“Baxshi” soʻzini hozirda ikki maʼnoda qoʻllaymiz: 1. Xalq dostonlarini kuylovchi shoir, oqin; 2. Duolar oʻqib, dam solib, irim-sirim bilan davolovchi tabib” (Oʻzbek tilining izohli lugʻati. I. 1981. 8-bet). Bu soʻz yuqoridagi taʼrifgacha qancha evrilishlarni bosib oʻtgan, keling, bir boshdan boshlaymiz:
Bhikshu – tilanchi
Buddaviylik inonchida diniy xodim, monaxga nisbatan – “bhikshu” (“bhikşu”) deyiladi, lekin bu soʻzning sanskrit tilidagi ilk lugʻaviy maʼnosi: “tilanchi”, “gadoy”, “xayr-ehson tilovchi”, “darvesh”dir, taʼbir joiz boʻlsa, mazkur amalni buddaviylik asoschisi – Buddadan qolgan “sunnat” deyish mumkin, chunki hukmron oilada tugʻilgan shahzoda (Siddhartha Gautama Shakyamuni) shohona hayotdan voz kechib, ruhoniy hayot uchun tilanchilik, darveshlikni tanlaydi va sanskrit tilida “uygʻongan, idrok etgan, Haqqa erishgan” kabi maʼnolarni bildiruvchi – “budda” (“buddha”) unvonini oladi. Buddaviylik Sharq tomon yoyilgan sari “bhikshu” soʻzi ham tildan tilga koʻchib, boshqa tillarga oʻzlashgan. Deylik, xitoyliklar bu soʻzni oʻz tillariga moslab – “böshi” yoki “baḡši” shaklida qabul qilgan va u – “monax”, “ustoz”, “murshid” kabi maʼnolarni anglatgan.
“Baxshi”ning turklarga oʻtishi
Azaldan qoʻshni, doimiy aloqada boʻlgan qadimgi turklar Xitoyda davlat dini maqomida boʻlgan buddaviylikdan yaxshi xabardor edilar. Eramizning VI yuzyilligida maydonga kelgan Koʻkturklar yoki Birinchi Turk xoqonligining uchinchi xoqoni – Muqan Qagʻan (553-572) siyosiy maqsadni koʻzlab – xoqonlikning Sariq dengizdan Qora dengizgacha choʻzilgan ulkan hududida yashovchi koʻpmillatli tobe xalqlarni birlashtirishda buddaviylikdan ham foydalanishni rejalaydi (Qolaversa, undan oldingi Jujanlar xoqonligida ham (330-555) buddaviylik asosiy dinlardan biri edi). Muqan Qagʻandan keyin hokimiyatga kelgan uning ukasi – Taspar Qagʻan (572-581) davrida esa yanada koʻproq eʼtibor beriladi, xoqonning oʻzi 574-yili buddaviylikni rasman qabul qiladi. Xoqon qarorgohida gandharalik budda ruhoniysi Jinagupta boshchiligida Xitoydan, Soʻgʻddan qochib kelgan buddaviy ruhoniylardan iborat markaz tashkil etilib, ular tomonidan buddaviylikka oid baʼzi sutralarni qadimgi turk tiliga tarjima qilish ishlari boshlab yuboriladi. Buning uchun esa, amerikalik tarixchi A.Byorzinga koʻra, turk tiliga moslashtirilgan soʻgʻd yozuvidan foydalanilgan. Oradan yuz yil oʻtib Birinchi Turk xoqonligi inqirozidan xulosa chiqargan Ikkinchi – Gʻarbiy Turk xoqonligi soʻzchisi Tunyuquq turklarni buddaviylikdan uzoqlashib, Tangriga qaytishga daʼvat etadi.
Xullas, “burxan” (“burqan” – “Budda”), “toʻyin” (“buddaviy monax”), “baqshi” (“monax”, soʻngroq – “ustoz, murabbiy, muallim, kotib”) kabi soʻzlar koʻkturklar, keyinchalik uygʻurlar buddaviylikka ixlos qoʻygan oʻsha davrlarda tilimizga oʻzlashdi.
Turkona buddaviylik
Soʻzimiz “baxshi” haqida-yu, ammo shu oʻrinda yana bir nuqtaga oydinlik kiritib oʻtmasak boʻlmaydi. Xoʻsh, buddaviylik turk xoqonlarini nimasi bilan oʻziga jalb qildi? Gap shundaki, qadimgi turklar va moʻgʻullarning ajdodlari Tangriga sigʻinishar, shu bilan birga, ularning turmushida qamchilik, yaʼni shamanlik amaliyoti muhim oʻrin tutardi. Shuningdek, xoqonlik hududida zardushtiylik, moniylik kabi inonchlar bor edi. Ammo bu inonchlardan siyosiy maqsadda foydalanib boʻlmasdi. Shu bois Muqan Qagʻan va Taspar Qagʻan uchun sinalgan Xitoy tajribasi, yaʼni u yerda buddaviylikning siyosiy boshqaruvdagi oʻrni, xalqning monaxlarga nisbatan cheksiz hurmati jozibador tuyuldi va bu jihatlar ulkan xoqonlik hududida ham boshqarishning qulay omili boʻlib koʻrindi. Maʼlumki, buddaviylik hamma joyda bir xil emas, deylik, Tibetdagi buddaviylik Xitoydagidan farqli, yapon yoki quriyoliklarda oʻzgacha va hokazo. Turk xoqonlari Xitoyga mafkuraviy jihatdan tobe boʻlib qolmaslik uchun buddaviylikning Soʻgʻd, Toharistondagi moniylik va zardushtiylik taʼsirida shakllangan koʻrinishini tanlaydi, ayni paytda, unga turklarning azaliy eʼtiqodlari: tangrichilik va qamchilik ham singib ketadi.
Turfandan topilgan bir hujjatda shunday soʻzlar bor: “Бақшылығ бурхан тäңрi тўғтуңуз”. Maʼnosi: “(Siz) Budda tangridan ustoz, murabbiy boʻlib tugʻildingiz”. Bu yerda “baqshi” soʻzi – “ustoz, murshid” maʼnosida, shuningdek, “burxan täңri” deganda – Budda (burxan) shaxsi – Tangriga tenglashtirilyapti. Buddaviylikka oid boshqa bir manba – “Altun Yaruq”da esa qadimgi turk mifologiyasidagi yerosti xudosi – Erlikxan (“Ärklig qan” – “Erklig qan”) obrazi ham bor. Yaʼni, turkona buddaviylik zardushtiylik va moniylik taʼsirida shakllangan, ayni paytda, turklarning azaliy inonchlari: tangrichilik va qamchilik poydevori ustida qurilgan edi.
Baxshi – kotib
Ikkinchi Turk xoqonligida buddaviylikdan voz kechildi, ammo Sharqda Xitoy bilan yaqin munosabatda boʻlgan Uygʻur xoqonligida mazkur din keyingi asrlarda ham yashab qoldi. VIII asrda soʻgʻd yozuvi asosida uygʻur xati yaratildi, koʻpgina buddaviylikka oid manbalar asosan xitoy tili, qisman boshqa tillardan turk-uygʻur tiliga oʻgirildi. Yuqorida aytilganidek, “baqshi” deganda dastlab buddaviy ruhoniy, monax tushunilgan boʻlib, ularning asosiy vazifalaridan biri – diniy adabiyotlarni koʻchirish, yaʼni kotiblik edi. Shu bois keyinchalik ham uygʻur xatida bituvchi kotiblarga nisbatan, garchi ularning buddaviylikka aloqasi boʻlmasa-da, “baxshi” deyish udum boʻlib qolgan. Atoqli olim Qosimjon Sodiqov oʻzining “Eski oʻzbek yozma adabiy tili” kitobida “baxshi” soʻzining Qoraxoniylar va undan keyingi davrlarda ham “kotib” maʼnosida keng ishlatilganini atroflicha tahlil qiladi. Olimga koʻra, Temur davrida ham uygʻur xatida bituvchi kotiblar otiga “baxshi” unvoni qoʻshilib, misol uchun: “Zaynulobiddin baxshi”, “Abdurazzoq baxshi” qabilida aytilgan va nafaqat Markaziy Osiyo, balki Oltin Oʻrda, hatto Qirim xonligida ham “kotib” maʼnosida “baxshi” qoʻllanilgan. Shuningdek, keyinchalik Buxoro amirligida “qurilish uchun belgilangan mablagʻlarning hisob-kitobini yurituvchi lavozimli kishi”ga nisbatan ham “baxshi” deyilgan (OʻTIL. I. M. 1981. 86-bet).
Baxshi – emchi
“Boburnoma”da qiziq bir voqea hikoya qilinadi: yosh Bobur oyogʻidan yaralanganda xon togʻasini davolash uchun moʻgʻul jarrohini joʻnatadi: “Yaramni boqqali Atika baxshi otliq moʻgʻul jarrohini yiboribturlar. Moʻgʻul eli jarrohni ham “baxshi” der. Jarrohlikda bisyor hoziq edi” (B. “Sharq”. 2002. 94)”. Bu yerda biz uchun muhim ikki soʻz bor: “boqqali” va “baxshi”. Ammo bu “tabib-baxshi”ning buddaviylikka aloqasi yoʻq, balki uning ildizlari yuqorida zikr etilgan qamchilik, yaʼni shamanlikka borib taqaladi. Shamanlikning boshqa eʼtiqodlardan farqi – qam yoki shaman oʻtib ketgan ajdodlarning ruhlari gʻayritabiiy kuchlar bilan aloqaga kirishadi, deb ishonilgan. Qam fol koʻrish, kasalni davolash, bashorat qilish yoki boshqa amallarni bajarish uchun childirma (daf), qamchi, chanqovuz, xanjar va shu kabi boshqa vositalardan foydalanib, turli ovozlar chiqarib, duolar oʻqib, raqsga oʻxshash muayyan harakatlar qilib jazava (ekstaz) holatiga tushgan. Oʻtganlar ruhiga qurbonlik qilingan va qam uning qoni bilan marosimda foydalanadigan jihozlarini qonlagan. Qamning bu muolajasiga nisbatan “qamlamoq” deyilgan (“qam qamladi”. Bu soʻz rus tiliga ham “камланье” shaklida “shamanlik qilmoq” maʼnosida oʻtgan).
Mutaxassislarga koʻra, shamanlik eng qadimgi inonchlardan boʻlib, u din emas, balki koʻproq folbinlik, afsungarlikka yaqin amaliyotdir. “Devonu lugʻotit-turk”da “qam” soʻzi ikki oʻrinda uchraydi, bir oʻrinda: “qam – fusungar, kohin” deb izohlangan (Turkcha tarjimada Basim Atalay: “kȃhin, şaman” deb oʻgirgan. DLT. III. Ankara. 1986. 157-bet). Boshqa oʻrinda: “qam arvash arvadi – qam avrash soʻzlar bilan avradi” misoli keltirilgan (DLT. I. 1960. 280).
Xoʻsh, “qam” qanday qilib “baxshi”ga aylanib qoldi? Deylik, buddaviylar uchun baqshi yoki toʻyin, yaʼni monax qanday mavqega ega boʻlsa, qamchilik, shamanlikka eʼtiqod qoʻygan xalqlar nazdida qam yoki shaman ham shunday mavqeda edi. Yaʼni, qadimgi turklar buddaviylik taʼsirida boʻlgan oʻsha davrlarda Budda – Tangri deb talqin etilgani singari, mahalliy “ruhoniylar” boʻlmish qamlarga nisbatan ham “baxshi” nomini qoʻllash sekin-asta muomalaga kirdi.
Yana “Boburnoma”ga qaytamiz: “Yaramni boqqali Atika baxshi otliq moʻgʻul jarrohini yiboribturlar”. Qizigʻi shundaki, tabib-baxshining davolash muolajasiga nisbatan alohida feʼl – “boqmoq” ishlatiladi: “Baxshi kasalni boqdi” (qozoqcha: “kesel bagʻu”). Umuman, qadimgi turkiyda tabib maʼnosida bir necha soʻz boʻlgan, shulardan biri – “emchi”, bu haqda “Devonu lugʻotit-turk”da “em” soʻzi izohida shunday deyiladi: “ӭm – em, davo, dori; “davolovchi”ga – “ӭmchi” deyilishi shundandir” (DLT. I. 1960. 74). “Emchi” hozirgi tilimizdagi “shifokor”, “vrach”ga toʻgʻri keladi va bu soʻz bilan “emlamoq” feʼli qoʻllanilgan: “emchi emladi”. Qadimgi turkiyda yana bir tibbiyotga oid kasb nomi – “oʻtachi”, “oʻt” – hozirgi tilimizdagi “oʻt, giyoh”, yaʼni turli shifobaxsh oʻtlardan tayyorlangan dorilar bilan davolovchi tabibga nisbatan – “oʻtachi” deyilgan. “Devon”da “oʻt” soʻziga shunday izoh beriladi: “ot – dori, davo; “oʻt ichtim” – “dori ichdim”; “tabib” maʼnosidagi “otachi” – shu soʻzdan” (DLT. I. 1960. 71) “Oʻtachi” soʻzi bilan birga “davoladi” maʼnosidagi “oʻtaladi” feʼli ishlatilgan: “oʻtachi oʻtaladi”.
Baxshi – qushnoch
Xullas, ilgari turk, moʻgʻul xalqlarida “qam”, tungus-manjur xalqlarida “shami” (“sham+an”) deb ataladigan qadim inonch vakillari keyinchalik oʻzbeklarda “baxshi”, qozoqlarda “baqsi”, qirgʻizlarda: “baqshi” ataladigan boʻldi. Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarida yashovchi katta avlod vakillari, ayniqsa, baxshi, qushnoch, emchilar haqida yaxshi tasavvurga ega. Qizigʻi shundaki, Oʻzbekistondagi qushnoch-baxshilar amaliyotida, aytaylik shimoldagi qamlardan farqli oʻlaroq, zardushtiylik, hatto Islomning ham taʼsiri seziladi. Deylik, ularning aytuvlarida parilar, chilton pari, devlar, jinlar, farishtalar tilga olinadi, chiroq yoqiladi, momolardan yordam soʻraladi. Baxshilar kasalni boqishda asosan doira (daf), qamchidan foydalanadi, kasalning boshiga roʻmol yopib qoʻyiladi, baxshi qandaydir soʻzlarni xirgoyi qilib, doira chalib jazava holatiga tusha boshlaydi, keyin kasal atrofini aylanib raqsga oʻxshagan harakatlar qiladi, qamchisi bilan kasalni vaqti-vaqti bilan urib, kuf-suf qilib turadi. Qushnoch va emchilarning amaliyoti esa bundan biroz farqli.
Baxshi – oqin
Nihoyat, xalq dostonlari ijrochilari ham oʻzbek va turkmanlarda “baxshi” deb ataladi (turkmancha: “bagşy”). Ularga nisbatan, shuningdek, oʻzbeklarda: “shoir”, “oqin”; qozoqlarda; “aqin”, “jirau”, “jirshi”; qirgʻizlarda: “aqin”, “irchi”; ozarboyjon va turklarda: “aşiq” ishlatiladi. Xoʻsh, nega bizda xalq shoirlari ham “baxshi” nomini oldi? Buning sababi, bizningcha, avvalo ularning tugʻma isteʼdodlari, ilhomi, qolaversa, yuqorida tilga olingan qam va emchi-baxshilar bilan mushtarak fazilatlarga ega ekanliklari bilan izohlanadi. Aytaylik, qam va emchi-baxshilar – “orqador”, yaʼni orqasida gʻayritabiiy kuchlar turadi, deb ishonilgan, jazava (ekstaz) holatiga tushganda musiqa asbobi, turli vositalardan foydalanishgan. Dostonchi baxshilar ham ijro jarayonida muayyan holatga tushib, minglab satrlarni yoddan yoki oʻsha yerning oʻzidayoq toʻqib musiqa asbobi vositasida kuylashadi. Shu kabi oʻxshash jihatlardan kelib chiqib xalq tilida dostonchi-shoirlar ham “baxshi” deb atalib ketgan.
Abduvohid HAYIT,
Oyina.uz