Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi Nazar Eshonqul bilan suhbat.
– Haqiqiy ijodkor faqat oʻz davri va davrasi uchun yozmaydi. Asarlari asrlar davomida yashashini, millionlab qalblarni zabt etishini istamagan yozuvchi boʻlmasa kerak. Nazar aka, bu istakning ijobati siri nimada?
– Toʻgʻri aytdingiz, har bir yozuvchi umid bilan yozadi. Yozish asnosida shu koʻhna olam, oʻzaro munosabatlar, “qayerdan keldik, qayerga ketamiz, vazifamiz nima?” degan bashariy savollarga oʻz zamonida turib javob izlaydi.
Masalan, adabiyotni insonshunoslik deydigan boʻlsak, yozayotgan kitobimiz inson haqida qandaydir xulosa berishi kerak. Oʻquvchi mutolaa soʻngida nimanidir anglab yetsa, mana shunda asarning umri uzayadi.
Odatda, odamlar koʻnglidagi savollarga javob bera oladigan asarlarni tez va oson qabul qiladi. Yozganimiz kimnidir taʼsirlantirsa, hayajonga solsa yoki oʻylantirsa, ana oʻshanda vazifamizni bajaribmiz. Agar fikrlarimiz Vaqt elagidan oʻtmasa shunga rozi boʻlamiz-da.
– Vazifani munosib bajarayotgan ekansizki, 2024-yilda AQShning “Mundus Artium Press” nashriyoti tomonidan “Yil yozuvchisi” deb eʼtirof etildingiz. Ana shu muvaffaqiyat tarixi haqida soʻzlab bersangiz.
– Texas universitetida “Jahon adabiyoti” jurnali chiqadi. Tahririyatning oʻz nashriyoti bor. Ular dunyodagi yozuvchilar ijodini kuzatib boradi. Hatto, birorta asari ingliz tiliga tarjima qilinmagan adiblarni ham oʻqishadi. Imkoniyati boʻlsa kerak-da.
Oʻsha tashkilot vakili ijtimoiy tarmoq orqali meni topib, bogʻlandi va mukofotga nomzodim qoʻyilishini aytdi. Hikoyalarimni gugl tarjima yordamida inglizchada yubordim. Bilasizmi qanday javob keldi? “Siz asl variantini joʻnatavering, oʻzimiz tarjima qilib olamiz”, deyishdi. Hakamlar hayʼati mukofotlash sababini “umuminsoniy madaniy autentligi hamda universal kodlarni milliy voqelikda aks ettirgani uchun” deb koʻrsatishdi.
Eʼtirofdan koʻra kitobimni inglizchaga oʻgirib, elektron shaklda onlayn kutubxonalarga joylashtirilishi men uchun quvonchli boʻldi. Bu orqali inglizzabon kitobxonlar zamonaviy oʻzbek adabiyoti namunalari bilan tanishadi, tasavvuri kengayadi. Ajabmas, ular orasidan milliy adabiyotimizga qiziquvchi tarjimonlar chiqsa.
Ijodkorning yaqin va uzoq davlatlardagi katta-kichik muvaffaqiyati har birimizni xursand etishi kerak. Chunki uning ismi bilan birga jahonda Oʻzbekiston nomi ham yangraydi. Buyam bir targʻibot. Bugungi imkoniyatlar zamonida “ikki daryo oraligʻida qolib ketdi mening oʻshal ovozim”, deb oʻtirish vaqti emas.
– Kitobingiz ummonortida elektron shaklda tarqatilishini taʼkidladingiz. Bu jarayon bizda ham odat tusiga kirdi. “ZiyoNET” tarmogʻi, “Ziyouz.uz” portali, “Mutolaa” ilovasi va boshqalar buning yorqin misoli. Badiiy adabiyotlar yuz minglab nusxada chop etilgan davrni koʻrgan avlod vakili sifatida axborot-kommunikatsion texnologiyalari kitobxonlik darajasiga qanday taʼsir koʻrsatadi deb oʻylaysiz?
– Mening qarashimcha, salbiy taʼsir koʻrsatmaydi. Biz zamon shiddati va globallashuv taʼsirini his qilishimiz kerak.
Kitob yozuvdan ham qadimiyroq tushuncha. Muqaddas kitoblar, xalq dostonlari va boshqalar qogʻozga tushirilmasdan oldin ham mavjud edi. Ularni ham kitob der edik. Keyin ogʻzaki nutq yozma nutqqa evrildi. Yozuvlar tosh, sopol va suyaklardan teri, ipak, qogʻozga oʻtgandan beri odamlar bosma manbalarga oʻrganib qoldi. Endi ularning oʻrnini elektron kitoblar egallayapti. Demak, kitob hech qachon yoʻq boʻlib ketmaydi. Shunchaki vaqt oʻtib shaklini oʻzgartiradi. Tarix takrorlanish xususiyatiga ega. Davrlar oʻtib odamizod yana ogʻzaki nutq bilan kifoyalanishi mumkin.
Bizni kitob shaklining oʻzgarishi emas, elektron kutubxona bazasining qanday adabiyotlar bilan toʻldirilayotgani oʻylantirishi kerak.
Avvallari kitobni qoʻltiqlab yurardik. Bugun esa hammaning qoʻlida telefon. Bu degani zamondoshlarimiz mutolaadan uzoqlashdi degani emas. Yoshligimda kutubxonama-kutubxona yurib, kitob izlardim. Hozir esa izlagan kitobimning 95 foizini internetdan topaman.
Bunday mutolaa bizning yoshdagilar uchun biroz qiyin: koʻz charchaydi. Lekin yangi avlod shunga koʻnikib ulgʻaymoqda.
Taraqqiyot shu bilan toʻxtaydimi? Yoʻq! Kino sanʼati adabiyotning oʻrnini sekin-asta egallab boryapti. Intellektual kinolar, modern kinolar paydo boʻldi. Qarab tursangiz, adabiyot vizual koʻrinishga koʻchib oʻtayotgandek tuyuladi. Biz buni qanchalik devor qoʻyib toʻsib olmaylik, baribir vaqti kelib shunga oʻtamiz.
Shu darajada keng imkoniyatga egamiz. Faqat dangasa boʻlib qolyapmiz.
Muammo boshqa narsada: shakli qanday boʻlishidan qatʼi nazar adabiyot oʻqilyaptimi? Kimlar oʻqiyapti? Kim qanday bahra olyapti? Qanday xulosa qilyapti? Masala shunda. Kitob haqida ham, yozuvchi haqida ham informatsiya bilan cheklanyapmiz. Uning ichidagi estetikasi, ichidagi soʻzning ogʻriqlarini, poetikasini his qilish yoʻq. Bu narsalarni his qilmasa, odamning koʻngli tarbiyalanmaydi. Miyamiz faqat informatsiya yigʻuvchi “xard” boʻlib qoladi, xolos. ITning, temirning bir boʻlagiga aylanib qolishi mumkin.
– Sizdan “Oʻzbektelefilm” davlat muassasi direktori oʻrinbosari va bosh muharriri sifatida koʻplab mushtariylarimizni qiynayotgan savollarga javob olish niyatidamiz. Bugun nega milliy mentalitetimizga, hatto, eng oddiy kasb etikasiga zid boʻlgan koʻrsatuvlar va seriallar televideniyeda yetakchilik qilmoqda? Boshlovchilarning bemalol oʻz shevasida gapirishiga koʻnikib qolgandaymiz. Bu holda televideniyening yaqin va uzoq kelajagini qanday koʻrasiz?
– Davlat telekanallarida urf-odatlarimizga, nutq madaniyatiga va millatimizga xos ichki jarayonlarning barchasi joy-joyida ketyapti. Kinolar ham, koʻrsatuvlar ham. Lekin xususiy telekanallarda oʻzbek hayotini aks ettiradigan koʻrsatuvlar kamroq. Buning asosiy sababi – tijorat moʻljalining ruhiy qadriyatlardan ustun qoʻyilishi.
Seriallar masalasi esa koʻp chaynalgan, chaynalmoqda. Bunga har bir kishining haqi bor. Chunki ommaga havola etiladigan tomosha bilan koʻrpa ostiga kirib olib tomosha qiladigan tomoshaning farqi bor.
Televideniyedagi masʼullar, eng avvalo nimani koʻrsatish yoki koʻrsatmaslik kerak degan aniq mezonga ega boʻlish kerak. Bugun “reyting” degan koʻsatkich goʻyo TVning asosiy mezoni sanalyapti. Shaxsan men uchun bu xato. Seriallardagi voqelikdan tortib, oddiy kiyinishgacha bu psixologik jarayon: uni tomosha qilayotganning ong ostiga bevosita boʻlmasa-da, bilvosita taʼsir qiladi.
Sizga bir misol aytay. Amerikalik tamakifurushlar tamaki bozori oʻzlari kutgan natijani beravermagach, buyuk psixolog Freyddan katta pul evaziga maslahat olishgan. Pulga muhtoj psixolog juda oddiy maslahatni bergan. Yaʼni, kinolardagi odamlar yaxshi koʻrib qoladigan yoki bugungi til bilan aytganda “krutoy” qahramonlarga tamakingizni chektiring, deydi. Shundan soʻng Amerika kinolarida bosh va asosiy qahramonlar tamaki chekib rol oʻynashadi. Bu oʻz natijasini beradi. Ikki-uch yilda tamakifurushlik eng foydali biznesga aylanadi.
Siz aytayotgan seriallar qaysidir maʼnoda “tamaki targʻibi” vazifasini oʻtayapti. Seriallar, ommaviy tomoshalar uzoq muddatli vaqtga sozlangan bombaga oʻxshaydi, u birdan portlamaydi. Seriallarning taʼsiri yillar oʻtgach oʻz natijasini beradi. Unda balki juda kech boʻlishi mumkin.
“Reyting” bu bozor mezoni. Ammo u maʼnaviy mezonlar ustiga qurilishi kerak.
Televideniye bugungi biz koʻnikkan koʻrinishda qolmaydi. Taraqqiyot halitdan uning oʻrniga variantlar taklif qila boshladi. Xuddi kitob kabi TV ham oʻz shaklini va ifoda usulini oʻzgartirishga majbur. Bugun boʻlmasa ertaga majbur boʻladi.
Unutmaslik kerakki, televideniye – adabiy til maktabi. Bu yerda soʻz, talaffuz, ifoda tarzi qatʼiy qoidalarga asoslangan boʻlishi shart. Boshlovchi shevaxon boʻlsa, yosh avlod uni shunday qabul qiladi.
Televideniyening kelajagiga keladigan boʻlsak, umidlarimiz katta. Islohotlar natijasi yaqin kelajakda boʻy koʻrsatadi. Biz kelajakda “odamni raqam emas, ruh deb biladigan” televizion muhitni tiklashimiz shart. Bu, albatta, bizning masʼuliyatimiz.
– Samimiy va kuyunchak suhbatingiz uchun, Sizga gazetamiz oʻquvchilari nomidan minnatdorlik bildirib qolamiz.
Zarnigor Ibrohimova
suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasi 2025-yil 4-iyul, 27-son.
“Adabiy til maktabi qayerda” suhbati