Begali Qosimov ilmiy faoliyatining hammasini toʻlaligicha jadidlar mavzusiga bagʻishlagan, ularning maʼrifatparvarlik sohasidagi, millatni uygʻotib hozirgi zamon sivilizatsiyasiga esh qilish yoʻlidagi harakatlarini davom ettirgan edi. Deyarli yarim asr davom etgan bu ish jarayonida Begalining oʻzi ham jadidlarning qay bir xislatlarini oʻzlashtirib olgandek koʻrinardi. Shuning uchun “Soʻnggi jadid” degan laqab unga juda mos tushgan edi…

Begali doktorlik dissertatsiyasi ustida ish boshladi. Tabiiyki, bu tadqiqot ham jadidizm masalasiga bagʻishlangan boʻlib, endi Begali uni katta koʻlamda, hamma nazariy jihatlari bilan birga yoritishni maqsad qilib qoʻygan edi. Biroq bu paytga kelib, mafkuramizda yana bir evrilish sodir boʻldi – endi jadidlar masalasini umuman tilga olish mushkul boʻlib qoldi. Mahalliy “dohiylar”imizdan allaqaysisi, bilsa-bilmasa, “Jadidlar sinfiy dushmanimizdir” degan “hikmat”ni aytipti. Shoʻrolar davrida, ayniqsa Oʻzbekistonda mafkura ana shunaqa ahvolda edi. Nima qilmoq kerak? Bu mavzudan voz kechish – oʻzbek adabiyotining chorak asrlik tarixidan voz kechish demak edi. XX asr birinchi choragidagi adabiyot tarix sahifalaridan oʻchirib tashlansa, adabiyot rivojida uzilish roʻy berar, uning tadrijiy rivojlanish yoʻllarini izohlash mumkin boʻlmay qolardi…

Ozod SHARAFIDDINOV,

Oʻzbekiston qahramoni

Bolaligimda otamning ishdan kelishini uxlamay kutardim. Meni har kuni ozroq oʻynatib, soʻng bagʻriga bosgancha sekingina “Girya”ni kuylardi. Hadeganda uxlayvermasam birin-ketin gʻazal oʻqirdi. Otam xirgoyi qilmasa uxlab qolganimni sira eslolmayman.

Toʻngʻich farzandman. Ismimni Adiba deb otam qoʻygan. Adabiyotga daxldor odam boʻlishimni istab shu ismni tanlagan deb oʻylayman. Bir singlim, ikki ukam bor. Otam hammamizni birday yaxshi koʻrar, birday ardoqlardi. Har birimizga alohida eʼtibor qaratardi.

Har bahorda otamning ota yurti Qashqadaryoga borardik. Har safar dovon orqali yurardik. Doim lola terishga toʻxtardik. Otam yoʻl-yoʻlakay manzillarning tarixini toʻlib-toshib gapirib berardi. Tarixda boʻlgan voqealar koʻz oldimizda jonlanib, buyuk Amir Temur bobomiz yonimizda turganday boʻlardi goʻyo. Shuning uchun biz – bolalar otamni eshitishni xush koʻrardik. Koʻpincha adabiyotshunos Qozoqboy Yoʻldosh yoki shifokor Jumanazar Beknazarov biz bilan qishlogʻimizga borardi. Ular bora-borguncha sheʼr oʻqirdi.

Qishloqqa kirmay, avval bobom va momomning qabrini ziyorat qilardik.

Soʻngra bobo hovlimizda bayram boshlanib ketardi. Hamma bizni intiq kutgan, diydorni sogʻingan boʻlardi. Amma-yu amakilarim bilan dasturxon boshida gurung boʻlardi. Bahr-u baytga ulangan suhbatlar yarim tungacha davom etardi. Bahr-u baytda har doim biz yutqazganmiz, chunki ular koʻp sheʼr yodlashgan edi.

Amaki va ammalarimning aytishicha, otam maktabda aʼlo bahoga oʻqigan ekan. Ilmga chanqoqligi bois oʻn besh yoshidayoq talaba boʻlgan. Oʻylashimcha, otamning yetuk olim boʻlishida oiladagi muhit muhim ahamiyat kasb etgan. Chunki otamning ota-bobolari ham ilmli, sanʼatga oshufta kishilar boʻlgan. Ilmga, sanʼatga oshuftalik ajdodlar genidan oʻtgan deya gapirardi amakim Shomurod Qosimov. Bobom qishning uzun tunlarida farzandlarini sandal atrofiga yigʻib, dutor chalib berar ekan. Shundanmi, otam ham dutorni maromiga yetkazib chalardi.

Uyimizdagilar otam uch marta oʻlimdan qolganini koʻp eslashadi. Chaqaloqligida otam qattiq kasal boʻladi. Hech qanday dori-darmon kor qilmaydi. Isitmasi tushavermagach, bobom “asrab qololmasak yolgʻonchining shamolini ham bir koʻrsin” deb chaqaloqni tashqariga olib chiqib, shamolga qaratib qoʻyadi. Shundan keyin xudoning marhamati bilan otam tuzalib ketadi.

Bir kuni choʻmilishga borgan otam ariqqa kalla tashlaydi-yu, ancha vaqt suv yuziga qaytib chiqmaydi. Olisroqda buni kuzatib turgan bobom oʻgʻlini qutqarib oladi.

Uchinchisida boʻlajak olim tok urishidan omon qoladi.

Shularni eslaganimda, Xudo otamning jonini katta ishlar uchun asrab qolganmikan deb oʻylayman.

Otam har ishda tartibni birinchi oʻringa qoʻyardi. Nonushtani ham, kechki ovqatni ham oila bilan birga yeyishimiz shart edi. Hamma birga ovqatlansa mehr boʻladi derdi. Agar kimdir yetib kelolmasa, albatta uni kutardik. Yana, qanday ovqat boʻlishidan qatʼi nazar, bir qoshiq qoldirmay oxirigacha yeb qoʻyishimizni aytardi. Otamning eng sevimli taomi chuchvara bilan ugra (keskan osh) edi. Shuning uchun uyimizda bu taomlar tez-tez tayyorlanardi.

Oqshom soat toʻqqizdan soʻng chiroqlar oʻchirilib, hammamiz uxlardik. Otamning har bir soniyasi hisobli edi. Masalan, har kuni nonushtadan soʻng mashinkada bir-ikki qogʻoz yozardi. Bizdan ham vaqtning qadriga yetishni talab qilardi. Kun davomida qilgan ishimizni birma-bir kundaligimizga yozishimiz shart edi. Otam ishdan keliboq hammaning kundaligini tekshirar, xatosiz yozgan kishini mukofotlardi. Hatto oilaviy dam olishga borsak ham tartibga qattiq amal qilardik. Har yili yozda Shohimardonga borganimizda otam kallai saharlab hammamizni uygʻotib, mashq qilishga undardi. Barvaqt uxlashga ham qoʻymasdi. Kechki ovqatdan keyin hazmi taom uchun sayr qilardik, badminton yoki voleybol oʻynardik.

Uyda hech kimning ovozini balandlatib gapirishga haqqi boʻlmagan. Hatto ota-onam ham juda sekin gaplashardi. Ularning muhabbatichalik muhabbat koʻrmadim. Bir-birini eʼzozlar, avaylar edi. Otamning onamga sizlab gapirishi farzandlariga doim oʻrnak boʻlgan.

Qattiqqoʻl boʻlishiga qaramay, otam juda samimiy, hazilkash, mehribon inson edi. Dilozorlikni yomon koʻrardi. Esimda, uyimizda bir mushuk bor edi. Uni Qarshi shahridan olib kelgandik. Oʻsha mushuk doim otamning yelkasiga chiqib olardi. Bir kuni otam ishdan kelsa, oʻsha mushuk uyda yoʻq. Qochib ketibdi. Oʻshanda otam mushukka ozor bergansizlar, shunga qochib ketgan deya ancha kungacha biz bilan gaplashmay yurgan.

Quyi sinfda oʻqirdik. Bir kuni bekor oʻtirganimizni koʻrgan otam Jyul Vernning “Oʻn besh yoshli kapitan”i va Mayn Ridning “Boshsiz chavandoz”ini oʻqishni buyurdi. Avvaliga kitoblarni oʻqigim kelmadi. Lekin otamning jiddiy nigohidan qoʻrqib, istab-istamay qoʻlga oldim. Keyin asar voqealariga shu qadar shoʻngʻidimki, ular ichida yashay boshladim. Fikr-u xayolim shu kitob boʻlib qoldi. Shu-shu adabiyotga mehrim tushdi. Hatto boshqa darslarni qilmay, burchak-burchaklarda kitob oʻqiydigan boʻldim.

Uyga vazifalarni tayyorlashda ham otam yordam berardi. Ayniqsa yodlashga berilgan gʻazallarning maʼnosini bilmasak, ularni maromiga yetkazib tushuntirardi. Maktabda birorta oʻqituvchi gʻazallarni u kishiday sharhlab bergan emas.