– Necha oʻn yildirki, til, imlo, til taʼlimiga oid bahs-munozaralar tinmaydi. Davlat qaror-u farmonlar chiqarib, mablag‘ ajratyapti, olim-u tadqiqotchilar ilmiy ish yozayotir, katta-kichik anjumanlar oʻtkazilyapti, sohaga doir har turli kitoblar keragidan ortiqdek, joʻyali takliflar ham istagancha topiladi. Lekin natija... Bizda masala hozir oʻzbek tilini saqlab qolish emas – mamlakat ichidagi mavqeini koʻtarish, tashqarida esa dunyo eʼtiboridagi tillardan biriga aylantirish bilan bogʻliq deb oʻylayman. Shu manzarada tilshunos olim, millat oydini sifatida Sizga oʻnlab savollar bergisi keladi kishining. Til muammolari XXI asr odamining hayotida nechogʻli ahamiyatga ega? Taraqqiyot zamonida aksar xalqlarning kun tartibidan allaqachon tushib ketgan muammolarga bandi boʻlib qolmayapmizmi? Til masalalari yechimini kengroq koʻlamda izlash – qudratli iqtisodiyot va harbiyot, muhim ilmiy kashfiyotlar, xalqaro darajadagi ishbilarmonlik orqali uning nufuzini oshirishga kuch berish, oʻzgalar tilimizni zaruriy ehtiyoj tufayli oʻrganishi, hurmatlashiga erishish kerakmikan?..
– Til, unga doxil alifbo-imlo va taʼlim masalasi biz uchun ogʻriqli ekani haq-rost. Aslida til muammolari bizning asrimizda har bir inson uchun hayot-mamot ahamiyatiga ega. Bugungi global dunyoda bir necha tilda samarali muloqot qila olish fazilatga aylandi, til bilgan kishi biznes, kasb-u kor va ijtimoiy munosabatlarda talay ustunliklarga ega. U turli mamlakat va madaniyat vakillari bilan erkin muloqot qila oladi, dunyoqarashini kengaytiradi va yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.
Toʻgʻri, ayrim rivojlangan mamlakatlarda til muammolari allaqachon hal etilgan, biroq rivojlanayotgan mamlakatlarda u hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Umuman olganda, til muammosi – taraqqiyot darajasi bilan chambarchas bogʻliqdir. Tariximizga nazar solsak, til masalasi qoraxoniylar, temuriylar, shuningdek, jadidlar davrida alohida ahamiyat kasb etganiga amin boʻlamiz. Bu – zamon burilishlari, koʻtarilishlar, maʼnaviy evrilishlar bilan hamohang kechgan. Shuning uchun ham mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ushbu masala yana kun tartibiga chiqdi.
Davlat tili muammosi siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, huquqiy, falsafiy, tarixiy, madaniy, maʼnaviy, tashviqiy hodisaki, unga biryoqlama yoki tor fokusdan qarash maqsad yoʻlida toʻsiq boʻladi. Deylik, uning mamlakat miqyosida ijtimoiylashuvi muammosini olaylik. Albatta, boshqalarni davlat tilini oʻrganish va hurmat qilishga majburlab boʻlmaydi. Til odamlar uchun, avvalo, jozibali va manfaatli boʻlishi kerak, shunda uni ixtiyoriy oʻrganadilar. Jozibador til muhitini yaratmoq yoʻlida, Siz qayd etganingizdek, iqtisodiyot, ilmiy kashfiyotlar, taʼlim samaradorligini oshirish va xalqaro biznes kuchidan foydalanish kerak.
Davlat tilining ijtimoiylashuvi uchun: 1) madaniyat, sanʼat va adabiyotni targʻib qilish, festivallar va koʻrgazmalar oʻtkazish, xalqaro auditoriyani jalb etadigan anjumanlar tashkil etish; 2) til taʼlimining zamonaviy talablarga javob beradigan va soʻzlashuvchilarga qulay dasturlarini yaratish; 3) tilni kundalik hayotda oʻrganish va undan foydalanishga yordam beradigan koʻp tilli platforma va ilovalarni ishlab chiqish; 4) tarjima va lingvistik xizmatlarni rivojlantirish, rasmiy va ilmiy materiallarning yuqori sifatli tarjimasiga erishish; 5) tilni muhim muloqot manbai sifatida targʻib qilish maqsadida xalqaro anjumanlarda faol qatnashish; 6) qonuniy asoslarni kuchaytirish hamda ularning tizimli ijrosini kafolatlash lozim.
Biz hozir faqat qonuniy asoslarga urgʻu berish, uni talab qilishga odatlanib qoldik. Ilmiy, taʼlimiy masalalarga eʼtibor esa koʻngildagidek emas: imlo va talaffuz meʼyorlari boʻyicha tadqiqotlar deyarli yoʻq. Tilimizning faqat yozma meʼyorlari oʻrganilgan, jonli ogʻzaki nutq esa tuzuk-quruq tadqiq etilmagan. Bu, ayniqsa, oʻzbek tilini xorijliklarga, adabiy tildan yiroqroq sheva vakillariga oʻrgatishda muammo tugʻdirmoqda. Tilshunoslikda kosmopolitizmdan voz kechib, fanni hayotga, jamiyat ehtiyojlariga yaqinlashtirish kerak. Masalan, kompyuterda oʻzbek tilida harf terayotgan kishi xatolarini “Toʻgʻri yozish” funksiyasi asosida tuzata olsa, qoʻrqmasdan yozadi. Shuning oʻzi oʻzbek tili jozibadorligining bir namunasi emasmi? Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Aslida, til meʼyorlarini xorijiy til sifatida oʻrganganlar koʻproq saqlab qoladi. Bugun keng ommalashgan ingliz tilining ilmiy meʼyorlariga, asosan, uni xorijiy til sifatida oʻrganuvchilar rioya etadi. Chunki ular tilni darslik va qoʻllanmalar asosida oʻrgangan. Ingliz tilini xorijiy til sifatida oʻrganuvchi va soʻzlashuvchilar uning asl sohiblaridan koʻp. Koʻpchilik esa ozchilikka, odatda, kuchliroq taʼsir koʻrsatadi. Shu maʼnoda tilimizni xorijiy til sifatida oʻrganadiganlar uchun qulay oʻquv-metodik vositalar tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish kerak.
– Shogirdlaringiz bilan birga oʻzbek tilining korpus lingvistikasini shakllantirish, uni internet tiliga aylantirish borasida ilmiy izlanishlar olib boryapsiz. Tilshunoslikka oid zamonaviy ilgʻor konsepsiyalar hamda tadqiqotlaringiz mohiyati, ularning nafaqat maʼnaviy, balki iqtisodiy manfaatlari xususida ham soʻzlab bersangiz.
– Til korpuslari – bugungi tilshunoslikning katta yutugʻi. Tilga eʼtibor uning korpusiga eʼtibor, til nufuzi uning korpusi nufuzi bilan belgilanadigan zamon boʻlib qoldi. Jahonda bu borada shunday katta hajmdagi ishlar qilinyaptiki, aqlingiz shoshadi. Milliard-milliard soʻzlarni qamragan bir tilli, koʻp tilli, hatto global korpuslar yaratilyapti.
Zamonaviy axborot texnologiyalari tilning funksional imkoniyatlaridan foydalanishga kuchli dastak berdi. Kompyuter tarjimasi, avtomatik tahrir va tahlil, yozma matnni ovozlashtiruvchi nutq sintezatorlari, ogʻzaki nutqni yozma matnga aylantiruvchi dasturlar, elektron lugʻatlar, lingvistik mobil ilovalar, tezauruslar (til xazinasi), til ontologiyasi... Ayniqsa, zamonaviy elektron lugʻatlar tuzish va undan foydalanish madaniyatini shakllantirish til imkoniyatini egallashda samaradordir. Bu borada dunyo miqyosida tez surʼatlarda yaratilayotgan til korpuslarining ham roli beqiyos.
Til korpuslari – til boʻyicha tadqiqot va amaliy topshiriqlar yechimi uchun zarur ish quroli. U oddiy elektron kutubxonadan farqlanadi. Elektron kutubxonada xalqning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy, iqtisodiy hayotini aks ettiruvchi badiiy va publitsistik asarlar jamlanadi. Elektron kutubxona matnlari til nuqtai nazaridan ishlov berilmagani sababli tadqiqotlar uchun noqulaylik tugʻdiradi. Chunki elektron kutubxona ilmiy tadqiqot materiali bazasini tayyorlash emas, balki milliy-maʼnaviy merosni toʻplash maqsadida tuziladi. Til korpusi esa elektron kutubxonadan farqli oʻlaroq, tilni oʻrganish va tadqiq etish uchun zarur, foydali va qiziqarli matnlarni yigʻishni nazarda tutadi.
Oʻzbek tili korpuslarini yaratish borasida davlatimizning metodologik ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlari qabul qilingan. Biz oʻshalarga tayanib ish olib boryapmiz.
Milliy til korpusi – elektron qidiruv imkoniyatiga ega tizim, tabiiy tilning raqamlashgan yozma va ogʻzaki matnlari jamlanmasi. Tilni tadqiq etish (til birligining oʻzgarishi, eskirishi, yangilarining paydo boʻlishi, maʼnosining kengayishi va torayishini kuzatish), anʼanaviy va zamonaviy lugʻatlar tuzishda uning imkoniyati nihoyatda katta. Milliy korpusni milliy til xazinasi desak ham boʻladi. Bunda milliy soʻzi nafaqat tilning, balki korpus tuzilishi va tarkibining ham oʻziga xosligini anglatadi. Uning boshqa til korpuslaridan farqi taʼlimiy korpus, mualliflik, poetik matnlar, ilmiy va rasmiy matnlar, ogʻzaki matnlar, badiiy matnlar va gazetalar hamda dialektlar korpusi kabi ichki korpuslarni oʻz tarkibiga qamrab olganida. Shu bois uni yaratishda jamoaviy faoliyat muhim.
Oʻzbek tili milliy korpusi hozirda korpus interfeysi, qidiruv tizimi, 75 millionga yaqin soʻzshakl, 1 milliondan ortiq matnlar bazasi va 15 elektron lugʻat manbasidan iborat.
2020-yilda “Oʻzbek tilining feʼl shakllari lugʻati” yaratilgani katta yutuq boʻldi. Mazkur lugʻat tarjima, imloviy tekshiruv, morfologik avtomatik analizator va boshqa kompyuter dasturlari yaratishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etadi. Oʻzbek tili morfologik tizimining oʻta murakkabligi va morfologik shakllar miqdori juda koʻpligi sabab grammatik lugʻatlar tuzilmagan edi. Anʼanaviy kartochka usulida bunday dalillarni toʻplash va tartiblashga bir odamning umri yetmaydi.
Darhaqiqat, oʻzbek tilida soʻzlarning morfologik shakllari tizimi murakkab. Ayniqsa, feʼl soʻz turkumi shakllari alohida ahamiyatga ega. Olim Abdumajid Poʻlatov “Dunyoviy oʻzbek tili” kitobida bunday yozadi: “Oʻzbek tili grammatikasi toʻliq oʻrganilmagan, ilmiy istilohda aytsak, sistemlashtirilmagan. Masalan, oʻzbek tilida birgina ishlamoq feʼlining shakllari taxminan 100 mingdan oshadi, ingliz tilida esa taxminan 150 tagina shakli mavjud, xolos”. Bizning mutaxassislarimiz tuzgan lugʻatda esa bir feʼl 1 milliondan ortiq shaklga egaligi taʼkidlangan. Koʻrinadiki, oʻzbek tilidagi morfologik shakllar boshqa tillardan boy imkoniyati, kombinatsiyalarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
– Singarmonizm masalasi ham bahsli. Oʻqigandirsiz, “Tafakkur”ning oʻtgan sonida shu haqda maqola eʼlon qilindi. Bilishimcha, singarmonizm – talaffuz bilan bogʻliq hodisa va u talaffuzimizda hozir ham bor. Demak, oʻzbek tili singarmonizmdan mahrum etildi deyishga asos yoʻqdek, bahslarimiz esa uni yozuvda aks ettirishga qaratilgan boʻlib chiqadi...
– Oʻqidim, oʻqiganda ham juda sinchiklab oʻqidim. Haqiqatan ham dolzarb masala bu. Xudoyberdi Doniyorov xalq shevalari, fonetika, singarmonizm boʻyicha yirik mutaxassis boʻlganlar. U kishidan qolgan noyob merosdan unumli foydalanishimiz kerak. Muallif Murtazo Qarshiboy ustozning qarashlarini daqiqlik bilan sharhlabdi. Ilmiy merosga ana shunday munosabatda boʻlishni oʻrganmogʻimiz lozim.
Tillar tovushlar tizimi va grammatikasining boyligi/kambagʻalligi, soʻzlari, ayniqsa, sinonimlarining miqdori bilan baholanadi. Chunki tovushlarning koʻpligi nutqni ohangdor, grammatik qoʻshimchalar va sinonimlarning koʻpligi esa tilni mazmundor va noziktabiatli qiladi. Ayniqsa, unli tovushlar qancha koʻp boʻlsa, til shunchalik tarovatli boʻladi. Turkiy tillarning barchasida (oʻzbek tilidan tashqari) unli tovushlar soni 8 tadan 14-15 tagacha ekani eʼtirof etiladi. Turk va qirgʻiz tilida 8, ozar tilida 9, turkman tilida 10, qozoq tilida 12 ta unli tovush va alifboda shuncha unli harf bor. Oʻzbek adabiy tili, ulardan farqli oʻlaroq, 6 unlidan iborat til sanaladi. Bu borada u boshqa turkiy tillardan bir qarashda kambagʻalroqdek. Aslida ham shundaymi? Nega tilimizning unli tovushlari va shunga muvofiq harflar soni boshqalarnikidan kam?
Adabiy yodnomalar, ilmiy asarlar, lugʻatlar orqali unlilar boʻyicha aniq xulosa qilib boʻlmaydi, chunki badiiy, ilmiy asarlar tili umumxalq tili emas. Maʼlum bir davrdagi unlilarni oʻrganish uchun xalq jonli tili bilan tanishish kerak. Afsuski, tarixiy fonetikada buning iloji yoʻq. Shuning uchun qilinayotgan xulosalar taxminga, hozirgi sheva materiallarini oʻrganish hamda qardosh turkiy tillar fonetikasi bilan qiyoslashga asoslangan.
Tilimizga yaqin boʻlmagan arab tiliga xos aruz vaznidagi asarlar turkiy tillarning tub xususiyatini aks ettira olmaydi. Bunda Abdurauf Fitratning qarashlari eʼtiborli. Oʻzbek tilining fonetik qurilishi arab tilinikidan tubdan farq qiladi. Aruzda ijod etgan turkiygoʻy shoirlar, Fitrat taʼbiricha, “ikki turli ishga majbur”: vaznni tugal qilish uchun shoir arabiy va forsiy soʻzlarni meʼyordan ortiq qoʻllaydi. Bu esa oxir-oqibat oʻzbek tilini oʻzga tillar asoratiga solib qoʻyadi. Ikkinchisi shuki, vazn talabi bilan “turkcha soʻzlarning gavdasini buzish”ga majbur boʻlganlar va bu, Fitrat aytganidek, kulgili holatni yuzaga keltirgan: “Aruzning eng ohangli, eng oʻynoqi bir vaznida yozilgʻan turkcha bir sheʼrni qishloqda yashagʻan, oʻz tilining ohangini buzmagʻan bir turkka oʻqutsangiz-u, tinglagʻani sheʼrda turkcha soʻzlarning choʻzulub, tuzatib bemaza etilib aytilgʻanini eshitgach, albatta, kuladir-da, tinglagʻani sheʼrning bir turk ogʻzidan chiqmagʻaniga hukm qiladir”.
Qadimgi turkiy, eski turkiy va eski oʻzbek tillarida unlilar uygʻunlashuvi (singarmonizm) qonuniyati toʻliq amalda boʻlgan. Yaqin tarixda ham unlilar miqdori boshqa turkiy tillardagi kabi 8-9 ta boʻlgan. Singarmonizm hatto maʼno farqlash vazifasini bajargan.
Fonetika – tilning eng kam oʻzgaradigan sohasi. Juzʼiy oʻzgarishlar ham ming yillarni talab qiladi. Bu esa tilimizning hozirgi holati haqida xulosa chiqarishga asos boʻladi. Yaʼni yaqin 100 yil oldin tilimizda mavjud boʻlgan singarmonizm qisqa vaqt ichida arxaiklashishi mumkin emas. Texnika rivojlangan bugungi sharoitda eksperimental fonetika boʻyicha tadqiqotlar olib borish hech ham muammo emas. X.Doniyorov kabi olimlarimizning xulosalarini kompyuter texnologiyalari vositasida aniq dalillash imkoniyatiga egamiz. Tadqiqotlar asosida oʻzbek tilining toʻliq fonetika atlasini yaratish lozim. Bunga faqat ozgina ragʻbat va moliyaviy koʻmak kerak, xolos. Alifbo boʻyicha bugungi munozaralarning ham, kelishmovchiliklarning ham bosh sababi – ilmiy asosning yetishmasligi.
Shu oʻrinda alifbo haqida ham fikrimni aytib oʻtsam. Alifbo tilning fonetik mohiyatini toʻliq qamrab olishi kerak. Zotan, u talaffuzning ham milliyligini taʼminlaydi. Kecha Facebookda dogʻistonlik xonandaning oʻzbekcha qoʻshigʻini tingladim. Ayricha muhabbat, mahorat bilan kuylabdi. Ammo sochlarimni oʻraman degan birikmadagi oʻrmoq soʻzini qalin “o‘” bilan aytibdi. Natijada bu soʻz beda oʻrmoq birikmasidagi oʻrmoqdek talaffuz qilingan. Holbuki, “soch oʻrmoq”da “o‘” ingichka (turk tilidagi ö kabi) va “beda oʻrmoq”da qalin (turk tilidagi o kabi). Bunday notoʻgʻri talaffuz alifbo bilan bogʻliq. Agar alifbomizda ingichka “o‘” uchun maxsus harf boʻlganda edi, dogʻistonlik qiz ham soʻzni toʻgʻri talaffuz qilgan boʻlur edi.
Koʻryapsizmi, alifboda milliylik toʻliq aks etmasa, talaffuz milliylikdan va pirovardida til milliy koloritdan begonalashib boradi. Sirasi, alifbo, imlo, talaffuz, alifbo va imlo taʼlimi boʻyicha fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqotlar olib borilishi zarur va bu ish davlatning jiddiy taʼminoti va nazoratida boʻlmogʻi lozim.
– Abdulla Qahhor “Boʻrining tishiga sera kislotasining taʼsiri” qabilidagi ilmiy ishlarning keragi yoʻq deb hisoblaydi. “Ilmiy asarning ilmiy asar boʻlishi uchun olimning mehnati, kitobxonning maroq bilan oʻqishigina kifoya qilmaydi. Maʼlumki, ilm qaysi yoʻl bilan boʻlmasin biron haqiqatni tasdiqlar ekan, bundan kishilarning ehtiyoji uchun zarur boʻlgan bir xulosa chiqarishni koʻzda tutadi... Zotan, ilm ehtiyojdan tugʻiladi emasmi?” deydi u. Siz ham bir maqolangizda “Najot – amaliy ahamiyatli, maqsadli ilmda. Boshqa yoʻl yoʻq. Aks holda, quruq, balandparvoz va samarasiz minbar gaplari bilan umrimiz oʻtaveradi” deb yozgansiz. Achchiq haqiqat shuki, ilm-u fanimizda poyga, son ketidan quvish, plagiatdan xalos boʻla olmayotirmiz, diplom olish uchungina yozilgan samarasiz tadqiqotlar koʻp. Turmushimiz ham sanogʻi osmon qadar dissertatsiyalarimizdagi “ilmiy yangiliklar” tufayli jannatga aylanib ketgani yoʻq... Ilm-fan sohasiga javobgar boʻlsangiz, qanday ishlarni amalga oshirgan boʻlardingiz?
– Yana bir jarohatdan soʻz ochdingiz. Men tilshunoslikka amaliy tus berish haqida koʻp yozganman. Siz oʻshalardan biriga ishora qilyapsiz. Tilshunoslikka oid tadqiqotlar muzey eksponati kabi javonlarda qolib ketsa, uning nima keragi bor?! Qarashlarimni oʻzimizning soha misolida bayon qilsam.
Bugungi anʼanaviy filologiya tadqiqotlari asosan amaliy ahamiyatsiz, ijtimoiy-iqtisodiy samaradan xoli, faqat “Fan – fan uchun”, “Fan – ilmiy daraja va unvonlar uchun”, “Fan – koʻngil zavqi uchun” kabi tamoyillarga asoslanmoqdaki, buni inqiroz deyish mumkin. Bu – filologiya doirasidagi davlat grantiga daʼvogar istalgan mavzudagi loyihani, himoyaga qoʻyilgan har qanday dissertatsiyani, dolzarbligidan qatʼi nazar, oʻzaro shaxsiy yoki boshqa munosabat asosida toʻliq maʼqullash yoki osongina rad etish mumkinligida koʻzga tashlanadi. Filologiyada ilmiy yangiliklar emas, shaxslar va shaxsiy munosabatlar muhim rol oʻynayotir. Mamlakatimizda ilm-fan, taʼlim sifatiga alohida eʼtibor qaratilmoqda-ku-ya, ammo til-adabiyot sohasida burgutlarga chumchuq, kitlarga baliq sifatida munosabatda boʻlish, pashshaga fil, sirtlonga esa sher tusini berish tendensiyasi kuchaymoqda. Bunday xavfli holat, ayniqsa, baholash mezonlari murakkab boʻlgan ijtimoiy fanlarda koʻzga yaqqol tashlanayotir. Bu ketishda biz fanda arzirli bir ish qilmaganlarni avliyo darajasiga koʻtaramiz, yetuk olimlar esa soyada qoladi, olim va ilmning qadri tushib ketadi. Suv keltirgan xor-u zor boʻlib, koʻza sindirganning toʻrga oʻtishi insofdan ham, adolatdan ham emas, albatta.
Sobiq shoʻro tuzumi davrida filologiya boʻyicha ilmiy ishlar tadqiqotchilarning tashabbusi bilan, asosan, ilmiy daraja olish maqsadida olib borilar, soha xarajatlari aniq va tabiiy fanlarga ajratilgan mablag‘ hisobidan qoplanar edi. Maqsadli talab va taklif munosabatiga eʼtibor qaratmaydigan “sotsialistik” filologiya fani toʻla-toʻkis inqirozga yuz tutdi. Aniqrogʻi, almisoqdan qolgan maqsad va foydasiz vazifalar asosida ish koʻrayotgan, natijalari jonsiz va tatbiqsiz filologiya fani toʻliq boqim sohaga aylanib qoldi. Dissertatsiyalarga OAK tomonidan bildirilayotgan asosiy va haqli eʼtiroz ham natijalarning amaliyotga tatbiq etilmagani, aniqrogʻi, tatbiq etib boʻlmasligidir. Demak, yo tadqiqotlardan butkul voz kechish, yo davr talablariga mos izlanishlar olib borish zarur.
Bozor iqtisodiyoti filologiyaning aniq maqsadli, iqtisodiy foyda ham keltiradigan yoʻnalishlari rivojini qattiq taqozo qilmoqda. Bunda, birinchidan, tegishli soha mutasaddilari yordamida filologik tadqiqot yoʻli bilan hal qilinadigan masalalar aniqlanib, muammolar bankini yaratish, ularni tasniflash va ilmiy ish bajaruvchi tashkilot-korxonalarga yuborish lozim. Albatta, ilmiy va oʻquv-ilmiy muassasalarning koʻmagi zarur. Ular fundamental, innovatsion, amaliy tadqiqotlarni oʻz ichiga oladigan xizmat tizimi va strukturasini ishlab chiqadi, amaliy xizmatlarini taklif etadi. Yangi asrda faqat hayotiy-amaliy tatbiqqa ega va isteʼmolchilarga ijtimoiy-iqtisodiy samaraga yoʻl ochadigan filologiyagina yashashga haqli!
– Mehnat faoliyatingiz asosan oliy taʼlim bilan bogʻliq. Ikki-uch yil oldin shu sohaga oid takliflar bilan chiqib, “Ortiqcha qogʻozbozlikdan qutulib, raqamli boshqaruv tizimini takomillashtirish kerak” degan edingiz. Men ham taʼlimning turli boʻgʻinlarida ishlab, asosiy eʼtibor natijaga – talabaning bilimiga emas, jarayonga – oʻqituvchi faoliyatini tekshirishga qaratilganiga guvoh boʻlganman. Takliflaringizdan keyin oradan oʻtgan vaqt mobaynida OTM tizimida qanday oʻzgarishlar boʻldi? Qogʻozbozlik, byurokratizmdan qutulishning nazariy yoʻl-yoʻriqlari-ku koʻp, lekin amal-chi?
– Siz bilan avvalgi suhbatlarimizda ham aytganman: men davlat oliy filologik taʼlimi mazmunidan hech qoniqmadim, rosti, shu sohada ishlayotganimdan xijolatda yuraman. Oʻqitish emas, kun oʻtkazish bu! Taʼlim sifati va jarayoni xarob ahvolda. Modul-kredit tizimiga toʻliq oʻta olmayapmiz. Shuncha davlat hujjatlari yetmaganday, bu borada ham Prezidentimizning alohida ogʻzaki topshiriq berishini kutyapmiz shekilli.
Har bir soha boʻyicha innovatsion guruh tuzib, xorij tajribasini oʻrganib kelib, oʻquv reja, fan dasturlari va darsliklarni tubdan yangilashimiz kerak. Bizda dars mashgʻulotlari hamon oʻtgan asrning 70–80-yillari darajasida olib boriladi. OTM oʻqituvchilarining ish haqi oshirilgani yaxshi boʻldi, lekin quyi boʻgʻinda talab kuchaymadi-da. Aslida, taʼlim borasida takliflar tanlovi oʻtkazib, eng ilgʻor gʻoyalarni ommalashtirish kerak.
Bizda talaba bilan yakka tartibda ishlash ham yoʻlga qoʻyilmagan. Vaholanki, mustaqil taʼlim deganimiz shunga qaratilgan. Mustaqil taʼlim uchun byudjetdan mablag‘ ajratilmaydi, u pedagoglar ish yuklamasiga ham kirmaydi. Shu sabab oʻqituvchiga mustaqil taʼlimning umuman qizigʻi yoʻq. Bunda uni ayblab ham boʻlmaydi. Bu borada aniq takliflarimiz bor: 80 daqiqalik maʼruza psixologik jihatdan oʻzini oqlamaydi, hozirgi talabaning diqqatini shuncha muddat jalb qilib boʻlmaydi, demak, uni 50 daqiqaga tushirish kerak. Seminar va amaliy mashgʻulotlar ham ish bermay qoʻygan, eskirgan. Maʼruzadan tejalgan 30 daqiqani, seminar va amaliy mashgʻulotlarga ajratilgan vaqtni, oʻqituvchiga beriladigan ustama haqni mustaqil taʼlimga yoʻnaltirish kerak. Chunki ilmiy tadqiqotlar, darajalar, til bilish sertifikatlari uchun berilayotgan ustama har doim ham taʼlim sifatini oshirishga xizmat qilyapti deb boʻlmaydi.
Sifat uchun oʻqituvchini masʼul va javobgar qilish – muammo yechimining tayanch nuqtasi. Oʻqituvchi ish staji, diplomi (til bilish darajasi va malaka sertifikati) asosida emas, talabaning oʻzlashtirish koʻrsatkichi asosida ish haqi olishi, ragʻbatlantirilishi, zarur hollarda esa jazolanishi kerak. Talabaning bilimi tizimli va avtomatik ravishda (qoʻl boshqaruvi asosida emas) mehnatga haq toʻlash, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlarga yagona asos boʻlishi lozim. Barchasining, shuningdek, bilimni baholashning mustahkam qonuniy asoslari ishlab chiqilishi, ularning aniq ishlashi va ayniqsa nazorati yuritilishi shart.
OTMda yana bir katta muammo bor: kafedralar boshqaruvi. Kafedra mudiri shoʻro davridan beri ham ilmiy, ham tashkiliy ishlarni boshqarib keladi. Mazkur lavozimga yetakchi olimlar tayinlov/saylov asosida qoʻyilgan. U zamonlarda kafedralarning ishi taʼlim va ilmdangina iborat boʻlgan. Bugun mudirning faoliyat qamrovi shu qadar kengayib ketganki, kun boʻyi kafedrada oʻtirib ishlasa ham yumushlarini nihoyasiga yetkaza olmaydi. Rahbariyat uchun esa ilmiy faoliyat, xohlaymizmi-yoʻqmi, ikkinchi darajada. Yetakchi olimni kafedradagi tashkiliy va hujjatbozlik ishlari uchun tanqid qilish, jazolash rahbariyatning oʻziga ham noqulay. Agar kafedra ishlarini toʻla-toʻkis bajaraman desa, mudir ilmiy faoliyatni yigʻishtirishiga toʻgʻri keladi. Lekin kafedradagi yetakchi professor (akademik) mudir lavozimiga tayinlanmasa ham norozi boʻladi. Albatta, bunda u oʻzicha haq. Chunki mudirlik olim uchun “muqaddas lavozim” boʻlib kelgan. Hozirgi holatda tashkiliy (oʻquv jarayonini boshqarish, hujjatlarni tayyorlash, bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishini nazorat qilish kabi) ishlar kafedra aʼzolarining zimmasiga tushadi. Bu siradagi ishlar lavozim majburiyatiga kirmagani uchun koʻp hollarda masʼuliyatsizlarcha bajariladi. Bu oʻzimning uzoq yillik kafedra mudiri va professor sifatidagi tajribamdan maʼlum.
Taklifim shuki, mudir lavozimini bekor qilib, oʻrniga tashkiliy-boshqaruv ishlariga masʼul kafedra menejeri hamda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanadigan yetakchi professor lavozimini joriy qilish kerak. Menejerlikka tashkilotchi biror xodim tayinlanadi. Yetakchi professor esa jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi, u ilmiy salohiyatni koʻtarish, grant loyihalarini boshqarish, oʻquv adabiyotlarini yaratish singari vazifalarni bajaradi. Kafedra menejeri rektor tomonidan tayinlanadi. Albatta, oʻz qadrini bilgan har qanday yetakchi olim endi menejerlikka intilmaydi, natijada ularning kuchi “oʻtin yorish”ga sarflanmaydi. Yetakchi professorlik tanlov asosida amalga oshirilishi va lavozim majburiyatlari aniq belgilanishi maqsadga muvofiqdir. Bu OTMlarda taʼlimning ham, ilmning ham yuksalishiga xizmat qiladi.
– Yaqinda qiziq bir maqola oʻqib qoldim. Zamonaviy rus adiblaridan biri dunyo boʻylab sayohat qilibdi. U uzoq vaqt “Taraqqiyotga olib boradigan asosiy yoʻl – texnologiyalarda” deb yurgan ekan. Lekin Madagaskardagi turmush darajasi buning aksini koʻrsatibdi. “Taraqqiyot tabiiy resurslarga bogʻliq” degan xulosasini esa olmos va oltin konlariga boy JARning Yohannesburg shahridagi manzara chilparchin qilibdi: naqd markazdagi oynalari sinib ketgan, gaz va suv tarmogʻidan uzilgan 40 qavatli bino, asfaltsiz yoʻllar, bozordagi chirigan mevalar-u Xitoyning sifatsiz mollari, hojatxonaga aylantirilgan lift shaxtalari... Xullas, jinoyatchilik avj olgan bir shahar. “Gap taʼlimdadir?” deb oʻylabdi. Qaydam! Fidel Kastro 1959-yilda Kuba hukumatiga kelishi bilan taʼlimga ahamiyat qaratadi. Orol – davlat savodxonlik borasida dunyoning eng boy mamlakatlaridan qolishmaydi: 96 foiz! Byudjetning 10 foizi taʼlimga sarflanadi. “Siz buni Kubaga kelishingiz bilan his etasiz, deyarli har bir oʻtkinchi ingliz tilida yaxshigina gaplashadi, har qanday mavzuda bahslashadi... Keyin meʼmoriy jihatdan muhtasham, lekin deyarli butunlay vayron boʻlgan binolarga eʼtibor berasiz. Ha, demak, bu yerda sivilizatsiya boʻlgan! Xoʻsh, u nega fatarotga yuz tutdi?” deya savol qoʻyadi yozuvchi. Sayohatchi adibning ayrim bahsli qarashlarini istisno etsak, fikrlaydigan odamni oʻylatadigan gaplar. Yangi Oʻzbekistonning ilgʻor ziyolisi oʻlaroq jamiyat va millat taraqqiyotini nimalarda deb bilasiz?
– Chindan... nahotki taraqqiyotga erishishning aniq formulasi boʻlmasa?.. Men oddiy ziyoli, Yangi Oʻzbekiston istiqboli qaygʻusida yashayotgan vatandosh oʻlaroq jamiyat va millat taraqqiyotini bir necha jihatda koʻraman. Ulardan oʻzim muhim sanaydigan ayrimlariga toʻxtalsam.
Maʼnaviy-axloqiy tarbiya – eng birinchi masala. Inson oliy qadriyat deya ulugʻlanadi-yu, lekin uning asl mohiyati boʻlgan maʼnaviy qiyofani shakllantirish muammosi hali umuminsoniy miqyosda tadqiq etilmagan. Milliy maʼnaviyat haqida durust gaplar aytilyapti, ammo shaxsni maʼnaviy takomillashtirish boʻyicha deklarativ va populistik amallardan, kosmopolitik yondashuvlardan nariga oʻtilmayapti. Umuman olganda, dunyodagi barcha illat, jinoyat, urush va ijtimoiy-siyosiy, ekologik inqirozlarning ildizini shaxs maʼnaviyatidan qidirish, jamiki muammolarning yechimi ana shu nuqtada mujassamligi eʼtibordan chetda qoldi. Dunyoda bu masala goʻyo eskirgan, oʻrta asrlarga xos daqqi tushuncha degandek tasavvur shakllanib boʻldi. Sirasi, shaxsning maʼnaviy dunyosi uning iqtisodiy va moliyaviy oʻpqoniga tushib ketdi. Yangi asr kishisi butun borligʻi bilan global iqtisodiyot hamda insoniyat uchun yagona hukmdor boʻlmish bozorning quliga aylanib qoldi. Bu – eng xatarli global muammo!
Men uchun taʼlim va ilm-fan ham ahamiyatli. Boya aytganimdek, har ikki jabhada amaliy natijalarga eʼtiborni kuchaytirish kerak. Ijtimoiy-gumanitar fanlar amaliy tatbiqdan kundan-kun uzoqlashib borayotganiga tomoshabin boʻlmoq noravodir.
Uchinchisi – ekologiya va tabiatni himoya qilish. Mamlakatimiz atrof-muhitni muhofaza etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga faol kirishmogʻi darkor. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligida obihayotni tejash, suvga tejamkor mahsulotlar yetishtirish, qisqa muddatda tomchilatib sugʻorishga toʻliq oʻtish lozim. Tomchilatib sugʻorishga oʻtish asosida hozir isteʼmol qilinayotgan suv bilan butun Oʻzbekistonni boʻstonga aylantirsak boʻladi.
Alqissa, shaxs maʼnaviyati, amaliy ilmlar, taʼlim va ekologiya muammolari yechilmas ekan, zohiran taraqqiyot deganimiz botinan tanazzul boʻlib qolaveradi.
Nodira OFOQ suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 4-son.
“Zohiran taraqqiyot, botinan...” suhbati