Oʻz mohiyatidan chekinmagan har qanday ilm, shubhasiz, Ollohga olib boradi. Bunday ilmlarga nisbatan “diniy” yoki “dunyoviy” istilohlarini qoʻllash oʻrinsiz koʻrinadi. Negaki, mohiyatiga munosib ilm bunday chegaralarni bilmaydi. Va aynan, mohiyatiga mosligi bilan muayyan tuzum, jamiyat, millatga emas, umuminsoniyatga xizmat qiladi. Bundan bir necha yil muqaddam yapon olimi Masaru Yemoto tomonidan amalga oshirilgan kashfiyot XXI asrga qadam qoʻymish bashariyat kelajagi uchun oʻta muhim fenomenal kashfiyot boʻldi desak, haqqoniy fikrni ifodalagan boʻlamiz.
Masaru Yemoto tadqiqotlari har soniya, har daqiqa foydalanayotganimiz, biz uchun oddiygina ichimlik tushunchasini anglatadigan suv va uning mohiyatida yashirin siru sinoatlarni ochishga qaratilgan. Yapon olimining uzoq yillik izlanishlari natijasida suvning borliq harakati va inson hayoti uchun oʻta muhim ahamiyat kasb etishi, ichimlik, yogʻin, yer osti zahirasi boʻlish singari zohiriy funksiyalaridan tashqari, koʻplab oʻta nozik botiniy funksiyalarga ham ega ekani maʼlum boʻldi. Bunday tajribalar Yer sharining turli burchaklaridan olingan suv namunalari ustida oʻtkazilgan. Bir tomchi suv 100 ta idishga boʻlinib, ikki soat mobaynida muzlatilgan. Soʻngra ularni maxsus muzlatgich kamerali idishlarga joylashtirilgan. Mikrokristall shaklini olgan suv molekulasi mikroskopik fotoapparatlar yordamida suratga olinganda gʻayrioddiy moʻjizalar namoyon boʻla boshlagan.
200 dan 500 martagacha kattalashtirilib nashr etilgan mikrokristallarning shakli-shamoyili, darhaqiqat, kishini hayratga soladi. Yaponiyaning Fujivara toʻgʻonidan olingan mikrokristall shakli yirtqich bir maxluqqa oʻxshaydi: rangi qora, koʻzlari oʻt sochib turgan qorongʻi oʻrani eslatadi. Shahardan yiroq pokiza tog‘ jilgʻalaridan olingan mikrokristall namunasi esa nafis gullar bilan bezatilgan oltiburchak shaklida.
Yemoto tajribalaridan kelib chiqadigan xulosaga koʻra, suv tashqaridan boʻladigan har qanday taʼsirga oʻz munosabatini bildiradi. Aniqroq aytganda, suv “gapiradi”, “eshitadi”, “koʻradi”. Turli xas-xashaklar, chiqindi-axlatlar, kimyoviy zaharlardan suvning zohiri ifloslansa, odamlarning yomon fikrlari, shaytoniy his-tuygʻulari, dilozor soʻzlaridan uning tarkibi (qalbi) buzilib, rutubat tusini oladi. Oqibatda bunday suvni isteʼmol qilgan insonlar feʼl-atvori, axloqi, kayfiyati, bir soʻz bilan ruhiyatida tubanlashuv yuz beradi. Sayyoramizning Megopolis maqomidagi shaharlarida mavjud ichimlik zahiralari turli zaharli energiyalar bilan “toʻyingan” boʻladi. Uni isteʼmol qilgan shahar ahli bilan suv manbalari aro buzgʻunchi zaryadlarning zanjirli reaksiyasi roʻy beradi. Joʻn qilib aytganda, odamlar oʻzlarining asabiy turmush tarzlari, tuban axloqlari, zahar soʻzlari bois suv tarkibini buzishlari oqibatida suvdan ham munosb “javob” olishadi. Turli kasalliklar, maʼnaviy tanazzullar, ruhiy gʻalayonlar shundan kelib chiqadi.
Bugun zaharli mikroblardan saqlanishning yagona yoʻli deb taqdim qilinayotgan “ajoyib”, “yaltiroq” idishlardagi gazlangan suvlarga ruju qoʻyish rusumga kirmoqda. Holbuki, avstryalik tabiatshunos olim Alois Guberning “suvni tiriltirish” tizimi xulosalariga koʻra “Gazlangan suv, bu – oʻlik mavjudot demakdir, uni biron usul bilan tiriltirish mumkin emas”.
Yapon olimi M.Yemoto, avstryalik olim A.Guber, rus olimi S.Zenin xulosalarini umumlashtiradigan boʻlsak, suv odam va olam munosabatining muhim vositasi ekan. Yer va koinot aro munosabatlar suv (yomgʻir, qor, bug‘) orqali amalga oshganidek, odam tanasida aniq hayotiy vazifani oʻtaydigan yurak, miya, oʻpka, jigar, buyrak va hokazolar oʻrtasidagi aloqa yerdagi dengiz-u daryolar misol joylashmish qon tomirlari vositasida amalga oshadi. Tadqiqotchilarning aniqlashlaricha, inson tanasini hayot energiyasi bilan taʼminlaydigan aʼzolarning aksariyat qismi aynan suvdan iborat. Masalan, insonning miyasi 90%, qoni 81%, muskullari 75%, terisi va jigari 70%, suyaklari 20% suvdan tashkil topgan ekan. Kamolga yetgan odam tanasining 70 foizi, bir yarim oylik chaqaloq tanasining 97,8 foizi suv boʻlarkan. Shuningdek, chaqaloq tanasidagi hujayralarning yashovchanligi, kurashuvchanligi kattalarnikiga nisbatan bir necha barobar kuchliroq boʻlarkan. Tadqiqotchilar buning sababini ham suv miqdorining nisbatan koʻpligi bilan izohlashadi. Inson uchun hayot manbayi boʻlgan qon 15 kunda bir marta, odamning butun tanasi esa muayyan davrlarda 70% gacha yangilanarkan. Va qizigʻi shundaki, bunday yangilanishlar suv vositasida amalga osharkan.
Ushbu ilmiy dalillarga asosan xulosa qilishga urinib koʻraylik. Mohiyatan “jonli suv” boʻlgan odam tanasining 70 foizi aynan suv shaklida yangilanib turar ekan, tanani tark etayotgan “eski” suv oʻrinini, borliq (koinot)da mavjud “yangi” suv toʻldiradi. Demakki, aynan suv vositasida inson umr boʻyi borliq bilan serkulyar munosabatda yashaydi. Oʻzining bir qismini borliqqa berganidek, borliqdan ham kerakli ulushini olib turadi. Natijada har qanday individ borliqdagi barcha mavjudot taʼsiridan xoli boʻla olmaydi. Bunda diqqat qaratish lozim boʻlgan nuqta soʻz yuritilgan serkulyar munosabatning ijobiy yoki salbiy mohiyat kasb etishidadir. Suv ustida jiddiy tajribalar olib borayotgan yapon olimi Yemoto, rus olimi Zenin tajribalari ayni muammoni ilmiy asoslash imkonini beradi.
Maʼlumki, suv molekulasi (H2O) 2 ta vodorod, 1 ta kislorod atomidan tashkil topgan. Tadqiqotlar natijasiga koʻra, shu ikki kimyoviy unsur reaksiyaga kirishganda ikkita ijobiy zaryadli (+), ikkita salbiy zaryadli (-) boʻsh “qoʻl”lar ortib qoladi. Xuddi shu boʻsh “qoʻllar” vositasida suv boshqa zaryadlar bilan munosabatga kirishadi. Bunda, albatta, har qaysi boʻsh zaryad oʻziga zid boʻlgan, yaʼni ikkita musbat, ikkita manfiy zaryad bilan bogʻlanib, yangi mohiyatni yuzaga keltiradi. Birgina suv molekulasinining oʻzida, rus olimi Zenin hisob-kitobiga koʻra, 44000 axborot qutichalari mavjud boʻladi. Olimlar bu qutichalarni oʻziga xos “biokompyuter” deya izohlashadi. Shu 44000 qutichadan birortasi tashqaridan xoh salbiy, xoh ijobiy axborotni qabul qilib olsa, undan nusxa koʻchirib, lahza oʻtmay boshqa qutichalarga yetkazadi. Buning natijasida suvning molekulyar tizimi, holati oʻzgaradi. Yuqorida aytganimizdek, bu axborot nafaqat axlat, chirindi, kimyoviy zaharlar shaklida, balki aynan soʻz, fikr, his-tuygʻular shaklida boʻladi.
M.Yemotaning mikroskopik tasvirga asoslangan tajribalari shuni koʻrsatadiki, ezgu soʻz, ezgu tuygʻu, ezgu fikrni “eshitgan”, “koʻrgan” suvning kristallangan (muzlatilgan) shakli oʻta goʻzal koʻrinish va rangga ega boʻladi. Aksincha boʻlganda qorayib, xaotik shaklga kiradi. Yemotaning “Suvning aytganlari” (“Послания воды” – “The Masseges of Water”) kitobida muayyan axborotlar natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan kristall shakllarning 200 dan 500 martagacha kattalashtirilgan fototasvirlari chop etilgan. Undan maʼlum boʻlishicha, “farishta” soʻzini “eshitgan” suv kristali gulchambar shaklini, “shayton” soʻzini “eshitgan” suv kristali qorongʻi oʻra shaklini, “muhabbat” soʻzini “eshitgan” suv kristali oltiburchakli gul shaklini, “jonimga tegding” soʻzini “eshitgan” suv kristali qaqroq choʻlda qochib borayotgan odam shaklini namoyish qilgan. Bir idishdagi suvga ham ezgu (“rahmat”), ham yomon (“karmisan!”) soʻzlari eshittirilganda suvning asosi faqat yaxshi tomonga oʻzgargan. Yaʼni, Yaratganning buyuk neʼmati boʻlgan suv ezgulikning yovuzlik ustidan hamisha gʻolib ekanini oʻziga xos tarzda isbotlagan. M.Yemoto aytadiki: “Agar chuqur tadqiq etilsa, eng ogʻir jinoyatlar ogʻzi shaloq odamlar yashaydigan joylarda sodir etilishi maʼlum boʻladi”. Tadqiqotlar natijasida suvni eng goʻzal shaklga keltiradigan soʻzlar “muhabbat” va “minnatdorchilik”, eng hunuklashtiradigan soʻzlar esa “nafrat” va “loqaydlik” soʻzlari ekani aniqlangan. Demak, 70% idan koʻprogʻini suv tashkil etgan odam oʻziga nisbatan koʻrsatilgan mehr-muhabbat bois yayrab-yashnaydi. Faoliyatidan minnatdor boʻlsalar qalbi quvonchga toʻladi, yasharadi, sogʻligi yaxshilanadi, ruhi koʻtariladi. Bundan kelib chiqadiki, inson nafaqat ruhiy-maʼanviy jihatdan, balki kimyoviy tuzilishi nuqtayi nazaridan ham ezgulikka, ezgu niyatga moyil qilib yaratilgan. U qanchalar yovuz odam boʻlmasin yovuzlik uni qaritadi, quritadi, ezgulik esa yashnatadi. Bir qarashda oʻzgalarning yomonliklaridan jabrdiyda inson, ayni paytda jafokor ham. Demakki, insoniyat tanazzuli ham, kamoloti ha maʼlum darajada suv vositasida amalga oshadi. Aniq aytganda, suvga Yaratgan tomonidan shunday vazifa yuklangan.
Yemato va boshqa olimlar tajribasida suvning nainki “eshitishi”, balki “koʻrish” va “his qilish” qobiliyatiga ham ega ekani maʼlum boʻlgan. “Suvning aytganlari” kitobida faqat ovoz vositasida emas, yozuv, fikr, tuygʻu vositasida muayyan shaklni olgan suv kristallari xususida soʻz yuritiladi. Masalan, dunyodagi toʻrtta dinni ifodalovchi soʻzlar qogʻozga yozilib, tajriba probirkasiga yopishtirilganda suv molekulasi u soʻzlarni “oʻqigan” va darhol ularga munosabat bildirgan. Ayniqsa “islom” soʻzini “koʻrgan” suv ajoyib kristall shaklini olgan.
Olimlarning qayd eshitishlariga koʻra, suvning voqelikka munosabati uning suyuq, bug‘ yoki qaynayotgan holatlarida bir xilda davom etaveradi. Faqat muzlagandagina suv bunday faoliyatdan toʻxtaydi, muayyan soʻz, fikr, tuygʻu shakldagi axborotni muz parchalariga muhrlaydi. Tadqiqotchilar rasmga tushirgan va muayyan axborotning shakli deya taqdim etgan muz kristallari qor parchalariga oʻxshaydi. Ingliz tadqiqotchisi Genri Koanda trillionlab qor uchqunlari bir-biriga shaklan oʻxshamasligini isbotlab dunyoni hayratga solgan edi. Ushbu yangi kashfiyotlardan keyin oʻylab qolasan, qish mavsumlarida boshimiz uzra charx urib tushayotgan qor parchalari yil boʻyi soʻzlagan soʻzlarimiz, his-tuygʻularimiz, orzu-armonlarimiz, qilmish-qidirmishlarimiz ifodasi emasmikan?!!
Fransuz Uygʻonish adabiyotining asoschisi Fransua Rablening xalq eposi asosida yozilgan “Gargantyua va Pantagryuel” asarida qiziq bir epizod keladi. Oʻzining muhim hayotiy muammosiga javob izlab safarga chiqqan Pantagryuel doʻstlari bilan dengizda suzib ketishar ekan, bir joyda muzlab qolgan soʻzlarni koʻrishadi. Inchinun, bu soʻzlarning aksariyati soʻkinish, iztirob va qiynoqni ifodalar edi... Bu oʻrinda Rablening ushbu epizodini keltirishdan qanday maqsad koʻzlangani uchinchi darajaga tushadi. Hozir biz uchun eng muhimi “muzlagan soʻz” tushunchasining bugungi ilmiy kashfiyotlarga mos kelishi, ikkinchidan, xalq eposlarining ilohiy axborotlarni tashuvchi epizodlarga ega ekanidir. Negaki, koʻp asrlar oʻtib ilmiy isbotini topgan bunday dalillar faqat ilohiy asosga ega boʻlishi mumkinki, ayni holatlarni “Gilgamesh”, “Ramayana”, “Mahabharata”, “Iliada”, “Odisseya” kabi umumjahon miqyosidagi eposlarda ham kuzatishimiz mumkin.
Xalq ijodiyotida suv bilan bogʻliq oʻta qiziq axborot kodlari yashiringan boʻladi. Oʻzbek xalqida “Yaxshilik qil daryoga tashla, baliq bilar, baliq bilmasa Xoliq bilar”, “Tushingni suvga ayt” singari maqollar koʻplab uchraydi. “Alpomish” dostonining bir variantida ezgu maqsad bilan safarga chiqqan Alpomishning yoʻlida daryo koʻndalang boʻladi. Daryodan oʻtishga jisman imkoniyat topa olmagan qahramon oʻz orzu-armonlari, ezgu niyatlaridan suvga arz qiladi. Natijada daryo pishqirishdan toʻxtab, ikki tomonga chekinadi. Qahramon bu “yoʻldan” eson-omon oʻtib oladi, maqsadiga yetadi. Ushbu motivga Qurʼoni karim va boshqa diniy kitoblarda keladigan Muso alayhissalom bilan bogʻliq qissa asos boʻlgani maʼlum. Bunday misollarni xalq eposlaridan istagancha topish mumkin. Ayni misollarning mavzuyimizga aloqador jihati shundaki, Yaratganni tanigan xalq suvga hech qachon oʻlik mavjudod sifatida qaramagan. Shaxsan oʻzim, bolalik paytlarimda suvga tupurib otamdan tarsaki yeganimni yaxshi eslayman.
Men eslagan tupuk, garchi bolaning tupugi boʻlsa-da, suvga nisbatan hurmatsizlikni ifodalagan edi. Tarsakida esa faqat otamning emas, balki suvni ilohiy moʻjiza deb bilgan komil ajdodlarimning ham qoʻllari bor edi. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomdan vorid boʻlmish hodisalarda Ollohning Arshi suv ustida ekani aytiladi. U zotning (s.a.v.) oʻzlari mudom sahobalariga suvni isrof qilmaslik, suvni qadrlashdan saboq berganlar. Suv bilan bogʻliq bir necha moʻjizalar koʻrsatganlari xususida sahih hadislar bor. Xususan, isitma va jahlni bosishda suv eng yaxshi vosita ekanini koʻp bor taʼkidlaganlar. Suv bilan har kuni besh marta ehtirom ila munosabatda boʻlish, mehribon va rahmli Olloh nomi bilan tahorat olish islomda farz sanaladi. Yovuzlik va vayronagarchilik keltiruvchi kuchlar, aksincha, suv bilan imkon qadar kamroq muloqotda boʻlishga uringanlari xususida tarixiy dalillar guvohlik beradi. Qizigʻi shundaki, bunday kuchlar oʻz gumrohliklarini shaytoniy naqllar bilan dalillashga ham uringanlar. Masalan, Chingizxon qoʻshinida “Badaniga suv tekkizgan askar kirga qoʻshib baxt-omadini ham boy beradi”, degan naql yurgan.
Koʻrinadiki, ezgulik ham, yovuzlik ham, u qaysi shaklda boʻlmasin, suvning “nigohi”dan qochib qutula olmaydi. Suv esa faqat bunday axborotni anglash, xotirasida saqlab qolish bilangina cheklanmaydi. U barcha axborotlarni odamning oʻziga, koinotga va shubhasiz, Xoliqqa uzatadi. Koʻp hollarda suvning oʻzi ham mukofot, ham jazo vazifasini oʻtaydi. Dengizaro yoʻl ochib Muso alayhissalom qavmini saodat sari yoʻllaganidek, yovuz Firʼavn qoʻshinlari uchun ajal qiyofasida dahshat soladi. Nuh alayhissalom kemasini “boshi”ga koʻtarsa, “zolim kimsalar”ni “oyogʻi” ostida yanchadi. Xullas, suv kechmishi bilan bogʻliq tarixdan guvohlik beruvchi oyat-dalillar Ollohning kalomi Qurʼoni karimda ham, xalq doston va hikoyatlarida ham, oʻz oʻtmishimizda ham koʻplab uchraydi. Ushbu dalillardan ezgu xulosa chiqarish esa insonga havola.
Yuqorida tilga olganimiz tadqiqotchilarning barchasi suvning holatini yaxshi tomonga oʻzgartirish mumkin, deb hisoblaydilar. Buning birgina sharti ezgu faoliyat, yaxshi soʻz, komil axloq, pok toʻygʻu, bir soʻz bilan aytganda, iymon-eʼtiqod ekan. Tajribalarda maʼlum boʻlishicha, suv strukturasini yaxshi tomonga oʻzgartirgan eng muhim vosita Yaratganga qilingan ibodatlar, duo-iltijolar boʻlgan. U qaysi tilda oʻqilmasin yoki yozma namoyish etilmasin suv molekulalarida goʻzal iz qoldirgan. Bugun, hatto, bunday tajribani amaliyotga tatbiq etishning butun boshli tizimlari ishlab chiqilgan.
Oltoy politexnika instituti professori Pavel Goskov laboratoriyasida qiziq bir tajriba oʻtkazilgan: 60 litr vodoprovod suviga 10 millilitr duo va yaxshi soʻzlar bilan “poklangan” suv aralashtirilganda natija oʻta ijobiy boʻlib chiqqan. 10 millilitr “pokiza” suv taʼsirida 60 litr suv toʻla poklangan.
Avstriyalik tabiatshunos olim Alois Guberning EWO tozalash sistemasi quyidagi tamoyilga asoslanadi: “Tabiat qoʻynida toshdan toshga sakrab, erkin yurgan suv EWO spiraliga yigʻilib, yanada ijobiy axborotlar bilan boyitiladi. Soʻngra megopolis aholisini taʼminlaydigan vodoprovod suviga yetarli miqdorda aralashtiriladi. Natijada oʻlish darajasiga kelgan vodoprovod suvi ezgu zaryadlar bilan toʻyingan holda oʻz yoʻlida davom etadi. Asablari tarang, sivilizatsiyadan charchagan shahar aholisiga ezgulik energiyasini olib boradi”. Tadqiqotchilar eʼtirofiga koʻra, tom maʼnoda “poklangan” yoki “pokiza” suv koʻplab jiddiy kasalliklarga shifo boʻladi. Bunday suv taʼsirida oshqozon-ichak faoliyati yaxshilanadi, hujayralar turli zaharli unsurlardan tozalanib, keksayish jarayoni sekinlashadi; immunitet kuchayadi; uyquda xotirjamlik paydo boʻladi; teri va soch tarkibi yaxshilanadi; bosh ogʻrigʻi ketadi; qon bosimi moʻtadillashadi; qand kasali bilan ogʻriganlarda qand miqdori oʻrniga tushadi; mehnat faoliyati yaxshilanadi; ekinlarga “pokiza suv” qoʻyilsa, yashnab oʻsa boshlaydi.
Bularning barisi bir qarashda afsona boʻlib tuyuladi. Ammo bugun suvga mensimay qaraydigan biz oʻzbeklarning ajdodlari suvning moʻjizakor qudratiga komil eʼtiqod-la ishonganlar, uning tana va ruh uchun shifo ekanini, tom maʼnoda, haqiqat deb qabul qilganlar. Bunday inonchlarning koʻpi shafqatsiz tarix va ijtimoiy talotoʻplar gʻubori ostida qolib ketgan boʻlsa-da, ayrimlari bugungacha yetib kelgan. Masalan, bobolarimiz, momolarimizda saqlanib qolgan oltin, kumush, mis asosli suv idishlariga eʼtibor qilsak, ular albatta Qurʼoni karimdan biror oyat (koʻpincha “Yasin” yoki “Ixlos” suralaridan), paygʻambarlarimizdan biror hadis yoki “Olloh”, “Muhammad” lafzlari bilan “bezatilgan” boʻladi. Baʼzi idishlarda hikmatli soʻz, sheʼr, loaqal biror naqsh zarb etilganini kuzatamiz. Sharq podsholari saroylaridagi hovuzlar ham bunday “bezaklar”dan xoli boʻlmagan.
Voqean, aytganlarimiz faqatgina bezak vazifasini oʻtaganmikan? Yoʻq, shubhasiz, ular suvni har xil manfiy unsurlardan poklashga xizmat qilgan.
Naqshbandiylik tariqatida “zikri xojagon” degan marosim bor. Bunda soliklar doira shaklida oʻtirib, Ollohni zikr etishadi. Qurʼondan sura va oyatlarni muayyan sanoq miqdorida oʻqishadi. Ushbu doira markazida esa, albatta, bir toza idishda suv turadi.
Oʻzbekning nikoh marosimlarida kelin-kuyov oʻrtasiga, nafis bezakli idishda suv qoʻyiladi. Nikohda ikki qalb Olloh nomi bilan bogʻlangach, ushbu ahdga guvoh boʻlgan suv ularga ichiriladi. Nikoh suvi shu paytgacha bir-biriga begona ikki yoshni yaktan, birjon qiladi.
Islom olamida, xususan, oʻzbeklarda Qurʼon oyatlarini oʻqib suvga dam solish, shu suvni hojatmandga ichirish anʼanasi bor. Bundan tashqari keng chinni laganlarning ichkari tomoniga zaʼfarondan tayyorlangan siyoh bilan “Fotiha”, “Yosin”, “Ixlos”, “Mulk” kabi suralarni yozish, yozuv qurigach shu idishga suv qoʻyib, bir, uch, yetti yoki qirq kun oʻtkazib bemorga ichirish orqali muolaja usullari hozir ham uchraydi. Menimcha, bularning barchasi suvga shifobaxsh, ijobiy zaryadlarni singdirib, bemor tanalarni, tuban axloqni, beorom ruhni davolashdan boshqa hech narsa emas. Faqat biz soʻz yuritgan poklash va davolash usullarining birinchisi tajriba bilan, ikkinchisi esa iymon bilan anglangan ilm ekanini qayd etish joiz.
Menga qolsa, inson kelajagining saodatli boʻlishi uchun barcha suv zahiralariga Olloh va Paygʻambar alayhissalom soʻzlarini, komil odamlarning insonga qaratilgan ezgu tilaklarini oltin harflar bilan bitib qoʻymoq kerak, derdim. Suv inshootlari doimo Olloh zikrini “eshitib” tursa, bunday suvdan ichgan jamiyatdan axloqiy, ruhiy-maʼnaviy muammolar nari boʻlishiga ishonaman.
Matbuot sahifalarida bir farangi ayolning zam-zam suvini ichib, bedavo dard – saratondan xalos boʻlganini quvonch va hayajon bilan yozganini oʻqiganim bor. Zero, zam-zam qudugʻi Makkai mukarramada, ushbu xayrbaxsh quduq esa oʻz ibtidosidan beri Olloh zikrini tinglaydi. Dunyo va oxiratda Olloh zikridan goʻzalroq soʻz bormi oʻzi?!!
Uzoq JOʻRAQULOV,
filologiya fanlari nomzodi, professor