Din omilining kuchi va koʻlamidan nafaqat bunyodkorlik, balki vayronkorlik mafkurasi yoʻlida foydalanishga urinishlar jahon afkor ommasini tashvishga solmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, 2016-yili terrorizm bilan bogʻliq 1 787 ta terakt sodir etilgan, oqibatda 13 759 kishi halok boʻlgan va 16 683 kishi ogʻir tan jarohati olgan. Din omilining buzgʻunchi maqsadlarda qoʻllashni koʻzlagan kuchlar turli diniy manbalardagi gʻoyalarni oʻz manfaati yoʻlida boshqacha talqin etib, bunda yetarli hayot tajribasi boʻlmagan yoshlardan qurol sifatida foydalanishi koʻp karra oʻz tasdigʻini topgan.
Jamiyatdagi anʼanaviy diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid boʻlgan gʻoyalarni aldov va zoʻrlik bilan targʻib qilishga asoslangan nazariya va amaliyot diniy ekstremizm deb ataladi. Diniy ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiy sababi mutaassib fikr va qarashlarning paydo boʻlishidir. Aholining keng qatlamlarida vahima va qoʻrquv uygʻotish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallashga qaratilgan jinoiy faoliyat terrorizm hisoblanadi.
Yoshlar mana shunday notoʻgʻri yoʻllarga kirib ketmasligi uchun ularga dinning asl mohiyatini tushuntirish bugungi kunning muhim masalalaridan hisoblanadi. Ayni paytda psixolog olimlar diniy maʼlumotlarni tushunish, tushuntirish yuzasidan qator izlanishlar olib borib, diniy manbalar talqini, bu jarayonning psixologik qonuniyatlarini oʻrganishmoqda.
Kognitiv uslublar shaxsning atrof-muhitdan olayotgan maʼlumotlarini qayta ishlashining oʻziga xos individual usullaridan boʻlib, bu voqelikni idrok etish, tasniflash, tahlil etish va individual ravishda baholashni qamrab oladi. Tadqiqotchilar kognitiv uslublarni kompleks holda oʻrganib, impulsiv va refleksiv turlarini yetarlicha tahlil etishgan. Impulsiv kognitiv uslubdagi shaxslar noaniq vaziyatlarda qarorlarni tez qabul qiladi va maʼlumotlarning toʻgʻri yo notoʻgʻriligiga kamroq eʼtibor qaratadi. Refleksiv kognitiv uslubga ega shaxslar esa maʼlum bir ishni boshlashdan oldin har bir vaziyatni toʻliq oʻrganib chiqib, keyin qaror qabul qiladi.
Diniy mavzudagi maʼlumotlarni shartli ravishda uchta turga ajratish mumkin: 1) tushunish uchun shaxs maʼlumotni oʻzi qidiradi va qayta-qayta oʻqiydi; 2) maʼlumotni tushunish uchun boshqalarga murojaat qiladi; 3) maʼlumotni tushunish uchun boshqa shu turdagi qoʻshimcha maʼlumotlarga ham suyanadi.
Turli dinlar va ularning muqaddas manbalar orqali shaxsning qalb va ruhiga taʼsiri toʻgʻrisidagi qarashlar uzoq vaqtlardan beri muhokama qilib kelinadi. Rus psixologi V.I. Slobodchikovaning taʼkidlashicha, diniy axborotlarni qabul qilishda shaxsning tana va qalbi psixikaning markazini tashkil etadi. Bu maʼlumotlarni tahlil etishga shaxsning tafakkuri, xotirasi, idroki, hissiyotlari yordam beradi.
Tadqiqotni amalga oshirishda olimlar bir qator usullardan foydalanilgan. Xususan, G.Uitkinning “Gottshtald shakllari” usuli, J.Kaganning “Kognitiv uslubning impulsiv va refleksiv indikatorlarini oʻrganish” testi, Yu.V.Sherbatixning “Dindorlikning individual strukturasini baholash” hamda “Diniy maʼlumotlarni tushunish xususiyatlarini oʻrganish” soʻrovnomalari va Ch.Osgudning “Semantik differensial” usullaridan foydalanilgan.
1.png)
Diniy maʼlumotlarni tushunishda kognitiv uslublarning oʻrnini psixologik jihatdan tahlil etish boʻyicha tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, talabalarda sinaluvchilarning 69 foizini kognitiv tobe uslubdagilar, 31 foizini esa kognitiv mustaqil uslubdagilar tashkil etgan. Aksariyat tadqiqot ishtirokchilarining kognitiv uslub bilan bogʻliq jihati tobe xususiyatni aks ettirgan. Bu esa ularda maʼlum bir ish-harakatni bajarish davomida atrofdagilar koʻmagiga muhtoj boʻlishi, oʻzi mustaqil faoliyat yurita olmasligi va tashqi taʼsirlarga tez boʻysunishi kabi xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Sinaluvchilarning kamroq qismi kognitiv mustaqil uslubni tashkil qilgan, ular turli xil faoliyatlarni mustaqil bajara olishlari, oʻzlarini nazorat qilish darajasi barqaror hamda murakkab jarayonlarni ham tez va oson tushunishi bilan ajralib turadi.
Kognitiv tobe uslub tashqi taʼsirlarga moyillik, tashqi maydonni toʻgʻri idrok eta olmaslik va murakkab shakllarni alohida tegishli boʻlaklarga ajratishda qiynalish bilan xarakterlanadi.
1.png)
Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, talabalarning 51 foizini kognitiv refleksiv uslubdagilar, 49 foizini esa kognitiv impulsiv uslubdagilar tashkil etadi. Birinchi turdagi ishtirokchilarda refleksiv tafakkurning yaxshi rivojlangani, axborotni qabul qilishda tafakkurning egiluvchanligi va tezligi hamda oʻzini oʻzi doimo rivojlantirishi kabi xususiyatlar namoyon boʻldi. Ikkinchi tur insonlarning oʻz ustlarida koʻp ishlamasligi, harakatlari sekin, axborotni notoʻgʻri idrok etishlari mumkinligi hamda qaror qabul qilish jarayonida qiyinchilikka duch kelishi maʼlum boʻldi.
1.png)
Talabalarning faktorli tahlil boʻyicha koʻrsatkichlari 4 ta komponentdan iborat. Birinchi shkalada psixologik faktorlar: kognitiv tobe-mustaqil 0,719, kognitiv impulsiv-refleksiv 0,651, gʻayritabiiy hodisalarni ilmiy bilimdan ustun koʻrish 0,551, dinni axloqiy jihatdan tushunish 0,430 va afsun-sehrga munosabat 0,476 kabi natijalar bilan oʻzaro farqlangan. Ikkinchi shkalada psixologik faktorlar: afsun-sehrga munosabat 0,599 va dinni axloqiy jihatdan tushunish 0,482 natijalar bilan qayd etilgan. Uchinchi shkalada psixologik omillar: gʻayritabiiy hodisalarni ilmiy bilimdan ustun koʻrish 0,498 va dinni falsafiy konsepsiya sifatida tushunish 0,685 daraja bilan xarakterlangan. Toʻrtinchi shkalada psixologik xususiyatlar: dinni falsafiy konsepsiya sifatida tushunish 0,536 va dinni axloqiy jihatdan tushunish 0,524 kabi birliklarda namoyon boʻlgan.
Xulosa qilib aytganda, birinchidan, diniy maʼlumotlarni tushunish va idrok etishning rivoji yangi asrga kelib, oʻtgan asrga nisbatan yangi tadrijiy bosqichiga koʻtarildi. Ikkinchidan, diniy maʼlumotlarni tushunishning tadqiq etilishi nafaqat nazariy bilimlarni oʻrganishni taqozo qiladi, balki soha doirasida fundamental tadqiqotlar amalga oshirilishida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uchinchidan, diniy maʼlumotlarni tushunishning psixologik xususiyatlari sof manbalarga tayangan holda ishlashini yangi davr voqeligi talab etmoqda.
Alisher JABBOR,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti