Ehtimol, maqola sarlavhasidanoq qanday fikr-mulohazalarni aytmoqchi boʻlganim ayondir. Lekin Yangi Oʻzbekiston tarixi bilan bogʻliq ushbu mavzu boʻyicha hali mamlakatimizda biron-bir ilmiy izlanish olib borilmagan. Demak, masalaga yondashuvimda ham koʻproq publitsistik ruh ustun boʻlsa, maʼzur tutgaysiz.

U yoki bu buyuk shaxsni vujudga keltirgan har bir tarixiy davrning oʻziga xos ijobiy va salbiy tomonlari boʻladi. Shu bois shaxsning tarixdagi roli kabi oʻta jiddiy masalani tizimli yondashuv yoxud tizimli tahlilsiz tadqiq etish, menimcha, ilmiylikdan yiroq va ancha joʻn xulosalarga yetaklaydi. 

Masalaning mohiyati

Shu oʻrinda aytish joizki, ehtimol, rivojlangan demokratik davlatlarda kollektiv bosh­qaruvga asoslangan hokimiyatlar boʻlinishi, oʻzaro tiyib turish va muvozanatni taʼminlash tizimi barqarorlik hamda xavfsizlik garoviga aylangani barobarida allaqachon oʻzining avj nuqtasiga yetgandir. Boshqa bir tomondan, aynan jamoaviy bosh­qaruv fonida siyosiy rahbarning yetakchilik roli, haqiqatan ham, zaifroq namoyon boʻladi. 

Soʻnggi paytlarda bunday vaziyat Gʻarbda nafaqat koʻrib chiqilayotgan mavzuga, balki umuman falsafa faniga, jumladan, tarix nazariyasiga ham qiziqish pasayishiga olib kelmoqda. Bu esa, vaqt oʻtib, jamoaviy boshqaruvning baʼzan jamiyat taqdiriga jamoaviy masʼuliyatsizlikdek oʻta jiddiy yana bir muammosini yuzaga keltirishi mumkin. 

Biroq ijtimoiy-siyosiy rivoj­lanishning biroz oʻzgacha manzarasi mavjud dunyoning boshqa hududlarida shaxsning roliga qiziqish ancha yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiruvchi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekistonda ham siyosiy yetakchining roli inkor etib boʻlmaydigan hamda hal qiluvchi omil boʻlib, model tanlash va islohotlar surʼatiga oʻz taʼsirini oʻtkazayotir. 

Klassik falsafa qonunlari ham, zamonaviy siyosatshunoslik fani ham buyuk shaxslarning tarixda tutgan beqiyos rolini inkor etmaydi. Ayniqsa, Osiyo mamlakatlarida birinchi rahbar, uning shaxsiy mavqei va malakasi, shak-shubhasiz, u yetakchilik qilayotgan davlatning muvaffaqiyati yoki kamchiligini belgilab beradi.

Ochigʻi, oʻzbeklarga ham xos boʻlgan sharqona mentalitetni hisobga olsak, davlatning birinchi shaxslari haqida fikr yuritganda yoki yozganda, meʼyorni saqlash juda qiyin. Men xalqimizning maʼnaviy-axloqiy kodeksiga “andisha” tushunchasi bilan kirgan milliy oʻzligimizga xos nazokat, xushmuomalalik, ehtiyotkorlikni nazarda tutyapman. Nazarimda, bu milliy xarakterimizni bugungi global va oʻzgaruvchan dunyoga moslashtirish vaqti keldi. Ayniqsa, narsalarni oʻz nomi bilan atash talab etiladigan katta siyosiy va tarixiy ahamiyatga ega masalalar muhokama qilinayotganda zehniyatimizda mudom yashab kelayotgan “taysallash”ni yengib oʻtishimiz zarur boʻladi. 

Jumladan, mamlakat ichida hatto shaxsning tarixda tutgan oʻrni kabi masalani muhokama qilayotganda ham hanuz eskirgan yondashuvlar (“andisha”) paydo boʻlmoqda. Bu esa tariximizdagi qandaydir muhim voqeaning yoki taniqli siyosiy yetakchilarning rolini xolisona baholashni oshkora buzib talqin qilishdan, undan ham yomoni, oddiy xushomadgoʻylikdan ajratishga imkon bermaydi.

Umuman olganda, aksar postsovet jamiyatlari kabi bizda ham tarix fani uzoq yillar “qirmizi mafkurachilar” va ularning mahalliy gumashtalari diktati bilan “yoʻlga” solib kelindi. Qoʻldan yasalgan “xonaki tarix”ning mavjud fakt oʻlaroq, fanga, jamiyatga millat va milliy davlatchilik nufuzi hamda shaʼniga yetkazgan maʼnaviy zararini bugun biz koʻrib turibmiz. Ehtimol, shuning uchundir, bugun jamiyatda “haqiqiy va chin tariximiz”ni xalqqa koʻrsatish kerakligi haqidagi xitoblar baland­roq yangray boshladi. Ayni “chaqiriq” bugungi oʻtayotgan kunlarimizni ham bevosita ifodalay oladi. Zotan, biz Oʻzbekistonning yangi tarixi yaratilayotgan chorrahada turibmiz. 

Toʻgʻri, men avvallari ham Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyati haqida yozganman. Biroq bu gal uning qisqa vaqtda mamlakatimiz va mintaqada kechayotgan barcha jarayonlarga favqulodda taʼsir koʻrsata olgani hamda Markaziy Osiyo, qolaversa, global geosiyosatdagi rolining muhim tarixiy ahamiyati haqida gapirmoqchiman. 

Tarixiy-falsafiy nuqtai nazardan shaxsning roli

Shaxsning tarixdagi rolini tusmollash keng fanlararo tadqiqga oid ish. Negaki bu mavzu bir vaqtning oʻzida tarix, falsafa, sotsiologiya, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik va boshqa fanlar doirasida koʻrib chiqiladi.

Oʻtmish yoki hozirgi tarixiy burilishlarni oʻrganish, shuningdek, bu jarayonlarda qudratli shaxslarning rolini hisobga olsak, koʻpchilik “agar shunday boʻlsa-chi...” deya fikr­lashni yoqtiradi. Bahslashmayman, ayni mushohada tarzi oʻta qiziqarli jarayon. “Shaxsning tarixdagi roli” qadimdan koʻpchilikni, jumladan, katta ijtimoiy-siyosiy taʼlimotlarga asos solgan buyuk zotlarni ham qiziqtirgan, xayollarini “oʻgʻirlagan”. Shu havasmandlik “mevasi” ular hatto bir qator taʼlimotlarni ishlab chiqqanlar, turli tarixiy jarayonlarda qonuniylik va tasodifiylik kabi falsafiy kategoriyalar oʻrtasidagi munosabatlar haqida bahslashganlar. Bu yana aynan shaxsning roli masalasi bilan bogʻliq.

Chunonchi, XVII asrda yashab oʻtgan buyuk fransuz olimi va faylasufi Blez Paskal oʻzining “Fikrlar” (Blaise Pascal, “Pensées”, 1670) nomli asarida “Kleopatraning burni” haqidagi tarixiy paradoksni keltiradi: “Kleopatraning burni biroz qisqaroq boʻlganida edi, yer yuzi bosh­qacha boʻlardi”.

Majoziy maʼnoda aytganda, agar Misr malikasining burni aytaylik, sal qiyshiqroq boʻlganida, Rim sarkardasi Antoniy unga qiziqmagan, alaloqibat, Oktavianga qarshi jangda yutqazmagan boʻlardi. Yaʼni, agar Kleopatra kabi nufuzli shaxs boʻlmaganida, Mark Antoniy va Yuliy Sezar boshqa siyosiy qarorlar qabul qilishlari va shunda Rim imperiyasidagi buyuk fuqarolar urushi boshqacha yakunlanishi yoki umuman boshlanmasligi mumkin edi. Eng muhimi, Rim tarixi butunlay oʻzga oʻzanda rivojlanishi mumkin edi.

Bu tarixiy syujet oʻta istehzoli boʻlishi bilan birga, shaxsning moziydagi oʻrni borasidagi qarashlarga arzirli misol boʻla oladi. Oʻylaymanki, koʻhna oʻtmish gʻaladoni titkilansa, ayni mavzuda bundan boshqa ham koʻplab misollarni keltirish mumkin. 

Garchi ayni pallada baʼzilarning iqi suymasa-da, mulohazalarimni ilmiy bir obyekt sifatida Rossiya tarixidan misol bilan izohlamoqchiman. Pyotr I oʻz mamlakati taraqqiyotida ulkan burilish yasaganiga, uni feodal davlatdan qudratli imperiya­ga aylantirganiga urgʻu beradilar. Pyotr I ilgʻor gʻoyalar bilan yoʻgʻrilgan islohotlarni amalga oshirdi va mamlakat rivojiga toʻsiq boʻlayotgan eski anʼanalarni buzdi. Bu esa Rossiya uchun misli koʻrilmagan darajada yuksalish imkonini berdi hamda oʻsha paytdagi Gʻarbiy Yevropaning ilgʻor davlatlaridan qoloqlikni sezilarli darajada kamaytirdi. Agar Pyotrning oʻrnida gʻayrati sustroq bir hukmdor boʻlganida, shubhasiz, Rossiyadagi islohotlar davri uzoq vaqtga qoldirilishi va bugun butkul oʻzgacha qiyofadagi Rossiyani koʻrib turgan boʻlardik.

Va yana bir misol: Turkiya tarixida turk davlatchiligi hayot-mamoti hal boʻlayotgan pallada tarix maydoniga chiqqan Mustafo Kamol Otaturk­ning beqiyos oʻrnini bugun hech kim ham inkor eta olmaydi. 1919-yilning may oyida mamlakatni bosib olgan bosqinchi qoʻshinlarga qarshi safarbarlik eʼlon qilgan Mustafo Kamol turk xalqining mustaqillik harakatiga boshchilik qildi. Keyin zamonaviy turk davlati asoschisi sifatida Usmonli imperiyasi xarobalari uzra yangi respublika yaratdi. Shuning­dek, turk jamiyatining bir necha oʻn yillik­lar davomida taraqqiyot sari jadal harakatlanishini taʼminlagan yirik islohotlarni boshlab berdi. 

Koʻrib turganingizdek, bunday tarixiy voqealarni tushunish, muqarrar ravishda, maʼlum bir shaxs tarix yoʻnalishini qanchalik oʻzgartira olgani haqidagi munozaralarga sabab boʻladi. Jumladan, nemis mutafakkiri Gegel (1770–1831)ning fikricha, “jahonshumul tarixiy shaxslar ­aʼmoli umumbashariy ruhning mahrami boʻlishdir”. U inson oʻzicha tarixiy voqelikni yarata olmaydi, deb hisoblaydi va shu bois buyuk shaxsning ishi odamlarga dunyo taraqqiyo­ti uchun zarur boʻladigan navbatdagi qadamni tushunish va ochib berishdir, deydi. Ingliz faylasufi Tomas Karleyl esa, aksincha, shaxsning tarixdagi rolini mutlaqlashtirgan. U oʻzining “Qahramonlar, qahramonlarga sigʻinish va tarixdagi qahramonlik toʻgʻrisida” (1840) nomli asarida “dunyo tarixi buyuk shaxs­larning tarjimai holidir” deya taʼkidlagan.

Karleyl buyuk odamlarda qaysidir maʼnoda ilohiylikni koʻradi – Xudo ular faoliyatiga “oʻz xohish-irodasi”ni “joylaydi”. Karleyl­ning fikricha, dunyo taraqqiyoti qonuniyatlari faqat “tanlanganlar” yoki “qahramonlar”gagina ayon boʻladi, ular “tarixning yagona haqiqiy ijodkorlari”dir.

Marksizm asoschilari ham shaxs­ning tarixdagi oʻrni masalasini eʼtibordan chetda qoldirmagan. Xususan, K.Marks va F.Engels idealistik yondashuvlarni va shaxs rolini teologik asoslashni tanqid qilishgan hamda shaxsning tarixdagi rolini xaspoʻshlab, uning harakatlarini tashqi moddiy omillarga qatʼiy bogʻlab qoʻyishgan. Ularning fikricha, tarixiy qonunlar oʻzgarmasdir, yaʼni ular har qanday vaziyatda (erta yoki kech, oson yoki qiyin, koʻp yoki kamroq) amalga oshadi. 

Biroq XIX asr oxiriga kelib, faylasuflar tarixda shaxsning rolini baholashda oʻta qarama-qarshi yondashuvlardan uzoqlasha boshladilar. Masalan, rus-fransuz faylasufi Sharl Rappoport “Tarix falsafasi uning asosiy oqimlarida” (1899) asarida shaxsning tarixdagi oʻrni haqidagi yuqorida tilga olingan qarashlar bilan bir qatorda, shunday yechim ham borligini taʼkidlagan: “Shaxs – tarixiy taraqqiyotning ham sababi, ham mahsulidir”. 

Shaxsning tarixda tutgan oʻrni bilan bogʻliq zamonaviy qarashlar haqida gapirganda, amerikalik faylasuf Sidney Xuk va uning “Tarixdagi qahramon. Cheklovlar va imkoniyatlar tadqiqi” (Sidney Hook, “The Hero in History”, 1943) monografiyasini yodga olish kerak.

Sidney Xuk shaxsning tarixdagi rolini shubha ostiga qoʻymaydi. Qolaversa, u buyuk shaxslarni tarix rivojiga taʼsir darajasiga koʻra tartiblaydi. Chunonchi, ularni voqea­larga taʼsir koʻrsatadigan yetakchilar hamda faqat taʼsir qilibgina qolmay, tarixiy voqealarni oʻzi yaratadigan, voqealarni shaxsan oʻzi boshlab, jarayonlarni harakatga keltiradigan yetakchilarga ajratadi (misol uchun xuddi shu yoʻlni tanlagan Den Syaopinni olaylik).

Maqolaning ushbu qismini yakunlab, shuni taʼkidlamoqchimanki, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab kuzatilgan shaxsning roli muammosiga ilmiy qiziqishning susayishi shaxsning tarixdagi roli pasayganini anglatmaydi. 

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, dunyoning koʻplab davlatlari taqdiri, yaʼni rivojlanishidagi yuksalish va inqirozlar u yoki bu yetakchi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib qolmoqda. Binobarin, hozirgi Markaziy Osiyo­da, jumladan, Oʻzbekistonda sodir boʻlayotgan tarixiy voqealarni ham xuddi shu nuqtai nazardan baholash kerak. Bu esa shaxsning tarixiy jarayonlardagi oʻrni kabi masalani ilmiy tadqiq etish ahamiyatini belgilab beradi.

Shaxslarning Markaziy Osiyo tarixidagi oʻrni haqida

Tarixiy voqelik shuki, Markaziy Osiyo hatto qadimgi davrlarda ham Osiyoning yuragi sifatida alohida eʼtiborga molik hudud boʻlgan. U orqali, ayniqsa, jahon dengiz yoʻllari ochilgunga qadar Buyuk Ipak yoʻli va boshqa barcha xalqaro kommunikatsiyalar oʻtgan. 

Oʻsha paytlarda bu yerda butun insoniyat taraqqiyotining keyingi yoʻnalishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan oʻziga xos madaniy-tamadduniy markaz shakllangan. Ibn Sino va Al-Xorazmiy, Beruniy va Forobiy, Buxoriy va Termiziy, Zamaxshariy va Ulugʻbek kabi buyuk olimlar silsilasidan butun oʻrta asrlar dunyosi tibbiyot, matematika, astronomiya, hadisshunoslik va boshqa ilm-u fanlarni oʻrgangan.

Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, qadimda turli nomlar bilan atalgan zamonaviy Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi, madaniy va tarixiy merosi ming yillardan buyon shu tuproqda yashab kelayotgan xalqlarimizning umumboyligidir.

Ammo, adolat nuqtai nazaridan, oʻzbek xalqi hamisha Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining markazida boʻlganini, bu borada hech kim inkor eta olmaydigan alohida tarixiy roli va oʻrni borligini aslo unutmaslik kerak. Mintaqa aholisining deyarli yarmi istiqomat qiladigan Oʻzbekis­ton joʻgʻrofiy joylashuviga koʻra, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari oʻrtasida bogʻlovchi koʻprik vazifasini oʻtaydi. Bu maqomda oʻziga xos markazlashtiruvchi rolni bajarib, mintaqani siyosiy, iqtisodiy, madaniy va diniy-mafkuraviy jihatdan birlashtirgan oʻzbek xalqi zimmasiga butun Markaziy Osiyoning tarixiy rivojlanishida alohida masʼuliyat yuklanadi.

Tariximiz Markaziy Osiyo xalqlari va davlatlari rivojiga ulkan taʼsir koʻrsatgan buyuk shaxs­larga boy. Davlat arboblari orasida Amir Temur va temuriylar sulolasining Oʻrta Osiyo chegaralaridan oshib, Hindistongacha boʻlgan ulkan hududda buyuk imperiyalar barpo etgan tarixiy rolini alohida taʼkidlash mumkin. Amir Temurning beqiyos rolini aslo kamsitmagan holda, shuni taʼkidlamoqchimanki, oʻzbek xalqi va oʻzbek davlatchiligining kelib chiqishi tarixning chuqur qatlamlaridan boshlanadi. Ammo tarix fanimiz, siyosatshunosligimiz, pub­litsistikamiz, kinematografiyamiz va hatto badiiy adabiyotimizda ham qarluqlar, qoraxoniylar va somoniylar sulolalari hukmronligi davrida tarix maydonida yorqin iz qoldirgan bir qator buyuk shaxslarning faoliyati amalda ochilmagan va hamon yopiqligicha qolmoqda.

2016-yildan soʻnggina Oʻzbekis­tonning yangi Prezidenti ­Shavkat Mirziyoyev tarixiy voqealar va shaxs­larni yoritishdagi eskirgan aqidalarni buzishga muvaffaq boʻldi. Natijada Xiva xonligining bosh vaziri Said Islomxoʻjaning (1907–1913 yillar) ilgʻor rolini, shuningdek, anushteginlar sulolasidan boʻlgan soʻnggi xorazmshoh (1220–1231) Jaloliddin Manguberdining tarixiy ahamiyatini ochib beruvchi filmlar yaratildi. 

Shu oʻrinda oʻz davrida islom falsafiy tafakkuri va islom maʼrifati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Imom Abu Iso at-Termiziy va Imom al-Buxoriyning ijodi haqida suratga olingan filmlarni ham alohida taʼkidlash joiz. Lekin xalqimiz yana bir tarixiy shaxs – Oʻzbekxon ­faoliyati bilan yaqindan tanishishni sabrsizlik bilan kutmoqda. Bu, albatta, tarixchilarga ishora. Koʻpchilikning fikricha, Oʻzbekxon oʻzbek xalqi va oʻzbek davlatchiligining shakllanishida oʻziga xos iz qoldirgan. Toʻgʻrisi, shu nomni millat nomi sifatida qabul qilib, uning kelib chiqishiga qiziqmaslik yoki katta ehtimol bilan, bu tarixiy faktdan taysallash, uni yashirish nima uchun kerak boʻlganini men hozirgacha tushunmayman.

Bilishimcha, (albatta, men professional tarixchi emasman) Oʻzbekxon 1313-yilda Urganchdan kelib, Oltin Oʻrda taxtini egallagan va oʻsha davrda hozirgi Oʻzbekistonning bir qismi – Xorazm va Orolboʻyi hududlari Oltin Oʻrda tarkibiga kirgan. Uning islom dinini yoyishdagi betak­ror xizmatlarini ham inkor etib boʻlmaydi. Oʻzbekxon islomni oʻz imperiyasining, jumladan, Yevroosiyo­ning bepoyon kengliklarida istiqomat qilgan xalqlarning hukmron (dominant) diniga aylantirdi, islom sivilizatsiyasi maydonida birlashtirdi. 

Shuningdek, nafaqat Oʻzbekis­ton, balki butun Markaziy Osiyoning oʻtmish taqdirida muhim rol oʻynagan Muhammad Shayboniyxon va shayboniylar sulolasini ham alohida eslatib oʻtish lozim. Temuriylar saltanati tanazzulga yuz tutib, oxir-oqibat parchalangach, oʻlkamizni Eron hukmdori Ismoilshoh qoʻshinidan saqlab qolgan ham aynan shayboniylar boʻladi. Ehtimol, mard shayboniylar boʻlmaganida, Turkiston allaqachon Fors imperiyasining shimoli-sharqiy viloyatiga aylanarmidi?

Qolaversa, Buxoro va Qoʻqon xonliklarida hukmronlik qilgan tarixiy shaxslarning oʻrni va faoliyati tarix fanimiz va publitsistikamizda hamon yoritilmay kelmoqda. Bu haqda gapirar ekanman, mintaqa tarixi unda yashayotgan barcha xalqlar tarixi ekanini yana bir bor taʼkidlamoqchiman. Shu oddiy sabab tufayli 1920-yillarga qadar Markaziy Osiyoda davlatlarni milliy tamoyilga koʻra boʻlish odat tusiga kirmagan. Biz hammamiz turli nisbatlarda bu davlatlarning bir qismi boʻlganmiz va umumiy nom bilan “turkistonlik­lar” deb atalganmiz.

Falsafada jamiyat va insoniyat spiralsimon rivojlanadi, degan nazariya bor. Shu haqda mulohaza qilar ekanman, qolaversa, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadli va jadal xarakterini inobatga olib, kelgusi tarixda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo insoniyat tarixida yoʻqotgan mavqeini qaytarib oladigan, yana oʻz qadr-qimmatini tiklaydigan davrlar yaqinlashayotganiga aslo shubha qilmayman. 

Hozirgi bosqichning Markaziy Osiyodagi ahamiyati yoki Shavkat Mirziyoyev fenomenining taʼsiri haqida

Soʻnggi 150 yil davomida dastlab Rossiya, keyin Sovet imperiyasi tarkibida boʻlgan Markaziy Osiyoning beshta respublikasi faqat 1991-yilga kelib, oʻz davlat mustaqilligiga erishdi. Oʻshandan buyon 30 yildan ortiq vaqt oʻtdi va beixtiyor shunday savol tugʻiladi: Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil taraqqiyotining oʻttiz yillik tarixida qanday yutuqlarga erishdi? Bu savolga turlicha javob variantlari bor, albatta. Biroq tanlovning kengligiga qaramay, men baʼzilarni mintaqa davlatlariga nisbatan bir tomonlama fikr bildirmaslikka, oʻta talabchan boʻlmaslikka chaqiraman. Tabiiyki, buning sababi bor.

Sababki, bugun Markaziy Osiyo ulkan islohotlar va katta oʻzgarish­lar jarayonini boshdan kechirmoqda. Bundan tashqari, 2016 va 2019-yillarda prezidentlar almashgan Oʻzbekiston va Qozogʻistonda hokimiyat tepasiga siyo­siy va iqtisodiy modernizatsiyani boshlagan rahbarlarning ikkinchi avlodi keldi. Qirgʻizis­ton, Tojikiston va Turkmanistonning yaqin tarixida innovatsiya, oʻzgarish hamda modernizatsiyaga intilish turli darajada namoyon boʻldi. Bu ham Markaziy Osiyoning muhim ­xususiyati. 

Ana shunday bir sharoitda Shavkat Mirziyoyev 1990-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida Oʻzbekistonning yopiqlik va oʻzini oʻzi izolyatsiya qilish siyosati sababli qoʻshni davlatlar bilan aloqalar uzilib qolganini, ushbu xatti-harakatlar Markaziy Osiyo davlatlarining tarqoqlashishiga hamda mintaqadagi vaziyatning chigallashishiga olib kelganini toʻgʻri anglab yetdi. Shu bois 2016-yilda hokimiyat tepasiga kelgach, Markaziy Osiyo muammolarini hal etishni oʻz tashqi siyo­satining asosiy ustuvor yoʻnalishi deb ­eʼlon qildi. Bu muhim qadam tufayli qoʻshnilar bilan bogʻliq barcha eski muammolar, kelishmovchilik va qiyinchiliklarga chek qoʻyildi. Qoʻshnilarimiz Toshkentni oʻzining eng yaqin va ishonchli hamkori, deb bilmoqda. Bu mintaqada oʻzaro ishonchga, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka asoslangan yangi geosiyosiy vaziyatning vujudga kelishiga zamin yaratdi.

Mintaqaviy hamkorlikning madda boylagan barcha muammolarini ochiq muhokama qilish va bartaraf etish zarurligini chuqur his qilgan Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini muntazam ravishda oʻtkazib turish taklifi bilan chiqdi. Mintaqaning bosh­qa davlatlari, birinchi navbatda, Qozogʻis­ton Oʻzbekiston rahbari tashabbusini ancha faol qoʻllab-quvvatladi. Nazarimda, bugun mintaqadagi eng muhim ikki davlat sifatida Oʻzbekis­ton va Qozogʻiston tandemi tufayli Markaziy Osiyoda yangi integratsiya jarayonlari izchil rivoj­lanib bormoqda. 

Oʻzbekiston hamda Qozogʻistondagi islohotlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga bevosita taʼsir qilmasa-da, siyosat, iqtisodiyot va diplomatiyadagi salmogʻi tufayli bu ikki davlat butun mintaqa rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Umid qilamizki, mintaqadagi boshqa davlatlar ham bu jarayonga yanada salmoqli hissa qoʻshadilar. Jumladan, Turkmanis­ton bu masalaga ancha faol va oqilona yondasha boshladi.

Hozirgi bosqichda Shavkat ­Mirziyoyev Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya va mintaqaviy oʻziga xoslikni shakllantirish borasida ulkan ­saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Uning fikricha, mintaqa xalqlari nafaqat umumiy tarix, balki umumiy istiqbolga ega ekanini anglab yetishlari kerak. Aynan shu bois koʻplab siyosatshunoslar Markaziy Osiyo jahonda yagona mintaqa sifatida tan olinayotganini alohida taʼkidlashmoqda. 

Bunday maqom mintaqaning geosiyosiy mavqeini mustahkamlabgina qolmay, xalqaro maydonda mintaqa manfaatlarini himoya qilishda katta imkoniyatlar eshigini ham ochadi. Shu asosda “5+1” formati vujudga keldi. Unda Markaziy Osiyoning beshta davlati hamda bitta xorijiy hamkor (AQSh, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston yoki boshqa davlatlardan biri) ishtirok etadi. Eʼtiborlisi, bu format, oʻz navbatida, Markaziy Osiyoning kollektiv oʻziga xosligini shakllantirishga va mamlakatlar siyosiy elitasini birlashtirishga ham xizmat qilmoqda. Qolaversa, koʻplab xorijiy davlatlar uchun yagona Markaziy Osiyo bilan hamkorlik qilish qulayroqdir.

Endilikda Markaziy Osiyo davlatlari 2022-yil 21-iyulda Choʻlpon-­Ota shahrida (Qirgʻiziston) Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining toʻrtinchi maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha qabul qilingan Yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomada aniq ifodalanganidek, tahdidlarni bartaraf etish, oʻz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini saqlash uchun bir-birini qoʻllab-quvvatlash zarurligini yanada teranroq his etmoqdalar.

Maʼlumki, Osiyoning qoq markazida joylashgan mintaqamiz koʻp asrlar davomida muhim savdo yoʻllaridan chetda, global jarayonlarga qoʻshila olmay, dunyodagi ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy taraqqiyotdan tobora ortda qolib, har jihatdan qoloq mintaqaga aylanishga mahkum edi. 

Markaziy Osiyoni transport bilan bogʻliq boshi berk koʻchadan olib chiqish mintaqa miqyosidagi muhim vazifalardan biridir. Biroq yaqin-yaqingacha mintaqadagi biron-bir davlat bu boradagi ­saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish vazifasini oʻz zimmasiga olmagandi. Bu jarayon ham Markaziy Osiyoni Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq bozorlari bilan bogʻlovchi samarali transport-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish boʻyicha mintaqa davlatlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish taklifi bilan chiqqan Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, yechimini topdi. U kelgusida mintaqani nafaqat muhim transport-logistika markaziga aylantirish, balki Markaziy va Janubiy Osiyoning geoiqtisodiy landshaftini ham oʻzgartirib yuborishi mumkin boʻlgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Boshqa omillar qatori ularning amalga oshirilishi dunyoning mazkur hududida biznesni rivojlantirish hamda iqtisodiyotni tiklash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” yoʻnalishi boʻyicha 454 kilometr uzunlikdagi temiryoʻl liniyasi loyihasi ishga tushishi mahalliy iqtisodiyot rivojining oʻziga xos harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi. Bu yoʻnalishda Xitoy, Qirgʻizis­ton va Oʻzbekiston temir yoʻllarini, soʻngra Transkaspiy va Transkavkaz yoʻlaklari boʻylab Yevropa temir yoʻl tarmogʻi bilan bogʻlanish nazarda tutilgan.

Markaziy Osiyo – Fors koʻrfazi multimodal koridoridan, jumladan, 1996-yilda ishga tushirilgan “Tajan – Saraxs – Mashhad – Bandar-Abbos” temir yoʻl liniyasidan samarali foydalanish, shuningdek, ochiq ummonga chiqish imkoniyati boʻlgan Chobahor portiga yana bir yoʻnalishni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi hamkorlik har qachongidan ­mustahkamlanmoqda.

2022-yil dekabrida Izmir portiga chiqadigan 4500 kilometr uzunlikdagi “Oʻzbekiston – Turkmanis­ton – Eron – Turkiya” yangi temir yoʻl yoʻnalishi ishga tushirildi. Bu Oʻzbekiston mahsulotlarini eksport qilish uchun qoʻshimcha yoʻnalishga aylandi. Shuningdek, “Oʻzbekiston – Ozarboyjon – Turkiya muloqoti” formati doirasida Oʻzbekistonga Turkiyaning Mersin porti orqali Oʻrta Yer dengiziga chiqish imkonini beradigan “Navoiy – Turkmanboshi – Boku – Tbilisi – Kars” temiryoʻl koridorining muhim salohiyati qayd etildi.

“Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” yoʻnalishi boʻyi­cha uzunligi qariyb 600 kilometr boʻlgan temir yoʻl qurilishi bilan Transafgʻon transport yoʻlagini qurish ham istiqbolli loyihalardandir. U Markaziy Osiyoni eng qisqa yoʻl orqali Pokiston, Hindiston va Yaqin Sharq bilan bogʻlaydi. Loyiha Rossiya, Xitoy va AQSh tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Misollarda aniq koʻrib turganingizdek, bizning davrimizda ham birgina siyosiy yetakchi, yaʼni Shavkat Mirziyoyev ulkan hududdagi geoiqtisodiy landshaftni oʻzgartirishga qanday kuchli taʼsir koʻrsata olishi mumkinligiga guvoh boʻlib turibmiz.

Xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston rahbari siyosiy kursining oʻta ijobiy taʼsirini inobatga olib, uni “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” deya atay boshladilar. Va bu yangicha siyo­siy sifatlov “Yangi Oʻzbekiston” atamasi bilan bir qatorda, nafaqat mintaqa, balki xalqaro siyosat maydonlarida ham baralla yang­ray boshladi. Xususan, ayni atama siyosatchilarning Afgʻonistondagi voqealar atrofidagi munozaralarida ham keng qoʻllanila boshladi. Darhaqiqat, Oʻzbekiston Prezidentining uzoqni koʻzlagan siyosati Afgʻoniston haqidagi tasavvurlarni oʻzgartirib, uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik sifatidagi tarixiy rolini barchaga eslatdi. 

Eʼtiborlisi, Shavkat ­Mirziyoyevning yangi tashabbuslaridan taʼsirlangan Pokiston ham Transafgʻon transport yoʻlagi orqali mintaqamiz bilan hamkorlik istiqbollarini koʻrib, Markaziy Osiyo bilan faol aloqalarni yoʻlga qoʻya boshladi. 

Oʻzbekistondagi bugungi voqelik va uning rivojida Prezident taʼsiri

Oʻz kuzatishlarim va hisob-kitoblarimga asoslanib, Oʻzbekiston mustaqil taraqqiyotining bu qisqa davrini uch bosqichga boʻlishni istardim: 1991–2000 yillar; 2000–2016 yillar; 2016–2030 yillar. 

Birinchi bosqich 1991–2000 yillarni qamrab oladi

SSSR parchalanib ketgach, Oʻzbekis­ton va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga davom etayotgan geosiyosiy voqelikni anglab yetishlari uchun maʼlum vaqt kerak boʻldi. Suverenitet va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha kechiktirib boʻlmas choralar koʻrish zarur edi. Birinchi navbatda, chegaralarni belgilash; yangi valyutani joriy etish; davlat boshqaruvining butun tizimini qayta tashkil qilish; oʻz armiyasi va kuch ishlatar tuzilmalarini yaratish; iqtisodiy rivojlanishning yangi modelini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish; giperinflyatsiyani va SSSR rejali iqtisodiyoti inqirozining boshqa salbiy oqibatlarini bartaraf qilish (chunki yagona Sovet iqtisodiyotining ishlab chiqarish tarmoqlari oʻrtasidagi barcha zanjirlari uzilgan edi) kabi muhim masalalar bilan shugʻullanish kerak edi. 

Shu bois ortga qarab, shuni aytishim mumkinki, jamiyatda jadal islohotlarga boʻlgan talab yuqori ekaniga qaramay, Singapur yoki Janubiy Koreya kabi keskin oʻsishni tayyorgarliksiz olib borish va amalga oshirishning aslo iloji yoʻq edi. Buning uchun “Osiyo yoʻlbarslari” va Markaziy Osiyoning sobiq shoʻro respublikalari butunlay oʻzgacha ekanini anglab yetish kerak. Menimcha, 1990-yillar boshlarida bozor iqtisodiyotiga oʻtishning oʻziga xos modelini ishlab chiqqan Oʻzbekiston oʻz mustaqil yoʻlini ancha yaxshi boshlagandek edi. Koʻzga koʻrinib turgan omillarga koʻra, mamlakatimizning jadal rivojlanish imkoniyatlari Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmanis­ton, jumladan, fuqarolar urushi alanga olgan Tojikistondan ancha yaxshiroq edi. Shu bois Oʻzbekiston mustaqil taraqqiyotining dastlabki oʻn yilini mintaqadagi eng yaxshi natija bilan yakunladi.

Esimda, oʻshanda bizga nafaqat qoʻshni davlatlar havas bilan qarashgan, balki Rossiya rahbarlari ham taraqqiyotning oʻtish bosqichida Oʻzbekiston muvaffaqiyatini misol qilib koʻrsatishgan edi.

Ikkinchi bosqichga 2000-2016 yillar kiradi

Mutaxassislar Oʻzbekiston taraqqiyotidagi bu davrni siyosiy va iqtisodiy turgʻunlik davri sifatida tavsiflaydi. Nima uchun shunday boʻldi? Axir avvalgi bosqichda belgilab olingan taraqqiyot yoʻli yaxshiroq natijalarga umid qilishga asos berar edi-ku? Nazarimda, bu juda ogʻir va oʻta ogʻriqli savol, unga bitta maqola doirasida javob berish mushkul. 

Umuman olganda, fikrimcha, bu savolga biryoqlama javob berishning ham imkoni yoʻq. Chunki hayotda, keng maʼnoda va mavzu doirasida aytadigan boʻlsak, butun boshli mamlakat hayoti yo tarixida hech narsa oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi. Har narsaning obyektiv va subyektiv sabab­lari va shart-sharoitlari boʻladi.

2000-yillar boshida koʻpchilik xalqimizning bagʻoyat mehnatsevarligi va oʻziga xos tadbirkorlik qobiliyatini hisobga olib, Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotida mintaqadagi qoʻshnilarini ancha ortda qoldirib, jadal surʼatlar bilan olgʻa borishini kutgan edi. Lekin butun dunyo buning aksiga guvoh boʻldi. Yaʼni Oʻzbekistonda jadal oʻsishni taʼminlashga qaratilgan tizimli tub islohotlar toʻxtab qoldi. Bilʼaks, mamlakat faqat biroz oldin – 90-yillarda erishilgan iqtisodiyotning nisbiy barqarorligini saqlab qolishga jiddu-jahd qildi.

Eng achinarlisi, mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini butunlay barbod etgan bir qator nomaqbul qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Oʻzbekiston 2003-yil oktabrida XVF Nizomining VIII moddasi boʻyicha hech qanday cheklovlarsiz joriy xalqaro operatsiyalar uchun valyuta konvertatsiyasini amalda qoʻllash boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmadi. Mamlakat asta-sekin tashqi dunyoga yopildi, oʻzini izolyatsiya qilish siyosatini olib bordi, qattiq chegara va savdo cheklovlarini kiritdi. Buning fonida dastlab Oʻzbekistonga katta ishtiyoq bilan kelgan xorijiy investorlar oʻz bizneslarini qoʻshni davlatlarga koʻchira boshladilar. Esimda, 2000-yillar oʻrtalarida yuqori martabali qozogʻistonlik qadrdonlarimdan biri Oʻzbekis­ton oʻz islohotlarini sekinlatib, Qozogʻistonga koʻmaklashgani, unga islohotlarni jadallashtirib, mintaqadagi eng qudratli iqtisodiyotga aylanishi uchun imkon bergani uchun “minnatdorlik” bildirgan edi.

Nachora, fakt faktligicha qoladi: bunday sharoitda oʻzbekistonliklar Xitoy, Malayziya va hatto qoʻshni Qozogʻistondagi muvaffaqiyatlarni faqat tomosha qilishlari va olqishlashlari mumkin edi. Bugun koʻpchilik siyosatchi va iqtisodchilarning “Oʻzbekiston 2000-yillarda islohotlar jarayonini toʻxtatish bilan oʻta muhim qisqa davrni qoʻldan boy berdi” degan tahliliy qarorlarini tasdiqlashdan oʻzga imkon topolmayman.

Soʻzlarim asossiz boʻlmasligi uchun chet el tadqiqotidan bir dalil keltiraman. 2004-yil 11-martda qarorgohi Bryusselda joylashgan Xalqaro Inqiroz Guruhi (International Crisis Group) “Oʻzbekistondagi islohotlar omadsizligi: xalqaro hamjamiyat uchun keyingi qadamlar” nomli tahliliy hisobotini eʼlon qildi. Unda “XVF maʼlumotlariga koʻra, 2003-yilda mamlakat iqtisodiyoti atigi 0,3 foizga oʻsgan, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot esa 1998-yildan buyon har yili pasayib, 2003-yilda atigi 350 dollarni tashkil etgani qayd etilgan. Chet el sarmoyasi kam, mamlakat xomashyo, asosan oltin va paxta eksporti evaziga kun kechirmoqda” deyilgan edi.

Hujjatda, shuningdek, Oʻzbekis­ton ogʻir iqtisodiy turgʻunlikni boshidan kechirishda davom etayotgani, ishsizlik koʻpayayotgani va turmush darajasi pasayayotgani, aholining 80 foizi qashshoqlikda yashayotgani taʼkidlangandi. Xullas, xorijlik ekspertlar Oʻzbekiston oʻzi uchun muhim boʻlgan islohotlardan juda ortda qolayotgani haqida oʻsha kezlardayoq bong ura boshlashgan. Shuningdek, ular “Iqtisodiy inqirozdan chiqishning yagona yoʻli uzoq muddatli tarkibiy islohotlarni amalga oshirishdir”, deya taʼkidlashgan.

Oʻsha kezlarda Oʻzbekistonda bunday tavsiyalarga quloq soladiganlarni topish amrimahol edi, albatta. Vaholanki, oʻz qobigʻiga oʻralib olish, mamlakatni har qanday “taʼsirlar”dan himoyalash yoki hatto bu haqda oʻylash ham bugungi globallashuv davrida bemaʼnilikdir.

Toʻgʻrisini aytsam, bugun men atigi 7 yil avval ham mavjud boʻlgan oʻsha ogʻir vaziyatni eslashni istamayman: yopiq jamiyatdagi baxtsiz insonlarning maʼyus qiyofasi, mamlakatning tashqi dunyodan uzilib qolishi, qoʻshni davlatlar bilan taranglashgan va qatʼiy viza rejimi, savdo toʻsiqlari va qoʻshni davlatlar bilan chegaralardagi minalar tufayli tinch aholining halok boʻlishi, narigi tomondagi qarindoshlarini koʻrish uchun oddiy imkoniyat ham yaratilmagani... Qay birini aytasiz? 

Mamlakat ichida esa iqtisodiy turgʻunlik, total senzura, huquq-tartibot idoralari hukmronligi, diniy sohadagi qatʼiy taqiqlar, tadbirkorlarga zugʻum, konvertatsiya yoʻqligi, butun jamiyatning ogʻziga qopqoq urishga boʻlgan Don Kixotcha harakatlar va hokazolar... Bularning barchasi yoʻl qoʻyilgan boshqa xatolar qatorida Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy obroʻsiga jiddiy putur yetkazdi. 

Menimcha, boshqa hech bir jihat devorlar va toʻsiqlar barpo qilishchalik oʻsha davr tabiati-xarakterini aniq ochib berolmasa kerak. Nafaqat markaziy davlat organlari va hududiy maʼmuriy idoralar, huquq-tartibot idoralari, balki xalq bilan, xalq orasida ishlashi kerak boʻlgan mahalliy organlar ham binolarini xalqdan ajratib, temir panjaralar bilan oʻrab oldi. Hatto Toshkentning markaziy koʻchalari ham temir-beton panjaralar bilan toʻsib qoʻyildi. Shuningdek, tumanlar va viloyatlar oʻrtasidagi chegaralarda koʻplab nazorat ­punktlari, yoʻl harakati xavfsizligi ­postlari va boshqa xizmatlar barpo etildi. Buni haqli maʼnoda, davlatning jamiyatdan shubhalanishi, uni oʻziga nisbatan xavf oʻrnida koʻrishi, deya baholash mumkin edi. 

Tasavvur qila olasizmi, surxondaryolik yoki samarqandlik oddiy choʻpon yo dehqon Toshkentga kirguncha qancha tekshiruvlardan oʻtishi kerak edi?! Bularning barchasini tasvirlashga soʻz ojiz. Buni – oʻz xalqini tahqirlashdan boshqa yana nima, deb atash mumkin?!

Shuni aytmoqchimanki, siyosatdan nafaqat norozi boʻlganlar, hatto ikkilanganlar ham unchalik xushlanmasdi. Ularni taʼqib qilishar (qora roʻyxatlar shu kayfiyat mevasi boʻlsa kerak) yoki tizimdan siqib chiqarishardi. Qanchadan-qancha gʻayratli, isteʼdodli, intellektual salohiyati yuqori insonlar hukmron tuzumning bir chekkasida qolib, hatto oʻz yurti taraqqiyotiga xizmat qilish imkoniyatidan ham mahrum boʻlgan edilar. 

Klassik siyosiy iqtisodda bazis va ustqurma kabi kategoriyalarning oʻzaro munosabati va taʼsiri toʻgʻrisidagi taʼlimot mavjud. Unga koʻra, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayonida mamlakatlar bir vaqtning oʻzida oʻz siyosiy tizimini oʻzgartirib, uni demokratlashtirishi va xalq oldidagi hisobdorligini oshirishlari shart. Jamiyat bilan konstruktiv muloqotgina siyosiy yetakchiga kelajakdagi rivoj­lanish yoʻnalishlarini toʻgʻri belgilash imkonini beradi. Qolaversa, bunda yetakchining innovatsion gʻoyalarini oʻzlashtirgan ommaning oʻzi islohotchiga aylanadi. Bugun oʻtmishga qarab, shuni taʼkidlash kerakki, oʻsha davrda Oʻzbekistonda bularning hech biri amalga oshmagan edi.

Shaxsan oʻzim oʻzbek mualliflarining oʻsha davrdagi mamlakatimiz taraqqiyotini atroflicha tahlil qilgan biron-bir materialini uchratmadim. Biroq, menga yana shu narsa ham ayonki, ilgari bunday formatda davlat va jamiyatda kechayotgan jarayonlarni tahlilga tortishning imkoni ham yoʻq edi... 

Uchinchi bosqich 2016-yildan 2030-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi

2016-yildan buyon oʻtgan qisqa davr Oʻzbekiston uchun koʻplab tarixiy voqealarga boy boʻldi. Yetti yil ichida mamlakatda oldingi chorak asrdagiga qaraganda koʻproq ishlar qilindi desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Baʼzan menga shunday ­tuyuladiki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda roʻy bergan oʻzgarishlar bizni shu qadar esankiratib qoʻydiki, xalqimiz biz boshdan kechirayotgan davr mohiyatini, burilish nuqtasini anglab yetishga ulgurmay qolyapti! 

Ingliz publitsisti va diplomati Genri Bolingbrok (1678–1751) “Tarix bizni misollar orqali oʻrgatuvchi falsafadir”, deya taʼkidlagan. Ushbu hikmatni yaxshiroq ­anglash uchun, keling, 2016-yil arafasida sayyoramizni tark etgan oddiy Oʻzbekiston fuqarosi shu kunlarda bu yerga qaytganini tasavvur qilib koʻraylik. 

Nazarimda, u qisqa vaqt ichida mamlakat siyosiy va iqtisodiy ­hayotida roʻy bergan ulkan oʻzgarish­larni koʻrib, hayratda qolishi aniq.

Yangi Prezident xalqning hokimiyatga boʻlgan ishonchini tiklash masalasini oʻzining eng asosiy vazifalaridan biri etib belgiladi. Chunki rivojlanmagan jamiyat bilan kuchli davlat qurib boʻlmaydi. Xalqning ishtirokisiz amalga oshirilgan har qanday islohot halokatga mahkum. Odamlarning dunyoqarashini oʻzgartirmay turib, jamiyatni yangilab boʻlmasligi ham kundek ravshan. 

Nazarimda, Shavkat ­Miromonovichning fikr va soʻz erkinligiga yoʻl ochib, bu ishni pastdan, oddiy xalq orasidan bosh­lashga qaror qilganining asosiy sababi ham aynan shu edi. Bundan tashqari, Prezident davlat va xalq oʻrtasidagi deyarli yoʻqolgan aloqani tiklash maqsadida mansabdor shaxslarni kabinetlarini tark etib, xalq oldiga borishga majbur qilgan Xalq qabulxonalari tizimini oʻrnatdi. Shuningdek, oʻsha mashʼum metall toʻsiqlar va temir-beton devorlarni zudlik bilan olib tashlash, viloyat va tumanlar oʻrtasidagi koʻplab nazorat-oʻtkazish punktlarini tugatish boʻyicha koʻrsatmalar berib, avvalgi davrning siyosiy “qadriyat”ga aylangan atributlarini parchaladi. Bunda oʻziga xos ramziy maʼno bor. 

Shavkat Mirziyoyev ilk qadamlaridanoq oʻz siyosatining ochiqligi va xalqchilligini namoyon etib, eng avvalo, mamlakat ichidagi repressiv tuzumni tugatdi.

Davlat rahbarining oʻta mushkul, bir paytlar hatto hayot-mamot tamoyili darajasiga koʻtarilgan yuz yillardan buyon davom etib kelayotgan muammolarni ham tez va oson hal etganiga koʻp bor guvoh boʻlib, hayratda qolganman. Men shu oʻrinda paxta yakkahokimligi tugatilganini, qishloq xoʻjaligi sohasidagi paxta qulligi va bolalarning majburiy mehnatiga barham berilganini nazarda tutyapman.

Qolaversa, toʻqimachilik sanoatining jadal rivojlanishi tufayli Oʻzbekiston 7 yildan soʻng paxta xomashyosini eksport qiluvchi davlatdan tom maʼnodagi paxtani import qiluvchi davlatga aylanadi, deb kim ham oʻylabdi? Koʻrinib turibdiki, bunday taʼsirchan oʻzgarish­lar yangi rahbarning mamlakatni yangilashdagi beqiyos rolidan darak beradi.

Bundan tashqari, Shavkat ­Mirziyoyev valyutaning erkin konvertatsiyasini yoʻlga qoʻyib, darhol pul-kredit va soliq-budjet siyosatini liberallashtirishga erishdi. Tashqi savdo va bojxona tariflari rejimi ham yumshatildi. Bugun ishbilarmonlar faolligining tez surʼatlarda ortib borayotgani, sarmoyadorlarning mamlakatimizga qaytayotgani bu qarorlar naqadar toʻgʻri ekanini koʻrsatmoqda.

Faktlarni izohlashga hojat yoʻq. HSBC global banki (Jahon 2050-yil hisoboti) maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston yaqin oʻn yilliklarda dunyo­ning iqtisodiyoti eng tez rivoj­lanayotgan davlatlaridan biri deb topildi. “Ochiq eshiklar” ­siyosati mamlakatga 2019-yildan boshlab ­dunyoning eng tez rivojlanayotgan va jozibador sayyohlik yoʻnalishlari beshligidan mustahkam oʻrin olish imkonini berdi. 

Hozirda Oʻzbekiston dunyoning qoloq mamlakatlari toifasidan (ilgari aholi jon boshiga YaIM darajasi 350–400 dollarni tashkil etgan) oʻrtacha daromadli mamlakatlar (hozir 2250 dollar) qatoriga oʻtishga muvaffaq boʻldi. Endigi maqsad 2030-yilda oʻrtachadan yuqori daromadli mamlakatlar darajasiga erishishdir. 

Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning boshidayoq 2025-yilga borib, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini ikki barobarga oshirish, uning hajmini 58 milliard dollardan 100 milliard dollarga yetkazish (bu koʻrsatkich hozirning oʻzidayoq 82 milliard dollarlik dovondan oshdi), toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning yillik hajmini 10 milliard dollarga (bu koʻrsatkichga erishildi), eksport hajmini esa 30 milliard dollarga yetkazish (oʻtgan yilgi eksport hajmi 25 mlrd. dollarga yetdi) vazifasini qoʻydi.

Oʻzbekiston iqtisodiyotini isloh qilish borasidagi muvaffaqiyatlar 2021-yil aprel oyida Oʻzbekistonni Yevropa Ittifoqiga 6200 turdagi tovarlarni bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ imtiyozlar tizimiga qoʻshgan Yevropa Ittifoqida ham qayd etildi. Natijada birgina 2023-yil boshidan buyon YeI bilan savdo hajmi 70 foizga oshdi. 

Shu tariqa yetti yil ichida Oʻzbekis­ton yoʻqotgan mavqeini tiklab oldi, mintaqada asosiy figuraga aylandi. Yaqin kelajakdagi vazifa – Oʻzbekistonni Markaziy ­Osiyoning moliyaviy markazi va samarali biznes xabiga aylantirishdan iborat. Bularning barchasi ­Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy strategiyasi samarasidir. 

Oʻzbekistoning rivojlangan mamlakatlar safiga oʻtishi uchun mustahkam poydevor aynan bugun yaratilmoqda. Prezident 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki baravarga oshirib, 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini 4 ming dollarga, umumiy eksport hajmini ikki barobarga oshirib, 45 milliard dollarga yetkazish, 250 milliard dollarlik sarmoya jalb etish vazifasini qoʻydi. 

Oʻzbekiston 2030-yildan rivoj­lanishning toʻrtinchi bosqichiga qadam qoʻyishi mumkin. Biroq, shubhasiz, 2030-yildan keyin amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan islohotlar oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻladi. Avvalgi va hozirgi bosqichlarda iqtisodiy oʻsishni tabiiy resurslardan foydalanish, investitsiyalarni jalb qilish va mehnat resurslarini oqilona taqsimlash hisobiga taʼminlash mumkin edi. Mamlakatning keyingi taraqqiyoti uchun texnologik jihatdan yuksalish suv va havodek zarur. Masalan, bugungi davr yetakchi mamlakatlarning “toʻrtinchi sanoat inqilobi”, shuningdek, “aqlli yoki innovatsion iqtisodiyot”ga oʻtishi bilan tavsiflanyapti. Xususan, axborot texnologiyalaridan (IT) maʼlumotlar texnologiyasiga (Data technology, DT) bosqichma-bosqich oʻtish kuzatilmoqda.

Biroq texnologik jihatdan yuksalish, birinchi navbatda, taraqqiyotning yuqori texnologiyali darajasiga oʻtishning zarur sharti oʻlaroq, inson kapitali sifatini oshirishni talab qiladi. Aks holda, mamlakat yana 20–30 yil davomida oʻrtacha rivojlanish darajasida qolib ketishi mumkin. 

Shu bois Shavkat Mirziyoyev mamlakatda inson kapitalini oshirishga xizmat qiladigan sohalarda keng koʻlamli islohotlarni boshlagani bejiz emas. Xususan, Prezident 2020-yilning sentabr oyida Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan maʼruzasida mamlakatimiz oldiga “Uchinchi Renessans davri poydevorini yaratish va uni milliy gʻoya sifatida koʻrishni strategik vazifa” etib belgiladi (maʼlumki, Markaziy Osiyoda musulmon renessansi deb ham ataladigan Birinchi Renessans davri IX–XII asrlarda boʻlib oʻtgan, Ikkinchi Renessans davri esa temuriylar saltanatida sanʼat va fanning gullab-yashnagan davrida boshlanib, XIV-XVI asrlarda kuzatilgan).

Maqolaning ushbu qismini shunday xulosa bilan yakunlamoqchiman: Uchinchi Renessans davri boʻsagʻasida turgan Oʻzbekiston yana Markaziy Osiyoda mintaqaviy taraqqiyot markaziga aylanishi zarur. Buning uchun maktabgacha taʼlim, maktab, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimini eng yuqori sifat darajasiga koʻtarish, yangi Renessans davri shakllanishida ilmiy muassasalarni “oʻzaro bogʻliq boʻlgan toʻrtta boʻgʻin”ga aylantirish maqsadida ularni modernizatsiya qilish kerak, degan fikrni ilgari surdi davlatimiz rahbari. 

Soʻngsoʻz oʻrnida

Maqolaning yakuniy qismini men beixtiyor Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatidagi ilk uchrashuvlaridan birida Oʻzbekiston qanday ayanchli ahvolga tushib qolganini taʼkidlab, real statis­tik maʼlumotlarni keltirgani haqidagi xotiralardan boshlamoqchi edim. Davlatimiz rahbari mamlakat taraqqiyotining istiqbollari haqidagi qarashlarini bayon etar ekan, avval toʻxtatilgan barcha tizimli islohotlarni zudlik bilan amalga oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar qilishga daʼvat etdi. Yangi Prezident koʻzlari yonib, bizni “Oʻzbekiston iqtisodiy qoloqlik zonasidan chiqib ketishiga umid qilishning yagona yoʻli” shu ekaniga ishontirdi. Aks holda, Oʻzbekiston yanada rivojlangan davlatlar uchun qashshoq va qoloq xomashyo bazasi mavqeiga chidab yashashga majbur boʻlishi haqida ogohlantirdi. 

Toʻgʻrisini aytsam, Oʻzbekistonning yangi Prezidentini diqqat bilan tinglar ekanman, oʻsha kezlar vaziyat mamlakat uchun qanchalik jiddiy va halokatli ekanini yaxshi anglamagandim. Oradan 7 yil oʻtdi. Uning bashoratlari, ­fikr-mulohazalari qanchalik toʻgʻri ekanini tarix koʻrsatib berdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakat iqtisodiy boʻhrondan uzoqlashdi. 

Bundan 7 yil avval Oʻzbekiston barcha qoʻshnilari bilan amalda eʼlon qilinmagan savdo-iqtisodiy, chegaraviy, bojxona va axborot urushi holatida boʻlganini ham unutmaylik. Agar Prezidentning mintaqadagi vaziyatni sogʻlomlashtirish va yaxshilash borasidagi faol harakatlari boʻlmaganida, mintaqada qanday mojarolar avj olishi mumkinligini hatto tasavvur ham qilib boʻlmas edi. Shu nuqtai nazardan, ishonch bilan ayta olamanki, oʻtgan vaqt mobaynida nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning kelajak taqdiri uzil-kesil hal boʻldi. Oʻzbekiston rahbarining tarixiy oʻrni aynan shu masalada amaliy ifodasini topdi. Qolaversa, hozir ­xalqaro siyosatda bu jarayon “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” sifatida ham tan olindi. 

Ha, 2016-yilda Oʻzbekistonning yangi rahbari va uning jamoasi rivojlanishning zarur ustuvor yoʻnalishlarini toʻgʻri belgilab, samarali start olishga muvaffaq boʻldi. Biroq hozirda Oʻzbekistonning oʻz maqsadlaridan adashib ketmasligi nihoyatda muhim masaladir.

Ishoning, bunday xavf doimo mavjud boʻlgan va boʻladi. Ayniqsa, bu masala dunyoda yangi qutblanish vujudga kelayotgan, bozorlar, resurslar uchun kurash kuchaygan, kuchli davlatlarning zaif mamlakatlar ustidan hukmronlik qilish istagi paydo boʻlgan, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi harbiy harakatlarga oʻxshash oʻta shafqatsiz, yaʼni harbiy qarama-qarshilik yoqasidagi manfaatlar himoyasi namoyon boʻlayotgan bir pallada juda dolzarbdir. 

Shu bois 9-iyul kuni boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari Prezident saylovida Oʻzbekiston xalqi oʻzi boshlagan islohotlarni oxiriga yetkazish uchun Shavkat Mirziyoyevga yana bir bor ishonch bildirgani bejiz emas.

Xulosa oʻrnida taʼkidlamoqchimanki, Oʻzbekiston oʻz uyimiz, barchamizning Vatanimiz. Undan oʻzga Vatan yoʻq! Demak, Shavkat ­Mirziyoyev taklif qilganidek, Yangi Oʻzbekistonimizni hammamiz birgalikda qurishimiz kerak!

Bu maqsadni amalga oshirish uchun aholi farovonligini taʼminlash, kambagʻallikni bartaraf etish, maʼmuriy va texnik qoloqlikdan qutulish, shuningdek, siyosiy tizimimizni yanada shaffoflashtirishga va demokratlashtirishga intilishimiz zarur. Darvoqe, Konstitutsiyaning yaqinda qabul qilingan yangi tahriri ham ana shu muammoni hal etishga qaratilgan.

Menimcha, jamiyat ijtimoiy-siyosiy jihatdan loqayd boʻlmasdan, yangi islohotlarga nisbatan oʻz pozitsiyasini aniq belgilab olsagina, bu muammolarni samarali hal etish mumkin. Zero, falsafa klassiklari taʼkidlaganidek, “gʻoyalar keng omma tomonidan oʻzlashtirilsagina, amalga oshadi”.

Bu – butun xalq davlatimiz rahbari atrofida jipslashishi va birlashtirishi zarurligini anglatadi. Shundagina umumiy saʼy-harakatlar bilan iqtisodiy yuksalish va ijtimoiy taraqqiyotni birgalikda taʼminlay olamiz.

Bugun Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonni taraqqiyot yoʻlidan dadil olib bormoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarni umumiy farovonlik yoʻlida birlashtirishga harakat qilmoqda. Zero, u mintaqa barcha xalqlarning umumiy uyi ekanini chuqur anglaydi. Markaziy Osiyo kelajagi va yuksalishi uchun hamjihatlik zarur.

Endi oʻzingiz ayting, buyuk jadidchi bobolarimiz bundan 100 yil avval orzu qilgan niyatlari aynan shu emasmidi, shu emasmidiki, millatparvar va vatanparvar oydinlarimizni siyosiy sahnaga olib chiqqan ulug‘ GʻOYA?! 

Bugun oʻsha muborak orzu yana kun tartibiga chiqarildi. Muhimi, endilikda bu oʻlkaning uni amalga oshirishga jasorati yetadigan, buni jon-jonidan istaydigan, kerak boʻlsa, borligʻini tikadigan yovqur oʻgʻlonlari bor. 

Biz uni koʻrib turibmiz!

Qudratilla RAFIQOV,

siyosatshunos