Zamon shitobi tez. Kechagina yangilik boʻlib turgan narsalar tezda ohorini yoʻqotib, oʻrniga boshqa ixtirolar, shov-shuvli xabarlar izma-iz kirib kelaveradi. Lekin eskirmaydigan gurunglar boʻladi. Oʻzbekiston Qahramoni, navoiyshunos olima Suyima Gʻaniyeva bilan shoir Eshqobil Shukurning quyidagi suhbati eʼlon qilinganiga ham 12 yil boʻlayapti. Biroq bu gurungda Suyima Gʻaniyeva aytgan fikrlar bugun uchun ham, ertan uchun ham muhim.
– Ilm yoʻli sharafli va masʼuliyatli yoʻl. Siz bu mashaqqatli yoʻlni matonat bilan oʻtib kelayapsiz. Ilmning har qadami moʻjiza. Lekin bu moʻjizani hamma ham his qilavermaydi. Buning uchun har kim oʻz botinida maʼnaviy hayotini tashkil qila olishi kerak. Doimo ilm sizga, siz ilmga hamroh. Bu jarayonda hayotingizda unutilmas voqealar koʻp boʻlgani aniq.
– Ha, hayotimda esdan chiqmaydigan hodisalar koʻp boʻlgan. Meni oʻzim guvoh boʻlgan bir holat hayratga soladi. Bundan koʻp yillar burun akademik Oybek Hamid Sulaymonning doktorlik dissertatsiyasi himoyasi munosabati bilan bunday yozgan edi: “Hozirga qadar Navoiy qoʻlxati topilmagan va nomaʼlumdir. Hamid Sulaymon ham koʻp urinishlarga qaramasdan, Navoiyning qoʻlxatini topa olmadi va topilishi mumkin emas dedi. Lekin Navoiyning qoʻlxati topilishi imkoniyatidan albatta umid uzmaymiz”.
Bu gaplarni Oybek domla qancha umid bilan aytganini men chin dildan his qilaman. Qarangki, oradan koʻp yillar oʻtib, Navoiyning qoʻlxatini topib kelish menga nasib etdi. Erondagi “Kohi Guliston” muzeyida ulug‘ shoirning oʻz qoʻli bilan koʻchirgan “Navodir un-nihoya” asarida topdik. Bu millatimiz uchun katta voqea edi.
Meni hayron qoldirgan narsa shu ediki, uzoq yillar mobaynida koʻp izlanib, topilmagan Navoiy dastxati 1991-yilda, aynan mustaqillik arafasida topildi. Tarixning gʻaroyib hukmlarini qarangki, Alisher Navoiy dastxati vatanimizga mustaqillik bilan birga kirib keldi. Bu hodisada ajoyib bir hikmat borday tuyuladi.
Biz tezlikda Navoiy dastxatini nashr etishga kirishdik. Ishonasizmi, Navoiyning dastxati nashr etilayotganda, men hamma ishlarimni yigʻishtirib qoʻyib, kun boʻyi bosmaxonada oʻtirardim. Toʻgʻri, bosmaxonada men qiladigan ish yoʻq edi. Bosmaxona ishlarini tushunmayman. U yerdagi mutaxassislarning menga ehtiyojlari ham yoʻq. Lekin men oʻsha yerdaman. Ochigʻi, oʻshanda bir narsadan qoʻrqqanman. Oʻzingiz bilasiz, bosmaxona… bosilib chiqib kelayotgan sahifalar baʼzan sochilib ketadi, yerga tushib qoladi. Men oʻshanda yerga tushgan sahifalarni bittalab terib oʻtirganman. Navoiyning dastxati yerda yotmasin, kimdir uni bosib oʻtmasin deganman-da.
– Oʻsha vaqtda siz Alisher Navoiyning muhrini ham topgansiz. Bu muhrda nima deb yozilgani shoirning zamondoshlaridan tortib to bugungi avlodlargacha, hammani qiziqtirishi shubhasiz. Chunki Navoiy muhrida uning hayotiy pozitsiyasi aks etishi tabiiy.
– Alisher Navoiy qoʻlxatining avvalgi betidagi muhrida: “Sen bu dunyoda bir yoʻlovchidek, faqirdek yashagil” degan jumla arabiy yozuvda naqshlanib, soʻng “faqir Navoiy” deb imzo chekilgan.
Navoiy saroyda muhrdor boʻlganda ancha yosh edi. Bu lavozimga tayinlangan shoir ulugʻlarning oldiga kirib borganda ularning koʻnglidan: “Endi hammamiz shu yigitdan quyiga muhr bosar ekanmiz-da”, degan oʻy oʻtib turganini sezadi va sekin Said Hasan Ardasherga qaraydi. Hasan Ardasher ham shoir ruhidagi xijolat hissini anglaydi. Shunda birinchi boʻlib muhr bosish uchun muhim bir hujjatni Navoiyga beradilar. Navoiy hali biror muhr urilmagan qogʻozning shunday joyiga muhr bosadiki, undan pastroqqa muhr bosishga hech kim imkon qoldirmaydi.
– Chingiz Aytmatov: “Oʻzining bolaligini uch-toʻrt yasharligidan boshlab eslaydigan odamning dunyoqarashi besh-olti yasharligidan boshlab eslaydigan odamning dunyoqarashidan ikki baravar keng boʻladi”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, bolalik odamning ma’naviy hayotining poydevoridir. Shuning uchun bolalikdagi shakllanishlar inson umrining oxiriga qadar ta’sir etib boradi. Ehtimol, Alisher Navoiy bolaligidayoq Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”ini mutolaa qilayotganida unga buyuklik sari yoʻl ochilgandir. Alqissa, bu davr inson olamida hal qiluvchi kuchga ega.
– Bolaligimiz urush davriga toʻgʻri kelgan. Toshkent shahrida Oʻrda atrofida Somonbozor degan joy boʻlardi. Shu joyda tugʻilib, oʻsganman. Mashaqqatli yillar edi. Nasibamiz bir burdagina qora non boʻlgan. Esimda, bir gal otam oq non bilan shakar olib kelganida biz yigʻlaganmiz. Otam Gʻanijon Tursunov qishloq xoʻjaligi institutida oʻqigan, keyinchalik shu sohada mutaxassis boʻlib ishlagan. Onam tabib qizi boʻlgan, u kishi ham oʻqimishli edi. Sharoit qancha ogʻir boʻlmasin, biz oʻqish va bilim olish juda zarur ekanligini tushunganmiz.