Oʻzingniki emas, oʻzgalarning nodonligi ham yozishga xalaqit beradi.
Eshik yopilganda jimlikning etagi qisildi.
Laganbardor boshliqning erish nuqtasini biladi.
Bu tanqidchi misli jarrohdek: avval jindek maqtov bilan uxlatib, keyin operatsiya qiladi.
Yozuvchi sayoz joyda choʻkadi.
Talant haqida kuyunib gapirganlarning hammasi ham talantli boʻlavermaydi. Chunki hech kim oʻzini talantsizman deb oʻylamaydi.
Kichkina bir yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) boʻlish kerak; katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir.
Kichkina bir ahmoqdan qoʻrqing (masalan, u “qizil” tugmachani bosib yuborishi mumkin).
Kitob – boylik. Lekin sotib olgani emas, oʻqilgani.
Oʻylaymanki, Hamlet, Farhod, Don Kixot, Oblomov singari obrazlar inson xotirasiga tipik xarakter emas, asosan tipik muammo, abadiy savol sifatida mixlanib qolgan. Chinakam badiiy asar hamma vaqt javobsiz savoldir, bordi-yu, adib unda biror muammo koʻtargan boʻlsa ham, bu – amalda hal qilib boʻlmaydigan muammodir. Agar muallif amalda hal qilinadigan vazifa qoʻysa, asosan, ocherk yoki maqola boʻladi. Yozuvchi esa tashviqotchi emas, shoir boʻlishi kerak.
Tanqidchi yosh adibni qimmatbaho fikrlarining oltin yombisi bilan urib mayib qildi.
Adabiyot fan-texnika inqilobi davrida ham ishonch bilan ish koʻrish kerak. Ekzyuperi maqtagan samolyotlar hozir hech narsaga yaramay qoldi. Lekin Mitti Shahzodasi hali uzoq yashaydi.
Dengiz, goʻyo Yerni hushiga keltirmoqchidek, hadeb qirgʻoqqa suv separdi…
Odissey arvohlarni oʻzi bilan suhbatlashishga koʻndirish uchun ularga oʻz qonidan berib tiriltiradi. Yozuvchi tarixiy shaxslar haqida yozganida shunday qilishi kerak.
“Muz oʻchib qoldi!” dedi bola suvda erib ketgan muz parchasini koʻrib.
“Biz XII-XIV asr Dashti Qipchoq (Oltin Oʻrda) turkiy adabiyotini negadir yaxshi oʻrganmaymiz. Vaholanki, bu adabiyot (Qutb, Sayfi Saroyi, Hisom Kotib) sof turkiy til, xalqchillik jihatidangina emas, umuminsoniy mundarijasi bilan ham katta eʼtiborga loyiq. Birgina “Jumjuma Sulton” dostonini oling, Hisom Kotib uni Farididdin Attorga (“Jumjumanoma”) taqlid qilib yozgan. Zamondoshi Dantening “Ilohiy komediya”si bilan taqqoslasangiz, juda antiqa fikrlarga kelasiz. (Masalan, dunyoni vertikal holda olib, yaʼni hamma zamonlarni bir vaqtda jamlab (xronotop), abadiyat uchrashtirib tasvirlash…) Bu ikki muallif bir-birini bilmay turib, maʼnan juda ohangdosh asar yozganiga hayron boʻlasiz.
Alisher Navoiydan oldingi turkiy tilga quloq soling:
Chun ki kelding dunyoya – ketmoq kerak,
Bor kuning yetgancha xayr etmoq kerak!
Hisom Kotib
Soʻngakka ilikdur, eranga bilik,
Biliksiz eran ul – soʻngak beilik.
Adib Ahmad, XII asr
(Darvoqe, “Ilohiy komediya”sining motivlari Al-Maarriydan buyon davom etib keladi).
Yozuvchi yolgʻonni toʻqiydi-yu, haqiqatni yozadi.
Shamol shamni oʻchiradi. Shunga oʻxshab, ayriliq ham shunchaki xushtorlikni sovitishi mumkin, chin muhabbatni esa oʻt oldiradi.
Haqiqat – xudodir: uni hamma biladi-yu, oʻzini hech kim koʻrmagan.
Oʻzimizda boʻlgan tuygʻularni yashirish qiyinmi yoki oʻzimizda boʻlmagan tuygʻularni ifodalashmi? Shukur Burxon mening bu savolimga shunday deb javob bergan edi: ikkalasiga ham artistizm kerak.
Real Aleksandr Makedonskiy – Iskandar bor. Afsonaviy Iskandar Zulqarnayn bor, uni ulugʻlab paygʻambar darajasiga koʻtardilar (Xusrav, Jomiy, Navoiy, Tojiddin Ahmadiy… oʻnlab “Iskandarnoma”larda). Bu – oʻrta asrlarga xos narsa. Menimcha, Temurni biz bunday qilishimiz kerak emas.
Shoir boʻlish yaxshi, shoirlik daʼvo qilish yomon.
Miltiq har otganda oʻzi seskanib orqaga tisariladi.
Tun shafaqning tasmasini kesdi…
Sizif afsonasini bilasiz, “abadiy xarsang”ni ham bilasiz. Mening avlodim oʻsha xarsangni 70 yil davomida “choʻqqi”da yumalatdi. Ichimda nola bor. Goho shu nolani eshitib, Maksim Gorkiyning gapi esimga tushadi. Undan “Ahvolingiz qalay?” deb soʻraganlarida “Maksimalno gorko!” deb javob bergan ekan.
Sadriddin Maqsudiy (Sorbonna dorilfununini bitirgan Istanbul dorilfununing professori) “Oʻrta Osiyo turk davlatlari”, “Qutadgʻu bilig”, “Turk tarixi”, “Forobiyning huquq falsafasi” degan asarlar yozgan. Topish kerak edi, qizi hayot ekan, Odila (Aida) degan. Yirik diplomat. Anqarada. Shundan soʻralsa, balki otasining kitoblarini topib berardi. Bir urunish kerak. Sadriddin Maqsudiy Rusiya dumasida nutq soʻzlab, ruslarning Qoʻqonda yigirmata musulmon maktabini yopganini, Toshkentda Munavvarqorini taʼqib qilishganini, Olmaotada, Oʻshda, Namanganda musulmon ziyolilari siquvga olinganini roʻy-rost gapiradi. (Bu nutq “Vaqt” gazetasida bosilgan).
Yana topish kerak boʻlgan narsalar mana bular:
Husayn Fayizxonov (Marjoniyning shogirdi) 1862 yilda tatar maktablari uchun darslik chiqardi. Unda Navoiying “Majolisun-nafois” tazkirasidan parcha bor.
Abdulaʼlam Fayizxonov (ukasi) 1891 yilda Abulgʻozixonning “Shajarayi turk” asarini nashr qildiradi. Bu olim ham Marjoniyning qoʻlida oʻqigan, uning taklifi bilan besh yil Oʻrta Osiyoda yashab, oʻzbek tilini oʻrgangan (arab, fors, rus, fransuz tillarini bilardi). “Kalila va Dimna” hamda “Toʻtinoma”ni tatarchaga tarjima qilgan.
Zohir (ehtimol Zokirdir) Begiyevning ukasi Muso Begi 1907 yilda Al-Maarriyning “Luzumiyat” asarini tarjima qilib bostirgan.
Sharqshunos Rizo Faxriddinning (1939 yilda vafot etgan) Abu Ali ibn Sino, ibn Battuta, Fuzuliy haqidagi kitoblarini topish kerak.
Turkiy “Iskandarnoma”ning muallifi Tojiddin Ahmadiy (XIV asr) Amir Temur bilan koʻrishgandan keyin Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarini turk tiliga tarjima qilgan ekan. Bu – Sohibqiron siymosiga yana bir chizgi.
Biz ateist ham emasmiz, xudojoʻy ham emasmiz. Biz shunchaki yalqovmiz: xudoning bor yoki yoʻqligi haqida astoydil oʻylashga erinamiz.
Arab alifbosi tillardagi talaffuz oʻzgachaliklarini yoʻqqa chiqaradi, deydi A.Borovkov. Demak, bu alifbo turkiy xalqlarni birlashtirib turardi. Ularni ajratib tashlash uchun alifboni oʻzgartirishdan ham qulay siyosat bormidi?
Xotin kishini qimmatbaho moʻynalarga oʻrasang – sovimaydi.
Oʻrgimchak shamoldan nimadir tikyapti…
Yurak qoni bilan yozgan odam uzun yozolmaydi.
Isteʼdodsiz shuhratparast juda tuban va shafqatsiz boʻladi.
Tarjimondan aniqlik talab qilmang. U chizmakash emas, rassom!
Bizni tanqidchilar qoʻrqqanimiz uchun emas, koʻpincha dadilligimiz uchun urishdi.
Bir qolipdagi (tipovoy) imoratlar, bir qolipdagi shaharlar xuddi shunday bir qolipdagi odamlar va bir qolipdagi fikrlovchilarning paydo boʻlishiga yordam beradi.
Uning shoir boʻlishi uchun faqat birorta kamchilik yetishmasdi.
Qadimda bir donishmand aytgan ekan: “Men vaqtning nima ekanini bilaman. Ammo “Vaqt nima?” deb soʻrasalar, aytolmayman”.
Nazarimda, sheʼriyat haqida ham xuddi shuni aytish mumkin. u benihoya, u bitmas-tuganmas.U oʻzi rad etgan odamgina uni rad etadi.
Xudo insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan.
Bizning avlodda zamonadan qochganlar qutuldi.
Baʼzilar haqida yaxshi gapirsang, laganbardor boʻlasan, yomon gapirish – xavfli.
Shunday yillarni koʻrdikki, baxtli boʻlish uyat edi.