Toʻgʻirlash emas – toʻgʻrilash
Ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozishmalarga koʻp duch kelaman: “Falon joyda xato ketibdi”. – “Rahmat, toʻgʻirlab qoʻyaman”. Avval “toʻgʻirlash”ni toʻgʻrilang, birodar (deging keladi). “Toʻgʻri” oʻzagidan “toʻgʻrilamoq” feʼli yasaladi. Ehtimol, biror shevada “toʻgʻirlamoq” shakli ham boʻlishi mumkin, ammo mumtoz adabiyotimizda bu shakl uchramaydi.
Oʻgʻrilash emas – oʻgʻirlash
Yaqinda tarmoqda kimdir “oʻgʻrilash” deb yozibdi, “toʻgʻri”dan farqli, “oʻgʻri”ning feʼl shakli – “oʻgʻirlamoq”, lekin adabiy tilda mazkur oʻzakdan yasalgan otlar “oʻgʻrilik” ham, “oʻgʻirlik” ham toʻgʻri hisoblanadi. “Oʻgʻri” baʼzi shevalarda “oʻgʻiri” shaklida ham talaffuz qilinadi. Bu xususiyatga bir paytlar Koshgʻariy bobomiz ham eʼtibor qilgan va “Devonu lugʻotit-turk”da “oʻgʻri”ga shunday izoh beriladi: “Ogʻrї – oʻgʻri. Aslida غ kasrali boʻlishi kerak edi; yengillatib sukun holida talaffuz qilinadi” (DLT. I tom. T 1960. 147-bet). “O‘gʻri” deganda “g‘” (غ) tovushi kasrali, yaʼni “g‘”dan keyin qisqa “i” tovushi ham eshitilib, aslida “oʻgʻiri” boʻlishi kerak ekan, lekin yengillik uchun bu unli qisqarib “oʻgʻri” shakliga kelgan.
Onson emas – oson
Fors tilidan oʻzlashgan bu soʻz fors tilida ham – OSON, Navoiy bobomiz ham “Emas oson bu maydon ichra turmoq”, deb yozgan. Meningcha, sheva taʼsirida baʼzan “oson” oʻrnida “onson” deb yozish va aytish hollari uchraydi. “Onson”dan “OSON” deyish oson emasmi?
Taʼqiq emas – taqiq
Oʻzbek tilida ayirish (ъ) yoki tutuq belgisi, odatda, arab tilidan oʻzlashgan, “‘ayn” (“ع”) tovushi, “hamza” (“ء”) va “sukun” kabi belgilar ishtirok etgan soʻzlarda qoʻyiladi. Misol: qatʼiy قَطْعىٌّ, masʼul مسؤول, “taʼqib” تَعْقِيب...
1981-yili chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “TAQIQ” soʻzi arabcha yoki boshqa tildan oʻzlashgan deb aytilmagan. Bu esa soʻzning boshqa tildan oʻzlashmagan, sof oʻzbekcha ekanligini yoki, kamdan-kam holatda, olimlar soʻz etimologiyasini aniqlay olmaganini bildiradi. Ammo yangi 5 jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning 2008-yili chop etilgan toʻrtinchi jildida bunga aniqlik kiritilgan. Unda “TAQIQ” arab tilidan oʻzlashgan soʻz sifatida izohlanib, arabcha تعقيق shakli keltiriladi. Agar shunday boʻlsa, “TAQIQ” ham “TAʼQIB” (تَعْقِيب) singari arab tilida sukunli “ayn” harfi bilan yozilar ekan va bu soʻzni ham “taqiq” emas, “taʼqiq” deb yozsak toʻgʻriroq boʻladi. 2008-yil izohli lugʻatida “taqiq” – “uzish, toʻxtatish, quloq solmaslik, boʻysunmaslik” kabi maʼnolarga ega arabcha feʼldan yasalganligi aytiladi (qarang: oʻsha jild, 37-bet). Arabcha lugʻatlarda bunday feʼlning infinitiv shakli – عَقَّ (“‘aqqa”) va u, aytilganidek, “uzish, toʻxtatish, quloq solmaslik, boʻysunmaslik” kabi maʼnolarga ega. Ammo birorta arabcha lugʻatda bu feʼlning masdari sifatida “taʼqiq” (تَعْقيق) shakli keltirilmagan. Arab va fors tillarida “taqiq” maʼnosida boshqa soʻzlar ishlatiladi.
Qizigʻi shundaki, “taqiq” soʻzi Navoiy yoki boshqa mumtoz adabiyotimiz vakillari asarlarida ham uchramaydi. Taxminimcha, “taqiq” soʻzi arabcha etimologiyaga ega emas, balki yaqin oʻtmishda oʻzbekcha “taqmoq” feʼlidan “taq+iq” shaklida yasalgan va keyinchalik bu soʻz tojik tiliga ham oʻzlashgan boʻlishi mumkin. Shu bois bu soʻz oʻtgan asr boshidan buyon oʻzbek va tojik tillarida “taʼqiq” emas, balki “taqiq” shaklida qoʻllanib keladi. Agar bu soʻz oʻtgan asr boshida arab yozuvida, izohli lugʻatda keltirilgani kabi, “taʼqiq” (تَعْقيق) shaklida yozilganida, kirill yozuvida ham bu xususiyat saqlangan boʻlardi (Bu borada mutaxassislar, ayniqsa, arab tili mutaxassislari aniqlik kiritib berishsa, minnatdor boʻlardim). “Taqmoq” feʼlining “bogʻlamoq” maʼnosi ham bor. Deylik, “taqiq qoʻyildi” – “bogʻlab qoʻyildi”...
Xullas, bu soʻz yuz yildan buyon oʻzbek adabiy tilida “taʼqiq” emas, “TAQIQ” shaklida yoziladi va shunday yozish toʻgʻri deb qabul qilingan.
Abduvohid HAYIT