Axloq, maʼnaviyat, eʼtiqod bilan bogʻliq masalalar bashariyat hayotining uzviy boʻlagi boʻlib kelgan. Ixtiyor erkinligi, ayniqsa, bu boradagi birlamchi masalalardan. Qadim-qadimdan faylasuf-u allomalar, shoir-u yozuvchilar inson asliyati haqida fikr yuritganda ushbu tushunchaga alohida eʼtibor qaratgan. Bugungi qaltis va dolgʻali davrda esa ayni masala yanada dozarb ahamiyat kasb etayotir. Zotan, diniy ekstremizm, missionerlik, “ommaviy madaniyat” kabi insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan salbiy hodisalar negizida ixtiyor erkinligi xato talqin etilayotganini taʼkidlash joiz.

Insonning ixtiyor erkinligi masalasi turli falsafiy yoʻnalishlar va diniy taʼlimotlarda jiddiy tadqiq qilingan. Bu boradagi munozaralar hali-hanuz qizgʻin davom etayotir. Ushbu maqolada biz ixtiyor erkinligi islom dinida qanday talqin qilingani xususida fikr yuritamiz.

“Ixtiyor” tushunchasi islom taʼlimotida asosan “taqdir” istilohiga bogʻlab oʻrganiladi. Shu bois avvalo “taqdir” atamasiga oydinlik kiritmoq lozim.

Islom taʼlimotida “taqdir” maʼnaviy jihatdan bir-biriga yaqin “qazo” va “qadar” tushunchalari bilan ifodalanadi. “Qazo” – hukm etmoq, ajrim qilmoq, qozilik etmoq, belgilamoq kabi maʼnolarni anglatadi (An-Naʼym. Arabcha-oʻzbekcha lugʻat. Toshkent: Abdulla Qodiriy nashriyoti, 2003. 670-bet). Islom aqoidiga koʻra, qazoning yagona sohibi – Ollohdir. Yaʼni borliqni yaratgan hokimi mutlaq Zot hamma narsani oldindan biladi. Olloh barcha zamon va makonlarni bir vaqtda koʻrib turadi. Aniqroq aytilsa, zamonni ham, makonni ham, ular oʻrtasidagi mutanosiblikni ham yaratgan Uning oʻzi. Qiyomatda esa Oʻzi barcha masalalar yuzasidan qozilik qiladi. “Qadar” soʻzi esa miqdor, hajm, meʼyor, daraja maʼnolarini bildiradi (oʻsha kitob, 650-bet). Mazkur istiloh Olloh barcha narsalarni oʻlchovi, umri, xususiyati, holatlari bilan yaratgan, degan maʼnoda istifoda etiladi.

Qazo va qadar, bir tomondan, Ollohning azaliy ilmini, boshqa tomondan, borliq uning irodasi-la mavjud ekanini anglatadi. Qazo va qadarga ishonish islomda imonning muhim sharti sanaladi. Umar ibn Xattobdan rivoyat qilingan sahih hadisda bunday deyiladi: Iymon nima? Iymon bu – Ollohga, farishtalari, paygʻambarlari, ilohiy kitoblari va qiyomat kuniga hamda inson boshiga keluvchi yaxshilig-u yomonlik Ollohning qazoyi qadari ekaniga ishonmoqdir (Hadis matni katta boʻlgani bois mavzu uchun eʼtiborli qismi olindi – S.A.).

Demak, qazo va qadarga iymon keltirmagan odamning eʼtiqodi butun boʻlmaydi. Ushbu ishonch orqali Ollohning sifatlari, jumladan, ilmining cheksizligi, irodasining mutlaqligi va qudratining mukammalligiga iymon keltirish nazarda tutilgan.

Islom aqidasiga koʻra, olamda roʻy beruvchi barcha voqea-hodisalar taqdiri ilohiyda – Lavh ul-mahfuzda belgilab qoʻyilgan. Ayni shu asosda quyidagi savollar oʻrtaga chiqadi:

1. Barcha voqea-hodisalar, jumladan, insonning amali ham oldindan yozib qoʻyilgan, yaʼni taqdir avvaldan yozilgan boʻlsa-da, u oʻz qilmishiga masʼul boʻladimi?

2. Insonga oʻz amalida ixtiyor berilganmi?

3. Taqdirning qanday boʻlishida insonning ishtiroki bormi?

Alloma al-Xattobiy sunniy aqidalarga doir manbalarga tayanib yozadi: “Ayrimlar qazo va qadarni Olloh taolo oʻzi taqdir qilib qoʻygan ishlarga bandani qahr ila majbur qilishi, deydi. Bu notoʻgʻri fikr. Qazo va qadar bandalarning kelajakda boʻladigan ishlarini Olloh muqaddam bilib turishidir” (Al-Xattobiy. Al-Maʼolim. “Dar-al-kutub”. Qohira, 2011. 7-bet). Olimning soʻzlariga tayangan holda masalani ikki qismga ajratib oʻrganish maqsadga muvofiq:

1. Insonning ixtiyoridan tashqaridagi ishlar – uning tashqi qiyofasi, millati, ota-onasi kim boʻlishi, tabiati, mizoji, husn-tarovati, qaddi-qomati, tugʻilish yoki oʻlim vaqti va joyi, erkak yo ayolligi, nasl-nasabi... Inson bularga masʼul emas. Bularning hammasi Ollohning taqdiri boʻlib, shunga qatʼiy ishonish bilangina moʻminning iymoni komil boʻladi.

2. Insonning bevosita ishtirokida yuzaga keluvchi ishlar, jumladan, oʻz eʼtiqodini, yaxshilik yoki yomonlikdan birini tanlashi va hokazo. Yaʼni uning oʻz ixtiyori bilan bajaradigan amallari.

Birinchi turkum ishlar boʻyicha Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Badbaxt onasining qornida badbaxt boʻlgandir. Baxtli oʻzidan boshqadan vaʼz olgandir”, dedi. Buni eshitgan bir kishi Huzayfaning oldiga borib, oʻsha gap haqida xabar berdi va “Inson amalsiz qandoq badbaxt boʻlishi mumkin?” dedi. Shunda Huzayfa unga “Shundan ajablanyapsanmi? Men Rasulullohning (s.a.v.) “Nutfaga qirq ikki kecha oʻtsa, Olloh unga bir farishtani yuboradi. Bas, uning suratini toʻgʻrilaydi, qulogʻini, koʻzini, jildini, goʻshtini va suyagini xalq qiladi. Soʻngra “Ey Robbim, oʻgʻilmi, qizmi?” deydi. Robbing istaganini hukm qiladi va farishta yozadi. Keyin “Ey Robbim, ajali-chi?” deydi. Bas, Robbing istaganini aytadi va farishta yozadi. Keyin “Ey Robbim, rizqi-chi?” deydi. Bas, Robbing istaganini hukm qiladi va farishta yozadi. Keyin farishta qoʻlida sahifa bilan chiqadi. Unga ziyoda ham, nuqson ham yetkazmaydi”, deganlarini eshitganman”, dedi” (Muslim rivoyati).

Ushbu hadisga yuzaki qaralsa, bandada ixtiyor erkinligi yoʻq ekan, degan xulosa chiqishi mumkin. Lekin bu oʻrinda, avvalo, Ollohning ilmi cheksizligi nazarda tutilgan. U insonning badbaxtligini onasining qornidaligidayoq, balki undan-da avval bilgan. Odam oʻzgalardan namuna, ibrat olib, yaxshiliklar qilishi, yomonlikdan saqlanishi tufayli baxtli boʻlmogʻi mumkin. Demak, bularning barini Olloh azaliy va cheksiz ilmi ila biladi. Bu esa amalsiz badbaxt boʻlish, degani emas. Taqdir bitigi hech kimga maʼlum emas, binobarin, u inson faoliyatiga taʼsir etmaydi. Har qanday holatda ham inson oxiri baxayr boʻlishini istaydi va shu yoʻlda harakat qiladi.

Bu masalani zamondosh olimlarimizdan Rahmatulloh qori Obidov quyidagicha izohlaydi: “Har bir insonning taqdiri Lavh ul-mahfuzda avvaldan belgilab, yozib qoʻyilgan. Ammo Ollohdan oʻzga hech bir zot bu yozuv mazmunidan xabardor emas. Shunday ekan, boshiga bir musibat tushsa, inson ushbu hodisa azaldan Ollohning taqdiri sifatida belgilangani uchun sabr qilishi, Yaratgandan najot soʻrashi joiz. Biroq kelgusida roʻy beradigan voqealar hali bandaga nomaʼlum boʻlgani uchun “Taqdirimda shunday boʻlishi yozilgan”, deb daʼvo qilishi, aslida, uning oʻzi haqida folbinlik qilishi bilan barobardir (Obidov R. Taqdirdan tonib boʻlmas // “Tafakkur”, 2004, 4-son. 49-bet).

Taqdir borasidagi savollar Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) davrida, keyinroq xulofoyi roshidin davrida ham berilgan. Avvaliga ularga oson javob topilgan. Biroq keyingi davrlarda, ayniqsa, yunon faylasuflarining asarlari arab tiliga oʻgirilishi, qolaversa, Xitoy, Hind, Fors, Markaziy Osiyo xalqlarining islomgacha boʻlgan diniy tasavvurlari taʼsirida turli ixtiloflar yuzaga kela boshladi. Taʼkidlash joizki, antik davrdan to shu kungacha boʻlgan falsafiy maktablarning qarashlari negizida “Falsafa asosida har bir narsaga shubha bilan qarash yotadi”, degan fikr mavjuddir. Ilohiyotda esa aqidaviy masalalarga shubha bildirish eʼtiqodni zaiflashtirishi taʼkidlanadi. Mana shu ikki nuqtayi nazar VIII–X asrlarda oʻzaro toʻqnash keldi. Muqaddas manbalardagi xabarlar talqinida ham ilmiy ixtiloflar paydo boʻldi. Oqibatda ayrim olimlarning qarashlarida xatoliklar koʻrina boshladi. Jumladan, muʼtaziliy deb nomlanuvchi eʼtiqodiy guruh ahli sunna aqidasiga zid oʻlaroq quyidagicha xulosalarni ilgari surdi: “Olam yoki olamlardagi barcha ishlar ham Ollohning izni-irodasi bilan amalga oshavermaydi. Ayrim narsalar Uning qudrati va iznidan tashqarida roʻy berishi mumkin; insonning amaliga Olloh aralashmaydi. Inson oʻz amalini oʻzi yaratadi; Qurʼon azaliy emas, uni Olloh yaratgan”. Bu fikr goʻyoki odamning oʻz amallariga boʻlgan javobgarligini oshirsa-da, biroq ahli sunna eʼtiqodiga zid ekanini taʼkidlash zarur. Chunonchi, Olloh biror narsani avvaldan bilmasligi mumkin emas. Yaʼni har bir ish Uning izni-irodasi bilan amalga oshadi, biroq Olloh rozi boʻladigan (yaxshi) va U rozi boʻlmaydigan (yomon) amallar mavjuddir.

IX–X asrda jabariylik oqimi yuzaga keldi. Ular ham bu borada ixtiloflarga yoʻl qoʻydilar. Jabariylar eʼtiqodiga koʻra, inson biror amalni oʻz ixtiyori bilan qilmaydi, balki hamma narsa Ollohning majburlashi ila amalga oshadi. Taqdirga aloqador masalalarda qadariylar, rofiziylar, alaviylar kabi oʻnlab oqimlar ham shu kabi yanglish xulosalarni tarqatdi.

Islom olamidagi bunday ixtiloflarga barham beruvchi ilmiy yechimlar topish oʻsha davr talabi edi. Bu borada koʻplab olimlar saʼy-harakat qildi. Ular orasida eng mukammal tadqiqot va yechim muallifi buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiydir. Bu alloma muqaddas matnlarga suyanib aqidaviy masalalarda yanglish fikrlarni koʻrsatib berdi va muammoli savollarga, bizningcha, eng toʻgʻri javoblarni taklif etdi. Moturidiy aqidasiga koʻra, inson oʻz ixtiyori bilan qilgan amallar ham Ollohning yaratmishlari jumlasiga kiradi. Chunki olamlar va ulardagi barcha narsalarni Olloh yaratgandir. Qurʼoni karimning “Saffot” surasi 96-oyatida aytiladiki, “Holbuki, sizlarni ham, sizlar qilayotgan amallarni ham Olloh yaratgan-ku”. Lekin bu – inson oʻz amalini majburan qiladi degani emas. Insonning biror ishni amalga oshirishi uchun ikki narsa muhim hisoblanadi: ishni amalga oshirish uchun lozim boʻlgan vosita va insonning oʻsha ishga oʻz ixtiyori bilan kirishmogʻi. Inson ushbu ikkinchi jihat bilan iroda va ixtiyor egasi hisoblanadi. Ayni choqda shu iroda va ixtiyori borligi uchun unga javobgarlik yuklanadi. Tashqi omillarni yaratish va vujudga keltirishga uning daxli yoʻq. Ushbu masalani toʻgʻri anglamoq uchun shunday misol aytish mumkin. Faraz qilaylik, biz pishgan olmani daraxtdan uzib yemoqchimiz. Bunda inson ixtiyoridan tashqarida boʻlgan omillar quyidagilar: daraxtda olmaning pishganligi, uni uzish uchun insonning qoʻl-oyoq, koʻzlarini ishlata olishi. (Bularning barini Olloh yaratgan, qolaversa, insonning qorni ochishi, olmaning shirinligi va hokazolar ham Ollohning olamlarni bunyod etishdagi hukmi-qazosi sanaladi.) Lekin inson ana shu tashqi omillardan oʻz ixtiyori bilan foydalanmagunicha olmani yeya olmaydi. Olloh insonning amalini yaratgan deganda tashqi omillar asosida uning amalini yaratgani eʼtiborga olingan. Zero, olma pishgan boʻlsa, Olloh insonni u istasa-istamasa bu ishga majburlaydi, deyish notoʻgʻri. Demak, tashqi omillarning mavjudligi bilangina olma yeyilib qolmaydi. Balki inson shuni olishni ixtiyor qilishi va ixtiyorini amalga oshirishi kerak.

“Harakatda barakat” degan hikmat ana shu ilmiy xulosaning hayotiy inʼikosi deb aytish mumkin. Shu nuqtayi nazardan inson oʻziga berilgan ixtiyor erkinligi doirasida javobgardir. Ayni damda, “Peshonada borini koʻramiz”, “Taqdir ekan-da”, deya harakat qilmaslik, intilmaslik islom taʼlimotini notoʻgʻri tushunish oqibatidir.

Yuqoridagi tahlillarni umumlashtirib, bunday xulosa qilish mumkin:

1. Qazo va qadar (taqdir) barcha diniy taʼlimotlarda boʻlgani kabi islomda ham iymon-eʼtiqod doirasiga kiruvchi muhim masala hisoblanadi.

2. Taqdir masalasida adashgan guruhlar ham boʻlib, ularning qarashlari ahli sunna va-l-jamoa eʼtiqodiga toʻgʻri kelmaydi.

3. Ahli sunna va-l-jamoa olimlari taqdir masalasini ikkiga boʻlib tadqiq etganlar: insonga daxli boʻlmagan va shu bois u masʼul sanalmagan narsa-hodisalar (olamning yaratilishi, holati, kayfiyati, vaqt va makon, odamning tugʻilishi, oʻlimi va hokazo); insonning oʻz ixtiyoridagi ishlar va ularga javobgarlik.

4. Taqdirning avvaldan bitib qoʻyilishi zamirida insonning biror amalga majburlanishi emas, balki Ollohning barcha narsalarni oldindan bilishi – ilmi azaliysi, qudratining cheksizligi yotadi.

Taqdir borasidagi bahslar shuni koʻrsatadiki, inson umid bilan ezgu amallar qilib boraversa, uning taqdiri yaxshilikka yuz buradi. Shu bilan birga, bu har bir insonni oʻz xatti-harakatiga masʼul etib, jamiyatdagi huquq va majburiyatlari qonun doirasida amalga oshishiga zamin yaratadi.

Insoniyat tarixidagi barcha yuksalish-u tanazzullar zamirida insonga berilgan ixtiyor erkinligi yotganini unutmaslik, ana shundan saboq chiqarib, har dam yovuzlikdan tiyilish va ezgulikka intilish gʻoyat muhimdir. Shu nuqtayi nazardan, insonga berilgan masʼuliyat yuki har qachon ixtiyor erkinligi bilan chambarchas bogʻliq. Taʼbir joiz boʻlsa, ixtiyor erkinligi insonga yo sharaf, yo tavqi laʼnat keltiruvchi omildir.

Sarvar ABDULLYAEV

“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 3-son.

“Taqdir, iroda va ixtiyor” maqolasi