Birinchi kun

Ayni damda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va hududiy boʻlim hamda tuman-shahar boʻlinmalarining 250 nafar rahbar va xodimlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Yoshlar  oromgohi”da jamlanishgan. “Maʼrifiy targʻibot ishlari samarasi va taʼsirchanligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi oʻquv-seminarning birinchi kuni oʻtdi. Eng qizgʻin taassurotlarni sekundomerga joylashtiramiz. Qani, ketdik.

12.15

Hamma oʻz korpusiga joylashish bilan band. Qizigʻi, turli viloyatlardan kelgan “maʼnaviyatchilar” orasida yuk sumkalardan tashqari kimdir gilam, kimdir beshik, kimdir koʻrgazmali vositalarni koʻtarib olgan. Seminar ishtirokchilari nafaqat oʻquv jarayonlariga, balki madaniy tadbirlarga ham jiddiy tayyorlanganini sezish mumkin.

 

13.20

Seminar ishtirokchilarini tushlik dasturxonida koʻramiz. Bu oʻquv seminari ilk marotaba oʻtkazilayotgani bois tizimdagilarning aksariyati bir-birini birinchi marotaba koʻrib turibdi. Oshxonada suhbatlarning taxminiy mazmuni:

– Ha, siz oʻshami?

– Eslaysizmi, siz bilan telegram orqali gaplashgandik?

– Faoliyatingizni kuzataman, endi oʻzingizni ham koʻrdim…

– Nuqul telefonda gaplashardik, mana nihoyat uchrashdik!

14.32

Hamma oromgohning amfiteatrida. Respublikasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatovning shaxsan oʻzlari oʻquv seminaridagi muhim qoidalar bilan tanishtirdi. Oʻzbekiston Respublika Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiri Abduhalil Mavrulov esa kirish soʻzini davom ettirdi:

– Ochiq tabiat qoʻynidagi bu oʻquv seminari ham yoqimli, ham foydali boʻlishini xohlaymiz…

 

15.22

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davron Maqsudov “Aholi, ayniqsa, yoshlarning yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish va ularni bunday holatdan qutqarish texnologiyalari” mavzusida mashgʻulot olib bormoqda. Mashgʻulot davomida bugungi kundagi madaniy va diniy tahdidlar, ularning sabab hamda oqibatlari xususida fikr almashildi. Mentor bugungi kunning dolzarb va bahsli masalasi yuzasidan ham fikr bildirdi:

– Bitta nashid (diniy qoʻshiq) uchun qamaldi, degan turli talqindagi munosabatlarni hammamiz eshityapmiz. Lekin bu yerda eʼtiborni qoʻshiq maʼnosiga qaratish lozim. Bir qarashda bezarar koʻrinishi mumkin, lekin qoʻshiq orqali yot gʻoyalar targʻib qilingan. Orada “Juma muborak” mazmunidagi tabriklar taqiqlangani xususida ham turli masxaraomus fikrlar bildirildi. Masalan, yurtdoshlarimiz tomonidan qoʻllanilgan “Payshanba va shanba orasidagi kun muborak” degan iboralarni ham eshitdik. Bu yerda taqiq tabrikka emas, baʼzi tabriklar ostida koʻtarilgan qora bayroq gʻoyalariga nisbatan edi. Adashtirish kerak emas.

 

16.08

Mediasavodxonlik boʻyicha mutaxassis Dilfuza Mirzahmedova Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boʻlim boshligʻi Umarov Tohir yordamida oʻzining interaktiv mashgʻulotlarini oʻtkazmoqda. Mashgʻulot davomida qatnashuvchilar mediasavodxonlikka oid qiziqarli maʼlumotlar, tahlillar, mahalliy va xalqaro loyihalar bilan tanishdilar. Ayniqsa, sunʼiy intellekt tizimiga oid eksperimentlar hamda Quiz testlari hammani birdek qiziqtirdi. Mashgʻulotda Dilfuza tomonidan qiziq maʼlumotlar taqdim etildi:

– Soʻnggi yillardagi tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, oʻzbeklar uchun ishonchli axborot resurslari reytingida birinchi oʻrinda qarindosh-urug‘ va tanish bilishlarning gap-soʻzi turar ekan...

 

17.18

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi boshligʻi Lola Saodatova “Hududiy Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishlarini tashkil etish va uni rasmiylashtirish” mavzusida mashgʻulot olib bormoqda. Oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashgan, jonkuyar mutaxassis kamtarlik qildi:

– Sizlarga aql oʻrgatmoqchi emasman, shunchaki tajribamni boʻlishdim...

 

17.50

“Tuman/shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskani faoliyatini tashkil etish va uning natijadorligini oshirish” mavzusidagi mashgʻulot Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Namangan viloyati boʻlimi boshligʻi Musaxon Appakov tomonidan olib borilyapti. Taqdimotdan maʼlum boʻldiki, viloyatdagi Maʼnaviyat maskanlaridagi sharoitlar havas qiladigan darajada. Mentorimiz har bir sharoitni hozirlash jarayonlari bilan oʻrtoqlashdi.

18.05

Oxirgi mashgʻulot Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Ellikqalʼa tuman boʻlinmasi boshligʻi Aysha Matniyazova tomonidan olib borilmoqda. Seminar ishtirokchilari biroz charchagan boʻlsa ham barcha mashgʻulotlarda faol qatnashishdi. Maʼnaviyat maskanlari mavzusida davom etayotgan mashgʻulotda mentorimiz muhim masalani oʻrtaga tashladilar:

– Maʼnaviyat maskanlariga yuridik maqom berish kerak. Oʻz huquqlarimizga toʻlaqonli ega boʻlsak, yanada rivojlanamiz...

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov bu taklifni qoʻllab-quvvatladi. Shu oʻrinda hudud rahbarining “rahbarlik metodikasi”ni ijobiy baholadi:

“Koʻrayapsizlar-a, gap orasida menga shart qoʻyayaptilar, mana rahbar qanday boʻlishi kerak...”

20.02

“Zakovat” intellektual klubi aʼzolari Jobir Ahmedov hamda Bobur Yoqubov tomonidan olib borilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining qizgʻin bahslari nihoyasiga yetdi. Birinchilikni olgan Buxoro viloyati, ikkinchi oʻrindagi Namangan va Qashqadaryo viloyatlari, uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Toshkent shahri va “Markazdagilar” jamoalari esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Kunning eng pozitiv va energiyaga boy voqeasidan soʻng seminar ishtirokchilari kechki ovqatga kuzatildi.

 

21.15

Seminar ishtirokchilari bir-biri bilan yaqindan tanishmoqdalar. Kimdir madaniy konsert dasturida raqs tushayapti, kimdir dildan suhbatlashayapti, kimdir ertangi kun rejalari xususida bosh qotirayapti...

Xullas, yoqimli va foydali seminarning birinchi kuni mana shunday taassurotlar bilan yakunlandi.

Keyingi kunlarni ham kuzatib boring.