Bu yil Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 151 yilligini nishonlayapmiz. U Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog boʻlish bilan birga oʻzbek adabiyoti xazinasiga munosib hissa qoʻshgan. Maqolada uning “Padarkush” pyesasi tarixiga toʻxtalmoqchimiz.
“Oʻqimagan bolaning holi” 1911-yili yozib tugallangan. U qoʻlyozma holidayoq qoʻlma-qoʻl oʻqildi va shuhrati oshdi. Nashriga esa Rossiya imperiyasining senzura siyosati toʻsiq boʻldi, – ikki yillik urinishlar samarasiz tugadi. Oʻsha davrda Samarqandda ozarboyjonlik matbaachilarning litografiya va bosmaxonalari keng faoliyat yuritgan. Xususan, Samarqand shahrida XX asr boshlarida 21 ta bosmaxona, 4 ta litotipografiya va 2 ta litografiya faoliyat koʻrsatgan (1). Balki asarning qoʻlyozma shakli davridayoq mashhur boʻlishi ozarboyjonlik nashriyotchilarni ham beeʼtibor qoldirmagan boʻlishi mumkin. Chunki asarning nashriga “Matbuot ishlari Tiflis qoʻmitasi senzori ruxsati bilan Kavkaz oʻlkasi sahnalarida qoʻyish mumkin”, degan 1913-yil 23-martdagi 19940-son qarori asosida ruxsat etilgan (2). Shu tariqa kitobning birinchi betida “Посвящается юбилейной памяти Бородинскаго сраженія и избавленія Россіи отъ нашествія французовъ”, yaʼni “Borodino jangi yubiley xotirasi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan qutulishi” jumlalari bilan senzuradan oʻtgan holda Samamarqandda B.Gazarov va K.Sliyanov tipolitografiyasida oʻzbek tilida, arab imlosida 1913-yili nashr etiladi.
“Padarkush” oʻzbek milliy teatriga tamal toshini qoʻygani koʻpchilikka maʼlum. Pyesaning sahnaga olib chiqilganiga shu yil 15-yanvarda 113 yil boʻldi. Asardagi obrazlarga eʼtibor bersak, 50 yoshdagi boy, uning oʻgʻli boʻlgan 15–17 yoshlardagi – Toshmurod, yangi fikrli 30–40 yosh atrofidagi domullo, 18–20 yoshdagi boyning mirzasi – Xayrullo, yangi madaniy qiyofadagi ruscha oʻqigan Ziyoli, boyning qotili – Tangriqul, 18–20 yoshdagi boʻz bolalar – Davlat bilan Nor, rus xotin – Liza, arman mayxonachisi – Artun, Prustuf (militsiya, 2 qoravul, boyning 3 nafar hamsoyasi), hamda 35–40 yoshdagi boyning ayoli – Boybuchchadan iborat.
Qahramonlarni muallif oʻzi yashab turgan mustamlaka ostidagi Turkistonning ijtimoiy hayotiga mos ravishda tanlab olib, jamiyatning muammosini ochib berishga harakat qilgan. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Asosiy fondida asarning bir necha nusxasi saqlanmoqda.
Asarning bosh gʻoyasida ilmsizlik, johillik orqasida kelib chiqadigan fojia koʻrsatib beriladi. Yaʼni, bola tarbiyasi har bir ota-ona va butun oilaning diqqat markazida boʻlmogʻi kerak, jamiyatning kelajagi, butun taraqqiyoti ham shunga bogʻliqligi uqtiriladi. Bundan tashqari asarda diniy-maʼrifiy qarama-qarshilik, xususan, oʻtmishdagi diniy fanlarga biryoqlama qaramaslik, dinni toʻgʻri tushunish va uni maʼrifat bilan uygʻunlashtirish hamda zamonaviylik va yangilanish kabi ijtimoiy jihatlarga eʼtibor berish darkorligi ilgari surilgan.
Nega “Padarkush”? Bu nom shunchaki oʻylab topilmagan. Turkiston maishatidan olingan ibratnoma koʻrinishidagi 3 pardalik 4 manzarali asarning yaratilishiga nima turtki boʻldi?
XX asr boshlarida roʻy bergan voqealarga eʼtibor bersak, Turkistonda jadidchilik harakati oʻzining islohotchilik gʻoyalari bilan xalq orasiga keng kirib bordi. Ular millatni uygʻotish, qaramlikdan qutulish, erkin va farovon hayotni yaratish yoʻlida yoshlar masalasiga katta eʼtibor qaratdilar. Shu bois ham jamiyatni ijtimoiy illatlardan tozalash uchun matbuot va taʼlimda keng targʻibot ishlari olib borildi. Millat taraqqiyoti uchun ajdodlar merosini ham keng tadqiq qildilar. I va II Renessansning asosini oʻrganishga intildilar.
Shuningdek, XX asr boshlarida oʻz davrida ilm-fan sohasida yuksak shuhrat qozongan Sharq olami kashfiyoti II Renessans merosi Ulugʻbek rasadxonasi qayta kashf etildi. Temuriy hukmdor Ulugʻbek vafotidan keyin bu meros oʻz ahamiyatini yoʻqotib borib, ayrim muarrixlar asarlarida va xalq orasidagi rivoyatlardagina qolgan edi. 1908-yili Vasiliy Lavrentevich Vyatkin tomonidan uning joylashgan oʻrni aniqlanib qazishma ishlari olib borildi. Bu muhim kashfiyotga aylangan topilma edi. Tadqiqot natijalarini Rossiya imperiyasining Turkistondagi rasmiy matbuoti boʻlgan “Туркестанские ведомости” gazetasida “Самаркандской обсерватории” nomi ostida, 1912-yili Sank-Peterburgda davomli nashr etilgan Rossiya Markaziy va Sharqiy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik va etnografik munosabatlarda oʻrganish qoʻmitasining “Известия” buletinida “Отчет о раскопках обсерватории Мирзы Улугбека в 1908 и 1909 гг.” nomi bilan eʼlon qildi.
Tarixiy me’moriy obidaning ochilishi Mahmudxoʻja Behbudiyni ham befarq qoldirmagan. Shu bilan birga, u oʻsha davrdagi ilm-fan taraqqiyoti va undan keyingi ahvolni ham keng oʻrgangan. Oʻtmishni oʻrganish va zamonasidagi jamiyat hamda ijtimoiy hayotni tahlil qilar ekan davlatni taraqqiyotga yetaklovchi va inqirozga yuz tutuvchi jihatlarga eʼtibor qaratgan. Shu jarayonda Ulugʻbekning oʻlimidan keyingi siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayot manzarasidan olgan xulosasini zamonasidagi hayot bilan tahlil qilgan holda xalqni uygʻotish, taraqqiyot sari intilishga yoʻl koʻrsatuvchi kuch va inqirozga yuz tutuvchi sabablarni chuqur oʻylagan holda fojiali asarni yaratishga erishgan. Xalqqa ibrat qilib koʻrsatish uchun tarbiyasizlik va ilmsizlik holatini ardoqlab voyaga yetkazgan oʻgʻilning qilmishi orqali koʻrsatib bergan.
Ulugʻbek fojiasi bilan Mahmudxoʻja Behbudiy asaridagi voqealar aynan bir xil emasligini asarni oʻqigan kishi yaxshi anglaydi. Mahmudxoʻja Behbudiy “Padarkush” orqali Mirzo Ulugʻbek fojiasiga oʻxshash tarixiy voqealardan ibrat chiqaradi, ammo uni toʻgʻridan-toʻgʻri emas, ramziy va ijtimoiy shaklda koʻrsatib beradi. Soʻzdan shu qadar unumli foydalanadiki, adabiy oʻyinlar, kinoya va qochiriqlar orqali chinakam qotil kim va u nima uchun bu jinoyatga qoʻl urgani haqida jiddiy oʻylashga majbur qiladi. Har ikki voqelikda ham otani yoʻqotish jamiyat halokati ekanligiga yetaklovchi fikrni uygʻotadi.
Demak, 1911-yilda “Padarkush” nomini olgan asarning yaralishiga rasadxonaning topilishi maʼlum bir maʼnoda turtki boʻlgan boʻlishi mumkin. Rasadxonaning ochilishi va u toʻgʻridagi yangiliklar bilan tanishib borgan muallif Ulugʻbek davri hayotini ham koʻproq oʻrgangan. Shu bilan birga, Mahmudxoʻja Behbudiyning keyingi faoliyatida rasadxona bilan bogʻliq bir qator ishlarni koʻrish mumkin. Xususan, u tomonidan tuzilgan va nashr etilgan “Turkiston–Buxoro–Xiva xaritasi”da shaharlar, ular orasidagi masofalar, daryo va anhorlar, qumliklar aks ettirilgan boʻlib, xarita atrofida shaharlardagi tarixiy-meʼmoriy obidalar haqida maʼlumot keltirilgan. Shu jarayonda Samarqanddagi Ulugʻbek rasadxonasiga oid maʼlumotlar ham kiritilgan. Shuningdek, 1913-yilda nashrdan chiqa boshlagan “Samarqand” gazetasida rasadxonaga oid xabarlar berilgan. “Oyna” jurnalida esa V.Vyatkinning hisobotlarini Turkiston aholisi ham tanishsin deya oʻzbek tilida “Ulugʻbek rasadxonasi” sarlavhasi bilan bir necha sonida nashr etadi. Jurnalning 2-sonida nashrga berilgan birinchi maqola nomidagi “Ulugʻbek” shaxsiga izoh berilib: “Ulugʻbek bin Shohrux bin Temur Koʻragon sohibqiron. Ulugʻbek hazratlarining Samarqand taxtida julus 850-hijriy oʻzining boxiy oʻgʻli Abdulatif amri ila shahid qilindi. 853-hijriy sanada qabir sharifi Samarqandda Temur Koʻragon hazratlarining daxmasindadur”, degan jumlalar keltiriladi (3).
Shuningdek, maqolada rasadxonaning ochilishi tarixiga kirish qilinar ekan quyidagi toʻrtlik keltiriladi:
Ulugʻbek on shohi Jamiqtidor,
Ki dini Nabiro az O‘ bud pusht.
Zi Abbos shahdi shahodat chashid,
Shudash soli taʼrix “Abbos kusht”.
Yaʼni:
Ulugʻbek edi davlatning podshohi,
Nabiro dinini u qilar panoh.
Abbos shahidlik bolidan tati,
Tarix yozar yilni: “Abbos oʻldirildi” – deb.
Bu yerda “Abbos kusht” jumlalari orqali abjad hisobi bilan Mirzo Ulugʻbekning qatl sanasi keltirilgan. Ushbu jumlalarni muallif bejizga bitmagan. Shoh va ilm homiysining fojiasi uni juda koʻp oʻylantirgan va keyingi oqibatlar uning zamonasigacha mustamlaka kulfati va ijtimoiy hayotning tanazzuli bilan yetib kelgan. Ushbular asarga “Padarkush” nomi berilishiga turtki boʻlgan boʻlishi mumkin.
Qahramonlar siymosini yaratgan havaskorlar. 1914-yil 15-yanvarda “Padarkush” pyesasi Samarqandda birinchi bor sahnalashtirilib, ommaga olib chiqildi. Shu yilning 27-fevralida esa Toshkentda ilk bor “Kolizey” teatrida namoyish etiladi. Keyin butun Turkiston boʻylab namoyish etila boshlandi. Taniqli tadqiqotchi Edvort Olvort “Padarkush” bilan tanishib: “Zamonaviy drama shu davrdagi barcha hayotiy muammolar va mumtoz adabiyot anʼanalaridan ancha uzoq boʻlsa-da, u boshqa janrlarda yozilgan asarlardan farqli oʻlaroq ijro etish, koʻrsatish xususiyatiga koʻra mahalliy aholi koʻngliga birdek yoʻl topa oldi. Mana shu muhim jihatiga koʻra yosh oʻzbek dramasi jamiyatda jiddiy islohotlar zarur boʻlib turgan bir paytda muhim maʼrifiy tarbiya vazifasini bajardi”, deb yozadi.
Asarning ovozasi ham juda tez yoyilgan. Baʼzan oʻz shaharlarida qoʻyilishini kutmay, avvalroq namoyish etilgan joylarga borib koʻruvchilar ham topilgan. Xususan, andijonlik Qoʻyali ismli (balki bu taxallusdir, “Oyna” jurnalida shunday nom bilan berilgan) yigit 1914-yil 6-iyunda Andijonda boʻladigan “Padarkush” namoyishini kutmay, Qoʻqon shahridagi siansga keladi. Tomoshadan soʻng 3-pardada boyning oʻldirilishi va boybichchaning roʻli yaxshi oʻynalmagan boʻlsa-da, umumiy manzaraga katta taʼsir etmaganini, tomoshadan mamnun boʻlganini tasvirlab beradi (4).
Koʻp tadqiqotlarda asarni sahnalashtirishda ishtirok etgan kishilar tilga olinadi. Bu borada koʻproq “Turon” teatr jamoasining yetakchisi Abdulla Avloniy hamda ozarboyjonlik aktyor va rejissyor Aliasqar Asqarov nomi koʻzga tashlanadi. Sahnada obrazlarni jonlantirgan havaskorlar haqida asosan Samarqand va Toshkent namoyishidagi aktyorlar tilga olinadi. Xususan, 1914-yil 15-yanvardagi Padarkushning Samarqanddagi ilk namoyishida rollarni Abdusalom Abdurahim oʻgʻli, Abbos, Mardonqul Shohmuhammad oʻgʻli, Yozdonqul Shohmuhammad oʻgʻli, Mirzo Noʻmon mulla Fozil muftiy oʻgʻli, Rahimqul Muhammad Solih oʻgʻli, Mirhoshim Mirrahim oʻgʻli, Muhiddin Joʻraboy oʻgʻli, Muhammad Amin Niyoziy, Abdulla Badriy, Ahmadjon Samsutdinovlar ijro etgan edi.
1914-yil 27-fevralda Toshkentda namoyish etilgan “Padarkush” pyesasida esa boy rolini Abdulla Avloniy oʻynagan boʻlsa, Sami qori Ziyoboyev – domla va boyning xotini, Isomiddinxoʻja Nizomiddinxoʻja oʻgʻli – ziyoli, boyning mirzasi Xayrulla va boʻz bola Davlatzoʻrni – Eshonxoʻja Xoniy, ikki boʻz bola – Nor rolini Muhammadjon Poshshaxoʻja oʻgʻli, Tangriqulni – Shorahim domla Shoinoyatov, boyning oʻgʻli Toshmurod rolini Badriddin Aʼlam oʻgʻli, pristav rolini esa “Turon” teatr jamoasi aʼzosi Miraziv ijro etgan (5). Bundan tashqari Turkistonning bir necha shaharlarida qoʻyilgan asar namoyishida yangi aktyorlarni koʻrish mumkin. Jumladan, 1914-yil fevral oyida Qoʻqon shahrida “Padarkush” pyesasi sahnalashtiriladi. Ushbu sahna asari “Qoʻqon musulmon maktablari” foydasi uchun namoyish etilgan. Mazkur teatr namoyishida Samarqanddan kelgan havaskor aktyorlar jamoasi ham ishtirok etgan. Teatrni sahnalashtirish va tomoshani tashkil etish jarayonlarida ishtirok etgan shaxslar qatorida tashkilotchi masʼul mudir Akobir Shomanusur hamda ishtirokchilar: Mirza Ahad Mirza Obid oʻgʻli, Oqliy Puladboybachcha Zokirboy oʻgʻli, Sayid Ogʻa afandi, Sadixoʻja Yoqubxoʻja oʻgʻli, Sharifjon hoji Solih oʻgʻli, Sotboldi Sayfiddin oʻgʻli, Mulla Ashurali Zohir oʻgʻli, Mulla Mahmudjon qori, muallim Mulla Hakimjon Mirza Ali oʻgʻli, Mirsolih qori Hakim oʻgʻli nomlari tilga olinadi (6).
Andijonda 1914-yilning 6-iyunida oʻtkazilgan “Padarkush” namoyishi esa “Lyuks” teatrida tashkil etiladi. Uni tashkillashtirganlar qatorida Xon Maxzum, Mulla Ergash hoji, Ali Asgʻar Asqarov va Ziyoviddin afandilar nomi alohida tilga olingan (7).
“Padarkush” pyesasi mualliflik huquqi. Padarkush fojiasi 1914-yilning sentyabr oyiga qadar Turkistonning katta shaharlarida 15 marta namoyish etilgan. Ayrim shaharlarda hattoki 2 martadan sahnaga olib chiqildi. Asarning mualliflik huquqi mavjud boʻlib, u qonunan himoyalangan. Unga koʻra asardan foydalanilgani uchun muallifdan ruxsat olish va mualliflik haqini toʻlash lozim boʻlgan. Oʻsha vaqtda “Padarkush” asaridan foydalanganlik uchun haq 25 soʻmni tashkil qilgan. 1914-yili 15 marta qoʻyilgan tomoshaning 3 tasiga mualliflik haqi berilgan. Yana 4 tasiniki (100 soʻm) esa muallifning roziligi bilan maktablar foydasiga hadya qilingan. Baʼzan jamiyat va maktabga yordam maqsadi bilan namoyish etilgani uchun mualliflik haqi berilmagan (8).
Xoʻsh, Mahmudxoʻja Behbudiy bunga qanday qaragan? degan haqli savol tugʻiladi. Manba va tadqiqotlarda taraqqiyparvarning mualliflik huquqiga davo qilgani xususidagi maʼlumotni uchratish qiyin. U yoshlarning ishtiyoqi oʻlmasin degan fikrda bu haqqa koʻp eʼtibor bermagani tabiiy holdir. Oʻsha zamonda milliy teatrning xalq tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinishi, muallif oʻylaganidek ibrat namunasini oʻtagani oldida qalam haqining hech ahamiyati boʻlmagan. Faqat ayrim oʻz manfaatini oʻylagan, “maktabga yordam yoki xayriya maqsadi bilan”, deb teatr namoyishidan tushgan mablagʻni oʻz nafsi yoʻlida foydalanish hollari uchragach mualliflik huquqini talab qilgan. “Oyna” jurnalining 1914-yil 47-sonidagi “Padarkush vajhidan” nomli maqoladagi “... ushbu fojiani qoʻymoqchi boʻlgan muhtaram zotlar, avvalan, muharrirdan qogʻoz ila javob olib va nimani foydasiga qoʻymoqlarin bildirib, soʻngra ishga harakat etsalar...”, degan jumlalar shundan darak beradi.
Eʼtibor berilsa, “Padarkush yoxud oʻqimagan bolaning holi” asarining birinchi betida rus tilida “Для постановки настояшей пьесы требуется каждый раз письменное разьршение автора” (9), yaʼni “Ushbu pyesani sahnalashtirish uchun har safar muallifning yozma ruxsati talab etiladi”, degan jumlalar keltirilgan. Oʻsha davr siyosiy muhitiga eʼtibor bersak, asar hukumatning senzurasidan oʻtgan holda nashr etilgan edi. Imperiya hukumatining mualliflik huquqiga oid huquqiy meʼyorlari mavjud boʻlib, u 1828-yilgi Senzura ustavida aks etgan. Unga koʻra kitob muallifi yoki tarjimoni “oʻz asarini nashr etish va sotishdan umri davomida, oʻz xohishiga koʻra, qonun yoʻli bilan qoʻlga kiritilgan mulk sifatida foydalanish boʻyicha mutlaq huquqqa” ega boʻlgan. Bu huquqlar 1875, 1890-yillarda takomillashtirib borildi. 1911-yil 20-mart (2-aprel)da esa “Mualliflik huquqi toʻgʻrisida”gi alohida qonun qabul qilinadi. Bu Rossiya imperiyasidagi mualliflik huquqi sohasidagi birinchi mustaqil normativ-huquqiy hujjat hisoblangan. Unda mualliflik huquqiga doir Gʻarb qonunchiligi tendensiyalari ham aks etgan edi. Senzuradan oʻtgan asarlarda mualliflik huquqiga oid maʼlumotlar keltirib oʻtilgan. Ushbu masalaning asar boshida rus tilida aks etishi ham senzura siyosati bilan bogʻliqligini koʻrsatadi.
“Padarkush”ning yaratilishi jamiyatdagi maʼrifatsizlik, zoʻravonlik va inson qadrining poymol etilishi kabi illatlarga qarshi qaratilgan. Pyesaning “Padarkush” deb nomlanishi ham bejiz emas: u nafaqat jismoniy otani, balki maʼnaviy qadriyatlar, insoniylik va milliy oʻzlikning “oʻldirilishi”ni ramziy maʼnoda ifodalaydi. Shu bilan birga, asarning mualliflik huquqi va ijodiy meros sifatidagi ahamiyati uning milliy dramaturgiya tarixida muhim oʻrin egallashiga sabab boʻladi. “Padarkush” mazmun-mohiyati, badiiy qimmati va tarbiyaviy ahamiyati bilan bugungi kunda ham dolzarbligini yoʻqotmagan.
Abduvali YOʻLDASHEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Foydalanilgan manbalar
1. Oʻzbekiston Milliy arxivi. I–5-fond, 1-roʻyxat, 105-yigʻmajild, 6-varaq.
2. Rizayev Sh. Jadid dramasi. – Toshkent: Sharq, 1997. 53-bet.
3. “Oyna” jurnali. 2-son. 1913-yil 2-noyabr. 5-bet.
4. Qoʻyali. Xabarlar Hoʻqanddan. “Oyna” jurnali. 1914-yil. №21. 298-bet.
5. Tursunov T. XX asr oʻzbek teatr tarixi. – Toshkent, 2009. 57-bet.
6. Tomosha qilguchi. Xoʻqand teatrinda. “Oyna” jurnali. №21. 1914-yil. 300-bet.
7. Andijonda teatru. “Oyna” jurnali. 1914-yil 37-son. 888-bet.
8. Padarkush vajhidin. “Oyna” jurnali. 47-son. 1914-yil. 1130-bet.
9. Mahmudxoʻja Behbudiy. Padarkush yoxud oʻqimagan bolaning holi. Samarqand, 1913. 1-bet.