(Esse)
Murod akaning turgan-bitgani, yozgan-chizgani, aytgan-aytmagani, butun hayoti – hangoma. Qay biri chin, qaysi toʻqima – oʻziyam aniq bilmasa kerak. Havasingiz keladi. Adib oʻsha muhitda maza qilib yashaydi, maza qilib yozadi, maza qilib... iztirob chekadi. Aslida Murod Muhammad Doʻst ijodi va faoliyatining oʻziga xosligi ham shunda.
Yangi nasr avlodi
Akamizning azim shahardagi sershovqin davralarni tark etib, goʻyo oʻz ijodiga qoʻl siltaganday ona yurti Jomga langar tashlaganiga, adashmasam, besh yil boʻlay deb qoldi. Jom deganimiz kamida yigirma-yigirma besh chaqirim choʻzilib ketgan qishloq. Bir uchi qorli choʻqqilarga yaqinlashib borsa, etagi choʻlga tutash. Havosi xush, shabbodasi yengil, sokin bu goʻsha Murod Muhammad Doʻst adabiy xaritaga muhrlagan gʻaroyib makon – Galatepani eslatadi.
Hovli-harami joyida adib besh-olti tanob keladigan daraxtzorida kuymalangani-kuymalangan. Bu odat kayvoni otasidan oʻtgan. Rahmatli kolxoz raisiman deb oʻtirmas, qoʻlidan ketmon-u bel, tokqaychi-yu teshasi tushmas edi. Adib asarlarida mehr bilan tasvirlangan Raim oqsoqol siymosida otasining ham sharpasi borday.
Akaning aytishicha, tiyramohda qargʻa koʻpayadi. Qora bulutday yopirilib kelib, daraxtdagi yongʻoqni choʻqib tushiradi, toshga urib chaqadi. Chaqqan joyida qay goʻrdandir zagʻcha yoki mayna paydo boʻladi-yu magʻzini ilib ketadi. Qoqbosh qargʻa ogʻzidagi oshini oldirib, jon achchigʻida qagʻillagancha qolaveradi – rahmingiz keladi.
Tamaddun-u siyosatdan xiyla uzoq, ovloq Galatepa fuqarolari oʻzining insonga xos jamiki fazilat-u qusurlari bilan kitobxonlar koʻnglidan allaqachon muqim joy oldi, muallif esa milliy adabiyotimizning zabardast vakili maqomiga erishdi desak, aslo lofi yoʻq.
Qoq poʻstak ustida qotgan non yeyishdan ham huzur topadigan avomshunos oyogʻini shahardan butkul uzib ketgani yoʻq albatta. Uzlatni afzal bilganidan poytaxt juda huvullab qolmagandir-u, lekin zahmatkash adib ona qishlogʻida farogʻat topganiga ishongimiz keladi. Ovozi guldiragan, nigohi va tili bir odam ilgari – katta siyosat maydonida ot surgan kezlarida qanday boʻlsa, hozir ham shunday: davralarning guli!
Zavqlanib eslayman: shunday kunlar, oylar, yillar boʻlgan. Yangi oʻzbek nasridan soʻz ketsa, yosh adiblardan “uch ogʻayni botirlar” nomi birinchi boʻlib tilga olinardi: Erkin Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst, Xayriddin Sulton.
Oradan yarim asr oʻtdi. Bir mayizni boʻlishib yegan uch ogʻaynining orasi ham, ayni sanoq ham buzilgani yoʻq. Endi ular shuhrat qozongan adib, taniqli siyosat va madaniyat arboblari. Kitoblari boʻyogʻi qurimay tala-tala boʻlib ketadi.
Adabiyotimiz osmonida yulduzdek porlagan yangi avlodning paydo boʻlishini atoqli shoir Erkin Vohidov 1980-yili zavqlanib shunday qayd etgan: “Ohista, iymanib, ulugʻlar qoshida choʻchinqirab emas, shaxdam, dadil, bamisoli toʻyxonaga kelgan oʻspirin kuyovnavkarlardek olatasir va suron bilan kirib keldi. Biz bu “bosqin”ni koʻpdan kutgan edik, intizorlik bilan poylagan edik. Shunday kun keldi”.
Adabiyot darbozasini taqillatmay, shovqin-suroni bilan betakalluf kirib kelgan, boz ustiga, andak betgachopar-u kibrli mehmon qay zamonda xushnud qarshi olinibdi? Donishmand shoirning oʻt-olov yoshlarga ulkan mehr bilan “biz bu “bosqin”ni koʻpdan kutgan edik” degan lutfida orzulari moʻl avlodning dadil hifzi himoyasi yaqqol boʻy koʻrsatib turgani shundan. Eʼtirofda koʻproq shoirlarga nisbat berilgan boʻlsa-da, u zamonning yosh nosirlari solgan gulduros ham aslo kam emas edi.
Gazeta-jurnallar, radio-televideniye, choyxona-yu mayxonalar, talabalar auditoriyalarida yangi avlod adiblari asarlari haqidagi tortishuvlar qizigandan qizirdi. Oʻzim guvohman – talaba boshimdan oʻtgan.
Taqiq va taʼqiblar sirtdan susayganday koʻrinsa-da, sotsialistik realizm degan taʼlimotning temir qoliplari hali sinmagan, chetga surilmagan bir davr; hammaning joniga tegib, hammani charchatgan, hatto adabiyot va sanʼat boshliqlarini ham bezdirgan daqqi talablar hamon amalda edi.
Bu taʼlimotning metin qoida va talablarini derazalariga qalin panjaralar urilgan Kremldagi kabinetlarda, beliga yoʻgʻon kamar, kamariga besunaqay mauzer taqqan charm kamzulli inqilobchi komissarlar ishlab chiqqan va shafqatsizlarcha joriy qilgan edi.
Taʼlimotki, sirtdan qaraganda gʻoyat ezgu, insoniy va adolatliday koʻrinsa-da, adabiyot va sanʼat amalda yakkahokim mafkuraga majburan nikohlab qoʻyilgan joriyaga oʻxshardi. Partiya-hukumat im qoqsa, ijod ahli labbay deb javob berishga mahkum. Keyinchalik Murod Muhammad Doʻst taʼkidlaganidek, “davlat yetaklagan adabiyotda maddohlikdan oʻzga barcha janrlar tanazzulga yuz tutadi”.
Yangi nasr avlodi ana shunday talotoʻp davrda adabiyotga gulduros solib kirib keldi. Ammo bu gulduros minbarlar-u davralarda emas, ularning gohi oʻychan, gohida maʼyus, gohida esa shoʻxchan, lekin oʻta hayotiy va samimiy hikoyalari, qissalari, romanlari va publitsistikasida baralla sezilib turardi.
Ayni algʻov-dalgʻov kunlarning birida – 1979-yili “Sharq yulduzi” jurnali sakkizinchi sonida yosh adib Murod Muhammad Doʻstning “Chollardan biri” (asliyatida va keyinchalik “Mustafo” deb nomlangan) qissasi chop etildi. Koʻpchilik, jumladan asar eʼlon qilinishida bosh-qosh boʻlgan jonkuyar adib, jurnal nasr boʻlimi mudiri Shukur Xolmirzayev ham “Mustafo” qoʻlyozmasini oʻqib, hayron qolganini yashirmagan: “Asaringiz nima haqda oʻzi, Murodjon?”.
Kelbati yozuvchidan koʻra Eski shahar koʻchalarida vahima qoʻzgʻab yuradigan yoʻltoʻsar koʻzirlarga tortib ketadigan, moʻylabi labini yashirib, qalin qora sochi yelkasiga tushib turgan qotma yigit, goʻyo shunday savolni kutganday, goʻyo oʻzi kabi shiddati oshib-toshib borayotgan shoir oshnasi Usmon Azimni nazarda tutganday, mujmalroq javob qiladi: “Usmonboy oqshomlari qoʻshiq aytadi. Shu haqda”.
Aslida qissa qahramoni Mustafo cholga farzand tutingan yigitning ismi shunday – Usmonali.
Shu-shu ikki adibning gurunglari qovushib ketadi. Bu ahillikka ularning bir-birinikidan qolishmaydigan artistlik iqtidori-da sabab boʻlgan chogʻi. Shukur Xolmirzayev oʻz vaqtida talabalar teatrida Hamlet qiyofasida sahnaga chiqqan, Murod Muhammad Doʻst koʻplab filmlar yaratilishida bosh-qosh boʻlgan, ssenariylar yozgan, rollar ijro etgan.
“Yozolmay qolsam, – deydi Shukur aka oʻzi haqidagi hujjatli filmning yakunida devorda osigʻliq turgan ov miltigʻiga ishora qilib, – Ernest Hemingvayga oʻxshab oʻzimni oʻzim otib tashlayman!”.
Oʻsha kezlar “Oʻzbekkino” davlat agentligiga rahbarlik qilib turgan sadoqatli ukaga ustozning bu iqrori yoqmaydi: “Iltimos, shu sovuq gapni olib tashlaylik, Shukur aka, agar yozolmay qolsangiz, oʻzim borib sizni otib kelaman!..”.
Ukaning “Dasht-u dalalarda” hikoyasi chop etilganida aka birinchilardan boʻlib qutlaydi: “Yaxshi yozibsiz, janim!”.
Murod Muhammad Doʻstning ayni lutfga javobi qalam ahli oʻrtasida hikmat kabi tilga tushib, urfga aylanib ketadi: “Yomon yozolmasam, nima qilay?”.
Bir gal aka suyunchilab aytadiki, hey, zoʻr familiya topdim: qip-qizil oʻzbekcha!
Uka akasining qoʻlini oladi: “Zoʻr ekan. Menga soting, jon ogʻa!”.
Adabiy personajga mos ism topish mashaqqatini yaxshi biladigan aka taysallagisi keladi: “Oʻzimga kerak, janim! Lekin narxini kelisholsak, mayli, sotishim mumkin”.
Sotarman bilan olarman dasturxon boʻyida oʻtirib bir kun tortishganidan soʻng “bor baraka” boʻladi. Uka bir qadah pivoning narxi – yigirma kopeyka toʻlab, noyob familiyani oʻziniki qilib oladi va adabiyotimizda ulkan voqea boʻlgan mashhur “Lolazor” romanining bosh qahramoni Nazar Yaxshiboyev kitobxonlar mehrini qozonadi.
Masalaning nozik jihati
“Mustafo” oʻzi nima haqida?”. Oradan ellik yil oʻtayotganiga qaramay, hali-hamon shu savolni beradigan duppa-durust odamlarga duch kelamiz. U zamonning adib-u munaqqidlari-ku hayron qolgani, hatto choʻchib ketgani aniq.
Stalin davrida qatagʻonga uchrab, Qozogʻistonning Jezqazgʻan viloyatidagi mis konida necha yil tirnoq bilan yer kavlagan adib Said Ahmad keyinchalik “koʻp chiroyli voqealar” topganini, lekin qoʻrqqanidan yozolmaganini nadomatlar bilan eslagan edi: “Tazyiqning qoni sovimagan, nafas olib turgan paytlari edi. Yana qamab qoʻyadi deb qoʻrqardim”.
Mustabid tuzum ne-ne ulugʻlarimizni ana shunday – yuraksiz qilib qoʻygan ediki, asarlariga kommunistik ruh va gʻoyani tuflab yopishtirishga majbur boʻlgan ular.
Komfirqaning navbatdagi qurultoyida sovet yozuvchilari zimmasiga yangi vazifalar yuklanib, sotsialistik realizm nazariyasidan chekinish aslo mumkin emasligi va bu boradagi har qanday ogʻmachilikning oldini olish partiya tashkilotlarining muqaddas burchi ekani yana bir bor alohida uqtirilgan.
Markaz qamchisini qarsillatganda milliy, toʻgʻrirogʻi, vassal oʻlkalarda labbay deb javob berilishi va “qon chiqarilishi” shart edi. Oqsoqol adiblarga tixirlik qilolmaysiz, sababi maʼlum: badiiy mahorati haminqadar boʻlishi mumkin, biroq siyosiy jihatdan gʻoyat hushyor, pishiq-puxta. Komfirqa belgilab bergan “ulug‘ yoʻl”dan yuraverib tovoni, gʻoyalarini targʻib qilaverib qoʻli qadoq boʻlib ketgan.
Bunday vaziyatda ijod maydonida hali suyagi qotib-qotmagan “mahmadonalar”ni qurbonlikka tortishdan qulayi bormi?! Oʻshalarni tanqidga nishon qilish, oʻshalarning boshini qayirib, hali moʻrtligida shoxini sindirib olish kerak, toki gʻoyaviy-siyosiy shakkoklik koʻchasiga bosh suqa koʻrmasin!
“Sovet xalqi parvozni baland olib, kommunizm sari dadil odimlayotgan bir davrda oʻta toʻpori, mute, xokisor Mustafoni ezgulik va halollik ramzi deb boʻlarmikan?”.
Savolni bergan munaqqid oʻzicha javob topgandek boʻladi: bu hol Mustafo kabi odamlar uchun ogʻir koʻrgulik, boshqalarga achchiq saboq. “Masalaning shu tomonini unutmaslik lozim!”. Sezgandirsiz: tanqidchi nimadandir choʻchiganday, xijolat tortganday, kimdir qulogʻiga shivirlagan iddaoni – qalam ahliga qoʻyilgan qatʼiy talab, ayon poʻpisa va siyosiy aybni bayon etgan. Stalin zamoni boʻlganida bunday shakkoklik uchun yosh adib boshiga jadidlarning qora kuni tushar, yot unsur sifatida peshonasidan otilmasa ham, Sibir oʻrmonlarida oʻn-oʻn besh yil daraxt kesib yurishga mahkum etilar edi.
Qissa qahramonlari dushman pulemyoti miliga koʻkragini qalqon qilmaydi, choʻllarga suv chiqarib, ufqqa tutashib ketgan paxta dalalarida injiq tabiat ustidan gʻalaba qozonmaydi, ilm-fan sohasida olamshumul kashfiyotlarga yoʻl ochib jasorat koʻrsatmaydi, avomni porloq kelajak sari boshlamaydi. Qisqasi, ular “katta hayot oqimidan chetda qolgan passiv, xokisor personajlar”.
Birovga ozor bermaydigan, hech kimning ishiga aralashmaydigan, oʻzi bilan oʻzi boʻlgan Mustafo cholning turmush tarzi shunday: “omoch bilan yer tirnab qovun-tarvuz ekadi, makka ekadi”. Hunarli – tikkan toshtovon etiklari, ot jabdugʻi xaridorgir. Chirgi tikayotganda kalavaga mum yediradi. Yedirmasa, ertasi kuniyoq chirib tushadi. “Ot bu senga xonning xotini emas, terlaydi”.
Mustafo tengi odamlarning bari tayoqqa suyanib qolgan. Tayoqqa suyanmagani iyakka suyangan – ezma. Mustafo kamgap. Koʻp oʻylaydi, mulohaza qiladi. Na iddaosi, na taʼnasi seziladi. Oʻzi yuvosh koʻringani bilan or-nomus masalasida qattiq turadi. Xudodan qoʻrqadi, bandadan sharm qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, iymoni butun odam. Toʻshakda jon talashib yotganida odamlarning odamday muomalasini koʻrib, goʻdakday quvonadi.
Kampiri esa boʻrdoqi qoʻchqorlarning terisini erinmay oshlaydi, keyin poʻstak tikadi. Jun savaydi. Ikkoviyam keksa odam emasmi, qishda poʻstak kuniga yaraydi.
Chol-kampir “oʻzi loydan yasab olmasa, unga tegadigan xotin yoʻqligi”dan oʻksinib yuradigan ichongʻich Usmonali shu hovlida ularning chirogʻini yoqib oʻtirishini orzu qiladi. Toki koʻrgan odam bu uy kimning vayronasi deb soʻramasin.
Inson hayotining badiiy asarda bu yoʻsin tasvirlanishi qalam ahlining imkoniyat chegarasi janrlarigacha cheklangan jamiyatda hayratlanarli ish – katta ijodiy jasorat edi.
Shoʻro mafkurabozlarining “qargʻishi”ni pisand qilmagan muallif boshiga qancha malomatlar yogʻilmasin, asardan asarga oʻsib, ulgʻayib, yuksalib bordi. U insoniy qudratni mahobatdan emas, soddalikdan izlaydi. Voqeanavis uchun inson suratidan koʻra siyrati muhim. Xalqona tilda bitilgan gʻoyat samimiy va hayotiy asarlari uslubining gʻayrioddiy jozibadorligi bilan oʻquvchini oʻziga mahliyo qiladi-qoʻyadi. Muallif syujetning izidan ot choptirib ketmaydi. Asarlarida kuchli konflikt, intriga, sarguzashtga moyillik boʻrtib koʻrinmasa-da, inson koʻnglining eng nozik tovlanishlarini tasvirlashga ishtiyoq balandligi yaqqol seziladi. Ayonki, bu taxlit oʻzgarishlar avval qalbda yuz beradi.
“Mustafo Galatepaning chekkarogʻida, Ibodulla Maxsumning hovuzi tarafga turtib chiqqan qirning tumshugʻida yashaydi”, – deb yozadi adib. “Oʻtgan javzoda roppa-rosa yetmishga kirgan” qariyaga oʻzbekona hurmat shumi? Izzat-ikrom qani?
Badiiy asarga siyosiy va axloqiy mezonlar nigohi bilan qarashga oʻrgatilgan sertalab munaqqidlar “Mustafo”dagi nozik falsafani goʻyo ilgʻamaydi. Yuvosh, bechora, baxtiqaro Mustafo obrazi kitobxon, ayniqsa yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir qiladi deya vahimaga tushadi. Zero, asardan milliy adabiyotimizga zulukdek yopishib olgan siyqa pand-u nasihatni izlamang – topolmaysiz. Soxtalikdan irganadigan adib keyinchalik “Lolazor” romanida aytganidek, “odamzod bir kuyki, talqini ming xil”. Koʻngli toza, serandisha, feʼli keng Mustafo esa bir moʻmin hayoti va yashash tarzining oʻziga xos badiiy-falsafiy talqinidir.
Chekiga islohotchilikning ogʻir yuki tushgan yosh nosirlar sosrealizmni butkul rad qilib, yaltir-yultir sovet turmush tarzini madh etishga yoʻnaltirilgan daqqi qoliplarni buzib tashladi. Milliy nasrimizni yangi oʻzanga, taʼbir joiz boʻlsa, samimiy realizm sari burib yubordi. Eskicha qarashlarga monand tuzsiz-u tussiz, ruhsiz-u jonsiz personajlar goʻyo temir plakatlardan xalq orasiga tushib, duppa-durust insoniy qiyofa kasb etayotgani koʻzga ravshan tashlandi. Dunyo ayvoni, inson ruhiy olami kengligi yaqqol namoyon boʻldi.
Oʻzbek nasri joʻn publitsistikaga xos sayozlik, bayonchilik, yasama koʻtarinkilikdan badiiy teranlik va milliylik sari dadil intilishga oʻtdi. Ayni jarayonda koʻplar bu uch muqtadir yosh adib oldida ip esholmay qoldi. Uchalasi ham tengsiz roviy sifatida nom qozondi.
Mazkur avlodning peshqadam kayvonilaridan boʻlmish Murod Muhammad Doʻst odam bolasining ziddiyatlarga toʻla tubsiz va poyonsiz ruhiyatiga hammadan chuqur kirib bora olgan oʻzbek adibidir. Mohirligi shundaki, kitobxonga aql oʻrgatmaydi, insonni “loqayd” kuzatish orqali xolisona badiiy tasvir-tadqiqotga erishadi. Voqeani mufassal tasvirlashdan namoyishkorona voz kechadi.
Murod aka hikoyaga qoʻl uradimi yoki qissa, roman yoxud ssenariygami, esse yoki epistolyar janrgami, qatʼi nazar, yozar ekan, qoʻlyozmasini erinmay ovoz chiqarib qayta-qayta oʻqiydi. Shu bois asarlaridagi dialoglar jonli, yengil va tabiiy. Tishiga tekkan jumlalar, tasvirlarni “odambashara qilish”dan charchamaydi. Shafqatsizlarcha bahridan oʻtgan sahifalari qancha. Behad yuksak ijodiy quvvati ana shu boy zamindan – matonat va sabr-toqatdan bahra oladi.
Oʻzi naqadar shoʻx-shodon, hazil-mutoyibaga moyil boʻlmasin, asarlarida hazinlik, baʼzan shikastalik, shunday dardmandlikka yarasha hamdardlik, neklik bor.
Tarxi toza, beandoza asar “Mustafo”dan soʻng bel bogʻlab ishga kirishib ketgan adibning oʻn yil ichida bir-biridan oʻqishli hikoyalari, qissalari va muhtasham romani chop etildiki, endi munaqqidlar uni badiiy mahorat va goʻzal roviylikni yuksaklarga koʻtargan adib sifatida ulugʻlay boshladi. Tasvir koʻlamining kengligi va samimiyligi, tahlil va insoniy dardning chuqurligi, ijodiy gʻayrat-shijoat va kuch-quvvat bobida u jahon adabiyotining nomdor vakillari bilan bemalol boʻylasha va bellasha oladi.
Endilikda oʻzbek nasrini Mustafo, Gʻuchchi chol, Ibodulla Maxsum, Raim oqsoqolni eslatuvchi chollar bosib ketdi. Goʻyo kimlardir “Mustafo”ni kutib yotgan ekan-u katta-kichik adiblarimiz qalamidan binoyi-binoyi qariyalar hassasini toʻqillatib chiqib kelayotir, kelayotir...
Said Ahmad “Asaringdan asaringga koʻchib yuradigan Gʻuchchi chol bor-ku, oʻsha oʻzingga oʻxshaydi” deganida Murod akadan olgan javobini qarang: “Gʻuchchi akam mendan koʻra aqlliroq!”.
Qayerda paydo boʻlsa, oʻsha yerda bir hangoma, qaltis fikr chiqadigan personaj haqida emas, goʻyo muallifning amakisi – jonli odam toʻgʻrisida gap ketayotganday.
Yoʻqdan bor qilish iqtidori
Ammo taqdir Murod Muhammad Doʻst mansub avlodga dastlab ijodiy sarafroz uchun bergan muddat juda qisqa – oʻn yilning nari-berisida boʻldi. Zimmasiga nafaqat milliy adabiyot oʻzanlarini yangilash, balki istiqlolga erishgan millat tafakkurini oʻzgartirishdek oʻta ogʻir sinov ham tushgan edi. Avlodki, istiqlolimizni oʻzining navqiron yelkasida opichlab katta qilgan fidoyilarning oldingi safida boʻldi. Erkin Vohidov aytganidek, “Vatan undan yonib turgan yuragini soʻrardi”.
Istibdod zamonida parokanda qilingan ulusni birlashtirish va jipslashtirish uchun unga mustaqillik gʻoyasini, milliy oʻzlikni anglatish, “antennasi Kremlga qarab sozlangan” millionlab odamlarning dunyoqarashini oʻzgartirish oson kechgani yoʻq. Milliy mustaqillikning mustahkamlanishidan esa avvalo shu avlodning – asl oʻzbek ziyolilarining oʻzi manfaatdor edi. Arkoni davlat xizmatida qalam ahli vakillari koʻpayib qolgani shundan.
Istiqlolning dastlabki kunlaridan xatchoʻplar chetga surilib, shimolsevar qalʼalarni zabt etish boshlandi. Telegraf agentligi – OʻzTAGdan OʻzAga aylantirilgan Oʻzbekiston milliy axborot agentligi ularning orasida muhimlaridan muhimi edi. Ikki yuz kishilik jamoasida oʻzbekcha yozadigan biror muxbir boʻlmagan OʻzTAGda bir yarim asr hukmronlik qilib kelgan va “buyukmillatchilik dardiga mubtalo boʻlgan ogʻalar” xalqimiz istiqloliga yoz yomgʻiri kabi oʻtkinchi hodisa deb qarardi: bu avom millat bizsiz uzoqqa borolmaydi!
Prezident Islom Karimov 1992-yil fevralida farmoni oliyga imzo chekib, bosh direktor etib tayinlangan Murod Muhammad Doʻstga buyurmishki, ushbu axborot mahkamasini endi milliylik sari bur, xalqimiz manfaatlariga sozla. Shunday qilib, “Mustafo”ning muallifi janjalning uyasiga borib tushdi...
Kutilmaganda kamina suhbatga chaqirildim. Sim qoqqan yigit (keyin bilsam, yordamchi ekan) Qoʻqon xonining hudaychisiday oʻta tantanavor ohangda dalolat qildi: “Sizni OʻzA bosh direktori janob Murod Muhammad Doʻst oʻz huzurlariga takallum uchun chorladilar”.
Bora-borguncha labimni yigʻishtirolmayman deng: “huzurlariga takallum uchun chorladilar!”. Ol-a!
Agentlik atrofi – “Oʻzbekiston” mehmonxonasidan to minorali soatgacha choʻzilgan yoʻlkani yoymachilar egallab olganini koʻrib ezilib ketdim. Yoʻqchilik va taqchillik azobini tortaverib, ertangi kun umididan ayrilgan odamlar patinka qutisini ham saqlab qoʻyishga oʻrganmaganmi, eski-tuskisigacha sotgani koʻtarib chiqqan.
Derazalarini beton panjaralar quyoshdan toʻsib qoʻygan sur rang imoratning eng yuqori – beshinchi qavatiga chiqib, avval bosh direktorning birinchi muovini Erkin Aʼzamning eshigidan moʻraladim. Akamiz teletaypdan chiqarilgan materialni “qoniga boʻyab” oʻtirgan ekan. Oshkora maroq bilan qilayotgan ishidan boshini birrov koʻtarib, vaqti tigʻizligini yashirmadi:
– Avval Murod akangizga uchrang. Keyin yana bu yonga kirasiz. Akangiz bir taklif aytadi. Yoʻq demaysiz!..
Keng va uzun, yerosti metrosiday burilib-buralib ketgan xonaning toʻridagi yogʻoch kursida qoʻlini chakkasiga tirab oʻtirgan Murod aka ancha horgʻin koʻrinardi. Devorda, bosh direktorning tepasida, odatda gensekning salobatli portreti bezab turadigan joyda Charli Chaplinning nedir jurnaldan chalaroq yirtib olingan oq-qora rangli suratiga nina qadab qoʻyilgan. Qoʻngʻiz moʻylovli qiziqchi, “bizga shunisi maʼqul” deganday ajabtovur jilmayib turibdi. Hayron qolganimni sezdirmaslik uchun maʼnoli tomoq qirdim: “Zoʻr-ku?”.
– Mansab-martaba vaqtincha, – dedi akamiz. – Sanʼat esa abadiy.
Ajabki, bugun oʻylasam, buyuk masxarabozning yarim-yorti suratiga yashiringan hikmatni akaning oʻzi ham bilib-bilmay isbotlab qoʻyganday. Murod Muhammad Doʻstni endi odamlar mansab-martabasiga qarab emas, atoqli adib, kinodramaturg, publitsist, dilkash inson sifatida avvalgidan koʻproq va samimiyroq qadrlaydi.
Bosh direktor meni OʻzA xalqaro axborot tahririyati bosh muharrirligiga taklif qildi. Yaqin oʻrtada xorijiy mamlakatlarda muxbirlik buyrolari ochilar ekan. Yaxshi ishlasangiz, inglizchangizni takomiliga yetkazsangiz, birortasiga boshliq boʻlib ketishingiz hech gap emas. Men bor gapni aytdim. Ishlab turgan joyim – “Oila va jamiyat” gazetasini chiqara boshlaganimga hali oʻn oy ham boʻlgani yoʻq. Gurullab turgan gazetamni qanday koʻzim qiysin!
– Bevalarning gazetasida nima qilasiz? Keling, birga ishlaylik.
Koʻnmadim. Birinchi muovinning xonasiga qaytib, boʻlgan gapni aytsam, Erkin akaniki tutib ketdi:
– Gʻuchchi akangiz sizni laqillatibdi! Siz zamministr, yaʼni bosh direktor oʻrinbosari boʻlasiz!..
– Erkin aka, men...
– Gap tamom! Sizki yoʻq desangiz, togʻday qalashib yotgan bu ishlarni kim qiladi?!
Iqror boʻlishim kerak, keskin aytilgan bu gapni rad qilsam – ayb, akalarim meni, men oʻzimni kechira olmas edik.
Murod akamiz zoʻr sarkor ekanki, xato qilishdan qoʻrqmasdi. Kunda-kunora eski agentlikdan meros jamoani yigʻib, oʻzbek tilidagi buyrugʻini oʻqir va yigirma-oʻttiz chogʻli xodimning roʻyxatini amirona ovozda yakunlardi: “Все эти товарищи уволены!”. Yaʼni nomlari qayd etilgan shaxslar yangi agentlikka ishga olinmaydi. Yoʻlingizdan qolmang! Ana gʻala-gʻovur, ana mashmasha! Turgan gapki, dumaloq xatlar, sudga yozilgan daʼvo arizalari qalashib ketadi. Qoʻli baland kelganlarga OʻzA ishboshisi bir muddat maoshidan jarima ham toʻlaganiga bugun birov ishonishi qiyin. Biroq qarshisida dam urib turgan “sobiqlar”ning doʻq-poʻpisalaridan pusib ketsa, akamiz Murod Muhammad Doʻst boʻlarmidi! Dor tagida tursa ham aytganidan qaytmaydigan bir dinli odam!
Davlat siyosati, davlat idoralari, davlat tili hali shakllanmagan, har kim oʻz bilganicha toʻn bichishga urinayotgan, iqtisodiyot jar yoqasiga kelib qolgan oʻta murakkab kezlar edi.
Hammasidan ayanchlisi – har qadamda urush sharpasi sezilardi. Rossiya chechenlarga qarshi qonli mojaro girdobiga tortilgan, Armaniston bilan Ozarboyjon oʻrtasidagi janjal barham topgani yoʻq, Gurjiston bilan Tojikistonda davom etayotgan birodarkushlik muhorabalari akssadosi dunyoni larzaga solib turar edi.
Chegaramizning narigi tomonida kecha shoʻro kommunistlariga tayanib saltanat egallagan-u, endi xoʻjasiz qolgan Afgʻoniston prezidenti Najibulloni toliblar osgan, Qozogʻiston bilan Qirgʻiziston mitinglar botqogʻiga botgan. Bugun hayratlarga tushadi odam, mintaqadagi shuncha talotoʻp, shuncha yongʻin va janjallar orasidan Oʻzbekistonimiz qanday tinch-omon chiqib keta oldi ekan?!
Yangidan tashkil etilgan agentlikda gohida yarim varaq rasmiy xabarni eplab yozadigan shudli jurnalist topilmaydi. Bir gal Murod Muhammad Doʻstning oʻzi, keyingi safar Erkin Aʼzam tadbirga rahbar maqomida borib, muxbir sifatida qaytadi va kelasolib material yozishga kirishadi. Agentlik ishi doim qistalang. Bosh direktor mashinkasini chiqillatishga tushsa, birinchi oʻrinbosari qipiq qogʻoz ustida ruchkasini qitirlatadi. Soʻng bu qoʻshga men qoʻshildim. Bosh direktor materiallar “badiiyroq, oʻqishliroq” boʻlgani tuzuk desa, birinchi muovin qisqaroq, puxtaroq va tezroq yozilishi tarafdori. Chunki hali oʻrischaga tarjima qilinishi kerak.
Boshida nedir reglamentga asoslanib, “doʻkonimiz”ni kechi bilan soat oltiga qolar-qolmas yopar edik. Keyin hech boʻlmasa yana bir soat kutinglar degan “iltimos” boʻldi. Soʻng bu iltimos “Katta hali shoʻttalar” degan “vaj”ga oʻtdi. Bora-bora tonggacha qolib ketishimiz odatiy holga aylandi.
Mustaqilligimizning boshida hisobot soʻrashga koʻpchilikning jurʼati yetmasdi chamasi. Yetsa ham, ushlaganini qoʻyib yubormaydigan Murod akadan “ulushi”ni olardi: “Yana shoʻro zamoniga qayta boshladikmi, ogʻajon? Qogʻozbozlik qilmasak kunimiz oʻtmaydi-da, a?..”.
Kechga yaqin akalarimizning yuz-koʻziga qaraguligi qolmaydi. Horgʻinki, goʻlahning betiday qorayib, kuyib ketadi bechoralar. Murod aka agentlikning moliyaviy-iqtisodiy muammolarini hal qilolmay joni halak boʻlsa, Erkin aka materiallarni yoʻqdan bor qilgunicha boshi gʻovlab ketadi. Ikki ulkan iqtidorning bu kunini koʻrib, qalamini mardikorning ketmoniga almashibdi degan xayolga borasiz.
Kishvar iqtisodiyotining holi tang. Magazinlar ship-shiydam. Qoʻlingizga tekkan kuni bozorda ikki kilo goʻsht bergan maoshingizga oy oxirida bir kaft pista ololmaysiz. Giperinflyatsiya quturgan damlar. Allaqachon kunpayakun boʻlgan, lekin zarbxonasi Rossiyada amal-taqal ishlab turgan qizil saltanat rubli choʻqqidan qulagan xarsangday qadrsizlanib, hammani jarga tortib borardi.
Fuqarolar, korxonalar, tumanlar, viloyatlardan to endi mustaqillikka erishgan davlatlargacha oʻzaro iqtisodiy aloqalar mavoza – barterga oʻtgan. Bogʻcha bolalaridek narsa almashadi: sen menga kerosin ber – men senga paxta beraman, sen menga tuz bersang, men senga gugurt berishim mumkin. Xorijiy valyuta degan atamaning nomi bor-u oʻzi anqoning urugʻi.
Oqibati ayon: hamma topgan-tutganini koʻchaga koʻtarib chiqardi. Bu bozorda maza qilgan aroq, sharob, tamaki korxonalari ishchi-xizmatchilari boʻlsa, qiynalgan – pensioner, muallim va nogironlar edi. Bu shoʻrlik qavmning necha oylab qoʻli pul koʻrmasdi.
Vazirlar Mahkamasida bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Ismoil Joʻrabekov yoqilgʻi-moylash materiallarini har hafta tonnalab emas, goʻyo grammlab taqsimlaydi: qishloq xoʻjaligiga buncha – ekin-tikinni boshlashimiz kerak. Ponimayete?.. Transportga buncha. Avtobuslar, taksilar, “tez yordam” toʻxtab qolmasin. Ponimayete?..
Butun bir mamlakat bisotidagi yoqilgʻi ikki “ponimayete?”dan ortmaydi.
Bir gal Murod aka menga, yaʼni oʻrinbosariga maslahat solgani yodimda. Xodimlarga oylik beraylik desak, davlat gʻaznasida aqcha yoʻq. Hozirgina moliya vaziri Erkin aka Boqiboyev bilan gaplashdim. Ahvol chatoq. Uzunquloq gaplarga qaraganda, “Vatan” gazetasi hisobida doʻrjigina mablag‘ bor. Balki besh-oʻn soʻm qarz berib turar. Albatta qaytarib beramiz. Bir razvedka qilmaysizmi?
Yangi tashkil etilgan “Vatan taraqqiyoti” partiyasi nashrining bosh muharriri Yoqubjon Xoʻjamberdiyev soʻzimni sindirmadi, lekin sharaqlab kuldi:
– Ming otli boyning bir qora piyodaga ishi tushibdi-da?..
“Ming otli boy” – OʻzTAG, shoʻro zamonida oy tugʻsayam, kun tugʻsayam shu agentlikni deb tugʻib kelgan. OʻzA – endi mustaqillikka erishgan mamlakatning yagona axborot mahkamasi. Milliy valyutamiz – soʻm muomalaga kiritilguncha baquvvatroq korxonalar rahbarlariga “otang yaxshi, enang yaxshi, sen ulardan ham yaxshisan” deb qarz olib, yuzlab xodimiga maosh-u qalamhaqi berib turgan bosh direktorimizning oʻsha vaqtdagi oyligi sovet rublida moʻmaygina koʻringani bilan Amerika puliga chaqsangiz, ellik dollardan oshmas edi desam, bugun ishonmaysiz, albatta.
Murod akaning bir fazilatiga hamma tan beradi: birov ranjitsa, qoʻynini toshga toʻldirib, maydalashib yurmaydi: na gʻarazi bor, na kini. Hazil-huzulga olib ketaveradi. Bir ishchi-shoirning sheʼridan ikki satrni takrorlashni xush koʻrgani-chi:
Mani yomon demang, doʻstlar,
Odamning bir turidirman.
Muammo boshdan oshib yotganiga qaramay odamlarning zavqi baland: muhimi, vatan mustaqil! Oʻzbekiston bino boʻlganidan beri bunday koʻtarinkilik, gʻayrat-shijoat va sadoqatni koʻrmagan. Maosh kamligi, ish ogʻirligidan zorlanganni uchratmaysiz.
Koʻp oʻtmadi, sergʻayrat akalarimiz OʻzAni millatparvarlik, vatanparvarlik va ilm-u maʼrifat yoʻlida jipslashgan fidoyi ijodkorlarning muhim minbariga aylantirdi.
Shu joyda “Mustafo”dagi baʼzi satrlar yodga tushadi: “Endi oʻylab qarasang, aql bovar qilmaydi. U zamonda gʻayratdan boshqa hech narsa yoʻq hisobi edi. Yoʻqdan bor qilishdi”.
“Yozish sanʼat boʻlgani kabi...”
Akamiz siyosatdek oʻta nozik mavzuga qalam urgudek boʻlsa ham, oʻsha samimiy til, oʻsha hazilomuz lahja, oʻsha jurʼat-jasorat boʻy koʻrsatib turadi. Shoʻroning siyqasi chiqib ketgan bir tiyinligiday yaltoqi jumla, ibora va atamalarni uchratmaysiz. Ularni qoʻllashdan or qiladi, toʻgʻrirogʻi, irganadi. Aql oʻrgatishga, kitobiylikka allergiyasi bor.
Bugungidek yodimda, Murod Muhammad Doʻst deyilsa, taqiqchilarning hushi boshidan uchgan chogʻlar koʻp boʻlgan. Istiqlolning dastlabki yillarida “Turkiyadan Turkiyagacha” maqolasida Prezidentni Islom Karim deb ataganidan vahimaga tushgan sobiq senzuraning sobiq rahbari oʻzini osib qoʻyishiga sal qolgan edi: “Davlat rahbari senga shoir boʻldimi?! Nega rasmiy pamiliyasidan “ov”ini olib tashlaysan?!”.
Akamizning tantiligi shundaki – davlat rahbari bilan birga ishlagan davrda yoʻl qoʻyilgan xatolarga oʻzini sherik deb biladi, buni mardlarcha tan oladi: “Men uning hamma gunohlariga sherikman”. Hali biror siyosat arbobi iqrorini bu yoʻsin ochiq aytganini eslay olmayman.
Birinchi Prezidentning davlat maslahatchisi, matbuot kotibi, nufuzli agentliklarning vazir maqomidagi rahbari, milliy parlament deputati, davlat mukofoti sohibi... Oʻzbekning koʻzga koʻringan adibi, atoqli davlat va siyosat arbobi...
Chin adabiyotshunoslar haqli ravishda taʼkidlaganidek, bu vaqtga kelib Murod Muhammad Doʻst real voqelikdan uzilmagan holda oʻzining oʻziga xos dunyosi – Galatepani yaratgan edi.
Ilgari adibga oʻgay koʻzi bilan qaragan munaqqidlar endi biri olib-biri qoʻyib unga fazilat ulashishga kirishib ketadi: taniqli, atoqli, ulug‘. Buyuklik darajasiga koʻtarganlari ham yoʻq emas. Mana bir iqtibos: “Tengdoshlari kabi Murodjon ana shu oddiy, joʻn, balki qoʻpol, dagʻaltabiat odamlar feʼl-atvori, qalbidagi nurli jihatlarni, yuksak maʼnaviy bisotni, oʻtda kuymaydigan, suvda choʻkmaydigan otashin sevgi tuygʻularini koʻrsatishga, aniqrogʻi, tarannum etishga erishadi”.
Nima desangiz deng, akaga hammasi yarashadi! Hatto tramvayda yurish ham. Mirshablar shosha-pisha chest beradigan “poshshoyi mashinasi”ni qoʻyib, oʻziga qolsa tramvayda ishga kelsa! Taraqa-turuqi-yu sanamlarday sollanib yurishi, relslarining gʻiychillashi allalaganday boʻlarmish!
“Orzumga yetolmayapman, – deya yozgʻirib qolardi baʼzan agentligimiz dargʻasi. – Har kuni ertalab shofyor boʻsagʻamga kelib turadi. Nima qilay, hukumatning puli kuysinmi?”.
Adibni kitobxonlar, ayniqsa yoshlar ana shunday tantiligi, joʻmardligi, samimiyati uchun ham sevadi. Unga intilishdan va taqlid qilishdan tortinmaydi. Internetdagi ommaviy gurungxonalardan biri muhtasham romani nomi bilan “Lolazor” deb atalgani va atoqli yozuvchi, katta siyosat qozonida obdan qaynagan donish arbob, hur fikrli inson Murod Muhammad Doʻstning ushbu elektron nashrda eʼlon qilingan uch soatlik suhbatini qariyb bir yarim million mushtoq muxlisi tomosha qilgani bunga dalildir.
Murod akaning turgan-bitgani, yozgan-chizgani, aytgan-aytmagani, butun hayoti – hangoma. Qay biri chin, qaysi toʻqima – oʻziyam aniq bilmasa kerak. Havasingiz keladi. Adib oʻsha muhitda maza qilib yashaydi, maza qilib yozadi, maza qilib... iztirob chekadi. Aslida Murod Muhammad Doʻst ijodi va faoliyatining oʻziga xosligi ham shunda.
Saksoninchi yillar avvalida koʻrlar jamiyatining “Bir safda” – “В одном строю” jurnalida ishlagan kezlarimdan bilaman. Moskvadagi Adabiyot institutini endi tugatib kelgan akamiz kinostudiyada ishlash barobarida, “qorinoma”da kasanachi-tilmoch edi. Hozirjavoblikda tepkisi tortilgan miltiqday. Yuzing-koʻzing deb ayab oʻtirmaydi. Paq etib otadi, til tortmay taslim boʻlasiz-qoʻyasiz.
Hayotga mutoyiba koʻzi bilan qaraydigan adib haqidagi hangomalarni qanday eslamaylik? Islom Karimovday oʻtkir odamni ham baʼzan lol qoldirgani afsona yoki rivoyat emas. Mana, oʻsha yillarning ayrim gurunglari:
– Falon mamlakat prezidentining matbuot kotibi kunda-kunora Rossiya televideniyesida chiqadi. Sen matbuot kotibi boʻlganingdan beri biror marta ekranda qorangni koʻrsatmading, Murod!
– Toʻgʻri-da, Islom aka.
– Nimasi toʻgʻri?
– Oʻsha matbuot kotibi prezidentidan koʻra aqlli-da!..
Ana endi akamiz bitta oʻq bilan nechta quyonni urganini oʻzingiz sanab olavering! Ayni zamzamalar u kishiga yarashganini aytmaysizmi! Yarashishda ham gap koʻp-da!
Boshqa bir safar ikkovlon maʼruza matnidagi bir jumla xususida tortishib qoladi va adib vaziyatdan ustalik bilan chiqib ketadi:
– Islom aka, keling, poshsho poshsholigini, yozuvchi yozuvchiligini qilsin.
Oʻn yilcha burun Murod aka bilan birga tushlik qilib oʻtirgan edik. Gap mashinadan ochildi-yu qanday falokat bosib, fikrimni aytib qoʻydim:
– Falonchi yuz ming dollarga allatovur moshin opti. Shu pulga oltitami-yettita “Neksiya” beradi-ku?
– Qoʻyavering, ogʻa, – dedi akam oʻylab-netib oʻtirmay, – shu pulga besh yuzta eshak ham beradi!
Adibning fikricha, buyuk millat, buyuk xalq va buyuk insongina oʻz ustidan kula oladi. Gurjilarni oling, yahudiylarni oling, oʻzi haqida yuzlab-minglab latifalar toʻqib, dunyoni qoyil va mahliyo qilib keladi. Rahmatli Said Ahmad akada bor edi shunday ulugʻlik. Rauf Parfi dunyoning ustidan kulib oʻtdi. Biz-chi? Biror latifa aytib, odatlarimizdan kulsak, oʻsha zahoti bir toʻda odam gʻulgʻultovuqqa oʻxshab boshimizga bostirib keladi: “Nega xalqimizni haqorat qilasan?”.
“Oʻz ruhini neklikka sozlagan” adibning aslzodalarga xos, ammo dimogʻida moʻtabarlik daʼvosi yoʻq, ulugʻvor chehrasi doim ochiq, yuzida mardona tabassum, qaddi doim gʻoz, yelkasi doim togʻday. Har xil gaplar oraga tushib, dasisa qoʻpsa, tosh bosadigan tomonga qiyshayadigan shayintarozi pallasi ham, halovatsevar zamonasoz ham emas u.
“Mustafo”dan texnika asrining yaqqol nuqsini astoydil qidirib ham topolmadim. Oʻyladim: Murod Muhammad Doʻst chin ixlos qoʻygan “Zarbulmasal” muallifi Gulxaniy hazratlari uch asr naridan uygʻonib kelsa-yu mazkur qissani xatm qilsa nima boʻlar edi? Tushunardi. Yana oʻyladimki, tinchlik, omonlik boʻlsa-yu shu asar uch asrdan keyin, yaʼni ikki ming uch yuz yigirma beshinchi yil odamining qoʻliga tushib qolsa-chi? Oʻqib tushunarmidi? Inshoolloh!
Texnika, texnologiyalar butunlay yuksalib, oʻzgarib ketishi aniq. Balki insoniyat zaminni tark etib, boshqa sayyorada makon qurar, bugungi neʼmatlarimiz joʻn bir oziqaga almashishini ham tasavvur qilsak boʻladi. Biroq odam bolasining koʻngli, ojizliklari, buyukligi, nafsi oʻzgarmaydi. Yigirma toʻrtinchi asr odami ham Murod Muhammad Doʻst davrida yoki Gulxaniy hazratlari zamonida umrguzaronlik qilgan ajdodlari kabi xom sut emgan bandaligicha qolaveradi. Bir-biriga mehr qoʻyishi, sevishi, nafratlanishi, xiyonat qilishi turgan gap.
Sunʼiy idrok inson oʻrnini tugal bosolmasligining asl sababi ham shunda: unda bandasiga xos koʻngil yoʻq va boʻlmaydi ham. Negaki, sunʼiy idrokni inson yaratgan.
“Mustafo” chop etilganidan beri qariyb yarim asr oʻtdi. Komfirqa ketdi, shoʻroviy ketdi, komsomol ketdi, senzuraning rasman qorasi oʻchdi. Davron-u tutumlar, saltanatlar oʻzgardi. Ustozi buzruklar safidan joy olgan “uch ogʻayni botirlar”ning guldurosi susaygani yoʻq. Yangi asarlari yangi bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Intiqlik bilan oʻqilmoqda.
Dunyoda oʻzgarmagan nima qoldi oʻzi? Vaqt oʻz hukmini oʻtkaza olmagani – ularning asarlari. Ana, “Mustafo”dagi chollar oʻzgarmabdi, eskirmabdi. Kitobxonlarning mehri, munosabati oʻzgarmabdi.
Oʻzgargani – yangi oʻzbek nasri avlodining zabardast vakili Murod Muhammad Doʻst milliy adabiyotimizning badiiy takomili tarixida butunlay yangi davrni boshlab bergan azamat sanʼatkorlardan biri sifatida tan olingani. Yozuvchilar bilan kinoijodkorlarning boshini qovushtirgani-yu umuminsoniy mavzulardan bahs yurituvchi samimiy filmlar ekran yuzini koʻrgani va koʻrayotgani. Oʻzbek kinosi milliylik sari dadil yuz burgani.
Chin sanʼatkor boʻlar-boʻlmasga har tomon shox tashlayvermaydi. Muttasil yozishdan koʻra muayyan darajaga yetganda toʻxtab, tin olishi yangilik emas. Qalamdosh oshnasi Erkin Aʼzam “Yozish sanʼat boʻlgani kabi sukut saqlash, jim turish ham bir sanʼatdir” deganida ana shunday sokinlikni nazarda tutgan boʻlsa ajab emas. “Erkinning yozganlarida yolgʻon yoʻq” deb oshnasining mardligidan quvonadi Murod Muhammad Doʻst.
Bu kun adabiy davralarda Murod Muhammad Doʻstning oʻziga xos ijodiy sukuti haqida taxminlar koʻpaygan. Birov uning yangi asarini intizorlik bilan kutayotganidan gapirsa, kimdir “isteʼdodi soʻnganidan qilar karomat”. Nima boʻlganda ham sogʻinch bor! Oʻzbek milliy nasrini yuksaklarga koʻtargan zabardast yozuvchining yangi asarlariga tashnalik bor!
Tabiatan shijoatli inson Murod Muhammad Doʻst oʻzining joʻshqin faoliyati, muhtasham asarlari va samimiy soʻzi bilan xalqimizga sidqi sadoqat bilan xizmat qilib keldi. Mudom shunday boʻlib qolgusi.
Xayolga erk bersak-bermasak, koʻzim yetib turibdi – akamiz erta bir kun yangi asarini eʼlon qilsa, hayratdan oh urib yuboramiz:
– Yozishni qotirasiz-da, Murod aka! Qoyil!..
Oʻsha saodatli kunlarda oʻzbekning azamat sanʼatkori beradigan javobni-da aniq bilaman:
– Yomon yozolmasam nima qilay, ogʻajon?!.
Qulman OCHIL
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Odamzod bir kuyki, talqini ming xil” essesi