Toyo Bunkodagi anjuman
Tokio shahridagi Sharq kutubxonasi (Toyo Bunko) bir yarim asrdan buyon ilm ahli xizmatida. “Mitsubishi” shirkati homiyligida barpo etilgan maʼnaviyat maskanida bir millionga yaqin kitob mavjud. Binoning yon tarafidagi haybatli tosh ustunlarga sharq tillarida hikmatlar yozib qoʻyilibdi: arabchada – “Chinda boʻlsa ham ilm izlanglar”; forschada – “Amalsiz olim asalsiz ariga oʻxshaydi”; turkchada – “Tarix yozmoq – tarix yaratishdek muhim”...
Oyoqlarga oppoq oyoqqopilarni kiyib, kutubxonaga kirasiz-u ilm ummoniga shoʻngʻiysiz. Kitoblar asosan yaponchada, xitoy va koreys tilida ham koʻp, oʻzbekcha manbalar-da bor. Bu dargohda shovqin qilinmaydi, suratga olinmaydi – telefon-u fotoapparat ostonada qoldiriladi. Shiftga tegadigan ulkan javonlar joyni tejash uchun bir-biriga qapishtirib qoʻyilibdi, orasidan yurib boʻlmaydi. Zarurat tugʻilsa, yashil tugmachani bosish bilan bahaybat javon moshinavoriy yonga suriladi.
Darvoqe, Sharq kutubxonasi – oʻzbek adabiyoti, xususan, jadidlar merosi boʻyicha salmoqli tadqiqotlar eʼlon qilgan professor Hisao Komatsuning ish joyi. Komatsu turkiy tillar, jumladan, oʻzbekchani biladi. Oʻzbekistonda tashkil etilgan anjumanlarda qatnashgan. Fitrat ijodi boʻyicha yaxshi mutaxassis. “Uch jadid va oʻzgargan dunyo” degan maqolasida Ismoil Gʻaspirali, Abdurashid Ibrohim, Abdurauf Fitrat ijodini tadqiq qilgan. “Jadid” gazetasida oʻzbek toʻylariga bagʻishlangan maqolasi ham bosildi. Maqolani Erkin Vohidning hazilnamo “Nega yapon yuz yil yashaydi?” sheʼri bilan tugatibdi.
Hisao Komatsu Oʻzbekistondan professor Shuhrat Rizayev bilan kaminani Tokioga – Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bagʻishlangan xalqaro anjumanga taklif qildi.
Toʻrt kunlik konferensiya boshqa xalqaro anjumanlardan farqli tarzda oʻtdi. Aksar anjumanlarda ummon-u tog‘-u oʻrmon osha yoʻl bosib kelgan olimlarga besh-oʻn daqiqa vaqt beriladi. Tabiiyki, maʼruzachi fikrini batafsil bayon qila olmaydi, bunday qisqa muddatda biror muhim ilmiy masalani muhokama qilish imkonsiz-da. Mehmon ham, mezbon ham bezovta; oʻrtani boshqaruvchi bakovul maʼruza matnlari kitob boʻlib bosilishini bot-bot eslatadi...
Tokio anjumani ishtirokchilari esa bir-bir yarim soatdan chiqish qildi. Maʼruzani takomilga yetkazish uchun ham bir necha oy muhlat berildi. Kechirasiz, oʻrtoq professor, 5-6 betli koʻsagina, xom-xatala matn ketmaydi. Kamida ikki-uch taboqli muhtasham tadqiqot-maqola hozirlamoq lozim.
Anjuman oʻtayotgan Sharq kutubxonasida jurnalistlar yoʻq. Mehmonlarni bezovta qilish, koʻzkoʻzlash uchun intervyu olish urfdan qolibdi ularda. Soʻzbozlik, tashviqparastlikdan xoli, mutaxassislar muhokama etishi, fikr almashishi, bahslashishi mumkin boʻlgan chin maʼnodagi ilmiy anjuman!..
Tokio konferensiyasi yakunida muhim takliflar oʻrtaga tashlandi: 1) jadid merosi namunalarini parokanda-tarqoq oʻrganish toʻgʻri emas, ularni bir joyga jamlab, xazina bunyod etish; 2) oʻzbek matbuoti bilan rus tilidagi arxiv manbalarini muqoyasa qilish; 3) jadidlarni oʻrganish orqali oʻsha davr tarixini ham yoritishga urgʻu berish; 4) usmonli turk arxivlaridagi manbalarni tekshirish; 5) oʻzbek olimlari yozayotgan asarlarni dunyo tili – inglizchada ham nashr etish; 6) jadidchilikning tugal bibliografiyasi va yangi manbalarni eʼlon qilib borish; 7) Jahon jadidshunoslik jamiyatini tuzish...
Sof yaponcha maʼruza
Dasturga koʻra, Tokio xorijiy tillar universitetida uchrashuv ham belgilangan ekan. Oliy muassasada 3 mingdan koʻproq talaba 30 dan ziyod tilni, jumladan, oʻzbek tilini oʻrganadi. Uchrashuv xonasi maxsus jihozlanibdi. Oʻzbekistonlik olimlarning kitoblari, “Jadid” gazetasi nusxalari, yaponiyalik olimlarning tadqiqot ishlari koʻrgazmaga qoʻyilibdi. Uchrashuvga kelgan talabalar orasida Fargʻona jadidlari faoliyatini tadqiq qilayotgan Vatanabe Luka degan yosh olim ham bor ekan. Oʻzbek tilida binoyidek gapiradi.
Dorilfununda oʻzbek tilidan H.Komatsuning shogirdlari Shimada Shizuo va Kimura Satoru kabi professorlar saboq beradi. Ular oʻzbek tili va adabiyoti, madaniyati, olis-yaqin tarixini yaxshi biladi: siz bilan “Oyina”ning bibliografik koʻrsatkichi yoki “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar”, Hoji Muin yoxud Vadud Mahmud maqolalari xususida bemalol fikr almashadi. Mezbonlar koʻproq bizni, turkiyalik professorlar Veli Savash, Zaynobiddin Abdirashid, Bekir Tumenlarni tinglashdi.
Meni hayratga solgani – oʻzbek, turk tilidagi ilmiy materiallarni yapon tiliga tarjima qilgan mutaxassislar hatto salomlashish yoki minnatdorlik bildirishda ham bir ogʻiz oʻzbekcha qoʻshmadi, hammasi toza yaponcha soʻzladi. Oʻzbek tilini oʻrgatib, shuning vositasida tirikchilik qilib yurgan, lekin ona tilimizda bir ogʻiz soʻz aytmagan mutaxassis-muallimlardan aslo xafa boʻlmadik. Shunday tadbir bizdagi biron oliy dargohda boʻlib oʻtayotganini tasavvur qiling: boshlovchi albatta yaponcha salom yoki tashakkur soʻzi aytadi; yana kimdir yaponcha toʻrtta kalima bilsa, chapdastlik bilan chala-chulpa ulab, mehmonlar koʻnglini olishga tirishadi. Qay biri toʻgʻri? Ehtimol, ikkalasi ham toʻgʻridir. Buni milliy zehniyatga bogʻlab tushunish va tushuntirish oʻrinlidir. Dunyodagi eng sirli, sabrli millat boʻlmish yaponlardan oʻz tilida gapirish, zaruratsiz boshqalar lisoniga sakrab oʻtmaslik adabini ham oʻrgansa boʻlar...
Abdurashid Ibrohim izidan
Biror mamlakatga ilmiy safar yo sayohatga borsak, oʻsha hududning jugʻrofiyasi, odamlari, urf-odatlari, mashhur allomalari va bizga taalluqli boʻlgan jihatlariga diqqat qaratishimiz tabiiy.
Oʻtgan asr boshida Yaponiyaga safar qilgan Abdurashid Ibrohim va uning sayohat taassurotlari jamlangan “Olami islom va Yaponiyada islomning yoyilishi” kitobini anchadan beri bilar edim. Muallifning buxorolik ota-bobolari XVIII asr oxirida Sibirga koʻchib, tatarlar bilan qavm-qarindoshga aylanadi. Abdurashid Ibrohim Sibirning Tobolsk guberniyasida tavallud topadi. 1905-yili Peterburgda “Ulfat” degan jadid ruhiyatli gazeta chiqaradi. Dunyo kezishni xush koʻrgan Abdurashid Ibrohim bir necha marta jahon boʻylab sayohatga chiqadi. 1907-yili Toshkent, Samarqand, Buxoro va Fargʻonada ham mehmon boʻladi. Sayohat xotiralaridan shu davrga tegishli tafsilotlar, jadidlarga oid maʼlumotlar izladim. Negadir muallif shaxslar nomini hamisha ham oshkor qilavermaydi, nisbatan umumiy taassurotlarni bayon etish bilan cheklanadi. Samarqand muhiti vasfida bir jumla eʼtiborni tortadi: “Bugun Samarqandda oliyhimmat zotlar tomonidan ochilgan gʻoyat tartibli boshlangʻich va rushdiya-oʻrta maktablar borki, ular butun Turkiston uchun namunadir. Maktab ochgan Abduqodir afandi va homiysi muftiy Mahmudxoʻja janoblari (Shakuriy va Behbudiy nazarda tutilmoqda – B.K.) oʻzbek qahramonlaridandir...”
Abdurashid Ibrohim Turkiston sayohatidan keyin Yaponiyaga boradi (1908), olti oycha yashaydi va “Olami islom”ning katta qismini shu yurtda koʻrgan-kechirganlariga bagʻishlaydi. Professor Komatsu yoʻlbitikning Yaponiyaga oid qismini ona tiliga oʻgirib, kitob shaklida nashr qilibdi – uni bizga mamnuniyat ila koʻrsatdi. Shaxsiy kutubxonamda “Olami islom”ning turkcha nusxasi borligini aytdim. “Agar oʻzbek tiliga oʻgirilib, nashr qilinadigan boʻlsa, men Yaponiya qismi tahririga bajonidil yordam beraman. Chunki koʻpgina yaponiyalik shaxslar ismi va joy nomlarida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan, ularni toʻgʻrilash kerak”, dedi Komatsu domla.
Safar arafasida kitobning Yaponiyaga oid qismidan biroz oʻqigan edim. Qarang, yaponlar hafta kunlarini qanday atar ekan: yakshanba (Nicobey) – quyosh kuni, dushanba (Gicobey) – oy kuni, seshanba (Kayobey) – otash kuni, chorshanba (Soyobey) – suv kuni, payshanba (Mokiyobey) – daraxtlar kuni, juma (Kinobey) – maʼdan/oltin kuni, shanba (Doyobey) – arz/tuproq kuni...
Abdurashid Ibrohim ilk sayohatidan oʻttiz yil oʻtib, yana Yaponiyaga boradi va umrining oxirigacha Tokiodagi birinchi musulmonlar masjidida imomlik qiladi, islom dinining Kunchiqar oʻlka boʻylab tarqalishiga katta hissa qoʻshadi.
“Olami islom” asari mazmuniga qaraganda, Abdurashid Ibrohim Yaponiyada ham islomni keng yoyish niyatida boʻlgan ekan. Muallifning fikricha, nomusli, sogʻlom axloqli va kamtarona turmushni sevgan yaponlar musulmonlikni qabul qilsa bas, ular shundoq ham boshqa barcha fazilatlarga ega”, deb yozadi Hisao Komatsu “Uch jadid va oʻzgargan dunyo” maqolasida.
Nazarimda, rus-yapon urushida qoʻli baland kelgan bu qavm Abdurashid Ibrohimga yuz yillarcha mazlum holda yashab kelayotgan millatini zulmdan ozod etish yoʻlida hamkor boʻlib koʻringan.
“Tama” xilxonasida
Yaponiyada jamoat joylarida dam olib oʻtirgan odamni uchratmaysiz. Koʻcha-koʻy, hatto katta bekatlarda ham oʻrindiqlar yoʻq. Bu, ehtimol, odamlar hamisha harakatda boʻlmogʻiga daʼvatdir yoki boshqa nedir sabab-maʼno bordir... Ammo Toshima okrugidagi “Tama” mozoristoniga kiraverishda haybatli daraxtlar soyasida qator skameykalar qoʻyilibdi. Rus-yapon urushida dengiz flotini jahoniy darajaga koʻtargan admiral Togo Xeyxatironing (1848–1934) qabri ham shu yerda ekan. Susami oroli yaqinidagi jang oldidan u matroslarga “Vatan taqdiri shu jangga bogʻliq. Har biringiz bor kuchingiz ila harakat qiling!” deb xitob qiladi. Urushda yaponlarning bitta, ruslarning esa oʻttizdan ziyod kemasi ummonga gʻarq boʻladi...
Mozorning bir qismi nasroniylarga ajratilibdi. Yonma-yon musulmonlar qabristoni, qabrtoshlar ustida yarim oy, turkcha, tatarcha ismlar, arabiy yozuvlar. Mezbon Komatsu bir qabrni imo qilib koʻrsatdi. Odam boʻyi qabr toshiga arabiy imloda bunday yozilibdi: “Ustoz va kotibi kabiyr, sayyoh va mujohidi shahiyril hoji qozi Abdurashid hazrat Ibrohim Sibir turklaridan. Tubul viloyati Tara shahrida (1269-hijriy) milodiy 1852-yil 17-aylulda (sentyabr) tugʻilgan, (hijriy 1362, 12-ramazon) milodiy 1944-yil 31-avgustda juma kechasi vafot etmishdir”.
Ziyorat asnosida Abdurashid Ibrohimga oid bir dunyo maʼlumotlar esga olindi. Oʻy-kechinmalarni tugal yozish imkonsiz. Imom Abdurashid Kunchiqar yurtga chuqur mehr qoʻyadi. Odamlarni, muhitni, tabiatni, taraqqiyotni, madaniyatni, taʼlimni, texnikani muqoyasa etadi. Taniqli yapon rahbarlari bilan tanishib gurunglashadi. Mahalliy xalq orasidan musulmon shogirdlar yetishtiradi.
Darvoqe, bu tarixiy shaxs Turkiyada ham mashhur. Jumhuriyat madhiyasi (“Istiqlol marshi”) matni muallifi, atoqli shoir Mehmet Akif Ersoʻy ayrim sheʼrlari, xususan, “Safahot” asarini yozishda Abdurashid Ibrohim gʻoyalaridan taʼsirlangan.
Ildirgi: “Olami islom va Yaponiyada islomning yoyilishi” kitobining birinchi qismi 2023-yilda “Muharrir” nashriyotida usmonli turk tilidan Najmiddin Mirmahmudov tarjimasida chop qilingan.
Bepoyonlik, muhtashamlik, bunyodkorlik
Qurbi yetgan kishi bir marta boʻlsa-da Yaponiyani borib koʻrishi kerak ekan. Koʻz oldingizda namoyon boʻlgan bepoyonlik, muhtashamlik, bunyodkorlik aqlingizni shoshiradi. Osmonoʻpar binolar, qatma-qat yoʻllar, uch-keti uzilmagan sonsiz ulovlar (biroq tirbandlik yoʻq), shahar ichidan oqib oʻtgan azim daryolar, zamonaviy koʻrkam kemalar, cheksiz oʻrmon, yashil maydonlar, temir intizom, inson zoti uchun barpo qilingan qulayliklar, tavozega yoʻgʻrilgan muomala-munosabat...
Odam dunyoning qay kunjagiga borishni xohlamaydi deysiz! Koinot-u oʻzga sayyoralarga sayr ham orzumand koʻngil uchun hech gap emas. Bombardimon etilgan Hirosima, Nagasaki shaharlari, qadimiy Kioto yodimizga keldi; Osaka shahrida Oʻzbekiston koʻrgazmasi ish boshlabdi... Imkon esa orzu-istaklarni intizomga soladi. Biz koʻzlagan hududlarni koʻrish uchun bir necha kun lozim. Bu yurtda olti-yetti yildan beri yashayotgan tojir Mirsodiq akaning maslahatiga quloq tutamiz. Ha, albatta Fudziyamaga bormoq kerak! Tokiodan yuz chaqirimcha janubi-gʻarbda joylashgan tog‘, Yaponiyadagi eng yuksak choʻqqi. Mahalliy xalq Fudzini muqaddas sanaydi. Tog‘ choʻqqisidagi yonarvulqon 1707-yilda otiladi va silliq konus shaklida tosh-metin boʻlib qotadi.
Olisdan Fudzi choʻqqisi koʻzga tashlandi: u yangi kelinchak misoli oppoq bulut orasida goh yuzini ochadi, gohida iymangandek harir parda ortiga yashirinadi. Tog‘ boshida choʻgirma – oppoq qor. Yoʻl chetlarida qiygʻos ochilgan sakura – pushti, oppoq, qizgʻimtir... oʻzimizning oʻrik va shaftoli guliga oʻxshaydi. Etakdagi ulkan koʻlda tog‘ akslanadi. Kuzakda ziyoratga borgan mashhur yapon shoiri Basyo bunday yozgan ekan: “Kuz yomgʻiri tinmas, qalin tuman, // Koʻrib boʻlmas garchand Fudzi choʻqqisin, // Biroq u koʻngilga beradi taskin...” (Yapon klassik sheʼriyati. Shabnamda oy aksi. Jabbor Eshonqul tarjimasi. Toshkent, “Zarqalam” nashriyoti, 2006. 33-bet).
Ikki rassom sirli-tilsimli toqqa qarab rasm chizayotir. Sangardak, Qamchiq, Zomindagi archalarga burkangan togʻlarimiz yodga keladi. Biroq biz oʻz togʻlarimizni Fudzi kabi birovga oʻrinlatib maqtay olganimizcha yoʻq...
Besh-olti yapon yoshlari bilan tilmoch yordamida soʻzlashdik. Sanʼat oliygohi talabalari ekan. Yapon adiblarini sanadim: Basyo, Takuboku, Akutagava... Chin hayratdanmi yoki mening koʻnglim uchunmi, yoshlar baravariga qiyqirishdi. Oʻzimizning ulugʻlardan soʻz ochsak, sukutdan oʻzga javob boʻlmadi. Nima ham derdik, dunyo ahli oʻz adabiyoti, madaniyati, tabiatini targʻib-tashviq qilish bilan band-da...
Tazodlar
Yoʻlimizda sayyohlar qadami uzilmaydigan antiqa qishloq bor ekan. Yaponlar necha asrlar muqaddam qanday yashaganini bilish uchun bu yerga birrov kirib oʻtmoq kerak. Kizagi keng shlyapalarni eslatadigan uylarga yaqin boramiz: hamma narsa oʻtmishdagi holida saqlab qoʻyilibdi.
Mutaraqqiy oʻlkalar oʻz qadrini, hurmatini bilish barobarida boshqalarning urf-odat, eʼtiqodiga ehtirom bilan qaraydi. Bu qadimiy yapon qishlogʻi tomoshasiga dunyo musulmonlari ham keladi. Ahli muslim ibodatini emin-erkin ado etishi uchun qishloq ostonasida ikki moʻjaz namozxona ham barpo etilibdi.
Quyuq taygani eslatguvchi oʻrmon oʻrtasidan oʻtgan silliq yoʻldan ketayotirmiz. Odam adashib qolishi hech gapmas, oʻrmon ichida birorta elektron apparat, jumladan, telefon ham ishlamaydi. Oʻziga xos magnit zonasi boʻlishi mumkin – siri hali tugal ochilmabdi. Hayotdan toʻyib, joniga qasd qilmoqni koʻzlaganlar shu oʻrmonga kirib gʻoyib boʻlar ekan. Qiziq, hamma narsa badastir, turmush farovon, qonun poydor, koʻngil yozmoq uchun koʻrkam tabiat manzaralari muhayyo. Shunda ham odamzod oʻrmonga kirib, oʻzini yovvoyi hayvonlarga yem qilsa-ya... Nahot?! Menimcha, oʻlimdan keyingi hayotga, omonat berilgan tana, jon, qalb, aql uchun, har bir amal uchun huzuri ilohiyda hisob berishga ishonmaslik oqibati boʻlsa kerak. Dunyo va oxirat, kelish va ketish, amallarning tarozida tortilishi, doʻzaxdan omonlik tilash, jannat umidi, insoniyat uchun dasturilamal – Kalomulloh haqida oʻyga tolasiz. Inchunin, Yer yuzida Ollohning muqaddas Kitobi yetib bormagan hudud qolmadi...
Qirq yillik qadrdon
Kunchiqar oʻlka sayohati davomida eski qadrdonim – Tinch okean bilan ham diydorlashdim. Magistral yoʻl ostidan, kichikroq tunneldan oʻtdik. Eh-he, bepoyon suv! Hayajonga tushmaslikning hech iloji yoʻq. Qirq yil oldin shu okean sohilida, Naxodka shahridan Vladivostokning Artyomigacha boʻlgan yerlarda harbiy xizmat oʻtaganman. Mana, qirq yil naridagi qadrdon; mana, qirq ming yillik tarixga ega bahri muhit...
Kun botib, shom kirdi. Ummon bilan osmon orasini bitta chiziq ajratib turishini qirq yil muqaddam koʻrganman, shu ikkisining rangi jinday farq qilishiga ham oʻshanda guvoh boʻlganman. Oʻsha chiziq, ayniqsa, quyosh bepoyon ummonga bosh qoʻyayotgan mahal aniq-tiniq zuhur etadi.
Yuzimni yuvaman. O‘-o‘-o‘, oʻsha shoʻr suv taʼmi! Taʼm bilish sezgilari miyaga olis xotiralarni, yoshlikni, hatto moziy hayajonini qaytaradi...
Tilladan qimmat
Qirgʻiz adibi Sulton Rayevning “Tuproq” degan hikoyasi bor. Ahmadjon Meliboyev oʻzbekchalashtirgan. Fudzi togʻi etagidan olingan bir siqim tuproq bilan uchoqqa chiqmoqchi boʻlgan hikoya qahramoni Murodni aeroportda toʻxtatishadi. Maxsus ruxsatnoma boʻlmagani uchun tuproq olib qolinadi, yerga qaytariladi... Ha, Yaponiyada tuproq tilladan qimmat. Bu yurtga borganlar suv olib qaytishi mumkindir, ammo zarra tuproq chetga chiqmaydi.
Biz yerning tub-tubidan, yuzlab metr chuqurlikdan obihayot izlaymiz. Bizda tuproq, quruq yer bisyor, yaponlarda esa suv moʻl-koʻl. Biz suvsagan serunum yerlarga suv keltirib dehqonchilik qilish harakatidamiz. Yaponlar girdogirdini oʻrab olgan suv ustiga tuproq toʻshab, sunʼiy orollar bunyod qiladi. Bu yolgʻon yoki mubolagʻa emas: Tokio biqinida Odayba deb atalgan, taxminan 10 kvadrat km maydonga ega sunʼiy orol bor. Poytaxt bilan orolni ulkan yoysimon osma koʻprik bogʻlaydi. Tunchiroqlari rang-barang boʻlgani uchun Kamalak koʻprik deb atalar ekan. Yaponlar mirishkor-u omilkor xalq ekani haqrost. Tokioda qurilgan metro, yerosti yoʻllaridan chiqqan tuprog‘-u chiqitlardan sunʼiy orol barpo etilibdi...
Shahar ichida yigirma toʻrt tumanni oʻzaro bogʻlaydigan, uning arteriya qon tomiri boʻlmish magistral yoʻllar bor. Tezlik baland, tiqin yoʻq, shunga yarasha yoʻllar pullik. Jamoat ulovi ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Tokio benihoya ozoda, koʻkalamzor kent. Daraxt yaprogʻini oppoq qogʻoz bilan siypab, hamrohlarga koʻrsataman – gard yoʻq. Ob-havo, yomgʻir, ummon kabi omillarni rad etmayman, ammo bu orastagarchilik zamirida kiroyi tarbiya ham yotgani ayni haqiqat. Yaponlar toʻgʻri kelgan joyga chiqindi uloqtirmaydi, koʻcha-koʻyda qisirlatib pista chaqmaydi. Yelkaga osilgan sumkada chiqindi uchun alohida yelimxaltacha olib yurishadi. Musofirlar ham yog‘ tushsa yalagudek tozalangan koʻchalarga biron nima tashlashga istihola qiladi.
Tafakkur moʻjizasi
Tokioda anchadan buyon yashayotgan hamyurtlar tahsinga loyiq yana bir jihat haqida soʻzlab berishdi: 65 qavatli binoning 36-qavatida ishlaydigan yigit shaharda 5-6 ballik zilzila roʻy berganini internet yoki OAV xabaridan bilar ekan. Imoratlar pishiq-puxta qurilganidan ancha-muncha yer qimirlashi hatto sezilmas ekan.
Yaponlar tejamkorlikni xush koʻradi, isrofga yoʻl qoʻymaydi. Ayniqsa, “ixcham” sifati Yaponiyaga uzukka koʻz kabi mos tushadi. Uy, koʻcha, mashina, yoʻlak, zina, mehmonxonalar, sinfxona-yu parta... – bari ixcham. Hatto Olloh yaratgan odamlar ham. Biroq bu millatning yuragi ulkan, shijoati beqiyos, oriyati baland!
Yapon madaniyati har qadamda seziladi: oʻtgan-ketgan bir-biriga mayin tabassum ulashadi. Yoʻlovchilar metro vagonida boshqalarga xalal bermaslik uchun yukxaltasini quchoqlab oʻtiradi. Eskalatorning chap tarafida qator tizilishadi, shoshayotganlar oʻng tomondan bemalol oʻtib ketadi.
Tong saharda Tokio osmonida qargʻalar yoqimsiz qagʻillab qolsa deng. Bizning Chorbogʻda bulbullar oʻrnini afgʻonqush egalladi, biram xunuk “sayraydi” – Tokio osmonidagi qargʻaning ovozi ham shunga monand. Har joyning oʻz qargʻa-quzgʻuni boʻlar ekan-da, degan oʻy oʻtadi xayolimdan. Tokio ahli tinchini buzayotgan qargʻalar orasida bir necha yuz yildan buyon yashayotganlari bordir. Ularga balki Abdurashid Ibrohim hazratning ham koʻzi tushgandir...
Sovgʻa olgani yigirma qavatli katta doʻkon oldida toʻxtaymiz. Mashinalar tiqini muammosi oqilona hal qilinibdi: avtoulov binoning yertoʻlasi yo tomiga lift orqali bir necha daqiqada olib ketiladi. Darhaqiqat, insonga tafakkur, aql neʼmati baloyi nafsini shod etmoq uchun emas, avvalo, oʻziga kiroyi shart-sharoit bunyod qilmoq uchun ham berilgandir.
Yettinchi qavat zinasining shundoq biqinida, shisha devor ichida boʻyi bir metrdan baland loʻppi-loʻppi ochilgan gʻoʻzapoya eksponatga qoʻyilibdi. Paxtaning tabiiyligi, kimyoviy dorilardan xoliligi, sogʻliq uchun foydali ekani xususida maʼlumot ham ilova qilinibdi. Esimizni tanigandan beri bamisoli vujudimizning bir aʼzosiga aylangan paxtani Tokio doʻkonida uchrataman deb hech oʻylamagan edim...
Safar ham qaridi. Bunday mahalda qalbda tushuntirib boʻlmas, begonalikka oʻxshash ismsiz tuygʻular uygʻonadi. Bir hafta mobaynida qadrdon boʻlib qolgan oʻlkani tashlab ketayotganingizdan andak bezovtalanasiz. Ayni choqda, oʻz uyingiz, yaqinlar oʻyi ila koʻzingizga uyqu kelmaydi...
Bahodir KARIM
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Paradokslar oʻlkasi” maqolasi