Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasining fatvo markazi bosh mutaxassisi Muhammad Ayyubxon Homidov javob berdi.

– Hozirgi kunda shilliqqurt bilan davolash usullari rivojlanmoqda. Ushbu muolaja nojoʻya taʼsiri yoʻqligi, asoratsizligi, oddiyligi, tabiiyligi bilan ajralib turadi. Ayting-chi, dinimizda shilliqqurt bilan davolanish mumkinmi? Hozir gʻarb davlatlarida shilliqqurtdan kapsulali dori ham ishlab chiqarilgan. Uni ichish mumkinmi?

– Shilliqqurt – quruqlikda yashaydigan qorinoyoqli oʻpkali hasharotlar turiga mansub boʻlib, fanda uning mingga yaqin turi maʼlum. Tanasi chuvalchang yoki silindr shaklida boʻladi (Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi).

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, shilliqqurt muolajasi ikki xil boʻladi:

shilliqqurtdan tayyorlangan kapsulali dorini isteʼmol qilish orqali davolanish;

shilliqqurtdan zuluk kabi soʻlagi bilan davolanish yoxud shilliqqurt ekstraktli kremni teriga surtish.

Ushbu ikki turdagi muolajalarning sharʼiy hukmi bir-biridan farq qiladi.

1. Shilliqqurtdan tayyorlangan kapsulali dorini isteʼmol qilish shariatimizga koʻra joiz emas. Chunki shilliqqurt hashoratlardan sanaladi. Hashoratlarning isteʼmoli hanafiy, shofeʼiy va hanbaliy mazhablariga koʻra haromdir. Bu haqida hanafiy mazhabimizning ulamolaridan Alloma ibn Nujaym rahimahulloh bunday degan:

«Kaltakesak, ari, toshbaqa va barcha hasharotlar nopok narsalardan sanalgani sababli ularni isteʼmol qilish haromdir. Alloh taolo: «U (paygʻambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...» (Aʼrof surasining 157-oyatidan) degan» («al-Bahrur-roiq»,17-juzning 116-beti).

Shariatimizga koʻra, umumiy holatda harom narsalardan davolanish man qilingan. Xususan, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh «Haromdan toʻgʻridan-toʻgʻri shifo niyatida foydalanish aslo joiz emas» degan. Zero, Ummu Salama onamiz roziyallohu anhoning bir joriyasi kasal boʻlib qolganda, unga sharobni dori sifatida bermoqchi boʻladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Alloh taolo shifongizni sizlarga harom qilgan narsalarga joylashtirgan emas» deb marhamat qilgan (Imom Abdurrazzoq, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy, Imom Tahoviy rivoyat qilishgan).

Fatvo kitoblarimizda «Kasallikka haromdan boshqa shifo topilmagan taqdirda hoziq tabib kafil boʻlib, haromdan tayyorlangan yo harom narsa aralashgan dori shifo boʻlishiga koʻrsatma bersa, zarurat boʻlgani bois haromni isteʼmol qilish joiz» deyilgan.

Alloma ibn Obiddin rahimahulloh «Kishi qattiq ochlik yo chanqoqlik sababli oʻlib qolishi mumkin boʻlgan vaqtda oʻlmagudek miqdorda oʻlimtikni yeyishi yoki harom ichimlikni ichishiga ruxsat borligidan kelib chiqib, shifo niyatida noilojlikdan isteʼmol qilinadigan harom doridan haromlik soqit boʻlishi kelib chiqadi»  degan («Raddul-muxtor», 1-jildning 365-beti).

«Zohiriya» kitobida esa harom bilan davolanish joiz boʻlishi (yaʼni gunoh boʻlmasligi) uchun oʻsha dorida shifo borligi va boshqa davo yoʻqligi tajribadan maʼlum boʻlishi kerakligi aytilgan.

Hoziq tabib deganda oʻz ishiga mahoratli, oʻz yurtida tan olingan, muayyan tajribaga ega, bugungi kun tili bilan aytganda, oliy toifali shifokor koʻzda tutiladi. Shuningdek, u sharʼiy hukmlar va amallarni oshkora inkor qiluvchi boʻlmasligi kerak. Shariatda harom deyilgan narsalarni oxirgi chora sifatida ishlatish lozimligini yaxshi anglamogʻi darkor. Aks holda halol narsa boʻlsa ham haromni tavsiya qilishi mumkin.

2. Shilliqqurt soʻlagi bilan davolanish yoki shilliqqurt ekstraktli kremni teriga surtish orqali muolaja olish sharʼan joiz. Chunki bunda haromni isteʼmol qilish yoʻq. Shuning uchun ham ulamolar zuluk kabi hashoratlar orqali muolaja olishga ruxsat berishgan. Vallohu aʼlam.

* * *

– Baʼzan bolalar bemor boʻlib qolsa yoshi katta insonlar silab qoʻyadigan kishilarning oldiga borib, non bilan silatib kelishadi. Shu ish toʻgʻrimi?

– Kishi bunday chogʻlarda Qurʼoni karimdagi maxsus oyatlarni oʻqib, bolasiga dam solishi yoki dam soldirishi maqsadga muvofiq boʻladi. Non yo boshqa narsa bilan silaydiganlarning oldiga bormaslik kerak. Vallohu aʼlam.

* * *

– Otam yaqinda jarrohlik amaliyotiga kirishidan oldin nazr qildim, yaʼni, inshoalloh, jarrohlik amaliyotidan shifo topib chiqsa, bitta mol soʻyib ehson qilaman deb Allohga vaʼda berdim. Endi shu nazr qilingan goʻshtdan mening oʻzim ham yesam boʻladimi?

– Koʻzlagan maqsadi hosil boʻlsa, nazrni ado etish vojib boʻladi.

Qurbonlikdan boshqa niyatda, masalan, «falon hojatim ravo boʻlsa, jonliq soʻyaman (dardga davo topilishi, mushkulotning arishi, safardagilarning eson-omon qaytib kelishi va hokazo)» degan niyatda jonliq soʻyib, nazr qilinganda soʻyilgan jonliqning goʻshtini sadaqa olishga haqli boʻlganlarga ulashib berish vojib boʻladi. Bunda nazr sohibi va uning ahli nazr qilingan jonliqning goʻshtidan yeyishi halol boʻlmaydi.

* * *

– Dinimizda vegetarianlikning hukmi qanday?

– «Vegetarianlik» soʻzi lotinchadan olingan boʻlib, «oʻsimlikka oid» degan mazmunni bildiradi. Bunda ovqatlanganda goʻshtni cheklab, asosan meva va sabzavotlarni tanovul qilish nazarda tutiladi. Shu zaylda ovqatlanuvchilar vegetarianlar deyiladi. Vegetarianlar muayyan mahsulotlarni isteʼmol qilishni chegaralash darajasiga koʻra bir necha toifaga boʻlinadi. Ularning eng ashaddiylari har qanday goʻshtni, shuningdek sut, tuxum va moyni isteʼmol qilishdan bosh tortadi.

Binobarin, inson oʻz taʼbi va tabiatidan kelib chiqib goʻsht yo hayvondan olingan mahsulotlarni yemasligi yoki yeyishni xohlamasligi mumkin, bu uning ixtiyori. Lekin bunda quyidagi jihatlarga eʼtibor berishi lozim:

1. Goʻsht, sut va tuxum kabi Alloh insonlarga halol qilgan mahsulotlarni harom deb eʼtiqod qilmasligi darkor. Chunki Alloh halol qilgan narsalarni harom deb eʼtiqod qilish kishining iymoniga putur yetkazadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday buyurgan:

«Ey iymon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qoʻygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi» (Moida surasining 87-oyati).

2. Vegetarian Alloh taologa boshqalardan koʻra sevimliroq boʻladi deb eʼtiqod qilmasligi lozim. Zero, dinimizda vegetarianlik bilan Alloh taologa qurbat hosil qilinmaydi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng yaxshisi, eng taqvodori va Allohga eng yaqini boʻlgan va u zot goʻsht, sut va asal isteʼmol qilgan. Hatto baʼzi sahobalar goʻsht yeyishdan tiyilib, buni ibodat sanashganida, buni xato deb eʼlon qilgan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda quyidagilar aytiladi: «Baʼzi sahobalar paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlaridan u zotning sir ibodatlari haqida soʻradi. Soʻngra uni oz sanadilar. Ulardan biri «Men doimo kechasi bilan namoz oʻqib chiqaman endi» dedi. Ikkinchisi «Men doimo roʻza tutaman, ogʻzim ochiq yurmayman» dedi. Uchinchisi esa «Men ayollardan chetda boʻlaman, hech uylanmayman, goʻsht yemayman» dedi. Boshqa biri «Ayollarga uylanmayman» dedi. Yana biri «Koʻrpamda uxlamayman» dedi. Bu narsa paygʻambarmiz sollallohu alayhi vasallamga yetganida u zot «Odamlarga nima boʻldiki, bunday, bunday deydilar?! Lekin men roʻza ham tutaman, ogʻzim ochiq ham yuraman, uxlayman va bedor ham boʻlaman, goʻsht ham yeyman. Ayollarga uylanaman ham. Kim mening sunnatimdan yuz oʻgirsa mendan emas»  dedi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Xullas, goʻshtni yoqtirmagani yoki ruhiy holat tufayli (masalan, chorva soʻyilayotganini koʻrgan odam goʻshtdan voz kechgani kabi) goʻsht yemaydigan kishi bilan uni oʻziga harom qilib olgan yo shuni ibodat deb biladigan kishining oʻrtasida katta farq bor. Vegetarianlikka dinimizning munosabati ham shunga koʻradir.

* * *

– Islom dini tutqanoq xastaligi haqida nima deydi?

– Bu savolga avvalo tibbiy tomondan yondashish lozim. Ammo Qurʼoni karim oyatlarining shifo va rahmat ekani Qurʼonda bayon qilingan. Shunday ekan, tibbiy muolajalar bilan bir vaqtda Qurʼon oʻqish orqali ham shifo izlash tavsiya qilinadi. Vallohu aʼlam.

* * *

– Qoʻrqqanda yurak tushishi bor narsami, bu holda nima qilsa boʻladi?

– Dinimizda yurak tushishi yoki yurak koʻtarish degan narsa yoʻq. Bu tibbiyotga taalluqli masala. Bu xususda mutaxassis shifokorlarga murojaat qilish kerak, yurakka quvvat boʻladigan mahsulotlardan isteʼmol qilish lozim.

Shunday boʻlsa-da, bemorlarga Qurʼon oyatlarini oʻqib dam solish bor. Bunday bemorni mutaxassislarga koʻrsatish bilan bir qatorda unga dam solish ham tez orada shifo topishiga sabab boʻladi. Vallohu aʼlam.

Damin JUMAQUL tayyorladi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022 yil 4-son.