Sivilizatsiya shomi
Insoniyatning bugungi hayoti oʻz shiddati, taʼsir koʻlami, munosabatlar murakkabligi bilan nafaqat kechmish asrlar, balki bir necha oʻn yil ilgarigi hayotdan ham jiddiy farq qilayotir. Har sohada kuzatilayotgan globallashuv jarayoni inson atalmish mavjudotning jism-u jonini misoli vayronkor quyundek oʻrab-chirmab olmoqdaki, bu shiddat va kuch qarshisida uncha-muncha odamning dosh berishi – oʻzini, oʻzligini, shaxsi hamda aql-hushini saqlashi tobora qiyinlashib boryapti. Oʻspirinlik yoxud yoshlikning nogahoniy shabadaga sezgir jism-u joni ne, hatto hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurgan, oʻzini har narsaga bardoshli hisoblaydigan katta yoshdagi kishilar yurish-turishi, dunyoqarashi, axloqi va umumruhiyatida kuzatilayotgan evrilishlar ham inson zoti tabiatida ortga qaytmas tub oʻzgarishlar boshlanganidan darak berayotgandek. Insonlararo munosabatlarda shafqatsizlik, riyokorlik, sotqinlik, beburdlik, xiyonat singari illatlar misli koʻrilmagan koʻlamda yuzaga chiqayotgandek. Nafsiy intilishlar qutqusi-la avj olayotgan “oʻlat paytidagi shohona ziyofat”larning badboʻy oqavasi komiga odamiy ruh tobora chuqurroq gʻarq boʻlayotgandek. Shunga koʻra, Gʻarb insonshunoslik fanlari tilida “inson degradatsiyasi”, “shaxsning yemirilishi”, “odamning qiyofasizlashuvi”, “sivilizatsiya shomi” singari tushkun iboralar tobora koʻpayayotganini tushunish mumkin.
Bu halokatli evrilishda dunyo ommaviy axborot vositalari faoliyati hal qiluvchi omillardan biri boʻlayotgani sir emas. Darvoqe, ayni sohada paradoks bir holat tobora aniqroq kuzatilyapti. Oʻziga “axborot dunyosi”, “axborotlashgan jamiyat” deb nom qoʻyib olgan bugungi jumla jahonda u yoxud bu voqea-hodisa haqida (u tarixda yuz berganmi yoki kuni kecha sodir boʻldimi – farqi yoʻq!) ommaviy axborot vositalari “topib” tarqatayotgan maʼlumot, “tezkor xabar” qancha koʻpaysa, oʻsha voqea-hodisaga doir asl haqiqat shunchalar mavhumlashib bormoqda. Yangi xabar va “topilmalar” koʻpaygani sari oʻquvchi, tomoshabin, tinglovchi boʻlmish inson dunyoqarashi, ong-u shuurini boshboshdoqlik – xaos shunchalar keng ishgʻol qilayotir. Nafaqat siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-mafkuraviy sohalardagi joriy yangiliklar, uzoq muddatli kuzatuv va hisob-kitobni talab qiluvchi sohalarga oid xabarlarning ham bir-biriga mutlaqo zid mazmunda ekani kishini lol qoldiradi. Bir guruh olimlar insoniyatni, deylik, Yer sayyorasida havo harorati tobora koʻtarilib borayotgani va bu jarayon mudhish oqibatlarga olib kelishi haqidagi bashoratlari bilan qoʻrqitsa, boshqa bir guruh “mutaxassislar” unga teskari gapni maʼqullab karomatgoʻylik qiladi. Yoki 2001-yilning 11-sentabrida AQShda sodir boʻlgan ayanchli hodisalarni, masalan, italyan kinorejissyorlari “9/11 jumbogʻi” nomli hujjatli filmda bir xil talqin etsa, amerikalik kinochilar uning teskarisini “isbotlab” beryapti.
“Uchinchi dunyo”ning koʻplab mintaqalaridagi it egasini tanimaydigan boshboshdoqliklarni qoʻying. 1963-yilni, har jihatdan tartibli, qonunlar amalda boʻlgan, demokratiya va oshkoralik goʻyo toʻliq taʼminlangan Amerikaning Dallasida yuz bergan qotillik – Prezident Jon Kennedining oʻldirilishini eslaylik. Oʻtgan yarim asrdan koʻp vaqt ichida bu hodisa toʻgʻrisida minglab maqola, yuzlab hujjatli va oʻnlab badiiy film, son-sanoqsiz adabiy va publitsistik asarlar paydo boʻldi. Ularni yaratgan har bir muallif bu mudhish voqeaning asl sababi, qotillik buyurtmachilari va ijrochilari toʻgʻrisidagi eng toʻgʻri gapni men aytdim, deyishi aniq. Biroq... Biroq bu “eng toʻgʻri gap”lar koʻpaygani sayin, voqeaning asl ildizlari ustiga tortilgan tuproq shunchalik qalinlashib bormoqda. Hozirgacha ilgari surilgan yuzlab versiyalar ichida haqiqatga eng yaqini, hatto asl haqiqatni oʻzida mujassam etgan talqin ham boʻlgandir. Biroq endi bizni – shuncha “aniq axborot”, “ishonchli maʼlumot”, “asl manba”dan voqif oʻquvchi, tomoshabin, tinglovchini unga ishontirishning, afsuski, iloji yoʻq.
Eng achinarlisi – inson diqqati asl masala mohiyatidan uzilib, u mazkur muammo haqida “erkin, individual, shaxsiy fikr-qarashi”ni izhor etayotgan tomonlar oʻyiniga mahliyo boʻlib qolmoqda. Holbuki, muhokamaga mavzu boʻlgan oʻsha masala, muammolar vaqtida yechimini topmasa (ular orasida odam zotiga isnod keltiruvchi bir jinsli nikohlardan tortib, arab mamlakatlarida xudoning bergan kuni nobud boʻlayotgan begunoh odamlar qismatigacha bor!), erta oʻtib indin butun insoniyat taqdiriga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Shunisi taassufliki, aksariyat “dunyo manim deganlar” – yirik va taʼsirdor davlatlar boshqaruvchilari (toʻgʻrirogʻi – ularni shu mansabga loyiq koʻrgan kuchlar!) suvning yanada loyqalanishidan manfaatdordek taassurot qoldiradi...
Oyoqqa turayotgan Shaxs
Endi ana shu axboriy talotumlar ichida kun kechirishga, oyoqqa turishga majbur yosh insonning holatini koʻz oldimizga keltiraylik. Uning dunyoqarashi, didi, axloqi, ruhiyati va kayfiyati, bir soʻz bilan aytganda, shaxsi shakllanishiga taʼsir oʻtkazadigan omillarning rang-barangligi, ziddiyatliligiga diqqat qilaylik.
Bizningcha, ahvol odam bolasi taqdiriga bitilgan bir oʻzgarmas qonun bilan yanada chigallashadi. Dunyoga kelgan goʻdakning bobo-buvisi, ota-onasi har qancha olam sirining tubiga yetgan ahli donish boʻlmasin, oʻz zurriyodiga tabiiy tarzda nari borsa rang-u roʻyi, tashqi qiyofa va ayrim jismoniy-ruhiy imkoniyat va qusurlarini meros qilib oʻtkazadi, xolos. Ularning yillar davomida yigʻib-tergan bilimi, hayotning achchiq suvi burnidan kirib koʻzidan yosh boʻlib chiqishi evaziga toʻplagan bebaho tajribalarini boyagi bolajonga tez va soz koʻchirib oʻtkazishning imkoni yoʻq. Zamonaviy til bilan aytganda, yosh odamcha vujudi kompyuter protsessori emaski, boshqa manbada ishlangan va toʻplangan falon gegabayt maʼlumotni birgina sim vositasida koʻz yumib ochguncha unga oʻtkazib boʻlsa... Yana ham boshqacha qilib aytsak, rus yozuvchisi A.Belyayevning “Professor Douelning boshi” romanidagi singari voqealar hozircha faqat fantastik asarlar imkoniyatidagi ish boʻlib qolmoqda.
Demak, dunyoga kelgan goʻdak xuddi ajdodlari singari nima issig‘-u nima sovuqligi, nima Shirin-u nima achchiqligi, nima yaxshi-yu nima yomonligi, nima mumkin-u nima uyat ekani... – hamma-hammasini oʻzi oʻrganib-oʻzlashtirib bormogʻi kerak. Taʼlim-tarbiyaning ne-ne aqllar oʻylab topgan jamiki usul-vositalari, pedagogika texnologiyalari, millionlab tarbiya oʻchoqlari va murabbiylar – barcha-barcha omillar ana shu ishga – odamdan inson yaratish, shaxs tarbiyalashga safarbar qilinadi. Bagʻoyat aniq ishlovchi yangi texnik anjomlar-u kompyuter boshqaruv tizimiga ega boʻlgan sex novidan tap-tayyor, ikki tomchi suvdek oʻxshash holda chiqadigan sanoqsiz buyumlardan farq qilaroq, hayot maktabi atalmish “sex”da tayyorlanadigan “mahsulotlar”ning birortasi bir-biriga oʻxshamasligi barobarida, ularning hech qaysisiga “soʻnggi ishlovdan chiqqan, foydalanishga toʻliq yaroqli” mazmundagi muhrni bosib boʻlmaydi.
Bugun inson zotida kuzatilayotgan noxush oʻzgarishlar, aqlga yot jinoiy harakatlar toʻgʻrisida maqolamiz avvalida aytgan edik. Biroq, shuni ham eslatish oʻrinliki, mazkur holatlar muayyan muhitning – odam javharini yemiradigan tarbiyaning (yoxud tarbiyasizlikning) oqibatidir. Aslida esa Yer yuzining qayerida koʻz ochmasin, odam bolasi tabiatan shunday holda, oʻshanday qabih amallar sodir etish uchun tugʻilmaydi. Marhum Ozod Sharafiddinov domla bir maqolasida eslatgan manzara esa to odamzod bor ekan, shaklan oʻzgarib qaytarilaveradi: tosh davridagi diplomsiz pedagog qoʻlidagi choʻqmori, qalbidagi pushaymoni bilan qoyaga haftalab darj etgan alamli eʼtirofni bugungi soqolsiz oqsoqol ayfon telefoni ekraniga qadoq neligin bilmagan, bargizubning tanasiday nozik barmoqlari bilan yozmoqda: “Yoshlar aynib ketdi...”
“Xato mening nazarimdandur...”
Agar yuqorida bir qismi eslatilgan muammolarga yurtimiz yoshlari taqdiriga koʻrsatadigan taʼsiri nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, ularni chinakam xalqtuzar, yurtsevar, insonparvar qilib voyaga yetkazishda ijtimoiy-gumanitar fanlarning oʻrni va ahamiyati yaqqol namoyon boʻladi.
Baʼzan ayrim odamlardan “Huquqshunos degani yuridik fanlarni, boʻlgʻusi doʻxtir anatomiya, ximiyani yaxshi bilsa boʻldi-da, amaliyotda ularga shular kerak boʻladi, ijtimoiy fanlarni oʻqitib vaqt oʻtkazish, talabalarni chalgʻitishdan nima foyda?” qabilidagi gaplarni ham eshitib qolamiz. Yuzaki qaraganda, ular haqdek tuyuladi. Biroq bu qarash nechogʻli toʻgʻri, shunday qarash bilan uzoqqa borib boʻladimi?
Inson oʻz qadr-qimmatini anglashi, imoni butun, irodasi baquvvat boʻlishi, oldiga qoʻygan maqsadi ezgu va aniq shakllanishi uchun u, avvalo, toʻgʻri, mantiqli fikrlash koʻnikmasini egallashi lozim. Uning oqni qoradan, aslni soxtadan ajrata olish qobiliyati ham tarix, adabiyot, falsafa va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar yordamida oʻzlashtiriladigan bilim va tajriba kuchi bilan tezroq va samaraliroq ochiladi, charxlanadi.
Ishora qilganimizdek, odamzod yaratilishida uning tabiatiga oʻrnashgan fazilat va qusurlar zamonlar oʻtishi bilan oʻz tusini har qancha tovlantirib borgan boʻlmasin, mazmunan hamda mohiyatan katta oʻzgarishga, evrilishga uchragan emas. Yaʼni ibtidoda inson bolasiga yoqqan narsa hozir ham yoqadi, oʻshanda uning yuragiga botgan narsa uni hozir ham azoblaydi. Yanada joʻnroq ifoda etsak, hozir ham oʻgʻrilik qarovsiz qolgan tuxumni oʻmarishdan, xiyonat esa “qoʻshnining xotini qiz koʻrinishi”dan boshlanadi.
Miloddan avvalgi zamonlarda hukmfarmoning muayyan mamlakatni bosib olib, boyligi va xalqiga egalik qilish istagida qonli urush boshlagani bilan XXI asr ikkinchi oʻn yilligida jahonning biron bir mintaqasiga “demokratiya eksporti” oʻrtasida katta farq yoʻq. Birgina farq: minglab yil ilgari yashagan “johil podshoh” asl niyatini yashirib oʻtirmay, hukmni ham oʻz nomidan chiqargan boʻlsa, hozir taraqqiy etib ulgurgan davlatlar oʻsha mazmundagi hukmning “kollegial tarzda” qabul qilinishi, “demokratiyaga tashna xalqlar talabi” shaklini olishiga diqqat qaratyapti, xolos...
Masalaning bu jihatlarini insoniyat tarixini ostin-ustun qilib yuborgan katta muhorabalar mavzuyiga bagʻishlangan mashgʻulotlarda talabalarga taʼsirchan tushuntirib borish oʻta muhimdir. Ayniqsa, jahon urushlarining asl sabablari, shu urushlar oqibatida dunyo xaritasida yuz bergan tub oʻzgarishlar, mazkur muhorabalar kimning tegirmoniga koʻproq suv quyganini bizning farzandlarimiz – oʻzbek yoshlari albatta chuqur bilib olmogʻi lozim. Shundagina ularning tarixni toʻgʻri idrok etish, uni milliy manfaatlar negizida tushunish, turli talqinlar oʻrtasidagi farqni anglash va bu farqning sabablarini ilgʻash qobiliyati yuksaladi. Bu qobiliyat, bilim va tajriba esa ertangi kun egalarining yurt taqdiriga daxldor masalalarga tiyrak qarashi, yaqin-yaqinga qadar bizni yetovga muhtoj xalq deb bilgan ustomonlar oldida yana sodda va goʻl holda qolmasligi, bir soʻz bilan aytganda, oʻz kelajagini butunlay oʻz qoʻliga olishiga kafolat boʻladi.
Shu oʻrinda yaqinda dunyodagi yirik davlatlardan birining rahbari bilan boʻlgan telesuhbatni yodga solmoqchiman. Kerak boʻlsa, undan saboq olish zarar qilmaydi, deb oʻylayman. Keyingi yillarda oʻsha rahbarga yoqish uchun har narsaga tayyorligini oshkora namoyish etayotgan telejurnalistning savollaridan biri bunday yangradi: “Nima deb oʻylaysiz: urush boʻladimi?” Rahbarning javobi esa bunday boʻldi: “Menimcha, dunyoda jahon urushini boshlashga jazm etadigan tentak topilmasa kerak...”
Suhbatdoshlar ishonch bilan, xotirjamgina aytayotgan bu gaplarni eshitib oʻtirib koʻnglimdan shunday oʻylar kechdi: Arab dunyosi, Afgʻoniston va yana boshqa oʻnlab hududlarda boʻlayotgan xudkushliklar nima? Urush emasmi? Oʻsha joylarda har kun hech bir aybsiz qurbon boʻlayotgan odamlarning joni sabilmi? Bu odamlar jahon urushida qurbon boʻldi nima-yu, bugungi talotumlarda oʻldi nima – ularning qarindosh-urugʻlari, farzandlari uchun qanday farqi bor? Qolaversa, bu suhbatdoshlar urush deganda faqat yurtida kechadigan xunrezliknigina tushunadimi? Faqat yurtida kechsagina urushni, uning butun dahshatini his qiladimi?..
Oʻtgan yili poytaxtimizdagi oliy oʻquv yurtlarining birida tahsil olayotgan, tengdoshlari orasida oʻzining bilimi, ong-u tafakkuri ilgʻorligi bilan ajralib turadigan bir talabamiz Germaniyada oʻtkazilgan nufuzli konferensiyada ilmiy maʼruza bilan qatnashib, favqulodda taassurot va xulosalar bilan qaytdi. Uning eʼtirofi quyidagi mazmunda boʻldi: “Biz ham oʻqiyapmiz, aʼlochimiz, deb yurgan ekanmiz. Toʻgʻri, baʼzi mamlakatlardan kelgan talabalardan kam joyimiz boʻlmagandir, lekin olmon talabalari bilimining chuqurligi, dunyoqarashining kengligi, koʻp tilni bilishi, eng muhimi – milliy va global darajada fikrlashi bilan barchani qoyil qoldirdi. Ularning dunyo siyosatidan qanchalar boxabarligi, tarix hamda bugungi kun oʻrtasidagi bogʻliqlikni idrok etishi, deyarli hammasining bobolari qilgan mudhish jinoyat – Ikkinchi jahon urushidagi qilmishlar uchun chin dildan xijolat tortib gapirishi, oʻz xalqi tarixiga tik va obyektiv qaray olishi – bu millatning kelajagidan soʻzsiz darak berib turibdi...”
Darhaqiqat, yurtimizdagi bugungi oʻquvchi, talaba ham erta oʻtib indin mamlakat boshqaruvi, uning ichki va tashqi siyosati, iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga daxldor vazifalarni egallaydi. Ular har bir hayotiy dolzarb muammoga millat va mamlakatning nafaqat hozirgi manfaatlari himoyasi, balki uzoq kelajakdagi taqdiri nuqtayi nazaridan ham qaray oladigan, shularga tayanib ish koʻradigan mutaxassislar boʻlmogʻi lozim.
Faqat bir qismini eslatganimiz ana shu muhim jihatlardan kelib chiqsak, milliy va umuminsoniy tarixni, uning oʻzgarmas mantigʻi-yu oʻzgaruvchan talqinini chuqur bilmaydigan diplomat, iqtisodchi, senator va vazirni – umuman, mutaxassisman, rahbarman deydigan odamni tushunish, uni... oqlash mumkinmi? Axir uning bu ahvoli oʻz oilasi, bir siqim xesh-u aqrabosi hayotigagina emas, butun millat va mamlakat taqdiriga daxl etishi mumkin-ku!
Yoxud maktab va oliy oʻquv yurtida adabiyotga shunchaki vaqt oʻtkazish, boʻlar-boʻlmas afsonalar, kitobiy gaplarni oʻrgatuvchi dars deb qarab kelgan, uni bor-yoʻgʻi kirish imtihonining bir “bloki” deb bilgan boʻlgʻusi mutaxassis – shifokor, huquqshunos, bogʻcha mudirasini tasavvur qiling. Insoniy mehr-shafqat, oriyat, odamiy xulq-atvor ifoda topgan adabiyotga yuragini ochmagan, birovlarning – oʻzi hech qachon koʻrmagan odamlarning yetim bolasi boshini silab, yuvib-tarab, borini berib yedirib-ichirgani yetmaganday, “Koʻzim usti minnating boshimga durra!” (Gʻafur Gʻulom) deya oladigan xalqi qalbini his qilmagan, demakki, bu xalqqa begona nazar bilan qaraydigan bunday “mutaxassis” qoʻliga tushgan odamni ne koʻyga solishi maʼlum-ku!
Yoki ming turli bahona-yu sababni roʻkach qilib, oʻzga yurtlardan jannat qidirgan, oʻzidek inson bolasini – Ollohning bandasini sud-soʻroqsiz otib-yoqib, soʻyib-koʻmib, shu tuban amal ustida suratlarga tushib yurgan, ayni yoʻl bilan goʻyo muqaddas dinni himoya qilib, uning olam uzra yoyilishiga “hissa” qoʻshayotgan kimsalarga oʻz vaqtida adabiyot muallimi hazrat Navoiyning loaqal quyidagi bayti mazmun-mohiyatini anglatib ulgurganida edi:
Bu korgahda xato kelmadi chu bir sari moʻy,
Xato mening nazarimdandur, xato koʻrsam...
Yoxud oʻsha muallim, bir tomondan, mutafakkir bobomizning, avvalo, komil musulmon, bu din maqsad-muddaosi, buyuk vazifasini teran uqqan olim boʻlgani, hatto ismiga qoʻshilgan eʼtirof va eʼzoz sifati – Nizomiddin ham aynan “dinni nizomga keltiruvchi” degan maʼnoni anglatishini; ikkinchi tomondan esa, har turli kallakesar guruhlarga qoʻshilib, qora bayroqni koʻr-koʻrona boshi uzra hilpiratgancha qoʻlini qonga botirib yurgan kimsalarning oqlab boʻlmas kirdikorlarini shogirdlariga eslatib, ular qalbiga quruq nasihat emas, hazrat bobomizning mana bu oʻgitlarini singdirsa, siz-u biz kutgan samaraga erishilar balki:
Kim musulmonlig‘ aylasa daʼvo,
Chin ermas, gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur
Tili-yu ilgidin musulmonlar...
Axir oʻsha adabiyot muallimi qoʻlida bir-biridan oʻqishli va taʼsirli manbalar – soʻz sanʼatining mumtoz namunalari boʻlaturib, uning oʻquvchisi oltita “diniy kitob”ni oʻqib qolgan chalamulla daʼvat etgan hujraga bosh egib kirib ketayotgani odamga alam qilmaydimi?!
Daʼvomiz quruq boʻlmasligi uchun baʼzi asarlarni eslatishimiz mumkin. Bu asarlarga esa, yuqorida gina qilganimiz ayrim adabiyot muallimlarininggina emas, yurtimizning istalgan hududidagi taʼlim muassasasi pedagoglari, professor-oʻqituvchilarining qoʻli bemalol yetadi. Masalan, XIX asr rus adabiyotining ulkan hodisasi – Fyodor Dostoevskiyning “Бесы” (“Jinlar”, ustoz tarjimon I.Gʻafurov talqinida – “Iblislar”. “Jahon adabiyoti” jurnali, 2014 yil 1–12-sonlar) romani odamzod tarixidagi eng qonli inqilob “ijodkori” – Vladimir Lenin chaqaloqligida – 1870–72-yillardayoq yozilib, insoniyatga ogoh qoʻngʻirogʻi boʻlib yangragan edi. Shunisi hayratlanarliki, Rossiyani ichdan yemirish, odamzodning ming yillik hayot ustunlarini agʻdar-toʻntar qilib tashlash maqsadida, gʻirt xudosiz S.Verxovenskiyning “otashin tili” bilan aytganda, “bor-yoʻgʻi yuz million odamning boshini uzish kerak boʻladi, xolos!” deya ish boshlagan, inqilobchi niqobidagi “jinlar”ning yoshlarni yoʻldan urish uchun qoʻllagan usullaridan bugungi diniy ekstremistik guruhlar ham deyarli oʻzgarishsiz foydalanmoqda...
“Kelin”ni koʻrib... kurash maydonigami?
Endi, bir-birimizga tik qarab, baʼzi savollarga javob beraylik: yurtimizning qay bir maktabi, akademik litseyi, kasb-hunar kolleji yoki oliy oʻquv yurtida “Jinlar” yoxud shu singari jiddiy asarlar muhokamasi oʻtkazildi? Necha nafar pedagogimiz shogirdlariga ana shunday asarlarni ham oʻqish va uqish lozimligini, hechqursa, eslatdi? Umuman, bu asarlarni oʻqigan, muhim jihatlarini ilgʻay olgan, ularning maqsad-mohiyatini bugungi kun hayoti bilan bogʻlab farzandlarimizga tushuntirib bera oladigan murabbiylar koʻpmi?
Axir shu va shu singari asarlar (F.Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo” romani, J.Oruelning “1984”, “Molxona” asarlari, S.Moyemning “Parijdagi notanish odam” romani, E.Sevelaning “Toʻxtating samolyotni, tushib qolaman” qissasi va yana boshqa oʻnlab adabiy polotnolar, N.Berdyayev, E.Fromm, Ortega-i-Gasset, I.Bunich kabi koʻplab faylasuf, adib, muarrixlarning jillaqursa oʻzbek tiliga oʻgirilgan kitoblari, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Maʼnaviy hayot” jurnallarida paydar-pay eʼlon qilinayotgan traktatlari) misolida, ularning taʼsirli va tushunarli tildagi talqinlari yordamida yoshlarimiz qalbi hamda ongiga maʼrifat nurini olib kirish, ularni jaholat xurujidan ogoh etish mumkin emasmi?
Demoqchimizki, chinakam erkin hamda mustaqil insonni, oʻz hayotiy aʼmoli va mustahkam eʼtiqodiga ega shaxsni tarbiyalash – quruqdan-quruq nasihatbozliklar; yuqoridan keladigan komissiya koʻzi va hisobotlar uchun qilinadigan xashaki tadbirlar; bogʻcha bolalariga oʻrgatiladigan “kelin salom”lar; bir daqiqalik intervyuni ham TV xodimlari “kashfiyoti”– kamera yonboshida ushlab turilgan noutbuk ekrani yoxud qogʻozga qarab oʻqib berishlar; dunyo kino sanʼatining noyob durdonalari qoʻlimizda boʻlgani holda, oʻzini bilgan hind tomoshabini ham koʻrishga or qiladigan “Kelin” otlig‘, achchiq ichakdek uzun videofilmni qancha mablag‘ va vaqtning isrofi evaziga tarjima qilib, oʻttiz ikki millionli xalqqa “ilinish”lar... bilan boʻladigan ish emas.
Agar biz shaxs tarbiyasi, millat kamoli, mamlakat qudrati masalalarini jiddiy ish deb qabul qilsak, bu ishga yondashishimiz ham shu darajada jiddiy hamda professional boʻlmogʻi darkor. Binobarin, bundan bir asr ilgari istiqlol yoʻlida qoʻlidan kelganki yumushga unnagan, butun bilimi, kuchi va hayotini shu yoʻlda fido qilgan maʼrifatparvar Abdurauf Fitrat taʼkidlaganidek, “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu maydonning quroli sogʻlom jism-u tan, aql va axloqdir... Agar saodat, izzat, osoyishtalik, rohat, sharaf, nomus va eʼtibor kerak boʻlsa, tezroq avlod tarbiyasi usullarini bilib olib, bolalarimizni shu usul va qoidalar asosida tarbiya etishimiz lozim”.
Rahmon QOʻCHQOR
“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 2-son.
“Dunyo – kurash maydonidir” maqolasi