Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash masalalari uchun masʼul boʻlgan Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziriga biriktirilgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar roʻyxati tasdiqlandi. Prezident farmonida keltirilgan roʻyxatga taʼlim va ilm-fan, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar hamda yoshlar siyosati sohalaridagi idoralar kiritilgan.

Hujjatga koʻra, Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi, Kasbiy taʼlim agentligi, Innovatsion rivojlanish agentligi va Bilim va malakalarni baholash agentligi shular jumlasidan.

Shu bilan birga, roʻyxatdan Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Klinik audit inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi joy olgan.

Fanlar akademiyasi, vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarning tegishli vazifalari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari ham roʻyxatga kiritilgan.

Farmonga muvofiq, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri mazkur idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda ular zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosiga umumiy rahbarlik qiladi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasida 12 shtat birligidan iborat Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyatini tashkil etish ham belgilangan.

Vazirlar Mahkamasida 12 nafar shtat birligidan iborat Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil etiladi, uning 5 ta shtat birligi Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻlimidan, 7 ta shtat birligi esa Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining qayta tashkil etilishi hisobiga shakllantiriladi.