Dunyo koʻz oʻngimizda oʻzgarmoqda. Zamonaviy texnologiyalar turmushimiz, qadriyatlarimiz, gohida eʼtiqodimizni yangi oʻzanlarga burmoqda. Ayniqsa, jadal taraqqiy etayotgan sunʼiy intellekt sohasi insoniyatga aql bovar qilmas yutuqlarni vaʼda etmoqda.
Azaldan intellekt, ong, aql-faqat insondagina mavjud va u biologik va ijtimoiy asosga ega hodisa deb hisoblanar edi. Ammo mazkur tushuncha keyingi yuz yilda ancha oʻzgardi.
Dastlab chex fantast yozuvchisi Karel Chapek XX asrning 20-yillarida sunʼiy intellektga ega robotlar haqida yozgan edi. Oʻtgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab robotlarning turli avlodlari yaratildi. Darhaqiqat, badiiy adabiyot gohida bashorat va yangi gʻoyalarni ilgari surishda ilm-fandan ham oʻzib ketishi mumkin.
Sunʼiy intellekt yuqori darajadagi psixika va tafakkur asosidagi tabiiy ongdan farqli oʻlaroq, mashinalar tomonidan avvaldan belgilangan algoritmlar paradigmasi va dasturlar kombinatsiyasiga asoslanadi. Yaʼni bu – inson aqliga tayanib bajaradigan jarayonlarning mashina va kompyuter tizimlari tomonidan bajarilishi, simulyatsiya qilinishi. U mustaqil, tabiiy ravishda shakllanmagan, balki inson faoliyati mahsulidir. Shu bois ham “sunʼiy” deb sifatlanadi.
Mutaxassislarning fikricha, universal kuchli sunʼiy intellekt mustaqil holda maʼlumot yigʻadi, xotirasida saqlaydi, oʻzini oʻzi dasturlaydi, mustaqil fikrlaydi, oʻzi xulosa chiqarib, oʻzi qaror qabul qiladi. Hozircha bunday salohiyatga ega sunʼiy intellekt mavjud emas, ammo uning baʼzi unsurlari va xususiyatlari paydo boʻlayotir.
Hozircha oʻrta darajada boʻlgan sunʼiy intellekt bugungi kunda takomillashib bormoqda. Google onlayn-tarjima tizimi ilgari bir tildan ikkinchisiga tarjima qilishda soʻzlar va gaplarni boʻlib-boʻlib oʻgirar edi. Bu tarjimaning sifatiga salbiy taʼsir qilar edi. Shu sababli tarmoq mustaqil ravishda bu usuldan voz kechib, jumlani toʻlaligicha tarjima qilishga oʻtdi. Natijada tarjima sifati va maromi ortdi.
Olimlar sunʼiy intellektning dastlabki koʻrinishlaridan boʻlgan – botga muzokara olib borish, muloqot qilishni oʻrgatmoqqa kirishdi. Shunisi qiziqki, sinovni oʻtkazayotgan ekspertlar dastlab kompyuter bilan muloqot qilayotganini sezmay ham qolgan. Bot suhbatdoshini chalgʻitib, oʻzini kelishuvga kelayotgandek qilib koʻrsatishga uringan. Kompyuterning mustaqil va ayyorona harakat qilayotganidan xabar topgan mutaxassislar hayratdan yoqasini ushlagan. Taniqli tadbirkor va ixtirochi Ilon Mask ham sunʼiy aqlga ega boʻlgan temirtanlar insoniyatga katta xavf solishidan ogohlantirgani bejiz emas. “Bizga sunʼiy intellektning keragi yoʻq, katta hajmdagi maʼlumotlarni yodida tutadigan sunʼiy xotira boʻlsa bas” deydi u.
Kompyuter dasturi allaqachon shaxmat boʻyicha eng isteʼdodli grossmeysterlarni ham osonlik bilan yengmoqda. Ular inson yordamisiz yangiliklar yetkazib bermoqda, matnni qayta ishlab tahrir qilmoqda. Dunyoning koʻplab media markazlari, teleradiokompaniyalar, axborot agentliklari sunʼiy intellekt yordamidan foydalanmoqda.
Hayratlanarli yana bir jihat shuki, inson hayotlik davrida uzoq muddat muloqotda boʻlgan, uning tarjimai holi, kechmishidan xabardor boʻlgan, uning feʼl-atvorini maʼlumotlar bazasida saqlab qolgan robot uning oʻlimidan keyin ham qisqa-qisqa jumlalar bilan muloqotga kirisha oladi. Mashina bakidagi yonilgʻi miqdorini maxsus koʻrsatkichga qarab aytib bera olganingizdek, sunʼiy intellekt ham inson organizmidagi hayotni taʼmin etuvchi kuch-quvvat, resurslar holatini aytib beradi. Shu tariqa sunʼiy idrok insonni uning sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan hissiy, ruhiy azoblardan, stresslardan muhofaza qiladi.
Inson organizmiga ulangan datchik uning yurak urishi, qontomirlarning holatini nazorat qilib, maʼlumotlarni poliklinikadagi shaxsiy maʼlumotlar bazasiga yetkazib turadi. Olingan maʼlumotlar sunʼiy intellekt dasturida tahlil qilinadi. Shifokor shu natijalarga tayanib kerakli maslahat beradi. Hozir bu usul Xitoyda kosmonavtlar salomatligini nazorat qilishda qoʻl kelmoqda.
Zamonaviy dasturlar insonning yuz tuzilishi, barmoq izlari, nutq, ovoz tembrini bexato aniqlaydi. Mutaxassislarning fikricha, yaqin kelajakda haydovchisiz avtomobillar ommalashadi. Ogʻir xastaliklarga tez va aniq tashxis qoʻyadigan tibbiyot uskunalari ishga tushadi. Robotlar hovlilarimizni supurib, uylarimizni yigʻishtiradi.
“Biz besh-oʻn yildan keyin kompaniyamiz byudjetining katta qismini insonning koʻz nurini oʻtkirlashtiradigan, eshitish qobiliyatini yaxshilaydigan, til boyligini oshiradigan, fikrlash doirasini kengaytiradigan, bir soʻz bilan aytganda, uni yashartiradigan va baxtli yashashiga xizmat qiladigan sunʼiy intellekt yaratishga qaratamiz” deydi “Facebook” platformasi asoschisi Mark sukerberg.
Tobora ommalashib borayotgan robot-androidlarning intellektual salohiyati oʻrtamiyona maktab bitiruvchisining bilim darajasichalik emasdir. Shunga qaramay, intellektual tizimlar hozirdanoq inson ogʻirini yengil qilib, kuchli aqliy zoʻriqishga sabab boʻluvchi yumushlarni ado etayotir. Bunga misol sifatida aeroportlarda parvozlarni muvofiqlashtirishga xizmat qiluvchi axborot-tahlil tizimlarini keltirish mumkin. Ular vaziyatni meteorologik sharoit, samolyotlarning uchish-qoʻnish jadvali, masofa, tezlik singari yuzlab parametrlarni umumlashtirgan holda nazorat qiladi hamda insonga – muhandisga maqbul maʼlumotlarni taqdim etadi. Samolyotlardagi avtopilot imkoniyatini ham shu siraga qoʻshish mumkin. U laynerni boshqaradi, lekin algoritmda koʻzda tutilmagan favqulodda vaziyatlarda mustaqil, noodatiy qaror qabul qila olmaydi.
Fantast adiblar shunchaki gʻaroyib “aqlli mashinalar”, robotlar, avtomat qurilmalarni qalamga olib qolmay, ular tugʻdiradigan xavf, inson erki va hayotiga ehtimoliy tahdidlar haqida ham yozgani maʼlum. Yaqin-yaqingacha badiiy asarlarda tasvirlangan ziddiyatlar real hayotdan uzoq, fantastik asar uchun zarur dramatik kolliziya deb qabul qilinardi. Ammo odamzod ertaklar haqiqatga aylanadigan zamonga yetib keldi. Sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar, “chapek robotlari” real xavf tugʻdirishi mumkinligi tobora oydinlashmoqda.
“Facebook” mutaxassislari sunʼiy intellekt dasturi oʻrnatilgan kompyuterlar begona tilda mustaqil ravishda muloqotga kirishganidan xabar topib, tizimni oʻchirib qoʻygan. Gap shundaki, faqat ingliz tilida gapiraverish sunʼiy intellekt dasturlarining “jon”iga tegib, odamlardan yashirin ravishda yangi til yaratgan.
Albatta, har qanday texnologiya kabi sunʼiy intellekt ham inson nazorati ostida rivojlansa, jamiyat koriga yarashi aniq. Ammo u tajovuzkorlik, dunyoga hukmronlik qilish kabi gʻarazli maqsadlarga yoʻnaltirilishi ham mumkin. Qolaversa, u odamlarga boʻysunmay qoʻysa, fantastik asarlar, filmlardagi kabi vayronkorlik sodir etsa-chi?! Sunʼiy intellekt yordamida kar-soqov va koʻzi ojizlar, falaj boʻlib qolgan bemorlar davolangani yaxshi, ammo superqotilni, superterrorchini yaratishga urinish boʻlmaydi deb kim kafolat beradi?
Sunʼiy idrokning jadal ravnaqi jamiyatning iqtisodiy, huquqiy va axloqiy asoslariga taʼsir koʻrsatishi, yangi-yangi muammolarga doyalik qilishi ham mumkin. Deylik, ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashuvi ish oʻrnining muntazam qisqarishiga olib keladi. Bir tomondan, inson ogʻir mehnatdan qutuladi, ikkinchi tomondan, texnologiyalar uni ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishdan siqib chiqaradi. Ilm-fan taraqqiyoti boʻyicha Amerika assotsiatsiyasining Vashingtonda oʻtgan yillik yigʻilishida ishlab chiqarishda band boʻlgan xodimlarning 70 foizi robot texnikasining rivojlanishi sababli ishsiz qoladi degan xulosaga kelingan.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari dunyodagi jami ish joylarining qariyb 40 foiziga toʻldirish va almashtirish yoʻli bilan taʼsir koʻrsatadi, deydi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi direktori Kristalina Georgieva. XVJ maʼlumotlariga qaraganda, iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda sunʼiy intellekt taʼsir etishi mumkin boʻlgan ish oʻrni ulushi 60 foizni tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu koʻrsatkich 40 foiz, daromadi past mamlakatlarda esa 26 foizga toʻgʻri keladi.
Boshqa bir guruh olimlar esa xavotirga oʻrin yoʻqligini uqtirmoqda. Ularning fikricha, odamlar sunʼiy idrok sababli ishsiz qolishdan qoʻrqmasligi lozim. Avvalo, ish hammaga yetadi. Qolaversa, yangi texnologiyalar zamonida yangi kasblar paydo boʻladiki, odamlar ularni oʻzlashtirishiga toʻgʻri keladi. Sunʼiy idrok har qanday holatda ham shogird, dastyor rolida qolaveradi, inson esa unga murabbiylik qiladi (Paul Daugherty, James Wilson. Human+machine: Reimagining Work in the Age of AI. Harvard Business Review Press, 2018).
Ulug‘ mutafakkir Jaloliddin Rumiy “Har nechuk mahrumiyat – muyassariyat” deya oʻgit berganidek, davr muammolari odamzodga yangi imkoniyatlar eshiklarini ham ochadi. Toʻgʻri, anʼanaviy kasb-hunarlarning avtomatlashtirilishi yoki robotlar tasarrufiga oʻtishi mutaxassisliklar nomenklaturasini qayta koʻrib chiqishga majbur qiladi. Ammo pirovardida odamlarning ish vaqti qisqarib, boʻsh vaqti koʻpayadi. Tejalgan vaqtni esa inson jismoniy va maʼnaviy yuksalish yoʻlida istifoda etmogʻi lozim.
Intellektual deb ataladigan mashinalar inson kabi fikrlash salohiyatiga ega emas. Ammo ular uzoq vaqt talab qiluvchi vazifalar, jumladan, minglab fakt-hodisalarni tahlil qilish, shu asosda ilmiy farazlarni ilgari surish, matematik teoremalar, murakkab jumboqlarni tezkorlik bilan tekshirish imkoniga ega. Ixtirochilar bu hali boshlanishi degan fikrda. Poʻlatdan ikki yuz barobar kuchli va soch tolasidan million marta yupqaroq nanomateriallar, 3D texnologiyasi asosida yana qancha alomat jihozlar allaqachon ishlab chiqilmoqda.
Hisob-kitoblarga qaraganda, oʻta murakkab operatsiyalarga qodir boʻlgan sunʼiy intellekt 2029-yilga borib yaratiladi. IBM konserni hamda Shveysariyaning Lozanna Politexnika instituti 2025-yilda inson bosh miyasining sunʼiy modelini ishlab chiqishni koʻzlagan. Bu borada AQShdagi bir necha ilmiy laboratoriyalarda ham izlanishlar olib borilmoqda.
Sunʼiy idrok global xavfsizlikka qanchalik taʼsir koʻrsatadi? Ushbu masala BMT tuzilmalarida ham muhokama qilinmoqda. Xalqaro hamjamiyat yaqin va uzoq istiqbolni xavotir va hadik bilan baholayotgani bejiz emas. Sunʼiy intellekt texnologiyalarining terrorchilar, transmilliy jinoiy toʻdalar qoʻliga tushishi global xavfsizlik uchun qaltis oqibatlarga olib kelishi tayin. Ekspertlarning bong urishicha, insoniyat sunʼiy intellekt sabab koʻz koʻrib, quloq eshitmagan xavf-xatarlarga roʻbaro‘ boʻlishi mumkin. “Biz tahdidlarni bartaraf etish choralarini koʻrmas ekanmiz, hozirgi va kelgusi avlodlar oldidagi burchimizni ado etmagan boʻlamiz” deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Sunʼiy intellekt tizimi taraqqiy etar ekan, mualliflik huquqi, umuman, intellektual mulk huquqi jabhasida ham bahs-munozaralar kuchaymoqda. Xoʻsh, sunʼiy intellektning ijod mahsuliga kim egalik qiladi? Mualliflik patenti kimga beriladi? AQSh okrugi sudi qaroriga binoan, sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan asarlar mualliflik huquqi bilan himoyalanmaydi.
Yangi texnologiyalar plagiat, koʻchirmachilik illatining avj olishiga yoʻl ochmoqda. 2022-yil 30-noyabrda ishga tushirilgan “ChatGPT” muloqot boti turli savollarga javob qaytarishi, talabalarga insho va nazorat ishlari tayyorlab berishi mumkin. Mazkur bot hatto sheʼr ham yozadi. Mutaraqqiy mamlakatlarda oʻquvchi va talabalar allaqachon sunʼiy idrok dasturi yozib bergan matnni oʻz ijod mahsuli sifatida taqdim qilmoqda. Bu hol mualliflik huquqini himoya qilishni yanada qiyinlashtiradi. Qolaversa, ushbu texnologiya sababli kopirayterlar, jurnalistlar, oʻqituvchilar, huquqshunoslar va boshqa soha vakillari ishsiz qoladi degan xavotir ham mavjud.
Toʻrtinchi sanoat inqilobi koʻlami va murakkabligiga koʻra insoniyat ilgari guvoh boʻlgan biror tarixiy hodisaga oʻxshamaydi. Biologik va raqamli dunyoni birlashtiradigan yangi texnologiyalar barcha sohalar, jumladan, siyosat, iqtisodiyot va madaniyatga taʼsir koʻrsatmoqda. Toʻrtinchi sanoat inqilobining asosini esa sunʼiy idrok tashkil etadi. “Sunʼiy intellekt insoniyat saodatimi yoki halokati?” degan savol barchani oʻylashga majbur qilmoqda. Texnologiyalarning nazoratsiz rivojlanishi yadro urushi, pandemiyalar kabi hatto insoniyat sivilizatsiyasiga xavf soluvchi fojialarga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois mutaraqqiy mamalakatlarda sunʼiy intellektni nazorat qiluvchi qonunchilikni ishlab chiqishga urinishlar allaqachon boshlangan. Yevropa Ittifoqi sunʼiy intellekt xavfini toʻrt toifaga ajratuvchi qonun hujjati hozirlamoqda. Xitoyda 2023-yilda qabul qilingan qonunda siyosiy jihatdan nozik kontentni cheklash hamda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishdan avval ishlab chiqaruvchilardan ruxsat olish talabi belgilangan.
Toʻrtinchi sanoat inqilobi nafaqat kundalik hayotimiz, yumushlarimizni, balki asl “men”imizni ham oʻzgartirmoqda. Inson shaxsiyati, oʻzligiga taʼsir koʻrsatayotgan yangi voqelik murakkab falsafiy-ontologik muammolarni ham kun tartibiga chiqarmoqda.
Shu vaqtgacha aql, ong Olloh tomonidan insonga ato etilgan neʼmat yoki yuksak materiyaning xossasi, voqelikning, olamning inson ongida ideal aks etishi, deb taʼriflanar edi. Anʼanaviy qarashlarga koʻra, inson ongi olamni, voqelikni shunchaki passiv, mexanik tarzda koʻzgu kabi aks ettirib qolmay, uni faol tahlil qiladi, zamonda (voqealar xilma-xilligida) va makonda (narsa-hodisalarning yonma-yon, ketma-ket joylashuvida) idrok etadi, baholaydi. Zarur holda u voqelikni oʻzgartirishga, takomillashtirishga harakat qiladi, yaʼni unga yaratuvchilik xos. Ong, aql faqat insonda mavjud, u inson bilan birga ijtimoiy-tabiiy evolyutsion tarzda shakllangan va takomillashgan, degan qarash ustun edi. Jahoniy aql, absolyut (mutlaq) gʻoya, absolyut ruh ongning, aqlning manbai degan idealistik nuqtai nazar ham diniy qarashlarning ilmdagi ifodasi edi.
Ilm-fan taraqqiy etgach, maymunlar, otlar, delfinlar kabi hayvonlarning rivojlangan turlarida murakkab psixika, ong boʻsagʻasi (ongoldi) mavjudligi maʼlum boʻldi. Lekin ular ong boʻsagʻasidan oʻta olmasligi, tafakkur darajasiga yeta olmasligi ham oydinlashdi. Sirasi, ong mohiyatiga doir qarashlar oʻzgarmay qoldi.
Sunʼiy intellekt maydonga chiqqach, aql va ongga doir anʼanaviy qarashlar oddiy odamlarni ham, ilm-fan vakillarini ham qoniqtirmay qoʻydi. Ayniqsa, yaqin kelajakda kvant kompyuterlari yordamida kuchli sunʼiy intellekt yaratilsa, ong, aqlga nainki inson miyasida olamning inʼikos etishi, shuningdek, sunʼiy qurilmalarning oʻz-oʻzini boshqarish asosidagi xulosalari deb taʼrif berish lozim boʻladi. Sunʼiy intellekt tili mazmunan inson jonli tilidan qanday farqlanadi? Dastlabki farazlarga koʻra, u faqat hissiyot uygʻota olmaydi, xolos. Biz bu oʻrinda inson ongi va sunʼiy ong oʻrtasidagi farq, ularning murakkab xususiyatlari va ziddiyatlari, u tugʻdirayotgan ontologik, funksional-metodologik, kreativ-pragmatik va boshqa falsafiy masalalarga toʻxtalib oʻtirmaymiz. Bu alohida tadqiqot mavzusidir.
Xulosa shuki, qudratli texnologiyalar, smart-mashinalar, robotlarning inson aqliy va kasbiy tayyorgarligiga talablari yildan-yilga ortib bormoqda. Ayni choqda, bu jarayon inson aqliy va hissiy dunyosi oʻrtasida asrlar davomida shakllangan muvozanatni buzib, tafovut va ziddiyatlarni kuchaytirmoqda. Bu hol “Taraqqiyot, sevaman seni, / Taraqqiyot, sendan qoʻrqaman!..” degan satrlarni yodga soladi. Insoniyat sogʻlom tafakkur va boy tajribaga tayanib yangi asr jumboqlariga yechim topishiga shubha yoʻq.
Iqboloy FAYZULLAYEVA,
Toshkent davlat Transport universiteti tayanch doktoranti
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.
“Taraqqiyot, qoʻrqaman sendan!..” maqolasi