Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan Jarqoʻton yodgorligida navbatdagi arxeologik tadqiqotlar boshlandi.
Joriy yilning sentyabr oyida boshlangan qazishmalar bronza davri aholisining turmush tarzi, qurilish va dafn anʼanalarini oʻrganishga qaratilgan.

Dastlabki qazishmalar Jarqoʻton yodgorligining 4-sonli tepaligida, ibodatxonaning shimoliy qismida hamda 3-sonli qabristonning gʻarbiy hududida olib borilmoqda.
Xabarga koʻra, 4-sonli tepalikda qadimgi turar joy xonalarining devor qoldiqlari, xom gʻishtdan qurilgan inshootlar va diametri 70 santimetr boʻlgan otashgoh aniqlangan.
“Ushbu topilmalar qadimgi qurilish anʼanalari va turar joylarning tuzilishini oʻrganish uchun muhim maʼlumotlar beradi. Xona ichida otashgohning topilishi Jarqoʻton bosqichida ayrim oilalarning turar joylarida sigʻinish marosimlari uchun alohida xonalar boʻlgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, 3-sonli qabristonning gʻarbiy qismidagi qabrlardan birida toʻrtta butun sopol idish topilgan. Ularning shakli va tayyorlash xususiyatlarini oʻrganish qabrning davrini aniqlash hamda aholining dafn anʼanalariga oid maʼlumotlarni toʻldirishga xizmat qiladi.

Yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida oʻtkazilgan shurflash ishlari davomida esa yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqoʻton bosqichiga oid xoʻjalik oʻrasi va aylana shaklidagi ikkita kul oʻrasi qayd etilgan. Bu topilmalar tadqiq etilgan mazkur maydon ham yodgorlikning tarkibiy qismi boʻlganligidan dalolat beradi.
“Tadqiqotlarning dastlabki natijalari Jarqoʻtonning hududiy tuzilishi, qadimgi aholining turmush tarzi, eʼtiqodiy qarashlari va dafn marosimlarini yanada chuqurroq oʻrganish imkonini bermoqda. Aniqlangan topilmalarni qiyosiy tahlil qilish va qazishma ishlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.