Chuvidim, uzrimni aytdim bolamga,
Men kirib chiquvchi qaysi olamdan...
Abduvali Qutbiddinning sheʼrlarini oʻqib, ilohiyot sari intilayotgan ruhning ovozini eshitganday boʻladi odam. Ichida inja bir hislar tuyadi, shoirning qalb tuygʻulari bilan esh boʻlib ketadi. “Sheʼr odam ruhining soʻzlash uslubidir”, degan edi shoirning oʻzi. Ayni shu uslubi oʻquvchini uning olamiga yetaklaydi. Goʻyoki u boshqa olamdan... Bizdan ancha olislardan...
“Men yerning odami emasman, boshqa olamdanman. Hayotimning har lahzasi kurashlardan iborat”, derdi otam, – eslaydi Shaʼvona Abduvali qizi. “Otam yonimizda yurgan farishta edi”, deydi kenja qizi Nasima. Shoirning qizlari bilan suhbatlashib, Abduvali Qutbiddin haqiqatan oʻzga olamdan ekaniga amin boʻlasiz.
– Bolaligimda yoʻldan oʻtar chog‘ otam kuchli qoʻllari bilan qoʻlimni mahkam qisib olar, narigi tarafga oʻtib olmagunimizcha aslo qoʻyib yubormasdi. Qoʻllarim shu qadar ogʻrirdiki, yoʻlning tezroq tugashini istardim. Lekin u kishining qattiq xavotir olayotganini bilib turganman. Bugun otam yonimizda emas, men esa tez-tez yana oʻsha bolalikka qaytib, otamning yoʻldan oʻtkazib qoʻyishini xohlayman, deya otasi haqidagi xotiralarini boshladi Shaʼvona opa.
– Otam koʻp aytardi “Moskvada oʻqishni davom ettirgim bor edi, bobongdan ruxsat tegmagan-da” deb.
Oʻqishga ketolmagach uylangan, keyin men tugʻilgan ekanman. Tugʻilishim bilanoq otamni armiyaga chaqirishgan. “Uch oylik eding, uydan xat keldi, rasmingni ham qoʻshib joʻnatishibdi. Bir pasda Abduvalining qizi deya butun polkda surating qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Ancha mashhur eding”, deb armiyada mening suratimga qarab oʻtkazgan kunlarini hikoya qilib berardi. Men esa maroq bilan eshitardim. Oilada birinchi farzand, birinchi nabira boʻlganim uchun hammaning eʼtibori menga qaratilgan ekan. Buvimning opichlab, erkalab koʻtarib yurganini haliyam eslayman. Yana otamning fotoapparati ham boʻlgan. Aytishlaricha togʻasi sovgʻa qilgan. Bolaligimni fotolarga muhrlab qoʻygan. Emaklaganim, yurganim, zavqlanib kulayotganim... Hatto bir suratda otam men bilan birga emaklagani tushib qolgan. Kim olgan bilmayman, balki oʻzi tushiradigan tugmasini bosib tushirgandir. Xullas, menga bu suratlar juda qadrli. U kishi texnikaga juda qiziqardi. Nima yangilik boʻlsa, magnitofon deysizmi, video qoʻyadigan deysizmi, hammasidan bizning uyimizda boʻlardi. Pul yigʻib boʻlsa-da, albatta sotib olardi.
Poytaxtga koʻchib kelganimizda uch yosh edim. Ungacha qishloqda turganmiz, otam oyda bir borardi. Oʻnga kirgunimcha eskishaharning Olcha koʻchasida, Qutbiddinxon bobomning uyida yashaganmiz. Oʻyinqaroq emasmanmi, baʼzida uydagilarga aytmasdan, indamaygina dugonalarim bilan Hastimom taraflarga ketib qolardim. Onamdan rosa dakki eshitardim, lekin otam bilmagan.
Hovlimiz mevali daraxtlarga toʻla edi. Har bahor daraxtlar gullasa, otam uzoq tomosha qilib oʻtirardi. Biz esa mevasi pishishini kutardik, pishiqchilik boshlanishi bilan daraxtdan tushmasdik, gilos-u oʻriklarni terib yeb qoʻyardik.
Otam qancha mehribon boʻlsa, shuncha qattiqqoʻl ham edi. Toshkentga endi koʻchib kelgan paytlarimiz men va ukam bor edik, boshqa ukalarim hali tugʻilmagan. Ikkalamiz ham yerga ursa osmonga sapchiydiganlardan emasmizmi, koʻp tortishib, urishib qolamiz. Shu hol takrorlanavergach, bir kuni otam ikkalamizni daraxtga bogʻlab qoʻydi. “Qani, urishib koʻringlar-chi” dedi. Arqon boʻshroq bogʻlangan boʻlsa-da, yecholmadik. Oʻzi ham uxlamasdan, tonggacha yonimizda oʻtirib chiqqan. Daraxtning bu chetida men, bir chetida ukam, na yigʻlay olamiz va na kulolamiz. Noodatiy jazolash edi. Xatomni tushunishim uchun yetarli boʻlgan. Hatto katta boʻlgach, ukamdan kechirim ham soʻraganman.
Otam qizlarini “Qizginam qirmizginam, eng yorug‘ yulduzginam” deb suyardi, chaqirardi. Keyinchalik kelinlariga ham shunday murojaat qilgan. U kishi haqida qancha gapirsam, shuncha kam. Orzu qilishdan toʻxtamaydigan, goʻzallikni sevuvchi, boladay begʻubor, mehribon, oqkoʻngil insonning farzandi ekanimdan har dam faxrlanaman, gʻurur tuyaman. Men u kishiday odamni boshqa uchratmadim desam ham boʻladi. Oʻzi aytmoqchi yerlik emasdi.
Otam bilan oʻtgan oxirgi yoz... Oʻshanda mazza qilib suhbatlashdik. Bolaligidan soʻyladi. Bobosi, buvisi haqida... Bobomiz katta olim, shayx boʻlgan. Buvimiz esa Fuzuliyni, Navoiyni yoddan bilar, ertag-u rivoyatlar, masal-u matallar aytib berar ekan otamga. Men ham bolaligimni esladim. Bobomning oʻta kamgap, kamsuqum odam, buvimning esa muloyim, mehribon ayol ekanini gapirdim. Qishloqqa borsak, hammamizni atrofiga oʻtirgʻizib, ertag-u masallar aytib berishini xotirladim. Otam menga bolaligini toʻlqinlanib gapirarkan, “Yozib olmagan ekanman oʻshanda, koʻpi yodimdan koʻtarilibdi” dedi afsuslanib. Men ham bir farzand sifatida otamning koʻpdan-koʻp orzularini amalga oshirolmaganimdan afsus chekdim. Bu otam bilan suhbatlarimizning oxirgisi edi.
Qish... Umrining oxirgi kunlari... Keldim, otamning yoniga choʻkdim, qoʻlimni huv oʻsha bolalikdagi kabi qattiq siqib qoʻydi. Bildimki, otam uchun yangi bir yoʻl boshlanayapti...
* * *
– Otam yonimizda yashab, sekingina oʻtib ketgan farishtasifat bir odam edi, – deydi Nasima opa. – Bolaligimiz otam sababli sarguzashtlarga boy oʻtgan. Balki kichik boʻlganim, balki koʻp betoblanganim uchundir, otam ishdan keliboq meni opichlab olardi. Koʻtarib yurib, koʻnglimga qarardi. Opam bilan akamning qilmagan shoʻxligi yoʻq edi. Bir kuni ular daraxt uchiga chiqib, meva terib yedi. Men, tabiiyki, chiqolmasdim, ularga havaslanib, termulib oʻtirganimni koʻrgan otam “yuqoriga chiqqing kelayaptimi?” dedi. Va meni dast koʻtardi-da tomga olib chiqdi. Koʻrpacha toʻshab, osmonga qarab xayol surib yotdik. Havoga nimalarnidir chizib koʻrsatdi. Shundan keyin tez-tez otam bilan tomga chiqadigan boʻldik. “Osmonga, oyga, yulduzlarga qara, qanday goʻzal” derdi. Birga yulduz sanardik. Oy bilan suhbat qilardik. Otam osmonga qarab xayol ogʻushida qolsa, menam xuddi u kishiday osmonga termulib yotardim. Lekin hech narsani oʻylamaganman, bolalikda oʻy qayoqda deysiz. Oʻsha-oʻsha men osmonni, yulduzlarni, oyni yaxshi koʻraman. Haliyam boʻsh qoldim deguncha osmonga qarab xayol suraman.
Hovlimizda daraxtlar koʻp boʻlardi. Har birimizning daraxtimiz bor edi. Opamniki, akamniki... Otam boʻlib bergan. Meniki anor edi. Anor hosilga kirib, pishsa, otam meni chaqirib, “qara, mevasi pishdi” derdi. Men oʻzimda yoʻq quvonar, keyin mazza qilib yerdik. Bahor kelishi bilan uyimizni makon tutgan qaldirgʻochlarni zavq bilan tomosha qilardik. Tabiatning hech bir hodidasi otamni befarq qoldirmagan.
Otam har doim bekinmachoq, quvlashmachoq oʻynashni yaxshi koʻrardi. Biz bilan quvalashsa, u kishining ota ekanini unutardik, xuddi oʻrtoqday. Ayniqsa, bekinmachoq juda qiziq boʻlardi. Mabodo men topolmasam, sekin ovoz berardi, topagʻonligimdan xursand boʻlib, zavqlanardi. Agar meni izlasa bormi, hecham topolmasdi (kuladi). Oldimdan oʻtib ketsayam “Nasima qani, koʻrmadilaringmi, topolmayapman” derdi. Aldab-suldab topib olardi. “Mana men” deb chiqib qoʻyganimni bilmay qolardim.
Oʻyinchoq idish-tovogʻim koʻp boʻlgan. Bir kuni oʻynab oʻtirsam, otam kelib qoldi. “Nasima, kel, ikkov oʻynaymiz, men otasi, sen qizi boʻlasan, isming Masha boʻladi, ovqat pishiraman, sen yeysan” dedi. Ovqatimni shunday oʻynab-oʻynab yedirganlari esimda.
Uyimizda gitaradan tortib mikrofongacha boʻlardi. Baralla qoʻshiq kuylasam, zavqlanib, “qizim, ashulachi boʻlasanmi?” derdi. Yana uydagi yumshoq oʻyinchoqlardan foydalanib, otam tez-tez teatr qoʻyib berar, bir gal Zumrad va Qimmatni ijro qilgan. Eh-he, mazza tomosha.
Hech narsaga taqiq qoʻymas, hur fikr, erkin oʻsishimizni istagan otam kezi kelsa qattiqqoʻl ham edi. Baʼzida, gapiga kirmasak, arazlab qolardi. Otamni xafa qilmaslik uchun qoʻlimdan kelgan hamma ishni qilardim. U kishi qalbimizni zugʻum bilan emas, muhabbat bilan egallab olgandi.
Ahyon-ahyonda Nasima deb chaqirmasa, doim “qizginam, qirmizginam, eng yorug‘ yulduzginam” deb chaqirardi.
Bir kuni betoblanib shifoxonaga tushdim. Koʻrgani keldi. Shokoladxoʻrman, lekin yeyish mumkin emas. Aks holda kasallik zoʻrayadi. Choʻntagidan ikki dona snikers olib, onamga koʻrsatmay, sekin yostigʻimning tagiga solib, koʻzini qisib qoʻydi. “Onangga koʻrsatmay ye” dedi. Xursandligimni aytmaysizmi. Otam shunday najot farishtasi edi men uchun.
U kishi futbol muxlisi, men yonida qoʻshimcha tomoshabin. Gohida yarim kechagacha futbol koʻradi. Tushunsam-tushunmasam men ham ekran qarshisida oʻtiraman. Orada stol ustida sheʼr yozilgan varaqlarni koʻrib, nimaligini soʻrab hol-joniga qoʻymasdim. Otam yarim kechasi hamma uxlab qolgandan keyin ijod qilardi. Biz farzandlar uning alohida oʻtirib sheʼr yozayotganini koʻrmaganmiz. Qolaversa, u kishining ijodxonasi boʻlmagan. Qayer toʻgʻri kelsa, yozib ketaverar, injiq emasdi.
Otam bilan shu qadar yaqin edikki, hatto universitetga imtihon topshirgani ham birga borganmiz. Borsak, koʻpchilik qizlar onasi yo opasi bilan boribdi. Meni ichkariga kuzatayotib, otam qoʻllarini duoga ochib, osmonga qarab iltijo qilib tursa, bir-ikki begona qiz meni turtib, “otangizga qarang, sizni duo qilayapti” degan. Juda taʼsirlanib ketganman. Koʻpchilikning havasi kelgan. Shunday otam borligidan faxr tuyganman oʻshanda.
Oloy bozori atrofiga, koʻp qavatli uyga koʻchib chiqqach, otam koʻp ishlaydigan boʻldi. Deyarli koʻrmasdik, erta ketib, kech kelgan. Lekin doim onam orqali nazorat qilib turardi. Hammamizga kitob hadya qilardi, oʻqidingmi deb tergamasa-da, hamma kitoblarni hijjalab oʻqib chiqardik. Yana chet el safarlariga borsa, qoʻyni-qoʻnji toʻlib-toshib sovgʻalar bilan kelardi. Hammamizni yoniga oʻtirgʻizib, safar taassurotlaridan soʻylab berardi.
U kishi ishdan qaytsa, eshik ochilishidanoq otam ekanini hammamiz bilardik. Chunki otam ochsa, eshikning ovozi boshqacha chiqardi. Indamasa-da, kelishidan oldin hamma yoygan narsalarimizni terib qoʻyardik. Va albatta otam yaxshi koʻrgan taomni tayyorlardik. Palov va mantini xush koʻrardi. Suyuq ovqatlarni deyarli yemasdi. Otam hamma narsadan goʻzallik izlardi. Taomni ham chiroyli qilib dasturxonga tortmasak, koʻngli toʻlmagan. Noroziligi sezilardi.
Yana u kishi xat yozishni yaxshi koʻrgan. Onam bilan urishib qolsa ham bir enlik xat yozib, koʻrpa qatiga solib ketardi. Keyin u xatni men olib, oʻqib, yana qayta joyiga qoʻyib qoʻyardim. Qondan oʻtgan boʻlsa kerak-da, men ham xat yozishni yaxshi koʻraman. Hamma farzandlarining yozishga uquvi boʻlsa-da otam birortamizning jurnalist boʻlishimizni istamadi negadir.
Otam hazilkash, duogoʻy, samimiy odam edi. Har kuni bir telefon qilib ovozini eshitmasam, koʻnglim tinchimasdi. Goʻshakni koʻtarar ekan, avval obdon erkalab, suyib, keyin uzundan-uzoq duo qilardi rahmatli.
Oʻlimidan sal oldin ekan, yoz edi, Chorchinorga borib, osmonlarga qarab toʻyib-toʻyib nafas oldi. Keyin tepaga, bobomning ziyoratiga chiqdik. Oʻsha yerda ham qoʻllarimdan mahkam tutib meni yuqoriga olib chiqdi.
Oxirgi kuz... Uydan qoʻngʻiroq boʻldi. Xoʻjayinim Toshkentga ketamiz dedi. Hayron boʻldim. Kelsak, otam jonlantirish boʻlimida ekan. Bizni tashlab ketadi deb oʻylamagandim. Buvim oldiga kirsa, hammasi zoʻr deya qoʻli bilan ishora qilibdi (otam har doim biror yutuqqa erishsak yo nimadandir xavotirlansak, tinchlan, hammasi zoʻr deya qoʻli bilan ishora qilib koʻrsatardi). Buvim xursand boʻlib, “bolam yaxshi ekan, menga hammasi zoʻr dedi” deb chiqdi yonidan. Ichim yorishganday boʻldi. Lekin afsuski... Oradan bir oy oʻtib, qahraton qish koʻngillarimizni huvillatib ketdi. Otam Chorchinorni oʻziga makon tutdi.
“Yerda boʻlsam-da osmondaman” deb koʻp takrorlardi, osmonlarni vatan qildi. Otamning duolarisiz qoldik. Ketishidan oldin hammamizning qoʻllarimizni bir-bir siqib, “men oʻlmayman, men sizlarda yashayman” dedi. Otam vaʼdasini bajardi, endi har kuni tushlarimda otam bilan birgaman. Sogʻinsam, oxirgi yozgan sheʼri “Osima”ni qayta-qayta oʻqiyman:
Koʻzimdan oʻpib qoʻy, Osima!
Senga olma bergum magʻz-magʻzi oltin.
Tishlasang, tishlaring hammasi tilla,
Lablaring yolqin…
Guljahon NAMOZOVA tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Oʻzga olam odami” maqolasi