Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisida ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida oʻtgan sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdilar.

Kun tartibiga muvofiq, koʻp tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida barchani qutlug‘ sana – Hamdoʻstlikning 35 yilligi bilan tabriklab, yuz berayotgan oʻzgarishlarga qaramay, mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yaqin insoniy munosabatlar, umumiy tarix va hamkorlikning ulkan salohiyati bogʻlab kelayotganini taʼkidladi.

– Bugungi kunda dunyo tubdan oʻzgarmoqda. Ziddiyatlar ortib bormoqda, odatiy iqtisodiy aloqalar qayta qurilmoqda. Bunday vaziyatda ishonchni mustahkamlash, pozitsiyalarni tez-tez uygʻunlashtirib borish va kelishuvlarimizning real natija berishiga erishish ayniqsa muhimdir, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Iqtisodiy integratsiya va ishlab chiqarish kooperatsiyasi barqarorlik va taraqqiyotning asosiy poydevorlaridan biri boʻlib qolayotgani taʼkidlandi.

Savdo-investitsiyaviy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish hamda oddiy tovar ayirboshlashdan qoʻshilgan qiymatning toʻliq zanjirlarini birgalikda yaratishga bosqichma-bosqich oʻtish zarurligi qayd etildi.

Shundan soʻng mamlakatimiz yetakchisi birgalikdagi saʼy-harakatlarni qaratish kerak boʻlgan qator ustuvor yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.

Avvalo, texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini oʻzaro tan olinishini taʼminlash va davlat xaridlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali Erkin savdo zonasining cheklovlarsiz toʻliq faoliyat yuritishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Iqtisodiyotlar barqarorligi va aholi farovonligini taʼminlashda oziq-ovqat xavfsizligi alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Bu borada qishloq xoʻjaligi mahsulotlari boʻyicha davlat xaridlari sohasida oʻzaro bozor ochishni kengaytirish toʻgʻrisidagi bitimni hamda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini tez fursatlarda kelishib olinishi va tasdiqlanishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Mamlakatlar bozorlaridagi vaziyatni oldindan prognoz qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida oziq-ovqat va oʻgʻitlar eksportiga cheklovlar kiritishdan oldin oʻzaro xabardor qilish va maslahatlashish mexanizmini joriy etish taklif qilindi.

Sanoat sohasidagi imkoniyatlarni birlashtirish va oʻzaro investitsiyalar hajmini oshirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Biznes vakillarining hamkorlikda ishlashdan manfaatdorligi yuqori ekani, buni yanada rivojlantirish maqsadida maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” tez fursatda kelishib olinishi zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz transport jihatdan bogʻliqlik masalasiga alohida toʻxtalib, integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, yuk tashish qoidalarini birxillashtirish hamda MDHda yagona transport axborot tizimini shakllantirish tarafdori ekanini bildirdi hamda Turkmaniston tomonining 2029-yilni Hamdoʻstlikning transport bogʻliqligi yili deb eʼlon qilish haqidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

Energetika xavfsizligini taʼminlash borasida yaqin oʻn yilliklarga moʻljallangan uzoq muddatli prognozga ehtiyoj yuqori ekani taʼkidlandi.

Bu esa energiyaning mavsumiy ortiqchaligi va taqchilligi qayerda va qachon yuzaga kelishi, qaysi tarmoqlarni rivojlantirish zarurligi hamda gidroenergetika, issiqlik generatsiyasi va qayta tiklanuvchi manbalarni qanday qilib eng samarali tarzda uygʻunlashtirish mumkinligi haqida aniq tasavvur hosil qilish imkonini berishi lozim, – dedi davlat rahbari.

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Bu borada muvofiqlashtirilgan va amaliy qarorlar zarur. Biz kam uglerodli texnologiyalarni jadal joriy etish va yopiq sikldagi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish tarafdorimiz, – dedi Prezident.

Saʼy-harakatlarni birlashtirish birlashtirish uchun MDHning resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot sohasida hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Madaniy-gumanitar aloqalar Hamdoʻstlik mamlakatlari va xalqlari oʻrtasida oʻzaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi qayd etildi.

Davlatlararo gumanitar hamkorlik jamgʻarmasi formatini kengaytirish orqali bu yoʻnalishni yanada rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.

Bugungi kunda yangi texnologiyalar taʼsirida tez oʻzgarib, zamonaviy iqtisodiyotning mustaqil va muhim tarmogʻiga aylanib borayotgan ijodiy industriyalarga alohida eʼtibor qaratish taklif etildi.

Shu munosabat bilan “Madaniy siyosat va kreativ industriyalar» forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Zamonaviy xavf-xatarlar qatorida butun dunyoda koʻlami jadal oʻsib borayotgan kiberjinoyatchilik muammosi alohida qayd etildi.
 

– Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan firibgarlik allaqachon fuqarolar va biznesga jiddiy zarar yetkazmoqda, mamlakatlarimiz moliya tizimlarining barqaror ishlashiga xavf tugʻdirmoqda, – dedi Prezident.

Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirlari kengashiga qisqa muddatda transchegaraviy kiberjinoyatlar va firibgarlik sxemalariga tezkor javob berish uchun MDH Qoʻshma aloqa markazini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirish taklif etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida Oʻzbekiston kelgusi yili MDHga raislikni qabul qilishga va Hamdoʻstlikni rivojlantirish uchun yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga mehmondoʻstlik hamda sammitni yuksak saviyada tashkil etgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

Yigʻilish davomida Hamdoʻstlikka aʼzo boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham soʻzga chiqdi.