Bolaligimdan tillarga, adabiyot va tarixga qiziqqanim bois oxir-oqibat professional faoliyatimni ham gumanitar soha bilan bogʻladim. Oʻsmir tafakkurimni rom etgan ushbu yoʻnalish jamiyatga qanday foyda keltirishi haqida, ochigʻini aytganda, oʻsha kezlari oʻylab koʻrmaganman. Oʻylashga majbur qilgan hodisa esa abituriyentlikdagi qizgʻin bahslar boʻldi: bir yoqda tarix va tilga mukkasidan ketgan “gumanitariy”lar; boshqa yoqda matematika, biologiya va kimyoga oshufta “texnar”lar darslik va “Axborotnoma”dan bosh koʻtarib, suhbat qurganida, bot-bot oʻz fanlarining ahamiyati haqida tortishib qolishardi.

“Tarixni oʻrgangandan nima foyda?  – deb yozgʻirardi kimyogarlar. – Mana biz bir olam mahsulot ishlab chiqaramiz, hayotni yengillashtiramiz. Hech narsa ishlab chiqarmaysizlar, jamiyatga foydalaring ham tegmaydi!”

“Buni tushuna olmaysizlar, – deya himoyalanardi tarixchilar. – Oʻtmishsiz kelajak yoʻq. Qorin bilan ish bitmaydi, undan muhimroq narsalar ham bor”.

Bunday dahanaki olishuvlar koʻp holda hazil ohangida kechsa-da, hazil tagida zil borligini payqardim: hayotda tarix va adabiyotning, til va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning ham ahamiyati, oʻrni borligi bir qarashda shoyon koʻrinib turganday boʻlsa ham, aniqroq, teranroq javoblarga ehtiyoj sezardim. Dastlab talabalik yillarim, soʻng ilmiy faoliyatim asnosida ustozlar, hamkasblarga shu savol bilan murojaat etdim. Bu oʻziga xos surishtiruvim yakunida shunga amin boʻlgandimki, oʻqituvchi, tadqiqotchi, professorlarning ham aksari faoliyat yuritayotgan sohasining jamiyatga manfaati haqida yo stereotipik tasavvurlarga ega, yoxud ishini befoyda deb hisoblaydi.

“Maʼnaviyat, milliylik, oʻzlik, axloq­odob... suv bilan havodek zarur-ku. Mamlakat texnologik jihatdan rivojlanib ketgani bilan, xalq milliy qiyofasini yoʻqotsa, katta fojia emasmi?” – eng keng tarqalgan javob shunday mazmunda edi. Ushbu balandparvoz fikr zamirida maʼlum haqiqatlar yoʻq emas, albatta. Lekin unga ratsionallik yetishmaydi, chamamda.

Bir necha yil muqaddam chet el akademik muhitida malaka oshirish imkoniyati tugʻilganida yana shu masalaga qaytib, amerikalik gumanitariylarning fikrini soʻrab-surishtirdim. Gʻarb akademik fanidagi umumiy tendensiyalar, qarashlar, hukmron konsepsiyalar haqida tasavvurga ega esam-da, bevosita guvohi boʻlganim manzara meni hayratda qoldirdi: kamina tadqiqot olib borayotgan Jorj Vashington universiteti olimlari gumanitar mavzularni pragmatik ruhda muhokama qilar, mazkur sohaning jamiyatga keltirayotgan moddiy manfaatini ham ishonarli tarzda asoslab-isbotlab berishar edi. Producing knowledge – bilim ishlab chiqarish istilohi anjuman va treninglarda qayta-qayta yangrardi. Bilim ishlab chiqarishga ketadigan xarajat, resurslar, undan keladigan daromad aniq iqtisodiy birliklarda ifodalanardi. Gumanitar sohaning iqtisodiy ahamiyati quruq romantika bilan emas, balki ilmiy fondlar, yirik korporatsiyalar, davlat tashkilotlari taklif etayotgan shartnomalar, loyihalar, grantlar asosida izohlanardi.

Davlat tashkilotlari moddiy evaz kutmay oʻqituvchi, tarixchi va jamiyatshunoslarga mablag‘ ajratishini postsovet kishi ham aqliga sigʻdira oladi. Biroq neft-gaz kompaniyasi dinshunoslarni oʻqitishga pul ajratishini qanday tushunsa boʻladi? Energetika shirkatlariga dinshunoslar nega kerakligini izohlash uchun gapni uzoqroqdan boshlashga toʻgʻri keladi.

Tilshunoslik gumanitar fanmi?

Abituriyentlik yillarimdagi oʻsha bahslarda “tilshunos” oʻlaroq, tabiiyki, “gumanitariy”lar lagerida edim va shunga yarasha matematika yoki biologiyaga qarshi biror soʻz aytishga chiranardim. Qizigʻi, u mahal tilshunoslik sof gumanitar soha emasligi, boz ustiga, gumanitar va ijtimoiy ixtisosliklar ham bir-biridan farq qilishini anglamas edim. Keyinchalik tilshunoslik toʻlaqonli gumanitar fan emasligi, umuman, fanlar tasnifi nihoyatda olgʻa ketib, oʻzgarishlarga uchraganini bildim.

Oʻzbekistonda hanuzgacha istifoda etib kelinayotgan ilmiy bloklar modeli eski sovet maktabining merosidir. Rivojlangan davlatlar akademik muhitida fanlar bir-biridan gumanitar, tabiiy yoki aniq qabilida tasniflanib, devor bilan ajratilmaydi; ularga oʻzaro chambarchas bogʻliq, bir-birini toʻldiradigan bilish va tushunish metodikalari majmui sifatida qaraladi. Buni tilshunoslik namunasida koʻrib chiqsak.

Keng maʼnodagi tilshunoslik umuman tillarni, yaʼni har qanday belgilar tizimini tadqiq etadi. Tor maʼnodagi tilshunoslik esa faqat odam tilini, lingvistik istilohda aytsak, verbal tilni oʻrganadi. Verbal til bir necha sathda tadqiq etiladi: soʻzlar tovushlardan iborat, tovush esa inson organizmining imkoniyatlari asosida yuzaga keladigan fizik hodisadir. Demak, tilshunoslikning zamirida fizik-biologik jarayonlar yotadi, yaʼni u tabiiy fandir.

Tillar evolyutsiyasi aniq matematik modellarga tayanadi. Ushbu modellar asosida muayyan til oʻtmishda qanday jaranglagani va kelajakda qanday tusga kirishini bilsa boʻladi. Shu yoʻl bilan til tarixi, til futurologiyasi va tillarning oʻzaro aloqalari oʻrganiladi. Demak, tilshunoslik aniq fan hamdir.

Til ijtimoiy muloqot vositasi oʻlaroq odamlarning bir-birini tushunishi, axborot almashuviga xizmat qiladi. Suhbat asnosida ijtimoiy munosabatlar vujudga keladi. Yaʼni tilshunoslik ijtimoiy fandir.

Ilm tarmoqlarining mohiyati, tadqiqot obyekti oʻylaganimizdan murakkabroq ekani ayon boʻlmoqda. Bir fan oʻzak xususiyatlariga koʻra gumanitar, aniq, tabiiy, texnik, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy guruhga nisbat berilishi mumkin. Shu sabab oxirgi oʻn yilliklarda mutaraqqiy dunyoda fanlararo tadqiqotlar urfga kirmoqda: tilshunoslar dasturchilar bilan, biologlar jamiyatshunoslar bilan hamkorlik qilmoqda; tarixni matematik modellashtirish, inson munosabatlari anatomiyasi, tarixiy voqealar ekologiyasi singari alomat tadqiqot yoʻnalishlari ilgari surilmoqda. Qolaversa, antropologiya singari yirik yoʻnalish shakllanmoqda. Antropologiya, bizga maktabda oʻrgatilganidek, insonning tashqi qiyofasi haqidagi fan emas – bu uning juda kichik, biologiyaga yondosh boʻlagidir; u inson haqidagi bilimlar tizimi oʻlaroq juda keng maydonni egallab, jamiyatshunoslik, sotsiolingvistika, psixologiya, madaniyatshunoslik, etnografiya, etnologiya, sharqshunoslik va boshqa koʻplab yoʻnalishlarni qamrab olmoqda.

Ijtimoiy-gumanitar fanlar keltiradigan naf jillaqursa fanlararo tadqiqotlarda boʻy koʻrsatayotir. Ammo baribir oq-qora tasnifga oʻrgangan postsovetcha miyamizning bir chetida savol tugʻilaveradi: fanlar tizimida gumanitar jabha qanchalik naf keltiryapti, balki u shunchaki dastyor, xizmatkordir?

Ikkiyoqlama muammo

Yaqinda faoliyat boshlagan Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy loyihalarga mablag‘ ajratishini eʼlon qilib, munosib takliflarni qidira boshlaganida mamlakatda gumanitar soha toʻqnash kelayotgan ikkiyoqlama muammo koʻzga yaqqol tashlanib qoldi.

Bir tomondan, ijtimoiy-gumanitar ixtisosliklar vakillari yetarli miqdorda innovatsion loyihalar taqdim eta olmasligi maʼlum boʻldi. Sovet davridan meros boʻlib qolgan, bozor iqtisodiyoti va raqobatdan yiroq akademik tizim hozirga qadar isloh etilmayotgani buning sabablaridan biri boʻlsa ajab emas. Loyihaviy faoliyatga oʻrganmagan, vazifasi maʼnaviyatni oshirish va milliylikni targʻib qilish deb biladigan odamlardan qanday innovatsiya kutish mumkin?

Ikkinchi tomondan, Oʻzbekiston akademik tizimida nisbatan ustunlik qiladigan, ilgʻorroq hisoblanadigan texnik sohalar, tabiiy va aniq fanlar vakillari ham gumanitar tadqiqotlarning mazmun-mohiyatini yanglish tushunishi oshkor boʻldi. Loyihaga qoʻyiladigan birlamchi talablardan biri mahsulot taqdim etishdir. Ana shu nuqtada gumanitar tarmoq vakillarida “biz ham mahsulot ishlab chiqaramizmi” qabilida taraddud, ikkilanish paydo boʻldi.

Oʻz vaqtida men ham shu savolga javob qidirar ekanman, rossiyalik antropolog Valeriy Tishkovning teran mulohazalariga duch keldim. Bu olim SSSR parchalanib, Rossiya ilm-fani tushkunlikka uchraganida, akademik sohani qaytadan oyoqqa turgʻizish, sovet metodologiyasi va mavzular qamrovini qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelganida ijtimoiy antropologiya haqida salmoqli maqolalar yozgan. “Gumanitar soha olimi yaratadigan asosiy mahsulot – kitob, maqola, sharh yoki taqriz koʻrinishidagi ilmiy matndir” deydi V.Tishkov.

Koʻlamni kengaytirib, olimlar, sanʼatkorlar, ekspertlar ishlab chiqaradigan mahsulot – matn yoki asardir, deyish mumkin. Toʻgʻri, ijtimoiy-gumanitar fanlarning missiyasi bu bilan cheklanmaydi, lekin, nazarimda, ushbu taʼrif bu boradagi bahslarga chek qoʻyadi.

Sifatli ilmiy matn, qoʻyingki, har qanday janrda arzirli matn yaratish – oson ish emas. Umrboqiy roman yozish, aqliy yetuklikdan tashqari, uzoq yillik mehnatni talab qiladi. Ilm-fanda oʻzgarishlar yasaydigan qarashlar ilgari surilgan va asoslangan ilmiy matnni yaratishga esa bir izlanuvchining umri yetmasligi mumkin. Sifatli tahliliy maqola yoki hisobot tayyorlash, qiziqarli ssenariy yozish, ijtimoiy tadqiqotlar, jurnalistik surishtiruvlar oʻtkazish ham koʻp vaqt va ulkan intellektual mehnat talab qiladigan yumushlardir. Bugun yangi yirik adabiy shaxslar maydonga chiqmayotgani, tasavvurlarni oʻzgartirib yuboradigan tadqiqotlar dunyo yuzini koʻrmayotgani, sifatli kinoasarlar suratga olinmayotgani, jurnalistlar chin maʼnoda jamiyat sanitariga aylana olmayotgani shu xusus bilan izohlanadi. Sirasini aytganda, bitta salmoqli roman, ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishdagi bitta yirik tadqiqotning qiymati aniq yoki tabiiy fanlardagi olamshumul kashfiyotning qiymatidan qolishmaydi.

Demak, gumanitar soha vakilining asosiy vazifasi bilim ishlab chiqarish hamda ularni tahlil qilib, ilmiy yoki ekspertlik matni yaratishdan iborat ekan. Endi bu intellektual mahsulot qanday moddiy manfaat keltirishini sharhlasak.

“Think tank” asri

Bu atama ingliz tilidan soʻzma-soʻz “fikr idishi” deb tarjima qilinadi; bizda esa ruscha “мозговой центр”ning kalkasi – “aqliy markaz” istilohi ishlatilyapti. AQShda vujudga kelgan bu faoliyat turi, taʼbir joiz boʻlsa, ilm-fan namoyandalarining aqliy salohiyatidan moddiy manfaat bunyod etishga xizmat qiladi.

Deylik, bir bank keyingi oʻn yillikdagi faoliyatini rejalashtirmoqchi. Buning uchun bir guruh olim yollanadi yoki biror aqliy markazga buyurtma beriladi. Aqliy markaz yoxud olimlar guruhi masalani har tomonlama oʻrganib, maʼlumot toʻplaydi: keyingi oʻn yilda jahon siyosatida qanday oʻzgarishlar roʻy beradi; iqtisodiyotda nimalar kutilmoqda; bank ishlayotgan mamlakatlarda aholi (potensial mijozlar) qanday surʼatda koʻpaymoqda yoki kamaymoqda; ularning axloqiy, diniy va madaniy inonchlari qanday; moddiy ahvoli qay darajada va hokazo. Nihoyatda keng koʻlamdagi masalalar taftish etiladi, tadqiqotda shunga yarasha turli soha mutaxassislari qatnashadi. Ishonchli maʼlumot yigʻish maqsadida safar, ekspeditsiyalar uyushtiriladi; intervyu, ijtimioy soʻrovlar oʻtkaziladi. Shu tariqa bankka oʻn yillik ijtimoiy, siyosiy, demografik, iqtisodiy vaziyat hamda bu sharoitda qanday ishlash kerakligi borasida tavsiyalardan iborat batafsil hisobot taqdim etiladi.

Istiqbolli rejalar Oʻzbekiston tashkilotlariga ham begona emas. Ammo aksar hollarda chuqur tadqiqot oʻtkazilmaydi. Zero, bunga kuchli ehtiyoj borligi hali anglab yetilgani yoʻq. Yirik miqyosdagi loyihaga ulkan mablag‘ sarflash pulni havoga sovurish deb qaralishi ham sir emas.

Maqola debochasida neft-gaz kompaniyasi dinshunos mutaxassislarni oʻqitishga pul ajratishi haqida soʻz ochgandik. Gap shundaki, musulmon mamlakatlarida ishlaydigan kompaniya uchun islom dini mohiyatini tushunish bozor iqtisodiyoti asoslarini bilishdan kam ahamiyatga ega emas. Neftga boy musulmon davlati koʻpligini inobatga olib, bu tarmoqda faoliyat yuritadigan tashkilotlar diniy tadqiqotlarni moliyalashtirishi keng tarqalgan hodisa desak yanglishmagan boʻlamiz.

AQSh, Yevropa, Yaponiya va boshqa tez rivojlanayotgan mamlakatlarda davlat tuzilmalari, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari akademik fan xizmatiga koʻp murojaat etadi. Xususiy universitetlar, tadqiqot institutlari, laboratoriyalar, aqliy markazlar buyurtmalarga ixtisoslashib, faoliyat yoʻnalishini belgilaydi, talabga qarab mutaxassis tayyorlaydi yoki toʻplaydi. Men bir muddat malaka oshirish baxtiga muyassar boʻlganim Jorj Vashington universiteti tizimidagi institut va markazlar ham ilmiy fondlar va davlat tashkilotlari bilan shartnomalar asosida uzoq yillik loyihalarni amalga oshiradi. Central Asia Program (CAP) dasturi ana shunday uzoq yillik loyihalardan biri edi: uning doirasida malaka oshirish kurslari, konferensiyalar tashkil etilar, yosh tadqiqotchilar dissertatsiya yozar edi. Koʻzlangan pirovard maqsad esa Markaziy Osiyo davlatlari haqida bilimlar bazasini yaratib, bu bazani “monetizatsiya” qilish, yaʼni mintaqada ishlashni istagan tijoriy tashkilotlar, siyosiy tuzilmalarga sotish, qolaversa, Vashington elitasida mintaqa haqida aniq tasavvur hosil qilishdan iborat edi.

Aqliy markazlar – gumanitar fanlarning ijtimoiy missiyasini yorqin namoyish etadigan fenomendir. CAP loyihasi rahbari, fransiyalik olima Marlen Lyaruelga koʻra, birgina Vashingtonning oʻzida toʻrt yuzdan ziyod aqliy markaz mavjud. AQSh poytaxti, jahon diplomatiyasining markazi boʻlmish Vashington bu jihatdan gumanitar soha vakillarini ohanrabo kabi oʻziga tortayotgan maskan hisoblanadi, chunki u yerda ilmiy karera qurish va katta daromad koʻrish imkoniyati mavjud.

Qizigʻi, u yerda fan ham bozor iqtisodiyotiga boʻysunib, raqobat sharoitida ishlamoqda. Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotlar olib boradigan aqliy markazlardan birining rahbari, oʻzbek oʻquvchilariga tanish boʻlgan olim Frederik Starrning aytishicha, Vashington halqa yoʻlidan tashqarida faoliyat yuritadigan markazlar mijozlarga arzonroq narx taklif etib, koʻpgina loyihalarni olib qoʻymoqda ekan. Ular “Beltway bandits” – “halqa yoʻli yoʻltoʻsarlari” deb atalar ekan.

Fan va jamiyat uygʻunligini taʼminlaydigan institutlar faqat aqliy markazlar, universitetlar bilan cheklanmaydi. Bu oʻrinda kompaniyalar buyurtmasiga koʻra yangi bozorlarni oʻrganishga qaratilgan konsalting xizmatini eslash kifoya. Jamiyat rivojlangani sayin gumanitar soha vakillarining ahamiyati, moddiy manfaatdorligi oshib boradi.

Jamiyatshunos, nomidan ham maʼlumki, jamiyatni har tomonlama tadqiq etadi; psixolog shaxsiy va ijtimoiy hayotda qiyinchilikka uchragan odamlarga yordam berish bilan birga omma psixologiyasini oʻrganadi; filologlarning oʻrni tarjima ishi, til oʻrgatishda (lingvodidaktika) namoyon boʻladi, ular siyosatchi, rahbar, sanʼatkorlarga chiroyli nutq soʻzlash, bahs yuritish, fikrni izchil bayon etishni, xodimlarga hujjat yuritishni oʻrgatadi (kompyuter lingvistikasi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda filologlarning faoliyat yoʻnalishi ham kengaymoqda). Tarixchilar bugungi muammolarning ildizlarini aniqlaydi, ularni kasalga tashxis qoʻyuvchi sinchi mutaxassislarga oʻxshatish mumkin.

Gumanitar soha vakili boʻlsangiz-u, bu faoliyat turlaridan qoniqmasangiz, oʻzga “maydon ichra” turishingiz ham mumkin: XXI asrda gumanitar taʼlim sohiblarining bilim va koʻnikmalariga ehtiyoj boshqaruvda kuchaymoqda.

Qiziq paradoks

Dunyo toʻrtinchi sanoat inqilobiga yaqinlashib, biznes va davlat tuzilmalari yanada koʻproq jarayonlarni robotlashtirishga urinmoqda. IT, kibernetika, texnik fanlar insoniyat taraqqiyotining markazida turgan bir pallada qiziq paradoks kuzatilmoqda: gumanitar ixtisosliklarga ehtiyoj ortib bormoqda. Ijtimoiy-gumanitar oʻquv yurtlari yopilib, texnik fakultetlar kengayib borayotgan, gumanitar olimlarning akademiyalardagi ulushi qisqarib ketayotgan bir vaqtda bu holatni qanday izohlash mumkin?

Koʻp faoliyat turlarining sunʼiy ong hamda katta maʼlumot (big data) texnologiyalari asosida olib borilishi tigʻiz jarayonlarni boshqara biladigan, maʼlumotlarni tahlil qila oladigan, tanqidiy fikrlash va metodik xulosalar chiqarishga qodir professionallarga ehtiyojni orttirmoqda. Shiddatli texnologik oʻsishdan his-hayajonga tushgan mutaxassislar, taraqqiyot inson aralashuvini ortiqcha qilib qoʻyadi, deya baralla bashorat qilgan edi. Hozir esa buning teskarisi boʻy koʻrsatmoqda – taraqqiyot, aksincha, gumanitar soha diplomiga boʻlgan talabni oshirib yubordi.

Gumanitar taʼlim dargohlarida talabalarga tanqidiy fikrlash, maʼlumotlarni qiyoslash, tahlil qilish, qonuniyatlarni kashf etish borasida saboq beriladi, xolis baholash malakasi shakllantiriladi. Deylik, tarixchi faqat sanalarni yodlamaydi: u axborotni yaxlit tizimga solib, sabab va oqibatlar borasida ilmiy xulosa beradi. Bundan tashqari, gumanitar bilimlar sohibi tarix, sanʼat, xalqaro siyosatdagi gap-soʻzlardan baholiqudrat xabardor boʻladi, havasaki matnni professionalidan farqlay oladi, ishonchsiz axborotni oson payqaydi, faktlarni daqiq jihatlarigacha taftish etadi.

Shunday qilib, ijtimoiy-gumanitar fakultetlarda hosil qilinadigan koʻnikmalar biznesni boshqarish, innovatsiyalar joriy etish, prognozlash, diplomatik va iqtisodiy robitalar oʻrnatish, manfaatli shartnomalar tuzishda qoʻl keladi. Ayni sababga koʻra yirik korporatsiyalar rahbar lavozimlarga gumanitar taʼlim vakillarini tayinlashni maʼqul koʻrmoqda. Rossiya xalq xoʻjaligi va davlat xizmati akademiyasi 2019-yilda oʻtkazgan soʻrovga koʻra, ushbu mamlakatdagi yirik va oʻrta kompaniyalar direktorlarining qariyb 50 foizi gumanitar soha vakillari ekan. Yevropa, AQSh va Yaponiyada ham shunga yaqin koʻrsatkich qayd etilgan.

Taassufki, postsovet davlatlari, jumladan, mamlakatimizda ijtimoiy-gumanitar fanlarning yangi metodika va mavzularini oʻzlashtirishda qiyinchilik kuzatilmoqda. Masalan, Gʻarb ilmiy maktablari va akademik standartlarini qabul qilgan davlatlarda tarix, filologiya, siyosatshunoslik, jamiyatshunoslik singari fanlar boshqacha oʻqitiladi. Oʻzbekiston oliy oʻquv muassasalarida esa tarixning siyosiy, harbiy va iqtisodiy jihatlariga, sana va voqealarga urgʻu berilgani holda, hodisalarni tahlil qilib, qonuniyatlarni yuzaga chiqarish, vaziyatni turli nuqtai nazardan baholash koʻnikmasi oʻrgatilmaydi.

Shuningdek, xorijiy tarix va antropologiya oʻquv dargohlari ijtimoiy dolzarb mavzular – gender tadqiqotlari, milliy ozchiliklar marginallashuvi, migratsiya, etnik va irqiy mojarolar, kolonializm va globallashuv tarixi, xalqlar va davlatlarning tarixiy aloqalari, muammoli geosiyosiy vaziyatdagi mintaqalar antropologiyasiga diqqat qaratadi. Oʻzbekiston tarixchiligi esa hali bunday mavzulardan uzoqda. Yurtimiz gumanitar soha vakillari goʻyo girdobga tushib qolgandek – ilmiy jamoatchilik, siyosiy elita ularning salohiyatiga, jiddiy gʻoya va innovatsiyalarni oʻrtaga qoʻya olishiga ishonchsizlik bilan qaraydi; bunday munosabat soha mutaxassislarining oʻz layoqatsizligini boʻyniga olib, dolzarb masalalardan uzoq yurishi va ishonchsizlikni beixtiyor tasdiqlashiga olib keladi. Pirovardida, gumanitar bilimlar faqat maʼnaviyatli avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi qabilidagi daqqi qarash oʻz kuchida qolaveradi... 

Olamni qanday tushunamiz?

Fikrimiz bahsli tuyulishi mumkin, ammo Oʻzbekistonda hali gumanitar fanlarning missiyasini anglash, ularni jamiyat bilan uygʻunlashtirish ibtidoiy bosqichda turibdi. Gumanitar bilimlarni dolzarblashtirish, soha vakillarini ijtimoiy muammolarni hal qilish jarayoniga jalb etish uchun avvalo munosabat oʻzgarishi lozim: jamiyatda oʻtkir akademik va ijtimoiy bahslar uyushtirilib, tarixchi, tilshunos, jamiyatshunos va boshqalarning faoliyati taftish etilishi, talablarga koʻra ijtimoiy buyurtma shakllanishi lozim. Toʻgʻri qoʻyilgan maqsad toʻgʻri natijalarga olib borishi maʼlum.

Galdagi muammo – fanga pul ajratish, investitsiya kiritish. Nazarimizda, oʻzbek siyosati va fani gumanitar bilimlar ishlab chiqarish jiddiy moliyaviy koʻmak talab etishini hali toʻliq anglagan emas. Paxtaning yangi navini yaratish yoxud yangi texnologiya ijod etish naqadar murakkab jarayon ekani maʼlum boʻlgani bois bunday loyihalarga katta mablag‘ ajratiladi, lekin ilmiy matn yaratish baʼzida undan-da ogʻir mehnat talab qilishi mumkinligi doim ham eʼtirof etilmaydi. Shu bois mamlakatimizda hozircha darsliklar, lugʻatlar, monografiyalar chop etishga katta sarmoya kiritilmayapti.

Ingliz tilida eng faol ishlatiladigan 4 mingta soʻzdan iborat roʻyxat, ularni oʻrgatishga moʻljallangan darslik va dasturlar bor. Oʻzbek tilida eng faol ishlatiladigan 4 mingta soʻz roʻyxati bormi? Yoʻq. Bunday roʻyxatni tuzish shunchalik qiyinmi? Ha, juda qiyin. Ingliz tilining eng faol soʻzlari lugʻatlarini tuzish uchun yuz millionlab odamning nutqi, internet va boshqa platformalardagi millionlab matn yillar davomida oʻrganilgan. Toʻplangan matnlar murakkab dasturiy algoritmlar vositasida qayta ishlanib, har bir soʻz muayyan vaqt davomida qanchalik koʻp yoki kam tilga olingani va yozilgani aniqlangan. Bir necha ming faol soʻzdan iborat lugʻatni tuzishga besh-oʻn yil vaqt, oʻn millionlab dollar pul ketgan. Shu kichkina roʻyxat mashhur olim Devid Neyshn faoliyatining choʻqqisi hisoblanadi.

Oʻzbek tilshunoslariga ham shunday imkon beriladimi? Buning uchun avvalo tafakkur tarzimiz oʻzgarmogʻi, kichik bir roʻyxat ortida ulkan mehnat yotganini anglamogʻimiz lozim boʻladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-gumanitar ixtisosliklarning oʻzlikni shakllantirish, jamiyatni modellashtirish funksiyasidan foydalanilmoqda. Toʻgʻri, har qanday jamiyat oʻtmishidan shaxslar va ramzlar qidiradi, ularni oʻz ramziy kapitaliga aylantirib, shu asosda milliy oʻzligini “barpo” etadi. Lekin tarix va yondosh fanlarning bu ijtimoiy vazifasi bahslar keltirib chiqarmoqda: tarixni bugunga moslab oʻzgartirish, qayta talqin etish toʻgʻrimi? Bu hol tarixning propaganda ruhidagi qarashlar yigʻindisiga aylanib qolishi, reallik bilan bogʻliqligi yoʻqolishiga olib kelmaydimi? Koʻplab ekspertlar tarixiy hodisalardan bugungi “men”imizni asoslaydigan dalillarni maqsadli qidirish xato, buning oʻrniga moziyni xolis oʻrganib, haqiqatlar negizida “men”imizni isloh qilaylik, degan fikrda.

Aslida bu – ijtimoiy-gumanitar fanlar missiyasining kichik bir boʻlagidir. Mazkur fanlar bizga dunyoni va oʻzimizni anglashga koʻmak beradi, tushuncha-tasavvurimizni kengaytiradi, yuksaklarga olib chiqadi. Bu esa har bir insonning hayotini yangi ranglarga burkaydi; uning baxtli yashashi, atrofdagilar, boshqa til, din, irq vakillari bilan til topishishini taʼmin etadi; bagʻrikenglik va insoniylikni yuzaga chiqaradi. Insoniyat adabiyotsiz ham bomba yarata oladi, ammo bu kashfiyotni toʻgʻri yoʻnaltirish uchun adab-axloq kerak boʻladi.

Inson – shunchaki suyak va goʻsht qorishmasi emas, u oʻylash va his etish qobiliyatiga ega mukarram xilqatdir. Hayotimiz faqat raqamlar va gadjetlardan iborat emas. Sanʼatdan zavq olish, yaqinlar diydoridan baxt tuyish, sevish, sayohat qilish va dunyoni anglash ham umrimiz mohiyatiga daxldor hodisalardir.  Bunday shavqli mashgʻulotlarsiz kechadigan hayotni hayot deb boʻlarmikan?..

Eldor ASANOV

“Tafakkur” jurnali, 2021-yil 4-son.

“Gumanitar fanlardan nima naf?” maqolasi