XX asrning oʻrtalarida Turkiston hududida yuz bergan milliy ozodlik harakatlari, siyosiy qatagʻonlar va ommaviy zulmlar mintaqaviy va umumturkiy tarixning eng ogʻriqli sahifalarini tashkil etadi. Jarayonlar uzoq yillar davomida sovet mafkurasi taʼsirida yopiq qolib, tarixiy xotiradan siqib chiqarildi. Ana shunday sharoitda xorijda, xususan, Turkiya hududida chop qilingan davriy matbuot nashrlari Turkiston tarixi va milliy xotirasini saqlab qolishda muhim manba sifatida maydonga chiqdi. Shular orasida “Buloq” jurnali alohida oʻrin tutadi.
“Buloq” – milliy tuygʻularni uygʻotish, kommunistik tuzum zulmini fosh etish va Turkiston milliy ozodlik kurashlarining xotirasini saqlashga xizmat qilgan xotiraviy-manbashunoslik nashridir.
“Buloq” sahifalarida jurnal nomiga shunday taʼrif berilgan: “Manbai tabiat qaʼrida boʻlgan, zaif bir nuqtani topgach, yer yuziga chiqqan, atrofiga hayot va fayz sochuvchi. Shoirlar, dardlilar va gʻariblarning toʻxtash joyi, qoʻlida koʻza va chelak tutgan, sochlari oʻrilgan shod qizlar-u kelinlar makoni, boʻrilar, kiyiklar, jayronlar suv ichadigan maskan haqida sahifalar toʻla dostonlar yozilgan, atrofida oʻtovlar qurilgan, jang qoʻshiqlari aytilgan, qalqonlar tozalanib, qilichlar qayralgan; boshlari daraxtzor, etaklari namlik boʻlgan buloq va chashmalar nomi – “Buloq”dir.
Qayd etilishicha, jurnalning birinchi soni 1959-yil mart oyida nashr etilgan. Dastlab jurnal 16 sahifada chop etilgan boʻlsa, 1962-yilga kelib uning hajmi 20 sahifaga yetkazilgan. Taʼsischisi Bedri Hujant, masʼul muharriri esa Ahmet Turkeli boʻlgan. Jurnal Adana shahrida joylashgan “Zemin Matbaasi Komandit Şirketi” bosmaxonasida chop etilgan. Nashrni davriy va barqaror ravishda yoʻlga qoʻyish maqsadida “Buloq” majmuasi uchun maxsus obuna tizimi tashkil etilgan.
Jurnalning “Nima uchun chiqyapmiz?” sarlavhali dasturiy murojaati uning gʻoyaviy yoʻnalishini ochiq-oydin belgilaydi. Unda “Buloq” oʻzini millatparvar jurnallar safiga qoʻshib, turkiy xalqlarga xos fazilatlar, milliy urf-odatlar va maʼnaviy qadriyatlarni tiklashni bosh maqsad qilib qoʻygan. Jurnal adabiy yoki publitsistik nashr boʻlishi bilan birga, milliy xotira maydoni vazifasini ham bajargan.
Jurnalda “temir parda ortida qolgan Turkiston oʻlkalaridagi vaziyatni jamoatchilikka yetkazish” asosiy vazifa sifatida belgilangan. Ayniqsa, sovet boshqaruvi ostidagi zulmlar, diniy va axloqiy qadriyatlarni yoʻq qilishga qaratilgan siyosat, ommaviy qatllar va Sibirga surgun qilish amaliyotlari haqidagi maʼlumotlar katta oʻrin egallaydi.
Muhim jihati shundaki, “Buloq” bu voqeliklarni rasmiy-siyosiy tilda emas, ularni boshidan kechirgan insonlarning xotiralari orqali yoritadi. Bu esa jurnal materiallarini xotiraviy tarix nuqtai nazaridan qiymatini oshiradi.
“Buloq” sahifalarida Ikkinchi jahon urushi mavzusi ham Turkiston milliy ozodlik kurashlari xotirasi bilan uzviy bogʻlangan holda yoritiladi. Xususan, Olmonlarga asir tushib, keyinchalik sovet tuzumiga qarshi jang qilgan Turkistonliklar taqdiri jurnalning muhim mavzularidan biri hisoblanadi. Ushbu xotiralar sovet tarixnavisligida “xoinlik” sifatida talqin qilingan boʻlsa-da, “Buloq”da ular milliy ozodlik uchun qilingan majburiy tanlov sifatida baholanadi. Jurnal muqobil tarixiy tafakkurni shakllantirishga intilgan. Yaʼni “Buloq” turkistonliklarning urush davridagi faoliyatini mustamlaka zulmidan qutulish yoʻlidagi urinish ekanligini taʼkidlaydi.
Jurnalda Turkiston milliy ozodlik kurashlari turli mazmundagi maqolalar, sheʼrlar, xabar va eʼlonlar orqali tarixiy hodisalar, inson taqdiri, shaxsiy xotira va xalqning umumiy dardi ekanligi yoritiladi.
Turkistonda ayanchli voqealar davom etayotgan, azaldan kelib chiqqan asirlikdan qutulish va milliy ozodlikni taʼminlash maqsadida olib borilgan kurashlar tarixida har bir shaxsning hissasi beqiyos ahamiyatga ega. Shulardan biri Anvar Poshodir. U Turkistonga borib, qoʻzgʻolonlarni boshqargan va oʻn bir oy davomida dushmanga qarshi shaxsan jang qilib, shahid boʻlgan.
Uning shtabida xizmat qilgan va bir kun ham yonidan ayrilmagan xotiralar sohibi haqiqiy ismi Mirzo Purnafas boʻlib, yaqinlari uni “Nafiz” deb atagan. Turkiya fuqaroligini olgach, ismi Ahmad Nafiz Turkerga aylangan. Besh farzandning otasi va Ichel viloyati Tarsus tumanida istiqomat qilgan, aslida u buxorolik boʻlgan.
Mirzo Purnafasning xotiralari Turkiston milliy ozodlik kurashlarining muhim davrlariga toʻgʻri keladi. Ushbu xotiralarda Anvar Poshoning Turkiston inqilobiga qoʻshilishi va uni oʻn yarim oy davomida qanday boshqargani haqida barcha maʼlumotlar qamrab olingan.
Hodisalarning haqiqiy tarixi koʻpincha hujjatlar va dalillar yetishmasligi, shuningdek, voqealarning yozuvchi tasavvurlariga bogʻliqligi sababli sir qolgan. Turkiston inqilobining koʻp qismlari tarix uchun nomaʼlum boʻlib qolmoqda, ham rus, ham qizil hokimiyatlar tomonidan amalga oshirilgan zulmlar, shahar va qishloqlar boʻylab qilingan qirqinlar esa koʻpincha tarixiy manbalarda aks etmagan. Mirzo Purnafas Turkiston milliy ozodlik kurashlari va Anvar Posho bilan bogʻliq voqealarni tarixga muhrlash maqsadida yozgan. Yozuvchi emasligi sababli matnda xatoliklar uchraydi, ammo bu hujjatlar va maʼlumotlar Turkiston xalqining tarixi, anʼanalari va ozodlik kurashlari haqidagi qimmatli manba hisoblanadi.
“Buloq” jurnalida eʼlon qilingan “Turkiston milliy kurashlaridan xotiralar” ruknida mustamlaka hukumatiga qarshi olib borilgan milliy ozodlik kurashlari haqida muhim maʼlumotlar keltirilgan. Xususan, jurnalning 1-sonidagi xotiralarda qayd etilishicha, Turkiston Sharqda Xitoy va Hindiston, Gʻarbda Kaspiy dengizi va Ural, Shimolda Sibir, Janubda Afgʻoniston va Tibet bilan chegaradosh hududni qamrab olgan. Uning maydoni taxminan 5,5 million kvadrat kilometr, aholisi esa taxminan 30 million kishini tashkil etgan, aholi asosan turkiy tilda soʻzlashgan.
Turkiston tarixida Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Somoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va Boburiylar kabi davlatlar turkiy xalqlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishi uchun asosiy ramziy hamda amaliy maydonni yaratgan. Bu davlatlar hududda davlatchilik anʼanalari, madaniy meros va iqtisodiy aloqalarni shakllantirib, Turkistonning barqaror tarixi va turkiy madaniy sivilizatsiya rivojiga xizmat qilgan.
XIX asrda Turkiston Rossiya imperiyasi huzuriga kirishi milliy ozodlik kurashlarining turli bosqichlarini belgiladi. Manba maʼlumotlariga koʻra, bu davrda mahalliy aholi turli hududlarda keng koʻlamli qarshilik harakatlarini amalga oshirgan: 1812–1827-yillari Boʻkey Oʻrda harakatlari, 1840–1845-yillarda Kenesari Sulton qoʻzgʻolonlari, 1853–1857-yillari Nur Ali oʻgʻli Xon Xoʻja Botir qoʻzgʻoloni, 1860–1873-yillari Mangʻishloq qoʻzgʻolonlari, 1868-yili Samarqand va Buxorodagi ozodlik kurashlari, 1876-yili Fargʻonada Abdurahmonbek Oftobachi isyoni, 1891–1896-yillari Fargʻonaning turli hududlarida sodir boʻlgan qoʻzgʻolonlar va 1898-yili Andijonda Dukchi Eshon qoʻzgʻoloni shu jarayonlarning asosiy voqealari hisoblanadi. Shuningdek, 1916-yili butun Turkistonda ommaviy ishchilar qoʻzgʻoloni, 1918–1923-yillari sovetlar tomonidan “bosmachilik” deb nomlangan, aslida esa milliy kurash va mustaqillik urushi xususiyatiga ega qarshilik harakatlari hamda 1922–1923-yillari Anvar Poshoning ishtirokidagi istiqlol harakati ham mazkur milliy harakatlar tarixida muhim oʻrin tutadi.
“Yuqorida koʻrsatilgan isyonlarning har biri turkistonliklarga juda qimmatga tushdi: shaharlar, qasabalar (shaharchalar) yonib, yuz minglab ayol va erkak turkistonliklar oʻldirildi, millionlab boylik musodara qilinib, Moskvaga tashib ketildi. Hozircha Turkistonda biror harakat koʻrinmayotgan boʻlsa-da, qizil qotillarning (bolsheviklarning) nonvoyxona eshiklarini temir pardalar va qalin devorlar orqasidan qulflab qoʻyishi natijasida, har qanday ozodlik harakatiga kirishganlar ikkinchi kuniyoq ochlik bilan yuzma-yuz kelishlari sababli, odamlar intiqom hislarini qalblarida saqlab, ilk fursatda jonini fido qilishga tayyor, kamida 5 million mujohid (milliy ozodlik kurashchilari – M.D.) vatanidan uzoqda, begona yurtlarda ufqdan tugʻiladigan hurriyat quyoshini kutmoqdalar.
Turkiston inqilobiga muqaddima (zamin) boʻlgan hodisalarga toʻlaligicha nazar tashlash lozim. Shu sababli xotiramizni 1916-yilga qaytaraylik:
Birinchi Jahon urushining ikkinchi yilida Chor hukumatining qurolli kuchlari Kavkaz va Karpat frontlarida jang qilmoqda edi. Bu frontlarda istehkom, yoʻl va orqa xizmatlarda ishlatish maqsadida Turkistondan majburiy ishchilar toʻplanib, armiyaga qoʻshilishi haqida buyruq berildi. Bu buyruqqa binoan, turli joylardan qurolli mirshablar nazorati ostida ishchilar toʻplana boshladi va ularga beriladigan ish haqi xalqdan soliq sifatida undirila boshlandi.
Turkistondan toʻplanadigan ishchilar soni yigirma mingdan ortiq katta miqdorni tashkil etgani va buncha odamning ish haqi xalqdan undirilishi dahshatli aks-sado berdi. Chidab boʻlmas bu soliqlarning keti uzilmas edi. Shu sababli xalq orasida norozilik boshlandi. Bu vaziyat qarshisida ruslar gʻazablanib, koʻp joylarda kuch ishlatishga majbur boʻldilar. Joylarda, shahar va qishloqlarda turli voqealar yuz bera boshladi. Toshkent, Samarqand kabi katta shaharlarda ishchi majburiyatini harbiy majburiyatga aylantirish, toʻplangan xalqning mashq maydonlarida taʼlim koʻrib, qurollantirilishi haqida Chor hukumatiga taklif berilgan boʻlsa-da, bu taklif rad etildi. Endi oʻq yoydan chiqqan edi.
Ilk bor Samarqandda, Jizzaxda isyonlar bosh koʻtardi. Buni Olmaota va Qoraqum aholisi davom ettirdi. Keyinroq Qizilqum va Xiva atrofi, Fargʻonaning turli qishloq va shaharchalarida ham umumiy isyon harakati boshlandi. Muntazam qurollangan Rus qoʻshinlariga qarshi Turklar bolta, ketmon va bobomeros egri qilichlar bilan kurashga kirishdilar. Ishchi toʻplashga harakat qilayotgan qurolli kuchlarga pistirma qoʻyish orqali ularni yoʻq qilib, qurollarini tortib olardilar.
Shu tariqa soni koʻp boʻlmagan Rus qoʻshinlari garnizonlaridan chiqa olmay qoldilar. Hukumat mahalliy kuchlar bilan bu harakatni bostirib boʻlmasligini anglagach, Osmonli (Turkiya) frontini kuchaytirish uchun Kavkazga joʻnatilayotgan Sibir armiyasini bu frontga yuborishdan voz kechib, General Kuropatkin qoʻmondonligida Turkistonga joʻnatdi. Bu zolim generalning vahshiy qoʻshinlari isyon mintaqasiga hujum qildi. Qattollarcha bir gʻayrat bilan qishloq va shaharchalarni olovga berdi. Yoʻlida uchragan minglab begunoh ayol, erkak va bolalarni istisnosiz qatl qildilar. Uylar, mol-mulklar musodara qilindi.
Ikki oycha davom etgan shiddatli urush sonida koʻplab qishloq va shaharchalar butunlay yoʻq qilindi. Sharqiy Fargʻona va Olmaota atrofidagi mujohidlar Sharqiy Turkistonga qochish uchun chekindilar. Qizilqum, Samarqand va Gʻarbiy Fargʻona mujohidlari esa choʻl va togʻlarga yashirindilar.
Sharqiy Turkistonga qochmoqchi boʻlgan Yettisuv va Olmaota mujohidlari bir tuman Rus otliqlari tomonidan taʼqib qilinib, Urumchi yoʻnalishida qisib qoʻyildi. Bu hududda mudhish janglar boʻldi. Chekinayotgan 80 mingga yaqin inson 200 mingdan ortiq hayvonlari bilan mustamlaka qoʻshinlariga taslim boʻlishdan koʻra oʻlimni afzal koʻrib, toʻp-toʻp boʻlib hayvonlarini oldiga solgancha imperiya qoʻshinlariga hujum qildilar. Miltiq ovozlaridan hurkkan hayvonlarning tipirchilashi, rus pulemyotlarining oʻqlariga qaramay atrofni chang-toʻzonga belab dushman ustiga bostirib borishi bir lahza ularni shoshirib qoʻydi. Katta talofatlarga qaramay, bir hovuch turk mujohidlari Urumchiga va bir qismi Oqsuvga qochib oʻta oldi, ammo yuz bergan bu janglarda 60–70 ming inson va 300 mingga yaqin hayvon qurbon boʻldi”.
“Muntazam rus qoʻshinlari, son-sanoqsiz qirgʻinlardan soʻng Turkistonda yuz bergan bu qoʻzgʻolonni juda ogʻir talafotlar bilan bostira oldilar. Lekin qalblardagi vatan ishqini, milliyat mafkurasini soʻndira olmadilar. Turkiston, bosqinchi kuchlarning katta qismiga mozor boʻlgan edi. Bu xizmati evaziga General Kuropatkinning Toshkentda haykali oʻrnatildi. Ruslarning jazolash amaliyotidan jon saqlab qolgan minglab mujohidlar, qurollarini topshirmasdan guruh-guruh boʻlib togʻlarga chekindilar. Mana shu kuchlar Turkiston inqilobining asosini tashkil etdi”.
Jurnalning 4-sonida keltirilishicha, 1919-yilda Kilif qasabasida (hozirgi Turkmanistonning Kerki hududi – M.D.) sodir boʻlgan voqea Turkistondagi milliy ozodlik kurashlari tarixidagi eng ogʻir bosqichlardan biri boʻlgan. Maqolada zindon va undagi qiyinchiliklar ham ochib berilgan boʻlib, bu voqea yerlik aholining milliy oʻzlik va mustaqillikka boʻlgan intilishini namoyon etgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.
“... Men bu qasabaga jun sotib olish uchun kelgan edim. 1919-yil 15-iyun kuni qasabaning bozori edi. Bozorga keltirilgan junlardan maʼqul kelganlarini olib, savdo bilan mashgʻul boʻlib turganimda, yonimga ikki nafar xavfsizlik xodimi kelib, voliy (hokim – M.D.) meni koʻrmoqchi ekanini aytdilar. Ishlarimni bitirgach borishimni aytsam-da, ruxsat bermay, meni majburlab voliyning huzuriga olib bordilar. Voliy mendan kim ekanligimni soʻradi. Chilli Gullu turkmanlaridan ekanimni aytdim. Buning ustiga voliy menga baqirdi:
– Sen jadidsan!
– Buni qayerdan bildingiz? – deb soʻradim.
– Turkman boʻla turib, samarqandliklardek kiyingansan. Sallang kichik, jadidcha uslubda. Shariatga xilof ravishda soqolingning uchi qirqilgan? Ayniqsa, qalamingni qulogʻing ustiga qoʻyibsan-ki, bu jadidlar qiladigan harakatdir.
Javob berishimga ham imkon bermay, zindonga olib borishni buyurdi. Ichida oʻn ikki kun qolganim zindonni taʼriflab beray: Zindon Qoʻrgʻonning Amudaryoga qaragan tomonida edi. 16 zinapoya pastga tushilgach, katta va zanglagan temir eshikdan oʻtib, hech quyosh koʻrmaydigan, tor va uzun yoʻlakka kiriladi. Bu yoʻlakning ikki tomonida kichik va iflos eshiklar bilan bir-biridan ajratilgan tor hujralar bor. Har bir hujraning oʻrtasida qalin eman kundalari oʻrnatilgan boʻlib, bu kundalar ustida 20 santimetr chuqurlikda, inson oyogʻi sigʻadigan oʻyiqlar ochilgan. Oʻyiqlar orasiga temir xalqalar qoqilgan, xalqa va temir orasidan kunda boʻylab uzun yumaloq temir oʻtkazilgan. Buning bir uchi kundaga, ikkinchi uchi esa xalqaga ulkan qulf bilan bogʻlangan. Mahbusning oyoqlari kundaning oʻyigʻida va uning ustidan oʻtkazilgan temir orasida qolgach, hech qayerga qimirlay olmaydigan holatda soqchilarning insofini kutishga majbur boʻladi. Mana men ham bit, burga va boshqa hasharotlarga toʻla bu hujrada yolgʻiz boshimga 12 kun qismatimni kutdim.
1919-yil 27-iyun tongida hujramning eshigi ochildi. Ichkariga kirganlar har kungilarga oʻxshamasdi. Ikkisi ham baland boʻyli, qoracha yuzli edilar. Koʻzlari qizargan, qon quyilgandek edi. Oʻng belbogʻlarida bittadan xanjar osilib turardi. Ular voliyning jallodlari ekanini taxmin qildim. Oyoqlarimni bogʻlab turgan kundadan xalos qildilar. Biri oldimda, ikkinchisi orqamda zindondan chiqqach, siyosat maydoniga (mahkumlarga jazo beriladigan joy – M.D.) keldik. Zinaning oxirgi pogʻonasiga tushganimda, mox bosgan tosh devorlarga urilib oqayotgan Amudaryoni koʻrdim. Bu manzara menga qutulish ilhomini berdi. Bir lahzada porlagan hurriyat chaqmogʻi bergan jasorat bilan, ikki jallodning orasidan otilib chiqdim va bir necha metr oldinda mavjlanayotgan daryoning koʻpikli suvlariga oʻzimni otdim...”.
“...Orqamdan hayrat bilan qarab qolgan jallodlardan ancha uzoqlashgach, oʻzimni Afgʻoniston sohiliga otishga harakat qildim. Bir muddatlik kurashdan soʻng, daryo sohilidagi Afgʻon garnizonidan bir kilometrcha gʻarbda sohilga chiqdim. Suzishimga xalaqit bermasligi uchun kiyimlarimni suv ichida yechgan edim. Yarim yalangʻoch holatda garnizonga panoh soʻrab bordim. Bir necha yil jun va paxta mavsumida bu yerlarda ishlaganim uchun muhitga begona emasdim. Afgʻoniston fuqarosi boʻlgan turkmanlar orasida savdo-sotiq sababli tanishlarim koʻp edi. Afgʻon garnizoni qoʻmondoni meni juda yaxshi kutib oldi.
Issiq kiyimlarimni almashtirishim uchun menga yordam berdi. Ustimga kiyishga kiyim-kechak topib berdi. Garnizon yaqinidagi qishloqlardan (ovloqlardan) birida boʻlgan Seyit Vali ogʻa ismli tanishimning garnizonga kelishini taʼminlashini undan iltimos qildim. Qoʻmondon darhol ikki askar yubordi va oqshomgacha doʻstim kelib, menga kafil boʻldi. Endi qutulgan edim. Birgalikda Seyit Vali ogʻaning uyiga ketdik. Uning uyida toʻrt kun mehmon boʻldim.
1919-yilning 1-iyul kuni Afgʻonistonning Turkiston viloyati markazi boʻlgan Mozori Sharifga ketish uchun Seyit Valining uyidan ayrildim. Doʻstim meni yolgʻiz qoldirmadi. Mozori Sharifgacha menga hamrohlik qildi.
Mozori Sharifda mahalliy hukumat raisi – “Noib ul-hukumat”ga boshpana soʻrab, garnizon qoʻmondonligi tomonidan berilgan hisobotni taqdim etdim va boʻlib oʻtgan voqealarni ogʻzaki tushuntirdim. Noib ul-hukumat menga shahar ichida bir turar joy ajratish fikrida ekanini aytdi. Qatgʻan viloyati hududida qarindoshlarim borligini, agar maʼqul koʻrilsa, Xonobod shahriga borishga ijozat berishlarini iltimos qildim. Bu iltimosim qabul qilindi va kerakli rasmiyatchilik ishlari yakunlanib, Seyit Valining kafilligi ishonchli deb topildi. Qatgʻan viloyatining Imom Sohib qishlogʻida yashovchi qarindoshlarimnikida qolishga ruxsat berildi. Shu tarzda JADID tamgʻasi bilan oʻlimdan qutulib qolgan edim...”
Umuman olganda, jurnal sahifalarida chop etilgan maqolalar Turkiston milliy ozodlik kurashlari haqidagi tarixiy xotirani saqlash, qayta tiklash va maʼnaviy meros sifatida kelajak avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Jurnal “buloq” kabi xalq xotirasi qaʼridan chiqqan haqiqatlarni yuzaga chiqarib, Rossiya imperiyasi va sovet hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan qatagʻon siyosati tarixini oʻrganishda asosiy ilmiy manba vazifasini oʻtaydi.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar
1. “Bulak”. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 1. 20 Mart 1959. S. 2.
2. Bulak. Niçin Çikiyoruz. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 1. Mart 1959. S. 3.
3. Türkistanlı Mirza Purnefes. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar: Önsöz. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 1. 20 Mart 1959. S. 9.
4. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar. “Bulak” Dergisi. Yil : 1. Sayı : 1. 20 Mart 1959. S. 9–15.
5. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 2. 20 Nısan 1959. S. 9.
6. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar: Zindan. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 3. 20 Mayıs 1959. S. 9.
7. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar: Zindan. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 4. 20 Haziran 1959. S. 9.8. Nafiz TÜRKER. Türkistan Millî Mücadelelerinden Hatıralar. “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 5. 20 Temmuz 1959. S. 9.
Mashhuraxon DARMONOVA,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)