, sayyidlar xonadonida avloddan-avlodga oʻtadigan oʻziga xos sogʻlom turmush tarzi, ular oldida turgan majburiyatlar ham amaliy qoʻllanma vazifasini oʻtaydi.
Har bir avlod yoki jamoaning yetakchisi boʻladi. Munozara va muammoli vaziyatlarda bildirgan fikr yoki munosabat hal qiluvchi rollarga ega. Tabiiyki, bunga masʼuliyat yoshi ulug‘ kishi zimmasiga tushadi. Bu mansabga katta hayotiy tajribaga ega boʻlishdan tashqari ilmli, ziyoli, tadbirkor va diniy ilmlardan tashqari, dunyoviy bilimlardan ham xabardor kishi asosiy talabgor sifatida qoladi. Unga yuklatilgan vazifa albatta murakkab, chunki u nafaqat oʻz avlodlari toʻgʻrisida qaygʻurishi, balki oʻz ixlosmandlari, murid va shogirdlari haqida ham oʻylashi kerak. Avlodning bu kabi yetakchilarini turlicha nomlaydilar, masalan, “naqib”, “sadr”, “kattamiz”, “akamiz”, “oqsoqolimiz”, “yetakchimiz” va hokazo. Aslida bu soʻzlarning hammasi “boshliq”, “rais” maʼnolarini ifodalaydi. Amir Temur oʻz tuzuklarida: “Ravshan dinga rivoj berishda qoʻllagan birinchi tuzugim shu boʻldiki, sayyidlar orasidan layoqatli bittasini ahli islomga sadr etib tayinladim”, – deb yozgan edi.
Sayyidlar qavmi Movarounnahrga qanday kelib qolgan?
Rasululloh vafotlaridan soʻng uning avlodlari mavjud davlat tizimiga asosiy daʼvogar hisoblanadilar. Hokimiyat uchun kurashlar, ayniqsa, ummaviylar hukmronligi (661–750-yillar) davrida avj oladi. Bu davrda Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning qavm-u qarindoshlarining hayoti xavf ostida qola boshlaydi. Shu bois ular Arabiston yarim orolidan Eron va Xuroson yerlariga koʻchib oʻta boshlaydilar.
Abbosiylar hukmronligi (750–1258-yillar) davrida esa sayyid avlodlarini quvgʻin qilish yana-da avj oladi. Ular islom keng tarqalgan mamlakatlarning yana ham ichkarirogʻiga kirishga majbur boʻladilar. Bu joylar Movarounnahr va Turkiston yerlari edi. Mazkur mintaqaga birinchilardan boʻlib tashrif buyurgan sayyidzoda – bu Hasan ul-Amir (Termiz sayyidlarining birinchi vakili, shu yerda muqim yashab qolgani uchun joy nomi keyinchalik uning avlodlariga nisbat qilib berilgan) ismli shaxs edi. “... Madina noibi Jaʼfar ul-Hujjat davrida, uning Hasan ismli nabirasi, laqabi “al-Amir” edi, oʻzining barcha oila aʼzolari va Paygʻambar (s.a.v.)ning ayrim oila vakillari bilan 235-hijriy yilda nima uchundir Samarqandga koʻchib keladi. Ushbu shahar ahli Hasan al-Amirning tashrifidan nihoyatda xursand boʻladilar va unga cheksiz hurmat va ehtiromlar koʻrsatadilar.
...Hasan al-Amir Samarqandda oʻn bir yil yashaydi va 236-hijriy yilda Balxga koʻchib oʻtadi. Bu yerda ham unga katta ehtirom yuzasidan, sadoqat bilan xizmat etib hurmatiga sazovor boʻldilar”. Abu Tohirxoja “Samariya” asarida Amir Temurning Hirot va Mashhaddan Samarqandga olib kelgan sayyidlarning sufasi borligini, sayyidlarning koʻpchiligi shu sufada koʻmilganligini yozadi. Suhbatlarimiz davomida sayyidlar avlodi bu yerlarga qanday kelib qolganliklarini soʻraganimizda, ular, asosan, Eron, baʼzilari Afgʻonistonning Badaxshon yerlari orqali mamlakatga kirib kelganliklarini aytadilar. Turk hukmdorlari va ayniqsa, mahalliy aholining hurmati baland boʻlganligi bois, ular katta obro‘-eʼtiborga sazovor boʻladilar.
Oilaviy munosabatlar
Sayyidlar avlodida oila munosabatlari anʼanaviy yopiq tizim asosida davom etadi. Yaʼni, ularning xonadonlari “tashqi” va “ichki” hovlilardan iborat. Tashqi hovlida ziyoratga tashrif buyurgan kishilar va mehmon boʻlib kelgan erkaklar qabul qilinadi. Yaqin qarindoshlar bundan mustasno. Ichki hovlida xotin-qizlar boshlariga roʻmol oʻrab, uzun koʻylak-lozimda yuradilar, uy yumushlari bilan band boʻlishdan tashqari ilm (koʻpincha, diniy va axloq-odob masalalariga doir bilimlar asos qilib olinadi) bilan shugʻullanadilar va farzandlar tarbiyasiga masʼul boʻlib qoladilar.
Sayyidlar dunyoqarashi va tafakkuri faqat ilm olish hisobiga emas, balki bu yerga kelgan kishilar, xususan, ixlosmand toifa – “murid”lar tomonidan ham taʼminlanishi ehtimoldan yiroq boʻlmasa kerak. Murid oʻz piri yoki hazrati huzuriga kelganida, faqat ehson va nazr olib kelmaydi, balki dunyoda nimalar boʻlayotgani, xalqning turmush tarzi, kayfiyati, bu yilgi hosil, kimda qanday oʻzgarish boʻladi, nechta farzand tugʻildi kabi maʼlumotlarni ham suhbat asnosida aytib oʻtadi. Keyingi kelgan muxlislar fikriga oʻz munosabatini bildirgan murshid (ustoz) ular nazarida bashoratchi avliyoga aylanadi.
Fargʻona vodiysidagi sayyidlar oʻzlarining xushmuomalaligi, ziyoliligi bilan alohida ajralib turadilar. Sayyidzodalarni ulugʻlab, ular otaga – xondada, onaga – poshsha ona, qizga – poshsha xon, kelinga, xolaga, ammaga – oftob deb murojaat qiladilar. Kelin oftob, xola oftob, amma oftob, katta opaga nisbatan ova, pochchaga akatoʻra, kuyovga kuyovtoʻra, oʻgʻilga toʻraxon, taqsir, atrofdagilar, qoʻni-qoʻshnilarning oʻzidan yoshi kichikroq tengqur uy bekasiga poshsha oftob, yoshi oʻzidan katta ayollarga oftob oyim, er kishiga toʻram, toʻramlar, hazrat kabi soʻzlar bilan murojaat qiladilar. Bu sayyidlar xonadoni va ular bilan muloqotga kirishuvchi odamlar oʻrtasidagi oddiy kundalik muomalaning bir koʻrinishi. Ular beixtiyor sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asarida tasvirlangan madaniyatli, estetik didli oilalar turmushini yodga soladi. Yozuvchi oʻz qahramonlarini ana shunday sayyidlar xonadonidan tanlab olgan boʻlsa kerak, deging keladi. Bu yerdagi sayyidlar xonadonida oilaviy munosabatlar yana ham aniqroq koʻrinadi. Oʻzaro hurmat nutqda “lar” qoʻshimchasiga urgʻu berib ishlatishda ham koʻrinadi. Masalan: Taqsirim choylarini olib qoʻysinlar (xotinning oʻz turmush oʻrtogʻiga choy quyib berish odobi), shupurgilari havlida turib qolibdi (bu yerda ikkita holatga izoh berish mumkin: asosan ayollar foydalanadigan buyum hisoblangan supurgini turmush oʻrtogʻining hurmati yuzasidan koʻplik maʼnosida atash; ikkinchidan, saranjomlik buzilgani uchun ayoliga tanbeh berish). Sayyid Yahyoxon uy vazifalarini bajarib qoʻysinlar (farzandga dars saboqlarini bajarish uchun buyruq berish).
Kuzatish va suhbatlarimiz asnosida imkon qadar dagʻal ovoz yoki qoʻpol munosabatlarga yoʻl qoʻymaslikka boʻlgan harakatlar xonadonning barcha aʼzolarida seziladi. Bolalar tarbiyasi yuksak pedagogik mahorat bilan amalga oshirilgan. Ularga katta erkinliklar boʻlgʻusi majburiyatlarni his qilish hisobiga beriladi. Farzandlar nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarni ham barobar egallab borishadi. Ularga nisbatan hech qachon jismoniy jazo choralari va haqoratli soʻzlar ishlatilmaydi. Farzandlarga nisbatan ulug‘ kishi va avliyo shaxslar ismining berilishi ularga zoʻrlik qilishga chek qoʻyadi, negaki bolaga nisbatan qoʻpollik uning ismiga tegishli zotlarga ham hurmatsizlik sanaladi. Asosiy talab – tarbiya, oʻzaro hurmat, kamtarlik, notiqlik (latif soʻzlashish), ozoda kiyinish, kattalar oldida hurmat saqlashlik, boshqalarni kuzatish asosida xulosa chiqarishga qaratiladi.
Eshonlar
Katta obro‘ va nufuzga ega boʻlgan maqomlardan yana biri – eshonlardir. Eshon (xalq) “kimsan” degan maʼnoni anglatadi. Aslida “eshonon” forschada “koʻpchilik”ni anglatadi. Bu xalqni boshqaruvchi soʻziga uygʻun boʻlib, islom olamiga diniy maʼnaviyatni olib kirgan kishilarga nisbatan qoʻllanilgan. Forsiyda uchinchi shaxs koʻplikdagi ular soʻzi ham eshon deb ataladi. Bunday nomlash musulmonlarning bir qismini eshonlarga boʻlgan hurmati yuzasidan, boshqa bir boʻlak kishilarning esa musulmonchilik urf-odatlariga koʻra hurmatli shaxslarning ismini koʻziga tik qarab aytishgina emas, ortidan ham nomini aytmaslik sabablariga koʻra vujudga kelgan. Ular – eshon olmoshini yerlik aholi, odatda, umumiy nom bilan hazrat, deb ataydi. Bu atamani xushmuomalalik uchungina emas, balki diniy odob yuzasidan qoʻllaydilar.
Shuningdek, eshonlarga ularning shogirdlari – muridlar pir, pirim – ustoz deb ham murojaat qilganlar. Pir – bu yoʻllanma beruvchi, yoʻl koʻrsatuvchi maʼnosini beradi. Aslida eshon – bu unvon. Eshonlik nasab, avlod orqali berilmaydi, balki tariqatlar, suluklar orqali keladi. Pir-u murshidlar oʻz murid va muxlislariga Islom dini, amri maʼruf yoʻlida qoʻl berib, saboq oʻtkazar ekanlar eshonlik darajasiga erishganlar, avlodlar shajarasi kabi xatti irshod orqali tasdiqlanadilar. Eshonlar sayyidzodalardan ham, boshqa chuqur ilmga ega shaxslardan ham chiqishi mumkin.
Eshonlik bu haqiqatan egallanadigan maqom yoki unvon. Biroq vaqtlar oʻtishi bilan u avloddan-avlodga oʻtadigan mavqe darajasiga ega boʻlib ulgurgan. Masalan, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida eshonlar, eshonbovalar nomi bilan taniqli boʻlgan avlodlar istiqomat qilishadi. Ular oʻzlarini Muhammad Paygʻambar (s.a.v.)ning yaqin safdoshlaridan boʻlgan xalifa Abu Bakrning avlodlari deb hisoblashadi. Aholi orasida eshonlarning avlodlarini eshonzodalar – eshon bolalari deyishadi. Eshonlarga mansub boʻlmagan kishi ham yuksak diniy bilim orqali eshon darajasiga koʻtarilishi mumkin.
“Manoqibi Dukchi Eshon”da shunday satrlar bor: “Ehtiyot boʻlinglar, shu kunlarda oʻzlaridagi eshonlik unvonini meros sifatida olgan eshonlar koʻpayib qoldi. Agarda bir nodon kishi ularning oldiga kelib, ot sovgʻa qilsa, bu kimsalar ushbu nodonni tezda oʻzlarining vorisi deb eʼlon qiladilar. Yaratganning hech qanday marhamatiga ega boʻlmagan va ruhoniy (shayx)lardan iltifot koʻrmagan hamda hech qanday koʻrsatmalar olmagan, bundayin oʻziga ishongan yolgʻonchilardan qochmoqlik kerak. Janob Paygʻambarimiz (s.a.v.) aytganlaridek: “Kim ahli jamoa tomonidan qadrlansa, demak, u oʻshalardan boʻladi”. Ijtimoiy-diniy qatlamda “egallanadigan maqom” sirasiga kirgan eshonning ilmi va tafakkurini odamlar sinab ham koʻrganlar, uning avliyolik sifatlariga ishongan, ilmidan qoniqish hosil qilganlar unga murid (shogird) tushishgan.
Odamlar eʼtiqod qilgan pirlaridan oʻzlarini har doim qoʻllab-quvvatlash uchun madad soʻraganlar. Masalan, “Yo Bahovuddin pirim, buvalarim, oʻzingiz qoʻllang!” kabilar. Eshon boʻlish uchun, albatta, Paygʻambarga avlod boʻlish shart emas. Buning uchun kishi ruhiy va maʼnaviy jihatdan yetuk boʻlishi lozim.
Komil KALONOV
“Jannatmakon” jurnali, 2007-yil, noyabr soni.
“Asling – nasling”, ikkinchi maqola