Deraza yonida uch qiz

Uzoq tunda uyqusiz,

Urchuq yigirishardi

Ham suhbat qurishardi...

Shunday quyma satrlar bilan boshlanuvchi, har jumlasi yod boʻlib ketgan “Shoh Saltan haqida ertak”ni intiqlik bilan kutib, jon qulogʻi bilan eshitmaganlar oramizda kam. Bolalikning orzularga toʻla sehrli olamida quvnab yurganimizda bu ertakni kim yozgan-u oʻzbek jujuqlariga kim tarjima qilib berganini bilmagan ham boʻlsak kerak (bilmaydiganlar haligacha topiladi). Lekin maktab ostonasiga qadam qoʻyib, harf taniy boshlaganimizda muallimimizning “Pushkin qalamiga mansub, shoir Mirtemir tarjimasi” deb ertakni soʻzma-soʻz oʻqitgani yodimda. Demak, Mirtemir shunchalar mohirona tarjima qilgan ekanki, yillar oʻtsa-da ertakdagi satrlar xotiramizdan oʻchmaydi. Maqsud Shayxzoda taʼrif berganidek, “Yo tavba, shunday zoʻr tarjima boʻlibdiki, hayron qolasan odam. Pushkin xuddi oʻzbek tilida yozgandek. Bu ishi uchun Mirtemirga tirikligida haykal qoʻyilsa arziydi” deb oʻylaysiz. Shunday qilib, Mirtemir domlaning oʻzi taʼkidlaganiday “oddiylardan koʻra oddiyroq” umr yoʻli, ulugʻvor ijodi bilan maktab davridan tanisha boshladik. Keyinroq adabiyotshunos olimlar, shoir-u yozuvchilardan Mirtemirning afsonaviy hayot yoʻli haqida eshitdik. Ammo bu bilganlarimiz kamday edi goʻyo. U kishining qizi Gulnora opa bilan suhbatda yana qiziq-qiziq maʼlumotlarni bilib oldik.

– Men otamning supraqoqdisiman. Besh farzand hayotda qolganmiz. Otamning oldingi oilasidan ham Klara ismli bir qizi boʻlgan. Kichikligida kasallanib, nobud boʻlgan ekan. Eng katta opam mendan yigirma yosh katta. Tugʻilganimda katta opam Toshkent davlat universitetidan ilmiy ekspeditsiyaga ketgan ekan.  Kichik opam esa Toshkent davlat tibbiyot institutida oʻqigan. Xullas, dunyoga kelgan kunim toqqa “singilli boʻldik, opajon” degan telegramma borgan. Xatni oʻqigan opam rosa yigʻlabdi. Ekspeditsiya boshligʻi voqeadan xabar topib, “nonimni olib qoʻyadi deb yigʻlayapsanmi, yigʻlama, singling hali hammalaringga ovunchoq boʻladi” degan ekan. Bugun oʻsha yigʻloqi opam sakson besh yoshda.

Haqiqatan uydagilar meni yer-u koʻkka ishonmasdi. Ayniqsa, otam juda erkalatgan. Qoʻshnimizning oʻgʻli akamni velosipedda aylantirib kelaman deb yiqitib qoʻygan, akam nobud boʻlgan ekan. Balki shundandir, otam-onam meni juda avaylardi. Otamning tizzasidan hech tushmasdim. Hatto baʼzi shogirdlari meni domlaning nabirasi deb oʻylashgan ekan. Uyimiz doim otamning shogirdlari bilan gavjum boʻlardi. Lekin bitta shart bor – xonadonimizga nimadir koʻtarib kelish mumkin emas. Kim kelsa, otamdan yashirincha meni shokolad-u konfetlar bilan siylardi. Men shirinliklarni stol tortmasida saqlardim.

Otam bitta meni emas, opalarimni ham erkalatardi. Qattiqqoʻlligiga qaramay, qizlariga ehtiyotkor muomala qilardi. Lekin onam uy ishlariga mahkam turardi. Xamir taomlarning hammasini oʻrgatgan. Onam maktabni bitiriboq otamga turmushga chiqqan. Farzandlariga ham, otamga ham juda yaxshi qarardi. Ayniqsa, oshqozoni betobligi bois otamning ovqatlanishiga alohida eʼtibor berardi...

Adabiyotshunos olim Naim Karimovning Mirtemir haqida yozganlarida shunday jumlalar bor: “Esdaliklar” quyidagi soʻzlar bilan boshlangan:

“1932-yilning 7-avgusti kechasi soat 1 da siyosiy idora tomonidan qamoqqa olindim. Uyda onam, singlim, inim, oʻrtogʻim va qizalogʻim qoldi. Oʻzim hech narsa sezmasdan ketdim”.

Shoir qamoqqa olingach, uning oilasi uchun ham sinovli kunlar boshlanadi. Yana oʻsha “Esdaliklar”da bitishicha:

“28.IX.33. Oʻtgan hafta onam oldiga bordim. U qattiq kasal.

Onam oldida, uning qarshisida juda uyatliman.

Men ona xizmatini qilolmadim!

Bu kun ham uyga bordim: Klara kasal, u mungli va alamli boqadir. Halima Moskvada. U hoy-u xavas qilib ketdi. Eh, sen, shafqatsiz ona, kimga ishonding bolani?

27.X.33. Qanday baxtsiz tugʻilganman: onam ogʻir xasta, kasalxonada shunday ogʻir ahvolda yotadir. Oh, men qanday chidayman!

Klara 2/X da oʻldi.

Onasi yigʻlab…”.

Boshiga tushgan sinovli kunlar shoirga yanada ogʻirroq keldi. Farzand dogʻi, ketma-ket ayriliqlar... Gulnora opaning aytishicha, otasi qizi Klara va oʻgʻlining bexos oʻlimidan yurak oldirib qoʻygan. Kenjatoy qizi bilan boʻlgan kutilmagan avtohalokat shoirni shoshirib qoʻyadi...

– Oʻqishdan paxtaga borganimizda kechqurun falokat boʻlib, meni mashina urib ketgan. Hushimni yoʻqotganman. Bilmadim qancha yotdim, lekin koʻzimni ochsam tepamda otam yigʻlab turibdi. Otamning mehrining chegarasi yoʻq edi. Onam, aka-opalarim ham kelishgan. Otam oʻshanda duxtirlar bilan gaplashib, meni tezda Toshkentga olib ketdi. Eng kuchli duxtirlarga koʻrsatib oyoqqa qoʻydi. Lekin otam daʼvo qilmadi. Hatto kichkina akam nobud boʻlganda ham daʼvo qilmagan ekan. Oradan yil oʻtib, quvvatga kirdim, keyin oʻqishimni davom ettirdim. Oʻzi aslida arab filologiyasiga oʻqishga topshirgandim. Lekin imtihondan oʻtolmadim. Keyin oʻzbek filologiyasida oʻqidim. Menga u yerda oʻqish yoqib qoldi. Axir haftasiga tom-tom kitoblar oʻqirdik. Uyimizda otamning kattagina kutubxonasi bor edi. Oʻqishga kirganimda otam “qizim, shu yerda oʻqiyver, shuncha kitobni kimga berib ketaman?” degan.

Mirtemir domlaning jonkuyar, mehribon ustoz, donishmand, shu bilan birga sodda va samimiy odam boʻlganini u kishini tanigan-bilganlar bot-bot takrorlashadi. Oʻziga yaqin odamlar, shogirdlarida biror muhtojlik sezsa, darrov yordam berishga shoshgan ekan. Tarjimon, yozuvchi Nosir Fozilovning ustoz haqidagi xotiralarini oʻqir ekansiz, bunga amin boʻlasiz:

“Katta yoʻlga chiqqanimizda qandaydir bir mashinani toʻxtatib, chiqib oldik. Mashina ishchilar shaharchasiga qarab zuvillab borardi. Boya mashina egasiga nimadir deganday boʻluvdi, men nima deganini anglamadim. Qarasam, mashina zuvillagancha Mirtemir akaning uyi oldidan oʻtib ketdi. Hayron boʻldim. Qayoqqa ketayapmiz? Bir mahal mashina hozirgi “Mikond” zavodining oldiga borib toʻxtadi. Mirtemir aka kira haqini toʻladi. Ikkalamiz boshlashib, koʻchaning narigi tomoniga oʻtdik. Kichkinagina bir mato doʻkonchasi oldiga borganimizda Mirtemir aka “yur” deganday ishora qildi. Kirdik. Doʻkonchi bilan yaxshi tanish shekilli, quyuq soʻrashib ketishdi. Pirovardida:

– Olib qoʻydingizmi, mulla? – deb soʻradi.

Doʻkonchi boshini liqillatib, ichkariga kirib ketdi-da, qogʻozga oʻrogʻliq mato olib chiqib, peshtaxta ustiga qoʻydi. Shundoqqina qogʻozning ochiq joyidan koʻrinib turibdi: toʻq koʻk jun material, oʻzidan chiqqan mayda yoʻlli... Aftidan, chet eldan olib kelingan mato boʻlsa kerak. Yaltirardi. Mirtemir aka meni doʻkonchiga koʻrsatib bir nima deganday boʻldi. Sal matoga hushim ketib qolgan shekilli, oʻzimga keldim. Doʻkonchi menga boshdan-oyoq tikilib:

– Bu bolangizga uch metrdan bemalol chiqadi, – dedi. – Beraymi?

– Maʼqul, bering, – dedi Mirtemir aka, – bu mulla bolayam bir kostyumli boʻlib qolsin”.

– Shogirdlarini “kipriklarim” derdi. Uyimizga tez-tez kelib turadigan shogirdlarining eslashicha, otam kiyim doʻkoniga kirsa, masalan, oʻziga tufli olmoqchi boʻlsa, ikki-uch juft olarkan. Ertasi kuni muhtojroq biror shogirdi yoki doʻstiga “falonchiboy, mana buni siz kiying, menga kichik keldi” deb qoʻyarda-qoʻymay sovgʻa qilib yuborar ekan. Bundan tashqari, otam juda barakali inson edi. Har kuni ertalabdan onam katta qozonda ovqat pishirardi. Axir shu taomdan nasibalilar bor edi-da. Uyimiz otamning tanish-bilishlari-yu shogirdlaridan tashqari, ammam, amakim, xola-yu togʻalarimning farzandlari bilan gavjum boʻlardi.

Gulnora opa bizga adabiyot darsliklaridan tanish suratlardagi Mirtemirning oʻzginasi. Sodda, samimiy, xushchaqchaq... Xuddi oʻn yillik qadrdonlardek gaplashadi siz bilan. Suhbatlashish asnosida oʻzingizni nooʻngʻay sezmaysiz sira. 

– Otam bulbul shoir edi. Toʻra amakim doim aytardi: “Dashtda soʻfitoʻrgʻay degan qush boʻladi. U har bahorda toʻrtta tuxum qoʻyib, bola ochadi. Polaponlardan biri bulbul boʻlib, qolganlari oddiy toʻrgʻay boʻladi. Oʻsha bulbul – sizning otangiz!”

Otam hovlida sayr qilib yurganda, koʻp kuzatardim. Bir odati bor edi – biror fikr xayoliga kelsa, darrov yozib qoʻyishga intilardi. Sayr payti ilhomi kelib qolsa, darrov barmoqlari bilan havoga yozib ketardi. Keyin pichirlab qaytarardi-da, oʻsha yozganining ustidan havoga chizib qoʻyardi. Soʻng darrov ijodxonasiga kirib hammasini qogʻozga tushirardi. Otam arab yozuvida yozgan. Qoʻlyozmalarini deyarli oʻqiy olmasdik. Keyinchalik ustoz Naim Karimovning otam haqida yozganlaridan oʻqib, bilib olganmiz.

Otam sheʼrlarida yashagan deb oʻylayman. U kishining muhabbatiyam, iztirobiyam, azob-u ogʻriqlari ham sheʼrlarida edi. Har gal maktabdagi oʻquvchilarimga otamning “Onaginam” sheʼrini oʻqib berar ekanman, koʻzlarim jiqqa yoshga toʻlardi. Yigʻlamasdan oʻqimasdim bu sheʼrni... Ayniqsa mana bu satrlarini...

Odam boʻldimmi menam?

Ha, odam sanashar meni elimda.

Senga qilolmagan xizmatim,

Sen deb chekolmagan zahmatim

Jindak zehnim, jindak sheʼrim,

jindak gʻazalxonligim,

Onalik mehriga toʻymagan mehrim,

jindak yaxshilik va yomonligim

Meni odam sanagan elimga baxshida,

jafodiyda onaginam!

Elga xizmatim senga xizmatim emasmi axir,

El meni farzandim demasmi axir!

Rozi boʻl, odam sanalay menam...

Dunyoga qaytib kelurman,

Lekin boshqa oʻgʻil boʻlib...

Bu sheʼr ilojsizlikdan qiynalgan otamning ichki faryodi, farzand armonining timsoli! “Esdaliklar”ni varaqlasangiz otamning yozmishlarini oʻqiysiz:

“5. X.33. Bu kun Onam oʻlgan… Ona!”

“Esdaliklar”ni yana varaqlasangiz, Mirtemirning yoshlikdagi oʻtli muhabbati Halima Rahimova haqidagi yozganlariga ham koʻzingiz tushadi. Ushbu muhabbat tarixi haqida Naim Karimov shunday yozadi:

“Halima oʻsha yillarda endigina sanʼat boʻsagʻasiga qadam qoʻygan yosh, isteʼdodli, Fargʻona soylaridek shoʻx raqqosa edi. Mirtemir uni chin dildan sevardi. U hali boʻydoq kezlarida Halimaning raqslari tugar-tugamas unga dasta-dasta gullar tutar, unga bagʻishlab sheʼrlar yozar edi. Rafiqasini shunday oʻtli tuygʻular bilan sevgan shoir 1935-yil yanvarida azob-uqubatlardan qutulib, mehrga zor boʻlib qaytganida, uning boshqa bir kishiga turmushga chiqib ketganini koʻradi.

“Men Mirtemirning keyingi taqdiridan bexabar edim. Menga ering otilib ketdi deb aytishdi. Shundan keyin boshqa turmush qurishga rozi boʻldim. Mirtemir qaytib kelgach, men bilan qayta turmush qurmoqchi boʻldi. Lekin buning iloji yoʻq edi. Shundan keyin u “Meni sening ering qamatgan” deb menga taʼna qildi”, – deb eslagan edi Halima opa”.

– Har yili yozgi taʼtilda Iqonga (Mirtemir tugʻilgan qishloq – G.N.) ketardim. U yoqda menga mazza edi. Amma-yu amakilarimning bolalari bilan oʻynardik. Otam bilan toʻylarga koʻp borardik. U paytlari toʻylar karnay, surnay, dutor bilan oʻtar edi. Bir marta toʻyda raqsga tushganimni eslayman. “Gulnoz” raqsi... Raqsga shu qadar berilib ketgan ekanmanki, koʻzlarimni yumib atrofimda odamlar toʻplanganini ham koʻrmay qolibman. Ham juda kichkina qiz edim. Koʻzimni ochsam, qarindoshlarimiz pul qistirishgan, uyalib ketganman. Pullarni oborib artistlarga berganman. Otam toʻgʻrida chollar bilan oʻtirgandi. Shunaqangi yomon qaradiki... Keyin onamni chaqirib, “nega qizing raqsga tushdi, nega tarbiya qilmading?” deb rosa koyigan ekan. Shu-shu qayta raqsga tushmadim. Balki otam raqqosa boʻlishimni istamagandir... Keyinchalik, esimni tanib otamning qalbini timdalagan jarohatlar shu bilan bogʻliqligini bildim... Oh, otam-a...

Shoirning oʻgʻli Mirza Tursunov otasi haqidagi xotiralarida shunday yozadi:

“Otam qirgʻiz xalqining “Manas” eposining birinchi qismini mohirona tarjima qilgan. Tarjima jarayonida uch-toʻrtta qirgʻizcha soʻzning maʼnosi hecham chiqavermagach, otam ijodiy safarga otlanib, oʻsha paytdagi Qirgʻizistonning poytaxti Frunze shahriga borib, qardosh shoir, yozuvchilar bilan uchrashgan. Haligi soʻzlarni ularga koʻrsatib, maʼnosini soʻrasa, na biror shoir, na yozuvchi ularni talqin qilib bera olgan. Qirgʻiz doʻstlaridan biri “Domla, bu soʻzlarning talqinini bilish uchun “Manas”ning qabriga borish kerak. Oʻsha yerdagi baxshilar soʻzlarning maʼnosini aytib berishi mumkin” deb maslahat beradi. Bu maslahatga amal qilib, otam bir kuni ertalab chiqib ketib, ertasi kuni kechga yaqin qaytib keladi: oʻsha soʻzlarning toʻgʻri talqinini bilib olganidan behad xursand. Bu voqea koʻz oldimda sodir boʻlgani uchun yodimda qolgan. Koʻp yillar oʻtib, otamning vafotidan keyin, uyimizga Chingiz Aytmatov kelib, baʼzi fikrlarini izhor etdi. Chingiz ogʻa “Mirtemirning “Manas” tarjimasi shunchalik ajoyib chiqqanki, u qaytib qirgʻizchaga tarjima qilinsa yaxshi ish boʻlar edi” degandi”.

– Otam soʻz zargari edi. U tarjima qilgan asarlarni oʻqisangiz, buni oʻzbek tilida yozishganmi degan xayol oʻtardi. Har bir soʻz ustida kunlab ishlaganlarini ham koʻrganmiz. Ana shunday zahmatkash odam edi u kishi. Afsus, otam vafot etganida men oʻn sakkiz yoshda edim. Otam bilan oʻtgan kunlarimizni hanuz qoʻmsayman. Otam bergan mehrni men boshqalardan tuymadim. U kishining mehri quyosh taftidan ham issiq edi. Otamning:

Men yerga quyoshni koʻrgali keldim,

Biroq u kulmagan boʻlsa oʻshal kun,

Kuylagum, kuylagum quyosh haqida,

Taronalar toʻqib, solgʻim sado – un…

degan misralari bor edi. Haqiqatan otam soʻnggi nafasigacha quyoshga, yorugʻlikka, ezgulikka talpinib  yashadi!

Guljahon NAMOZOVA

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025 yil 1-son.

“Oddiylardan oddiyroq” maqolasi