Soʻz – atomdan kuchli. Bu koʻp bora aytilgan haqiqat. Adabiyotning qon qoniga “atom”ning kuchini oʻtin yorishga sarflamaslik kerak degan qoida singib ketgan. Boshqa sohalarda ham soʻz shunday qudratga ega. U inson mulki. Uning ongi, tafakkuri, butun dunyoqarashi, millatining mahsuli. Demak, har bir sohada soʻzning qudrati, qadri bor. Shu kabi siyosatda ham!
Siyosatda soʻz “boshqaruv”, “gʻoyalar kurashi”, “harakatga/harakatsizlikka keltirish”, “undash, chorlash” kabi koʻplab vazifalarni bajaradi. Koʻz oldingizga keltiring, qoʻgʻirchoq teatrida qoʻgʻirchoqlar bir harakat bilan qoʻlini koʻtaradi, raqs tushadi, harakatlanadi – ongsiz ravishda. Soʻz ham shunday taʼsir kuchiga egaki, u ongli insonni ham bemalol boshqara oladi.
Soʻz deganda faqat nutqlar, matnlar tushunilmaydi. Tilshunoslar noverbal usul deb aytadigan harakatlar ham borki, buning natijasida ham ongimizda soʻz paydo boʻladi. Bunda “tana-soʻzlovchi” (turli qoʻl ishoralari, mimikalar, his-tuygʻu ifodalari), “surat-soʻzlovchi”, “video-soʻzlovchi”, “kino-soʻzlovchi”, “qoʻshiq-soʻzlovchi” kabi koʻrinishlarda boʻlishi mumkin.
Amerikalik politolog, sotsiolog G.Lassuell “Язык власти” kitobida tilga hokimiyat holatini namoyon qiladigan, siyosiy tendensiyalarni belgilovchi omil sifatida qarash lozimligini, soʻz va hokimiyat bir-biri bilan chambarchas bogʻliq ekanini aytadi.
Soʻz – propaganda, manipulyatsiya, kommunikativ strategiya deb aytilayotgan har qanday kuchli taʼsir usullarining asosi. Xoʻsh, bu “qurol”dan bizning siyosiy sferamizda qanday foydalaniladi? Deputatlar, siyosat sohasidagi faollar, rasmiy idoralar xalq bilan muloqotda soʻzdan oʻrinli foydalana olmoqdami? Siyosiy muloqotlarda aslida doimiy muloqot ishtirokchisi boʻladigan omma, xalq-chi? Soʻzning taʼsirini qanday anglaydi?
Biz har kuni davlat bilan “gaplashamiz”
Siz davlatdan har kuni turli xil “message”lar olasiz. Ularning koʻrinishi, yetkazish usuli har xil. Bular sizga nutqlar, rasmiy bayonotlar, turli xil koʻrsatuvlar, sharhlar, OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetib boradi. Masalan, qonun hujjatlari ham davlatning siz bilan muloqoti. Unda belgilangan har bir norma davlatning sizga aytayotgan “soʻzi”.
Kimdir unga “javob qaytaradi”, kimdir shunchaki qabul qiladi. Lekin har ikki holatda ham siz toʻliq muloqot ishtirokchisiga aylanasiz. Shu sababli siyosatga qiziqmayman, deydiganlar ham bir kunda bir necha marotaba davlat bilan “gaplashadi”.
Har bir yangilik, oʻzgarishlarga qaysidir maʼnoda oʻz munosabatimizni bildirib borishimiz, “davlat” bilan muloqotimizni mustahkamlaydi. Axir, faqat eshituvchi suhbatdosh boʻlish ham kommunikatsiyani “oʻldiradi”.
Tilshunoslikda davlatning xalq bilan muloqotini oʻrganadigan yoʻnalish kommunikativ strategiya va taktika doirasida tahlil qilinadi.
Siyosatda kommunikativ strategiya – bu butun boshli muloqotning ipidan ignasigacha, natijasigacha rejalashtirishdir. Taktika esa shu rejani amalga oshirish usuli.
“Siyosatga qiziqmayman”, “u bilan ishim yoʻq” deydiganlar, qayerdasiz? Shu yerda boʻlsangiz bilib oling, aslida siz har kuni uyda oʻtirib telefon, televizor, gazeta va boshqa visitalar orqali siyosat bilan miriqib “suhbatlashasiz”. Siz istaysizmi-yoʻqmi, gapirasizmi yoki gapirmaysizmi, siyosat “gapiraveradi”. Gap esa teshik qulogʻimiz orqali, albatta, ongimizga yetib boradi. Shuning uchun befarqlik bilan “mening ishim yoʻq” deyish – men oʻz taqdirim bilan qiziqmayman deyishdek gap.
Mamlakatdagi oʻzgarishlar, avvalo, har birimizning ongimizdagi oʻzgarishlar bilan uygʻun boʻlgan taqdirdagina real hayotimizda toʻla-toʻkis aks eta boshlaydi.
“Qovun tushirish”lar davlatga ishonchsizlik keltiradi
Soʻz shaxmat oʻyini boʻlsa, nutq har bir oʻyinchining oʻz oʻyin qoidasi. Bu tilshunoslar koʻp eslatadigan haqiqat. Shunday haqiqatki, soʻz notiqning tilida zarga, noʻnoqning tilida zaharga aylanadi.
Siyosat kishisi uchun soʻzni oʻrinli ishlatish, uni his qilish juda muhim.
Ijtimoiy tarmoqlarni titkilasak deputatlarimiz, davlat boshqaruvining maʼlum bir funksiyasini amalga oshiruvchi rasmiy idora vakillari va bir qator siyosatchilarimiz oʻz nutqlarida “qovun tushirgan” holatlarini bemalol topib olamiz. Aybsiz Parvardigor. Biroq xalq davlat bilan shu siyosiy vakillar orqali “gaplashadi”. Ularning soʻzini davlat soʻzi deb qabul qiladi. Shunday boʻlgach, bu soʻz degani oʻrinli, toʻgʻri, mazmunli boʻlishi kerak. Chunki davlat va xalqni bu muloqot orqali oʻzaro ishonch bogʻlab turadi.

Mayli, nomma nom aytmaylik. Lekin muloqotda “qamoqda oʻtirish bilan qoʻrqitgan”, “Konstitutsiyada bor moddani yana qayta taklif qilgan”, “koʻp goʻsht yeyishda ayblagan”, “pivani koʻp ichgan ayollarda moʻylov paydo boʻlishini aytgan” va yana bir qator trendga chiqqan “qovunchilar” ancha muhokamalarga sabab boʻldi. Eng yomoni, xalq ularning nutqidan keyin davlatga nisbatan ishonchiga putur yetayotganini koʻrsatdi. Bu boʻyicha memlar, karikaturalar rosa avjiga chiqdi.

Hazil hazilku-ya, lekin oʻynab gapirsang ham oʻylab gapir, degan maqol bejiz aytilmagan.

Xoʻsh, nimaga odatda siyosatchilarimiz nutqlarida bunaqa “kalla qoʻyisha”di. Oʻylashimizcha, juda oz, balki ozdan ham kam siyosatchilarimiz oʻz “siyosiy imidj”lari ustida bosh qotiradi. Imidj degani chiroyli kiyinish, qimmat kostyum-shim bilan oʻlchanmaydi. “Siyosiy imidj”ning namoyon boʻlishidagi asosiy faktorlardan biri, aslida, taʼsirchan nutq hisoblanadi. Amaliyotda koʻpincha vazirlar, deputatlar tayyor matnlardan foydalanishadi. Matn uzun, raqamlarga toʻla, butun faoliyat yoritilgan, shablonli hisobot shaklida boʻladi. Bu koʻrinish esa muloqotni “oʻldiradi”. Oʻylashimizcha, allomalarimiz aytganidek, siyosatchilar nutqi toʻgʻri, ravon, qisqa, adolatli, yaʼni yolgʻon aralashmagan va albatta, chiroyli talaffuzga ega boʻlishi lozim. Buning uchun shunchaki hisobotlardan iborat matn emas, taʼsirchan, maqsadli, mazmunga boy, fikr bor, aniq gaplar yoritilgan matnlardan foydalanish kerak. Soʻzga xuddi inju kabi munosabatda boʻlish, faqat adabiyotchilar uchun emas, siyosatchilar uchun ham suv va havodek zarurdir.
Masalan, hukumat va xalq muloqotining bir koʻrinishi: deputatlarimiz qonunchilikdagi ayrim oʻzgarishlarni maʼqullashgani haqida xabar berdi. Unda nikoh, jamoat joylarida kiyinish, koʻp xotinlikni targʻib qilish boʻyicha kiritilayotgan yangi, qatʼiy normalar bor. Bular ijtimoiy tarmoqlarda muloqotlarning markazini tashkil qildi. Blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qizgʻin bahslarga kirishdi.
Deputatlarning bu “message”lariga berilgan “javoblar” qayta aloqaga ham zarurat paydo qildi. Alisher Qodirov bu boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.
Gap bu haqida emas. Gap siyosiy muloqotlarning chalkashligida. Yaʼni, deputatlar bu xalqning vakillari, xalq ular orqali hukumat bilan “gaplashishi” kerak.
Lekin kuzatishlarimizga koʻra, koʻpincha deputatlarimizning xalq bilan “gapi bir joydan chiqmay” qoladi. Aslida, xalq vakillari uyi, avvalo, xalq bilan samarali kommunikatsiya qoidalarini yaratib olishi kerak.
Hozir tashqaridan qarasak, “xalq bilan xalq” muloqot qilayotgandek. Siyosiy kommunikatsiyada qonunchilik palatasi deputatlari “xalq”ga aylanishi va “xalq va hukumat” muloqotini yaxshi yoʻlga qoʻyishi lozim.
Xalq vakillari xalq bilan muloqotni toʻgʻri va samarali tashkil qilib, davlat bilan xalq oʻrtasida ishonchli “koʻprik” vazifasini oʻtashi kerak.
Shunda samarali kommunikatsiya ishonchga aylanadi.
Siyosat haqida gapirmaslik kerakmi?
Siyosat qoʻrquv, gapirmaslik, “nozik” odamlarning “nozik” mavzulardagi tor doiradagi suhbatlarimi? Yoʻq, siyosat aynan siz-u biz, xalq bilan bogʻliq faoliyat. Jamiyatni boshqarishga qaratilgan faoliyat. Biz istamaymizmi, qiziqmaymizmi yoki xohlamaymizmi, siyosat doim biz bilan. U oʻz faoliyatini biz bilan bogʻliq tarzda olib boraveradi.
Qarashlarimizda siyosatga tilni tilib boʻlsa ham gapirmaslik kerak boʻlgan “yuksak” soha sifatida emas, sizning, mening, hammamizning taqdirimiz sifatida qarash shakllanishi lozim. Shunda biz haqimizda gapirilayotgan gaplar, qilinayotgan ishlar, islohotlar bizga ham qiziq boʻla boshlaydi.
Nega baʼzan yutuq yoki kamchiliklar haqida gapirishdan koʻra, jim turishni afzal koʻramiz?
Buni bir holatga oʻxshatgim keladi. Kichkina qizim qaysargina. Har safar opasi qoʻshiq aytsa, yigʻlab, xarxasha qilib uni toʻxtadi. Mayli, u yigʻlab shovqin qilmasin deb, biz ham undan aytmasligini soʻraymiz. Shu bilan opasi ham istamaygina toʻxtaydi.
Muloqotlardagi maʼlum mavzuga qoʻyilgan “chegaralar” ham shunday paydo boʻladi. Aslida, baland ovozda aytilayotgan muammo faqat bir kishiga yoqmasligi mumkin. U kuch bilan “mavzuni yopishga” harakat qiladi: baqiradi, qoʻrqitadi... Atrofdagilar ham “qoʻy, shu shovqin qilmasin, aytmay qoʻya qol”, deydi. Koʻpchilik soʻzi bilan mavzuga “nuqta” qoʻyiladi. Senzurani jamiyatning oʻzi ham paydo qiladi. Eng yomoni, oʻzimiz oʻzimizga qoʻygan “chegaralar”.
Bir marta “ogʻzi yopilgan” odam, keyingi safar oʻz “ichki chegarasi” bilan muloqotda shu mavzuni ochmaydi.
Samarali kommunikatsiyaning muhim talabi esa oshkoralik, shaffoflik, ishonchli axborot, adolatli tanqid va albatta, oʻzaro ishonch!
Har qanday chegara bu omillarning barchasini yoʻq qiladi. Bularsiz oʻtgan muloqot “maska” kiyib olgan odamga oʻxshaydi.
Davlat, xalq, OAV, faollar hech bir yolgʻonlarsiz, shaffof, oshkora, ishonch bilan gaplashganda siyosat insonlar manfaati uchun xizmat qila boshlaydi.
Sitora BARLIBOYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi