Bir qarashda Vaqt tushunchasi oddiy, uni izohlab tushuntirib oʻtirishga hojat yoʻqdek tuyuladi. Lekin bu shunday murakkab tushunchaki, ming yillardan buyon olimlar vaqt masalasida bir toʻxtamga kelishmagan. Bahs-munozaralar hali ham toʻxtagan emas. Holbuki, vaqt Allohning eng buyuk va eng asliy neʼmatlaridan biridir. Vaqt bu inson uchun uning borliqda mavjudlik davri, oʻz hayotidan oladigan foydasi yoki zarari “joylashgan” muddatdir. Hayotidan foyda topmoqlik vaqtning qadriga yetmoqlikdan. Aksincha, vaqtning qadriga yetmaslik, uni yoʻqotmoq, insonning Alloh bergan umr neʼmati imkonlariga befarqligi uning zararda qolmogʻidir. Zero, oʻtkazib yuborilgan vaqtni qaytarib boʻlmaydi. Chunki vaqt oʻtib turguvchi, boshi va adogʻi hech kimga maʼlum boʻlmagan va oʻzicha aslo tugamaydigan, ammo inson uchun tugaydigan neʼmatdirki, uning qadrini qilmoq oqil kishining ishidir. Qurʼoni karim suralarida va Hadislarda vaqt va uning qadri haqida koʻp qimmatli fikrlar kelgan.
Vaqt – nuqsonsiz va xolis neʼmat boʻlganligi sababli makondan koʻra sharaflidir. Har qanday makon mutlaq xolis vaqt ichida mavjuddir. Ammo Allohning aql bilan neʼmatlantirilgan bandasi olamga koʻz ochibdiki, nimaningdir boshlanishini va tugashini, tugʻilishini va favt-u mavtini kuzatish bilan barobar oʻsha voqelikning qandaydir oʻlchamini ilgʻab turgan. Gul bahorda ochilib yozda xazon boʻladi. Choʻllarda bahor yam-yashilb yozda – sap-sariq somon. Daraxt gullaydi, meva tugadi, pishib yetiladi, ammo oxiri bor... Hammasining oʻlchamida insonning vaqt tasavvurlari intuitiv (tuygʻu orqali) hisoblash tajribasiga aylanib boraveradi. Bular hozircha inson uchun kundalik va davriy kuzatuv, xolos. Lekin bu kuzatuv kundan kunga, oydan oyga, yildan yilga takroriy namoyon boʻla borishi albatta ulkan empirik (tajribaviy) bilim koʻlamiga aylanadi. Endi vaqtni idrok etish mavhum tafakkur imkoniyatlaridan foydalanishga qarab tadrij topa boshlaydi. Inson koʻkka boqar ekan, unda avvalo quyosh va oyni koʻradi, tunda esa yulduzlar uning aqlini shoshiradi. Quyoshning yil davomidagi harakati yildan yilga bir xilda takrorlanishi, oyning hilol holatdan toʻlishgunicha va asta kamayib “koʻrinmay qolishi”, soʻngra shom ufqi ustida yangidan hilol paydo boʻlishi bular inson ongida vaqt tushunchasini mavhumlikdan hayotiy voqeliklar oʻlchovi sifatida reallashtirgandek boʻladi. Balki inson oʻsha holatda vaqt haqida falsafiy mushohadalarga borib ulgurmagandir. Lekin “yil-oy-kun” tushunchalarining hayotiy oʻlchamlarida endi odam ahli aniq bilimlarga ega boʻla boshlaydi.
Dastlab soddagina odam har bir kunni qoya toshlar sirtiga, daraxt tanasiga va hokazo, bitta chiziq qilib belgilab bordi. Qarasa, quyoshning bir yillik ogʻish nuqtalari orasidagi chiziqlar, yaʼni kunlar soni 365 taga toʻgʻri kelibdi. Quyoshning osmondagi har yilgi harakat uzunligi bir xilda 365 kunni tashkil qilishi maʼlum boʻlgach, bunga turli xalqlar turlicha nom berdilar, lekin barchasining maʼnosi oʻzbekcha “yil” soʻzi bilan aynan bir boʻldi. Shunday qilib, yil vaqtning bir oʻlchamiga aylandi. Bir yil ichida oyning oʻn ikkki marta yangilanishi, oyning hilolidan yangi hiloligacha oʻttiz va yigirma toʻqqiz kun ekanligi yana bir kashfiyot boʻldi. Oy fazalari (hiloldan oy barkashining choragigacha, undan toʻlin oygacha, kamayish davomida uchinchi chorakkacha va, nihoyat yangi hilolgacha) orasi yetti kundan ekani ham vaqt oʻlchamining muhim qismiga aylandi. Bu oʻlcham hafta nomini oldi. Odamlar yetti kunlik haftaning yigʻindisi yigirma sakkiz kundan yangi hilol koʻringuncha yana bir kecha-kunduzdan ortiqroq vaqt ortishini ham farqladilar. Natijada bir oy hrakati davrasi 29 kun va bir necha soatdan iborat hisoblandi. Bu esa quyosh yilidan 11 kun va bir necha soatga kam edi. Shunday qilib oy harakati boʻyicha bir yil 354 kun va bir necha soatdan iborat boʻldi. Ushbu bir necha soat qoʻshimcha tufayli oy hisobidagi yilning bir oyini 29, ikkinchi oyini 30 kundan hisoblash qabul qilindi. Xuddi shu kabi quyosh yilining 365 kunidan ham bir necha soat, minut va sekundlar qoldiq chiqadi. Bu farqni joyiga keltirib aniq vaqtni belgilash uchun taqvimga har bir toʻrt yilda bir kun (fevral oyining oxirida) qoʻshib hisoblash joriy etilgan. Bu bir kunlik qoʻshimchasi bor oy mazkur toʻrtinchi yilni kabisa yil deb atalishiga sabab boʻldi. Darvoqe, biz hozir beixtiyor “taqvim” soʻzini ishlatib oʻtdik. Xoʻsh, taqvim oʻzi nima? Taqvim paydo boʻlmasidan avval odamlar vaqtni qanday hisoblashgan? Insoniyat tarixida taqvim paydo boʻlishining sabablari bormi? Ilk taqvimlar qachon va qayerlarda paydo boʻlgan? Taqvim tuzishda nimalarga asoslanilgan?
Qadimgi taqvimlar tarixi arxeologik kuzatuvlar asosida ibtioiy davrlar sari yetaklaydi. Ibtidoiy davrlar taqvimlari ham quyosh, oy harakatlari, kecha-kunduz almashuviga asoslangan. Ilk taqvimlar hali yozuv yoʻq vaqtlar bilan bogʻliq tosh qurilmalarda aks etgan. Gʻarbiy Afrikada yashovchi qadimiy davrlardan maʼlum yorub xalqi yaratgan taqvim jahonda eng qadimiy taqvim hisoblanadi. Yorub madaniyatining tan olingan 10 000 yillik uzluksizligi taqvimda aks etgan ilk madaniy hodisa sifatida yuksak ilmiy maʼno kasb etgan. Xususan, yorub taqvimi boʻyicha bizning hisobdagi 2026-yilni 10 068-yil deb kutib olindi. Bu sanadan bizning 2026 ni ayirsak, yorublar 8042 yil avval oʻz taqvimlarni joriy etishgan ekan. Angliyada arxeologlar va astronomlar tekshirishlari natijasida salkam 5000 yillik Stounxenj tosh qurilma koʻrinishidagi inshoot ham quyosh taqvimi deb tasdiqlanmoqda. Hozirda 17 dona mengir (tik oʻrnatilgan tosh ustunlar) saqlangan. Olimlarning fikricha ularning asli soni 30 dona boʻlgan. Ularning baʼzilari ustiga toʻsin qilib qoʻyilgan tosh bilan birlashtilgan. Mengirlarning joylashuvi quyosh, oy va yulduzlar aylanishini kuzatishga moʻljallangan.
Insoniyat tarixida yozuv paydo boʻlishi, uning tiplaridan qatʼi nazar, Yaqin Sharq va Uzoq Sharq hamda Janubiy Oʻsiyoda ilk aniq tizimlashtirilgan va yozma ravishda qayd etilgan taqvimlarning paydo boʻlishiga olib keldi. Qadimgi oy-quyosh tizim asosida yaratilgan Shumer taqvimi shularning birinchisi edi. Bu taqvim yilning ikki davrini hisoblashga asoslangan. Birinchi qismi sovuq va namlik, ikkinchi qismi quruq va issiq davri. Yil 12 oydan iborat boʻlgan. Toʻrt fasllik tizim ishlatilmagan. Oy va quyosh yili hisobi orasida toʻplangan farqni toʻgʻrilash uchun bir necha yilda bir marta yarim yillik orasiga bir oy (oʻn uchinchi oy) qoʻshimcha kiritilgan. Shumerlarning yil boshi Dajla va Frot daryolari toshqinidan keyingi birinchi yangi oydan hisoblangan. Bahor mavsumi boshoqli ekinlarga oʻroq tushganida bayram qilingan. Qadimgi Shumerning Nippur, Ur, Lagash, Umma, Uruk kabi bir qator shaharlarida olib borilgan arxeologik qazishmalarda taqvim bilan bogʻliq xoʻjalik va maʼmuriy mixxat hujjatlar koʻplab topilgan. Shumer taqvimida oy nomlari baʼzan siyosiy, diniy, koʻproq xoʻjalik hayoti bilan bogʻliq boʻlgan. Masalan, ibodatxona taxti(kursisi)ga, Hoʻkizni omochga qoʻshish, gʻisht quyish, urug‘ ekish, olov yoqish, Inanna maʼbudasiga bagʻishlangan oy, muqaddas tepalik oyi, omochni yerdan olish oyi, oʻrim oyi va boshqalar.
Xamurappi davrida Bobilning oʻz taqvimi boʻlgan. Bir kecha-kunduz uti deyilgan, kun urru, Sutka 12 qismga boʻlingan va har bir boʻlimi beru deb atalgan. Birinchi boʻlak Varxu, 7-boʻlak sebutu deyilgan. Oy toʻlgan kun shabattuning ertasiga qurbonliklar qilingan. Yil boshi kuzgi teng kunlikdan boshlangan. Yilning birinchi yarmi Shabattum mahritu, ikkinchi yarmi esa arkitishabattum, yaʼni “keyingi yarim yil” deb atalgan.
Qadimgi Xitoy madaniyatida ham taqvim alohida rol oʻynagan. Xitoy taqvimining yoshi 3000 yildan ortiq deyiladi. Mil.avv. XVI–XI asrlarda amal qilgan Shan davri bilan bogʻliq hisoblanadi. Taqvim asosida oy-quyosh aralash hisob yotadi. Shuningdek, dehqonchilik mavsumlari, diniy marosimlar vaqtini belgilash, fol ochib bashorat qilish amaliyoti va boshqalarda taqvim, astronomik hamda ob-havo holatini kuzatish orqali vaqtni hisoblash ehtiyoji kabilar tavimni muqim qilish zaruriyatini belgilagan.
Shan davridan keyin Szin (mil.avv.221 yilda), keyinroq Xan imperiyasi davrida (mil.avv. III-II asrda) qadimgi xitoy taqvimi yangidan isloh qilingan. Xan davri 60 kunlik taqvimni joriy qilgan. Bunda oʻn, yigirma emas, 20, 40, 60 kunlik tizim orqali hisob yuritilgan.
Xitoy taqvimida yilda oʻn ikki oyning har birini alohida jonivorlar yoki hayvonlar nomi bilan atash amaliyoti qadimdan mavjud. Bu anʼana keyinchalik jahon boʻylab tarqaldi. Qadimgi Nefrit podsholigi nomi bilan ataluvchi roviy Nefrit podsho yillarning ketma-ketligini tartibga solish uchun jonivorlar va hayvonlar poygasini oʻylab topgan emish. Qaysi jonivor yoki hayvon uning saroyiga birinchi boʻlib yetib kelsa, oʻshaning nomi birinchi oyga qoʻyilgan emish. Saroyga birinchi boʻlib yetib kelgan kalamush nomi birinchi yil nomiga aylangan emish. Ikkinchi nom sigir, uchinchi nom yoʻlbars, toʻrtinchi – quyon, beshinchi ajdaho, oltinchi – ilon, yettinchi – ot, sakkizinchi – echki, toʻqqizinchi – maymun, oʻninchi – xoʻroz, oʻn birinchi – it, oʻn ikkinchi – choʻchqa nomlarini olibdi. Har bir hayvon yiliga xos belgilar asosida fol ochish, yilning kelishini bashorat qilish kabi obdatlar ham keng tarqalgan.
Mazkur hayvon yil hisobi anʼanasining tarixiy ildizini turkiy xalqlar bilan bogʻliq talqini ham mavjud. Bunda kalamush oʻrnida sichqon, ajdaho oʻrnida baliq, echki oʻrnida qoʻy, choʻchqa oʻrnida hoʻk, yaʼni halol etli qabon nomlari amal qilgan. Hayvon siklining oʻzagi asli turkiy boʻlsa ajab emas. Oʻzlashtirish jarayonida turkiylar alol hisoblagan hayvonlar nomlarini xitoylar qisman oʻzlari kundalik iste’mol qiladigan, lekin turkiylar harom hisoblaydigan hayvon nomlari bilan (baliq oʻrniga ajdaho, qabon oʻrniga choʻchqa) almashtirgan boʻlsalar kerak.
Xitoyning qadimiy madaniyatiga xos 24 mavsumlik yana bir taqvim amal qilgan. Bu taqvim asosan qishloq xoʻjaligi ishlarini boshqarishga qaratilgan boʻlib, yilni har biri 15 kundan 72 mavsumga boʻlgan. 24 mavsum taqvimi asosan Xuanxe daryosi havzasida shakllanib, Xitoyning sharqiy qirgʻoq boʻylarigacha tarqalgan. Imperator U-di (mil.avv. 141–87-yillar) 24 mavsum taqvimini “Taychuli” taqvimiga mil. avv. 104-yilda qoʻshimcha sifatida kiritgan. Bu taqvim osmon gumbazining shimoliy markaziy nuqtasi (Qutb yulduzi – turkiy tilda “Oltin qoziq”) atrofida aylanuvchi choʻmich koʻrinishidagi “Katta ayiq” yulduz turkumining dastasi bahorda sharqqa, yozda janubga, kuzda gʻarbga, qishda shimolga qarab turishidan kelib chiqib, uning aylana boʻylab harakatini 15 graduslab boʻlib chiqish hisobidan yilni 24 mavsumga taqsimlagan. Har bir 15o gradus ogʻishda tabiatda takrorlanuvchi muayyan oʻzgarishlar kuzatilishi dehqonchilik ishlarini vaqtida bajarishga asos boʻlgan. Masalan, quyoshning yillik harakatidagi 315o gradus xitoycha Lichun – “bahor”ni nishonlash kuni boʻlib, grigorian taqvimining 4-5-fevraliga toʻgʻri keladi. Bu sana 24 fasllikda 12 hayvon turkumining ham boshi hisoblanadi.
Xitoy taqvimining yana baʼzi oʻziga xos jihatlari boʻlgan. Masalan, yil boshini ular qish fasli ikkinchi oy boshidan oʻn kun oʻtkazib nishonlashgan. Bu odat zamonaviy xitoylarda hozir ham saqlangan. Bundan tashqari xitoylarda yil oylarini besh xil tabiat unsuri – daraxt, olov, tuproq, metal va suv bilan bogʻlab tasavvur qilishganki, bu anʼana xitoy falsafasida insonning tabiat bilan birligini ifodalagan.
Hindiston ham taqvimlar tarixi masalasida boy anʼanlarga ega. Avvalo, hind xalqi oy va quyosh yiliga asoslangan Panchanga nomli taqvim asosida yashaganlar. Biroq quyosh harakatiga asoslangan Saka taqvimi qadimdan hindlarning milliy taqvimiga aylangan. Bundan tashqari oy fazalari asosida amal qiluvchi Vikram Samvat taqvim ham mavjudki, bu asosda diniy marosimlar va anʼanaviy Divali, Holi kabi bayramlar vaqti aniqlangan.
Umuman Hindistonda tarixan maʼlum taqvimlar son 30-40 taga boradi. Ularning aksariyati mahalliy va tarixan maʼlum davrda amal qilib, keyin unutilgan. Ulardan tashqari milliy taqvim maqomiga koʻtarilib hozirgacha ishlatilayotganlari ham bor. Jahon miqyosida amal qilayotgan grigorian taqvimi rasmiy holatlarda qoʻllanadi. Zero, Hindiston ham global munosabatlarning faol ishtirokchisi.
Yahudiylik taqvimi hozirgi Isroil davlatining rasmiy taqvimi. Shuningdek, isroilda grigorian taqvimi ham faol amal qildadi. Yahudiylik tarixiy taqvimi ham oy sikli va quyosh harakati asosigaqurilgan boʻlib haftada tafovut vaqti-vaqti bilan isloh qilib boriladi. Yahudiylikda yil hiobining boshi milodiy 359-yilda boʻlib oʻtgan xalq majlisi Ikkinchi Gilelya qaroriga koʻra mil.avv. 3761-yilning 7-oktyabri etib tayinlangan. Hozirgi yahudiy anʼanaviy taqvimi oy harakatiga asoslangan 12 oy boʻlib, shana pshuta deyiladi. Kabisa oyi shana meuberet yil hisobiga qoʻshimcha oy demakdir. Yil oylari 29-30 lik galma-gal almashuvchi tarzda hisoblanadi. Shunda farqni toʻgʻrilash uchun 29 kunlik Xeshvan oyiga bir kun qoʻshilgan yoki 30 kunlik kislev oyidan bir kun kamaytirilgan. Shunday qilib yilning toʻgʻrilangan oylari kunlar hisobida 354, kabisada esa 384 kun, bir kun toʻldirilgan yil kunlari 355–385 kun, kislevdan olib tashlagan kun hisbidan esa 353–383 kun. Shunday qilib bahorgi (niysan) oyining 15-kuni nishonlanadigan Pesah diniy bayramning vaqti aniq bir nuqtaga keltirib turilgan. Bundan tashqari oy yili va quyosh yilini muvofiqqa keltirib turish uchun yahudiylikda 19 yillik sikl ham amal qiladi. 19 yilning 7 yili kabisa, bular – 3-, 6-, 8-, 11-, 14-, 19-yillardir. Har qanday hisobdan qatʼi nazar yahudiy yilining birinchi kuni Tishrey oyining birinchi kuniga kelishi shart hisoblanadi. Xullas, yahudiy taqvim asosida, yuqorida qayd etganimiz, olamning yaralish tarixining boshi mil. avv. 3761-yil boʻlib, uning hatto soat, minut-daqiqa va sekundlari ham hisoblangan. Bu 5 soat-u 11 minut, 204 sekund tushdan keyinga, yaʼni 17 soat 11 minut 20 sekundga teng boʻladi. Bir soat esa 1080 lahza hisolanib 7 dan boshqa sonlarga qoldiqsiz boʻlinishi eʼtiborga olingan. Yil oylarining yulduz turkumlariga mosligi ham alohida hisobda turgan: Nisan-oven, Iyar-Buzoq boshi, Sivan-Egizaklao, Tammuz-Qisqichbaqa, Av-Arslon, Elul-Sumbula, Tishrey-Tarozu, Xeshvan-Kamonchi, Tebet-Echki, Shvat-Qovgʻa, Adar-Baliq (faqft kabisa yilida qoʻshilgan). Bu yil yahudiy yil hisobida 5787-yil kiradi.
Zardushtiylik taqvimi Turon-Turkiston va Eron madaniy-maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutgan. Bu quyosh taqvimi boʻlib, 12 oy, har bir oyda 30 kundan, bir yil esa 360 kunga teng hisoblangan. Tropik yilning uzunligi 365, 2542 ekanligidan kelib chiqib, zardushtiylar (Eronda va Hindistonning Gujarot viloyati hamda Mumbay zardushtiy jamoalarida) Navroʻz arafasidagi 5 kunni Gohanbar kunlari deya, hozirgacha jamoaviy bayram qiladilar. Bu qoʻshimcha kunlarning alohida nomi Andargoh, yaʼni “kiritilgan vaqt” deb ataladi. Andargohning oxirgi kuni Navruz – bizning taqvimdagi 21-22-mart kuniga toʻgʻri keladi. Zardushtiylik taqvimining aniqlik darajasi shundayki, 365 kundan ortgan minut sekundlar hisobiga 120 yilda bir qoʻshimcha oy kiritib, undan keyin vaqt hisobini toʻxtatilgan joyidan davom ettirilgan. Qoʻshimcha kirgan oy hisobidan esa soliqlar olinmagan.
Yil davomida olti bayram, ularning har biri fasllar almashuvi hisobiga toʻgʻri kelgan. Zardushtiylik taqvimi olti bayram tizimi rātu (tartib) deb atalib, ularga bayramlar biriktirilgan: madyuzarema, madyuyishma, payitishahya, ayasrima, mashdiyarya, namaspatmaeda bayramlari. Zardushtiylar oy nomlarini Ahura Mazda yaratgan samoviy maʼbud zotlar, hamisha barhayot farishtalar, tabiatning muhim unsurlari nomlari bilan ataganlar. Shuningdek, oy ichida har bir kun ham shu tartibda atalgan. Mana kun nomlarining qaratqich kelishigi shaklidagi roʻyxati: 1. Ahurahe Mazda; 2. Vangʻheush manangʻho‘(Vahumana); 3. Ashahe vahishtahe; 4. Xshatrahe vayrehe; 5. Spentaya armatoʻish; 6. Haurvatato‘; 7. Ameretatao‘; 8. Datusho‘; 9. Atro‘; 10. Apam vangʻuhinam; 11. Hvarexshaetahe; 12. Mangʻhahe; 13. Tishtrehe; 14. Geush urvane; 15. Datusho‘; 16. Mitrahe, 17. Sraoʻshahe; 18. Rashnaoʻsh; 19. Fravashinam; 20. Veretragnahe; 21. Ramano‘; 22. Vatahe; 23. Datusho‘; 24. Daenaya; 25. Ashoʻish vangʻhua; 26. Arshtato‘; 27. Atsho‘; 28. Zemo‘; 29. Mangʻtrahe Spentahe; 30. Anangʻhranam raoʻchangʻham.
Oy ichida nomi keltirilgan kunlardan oʻn uch kun (1-, 3-, 13-, 14-, 15-, 16-, 17-, 18-, 19-, 20-, 21-, 25-, 26-)ni Ahura Mazda “oʻzim yaratganman ularni ham”, deya Zardushtga tushuntirgan (Mehr Yasht 1-band) va ular ham eʼtiqod, namoz va ehsonlar qilishni halol qilgan maʼbud va maʼbudalar nomlari bilan atalgan. 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-kunlarga Ahura Mazdaning emanatsiyalari (tajallilari) nomi berilgan. 11-, 12-, 27-kunlar osmon yoritqichlari nomlarida kelgan. 9-, 10-, 22-kunlar tabiat hodisalari nomlarini ulugʻlagan. 19-kun iymonli bandalarning ruhlariga bagʻishlangan. 24-kun din-diyonat nomi bilan daena deb atalgan. 28-kun Yerni ulugʻlab zam deyilgan. 29-kun muqaddas soʻz “mantra” deb atalgan. Bu soʻz har bir kishi qalbida jo va hech kimga oshkor etilmaydi va soʻz egasini harqanday balo-qazo, ofatlardan saqlashiga ishonilgan. Nihoyat, 30-kun nomi bitmas-tuganmas yolqin, nurafshonlik deb atalgan.
Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida zardushtiylik taqvimining tafsilotlarini bayon etgan va bu taqvimning xorazmcha, sugʻdcha shakllarini ham keltirgan.
Qadimgi turkiy taqvim Buyuk turk xoqonligi davriga oid bitiklarda yodga olingan. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻot at-turk” asarida bu taqvim paydo boʻlishi haqida maʼlumot keltiradi. Jumladan u yozadi: “Turklar oʻn ikki hayvonni tanlab, ularning otlari bilan oylarni atadilar. Shu oʻrinda Mahmud Koshgʻariy bir hikoya keltiradi: “Turk xoqonlaridan biri oʻzi taxtga kelmasidan burun boʻlib oʻtgan urush haqida maʼlumot olish istagi bilan surishtirib koʻrsa, yillar chalkashib, aniq maʼlumot yuzaga chiqmabdi. Shunda u kengash chaqirib, “bizlarki urush vaqtida adashdik, bizdan keyingilar ham yanglishadilar. Shunday ekan, kelinglar yillarni 12 lik takrorlanuvchi qilib, ularga ot qoʻyib chiqamiz. Shu oʻn ikki oyning aylanib qaytishidan voqealarning vaqtini aniqlab boramiz va biz uchun ular unutilmas eslatma boʻlib qoladi”, debdi. Shundan keyin xoqon ovga chiqibdi. Buyuribdiki, odamlari hayvonlarni Ili daryosi boʻyiga toʻplashsin. Qaysi hayvon daryodan birinchi boʻlib oʻtsa, oʻshaning oti birinchi oyga qoʻyilsin. Bu poygada sichqon birinchi boʻlib daryodan oʻtibdi. Sigir ikkinchi, bars uchinchi, tovishqon toʻrtinchi, nek (timsox, yoki nahang – katta baliq) beshinchi, ilon oltinchi, ot yettinchi, qoʻy sakkizinchi, bejin (maymun) toʻqqizinchi, taqogʻu (tovuq) oʻninchi, it oʻn birinchi, toʻngʻiz oʻn ikkinchi yil nomiga aylanibdi.
Qadimgi turkiy ajdodlarimiz har bir yilga uning nomidan kelib chiquvchi inonchlarni, irim-sirimlarni ham qoʻshganlar. Shu bilan birga 12 yillik davriy yil aylanishini muchal deya, alohida hisob yuritganlar. 12 yosh – umrning bir muchali. Bunga bagʻishlab ehsonlar, xayr-u xudoyi oʻtkazilgan. Bola yoki qizning kiyimlarini muhtojlarga berib, yangi sidra kiyimlar kiydirilgan. 24 – ikkinchi, 36 yosh – uchinchi muchal va hokazo. Muchal bilan bogʻliq marosimlar shakllangan.
Turkiy ajdodlarimiz yil boshini koʻklamning birinchi kunidan, yaʼni 21-22-martdan boshlashgan. Taqvim, yuqorida aytilganidek, 12 yillik hayvon nomlari bilan atalgan oylar tizimi asosiga qurilgan. Bu taqvim ekin-tikinchilik uchun ham, chorvani yaylovga olib chiqish uchun ham ishonchli boʻlgan.
Aytilganlardan tashqari xalqona vaqt hisoblarining turli xillari ham amaliyotda keng qoʻllanilgan. Masalan, qaldirgʻoch kelishi bahor oʻz hukmini oʻtkazib sovuq kunlar ortda qolganidan nishona, endi toklarni bemalol ochib ishkom-soʻrilarga tarash mumkin. “Sariq sumalak” qishning ogʻir kunlari tugab, iliqlik boshlanganidan dalolatki, qalin qorlar asta erib, qamish bordon bilan yopilgan tomdan silqigan eruvgarlik suvi kechasi sovuqda muzlab boʻgʻotlarda sargʻayib osilib turadi. Laylak, jiblajibon, koʻkqargʻa, popishak kabi qushlarning qaytishi ham bahorning ishonchli pallaga kirganini, ekin-tikinlar ekishni boshlash kerakligidan darak beradi. Quyosh baliq yulduz turkumiga kirgan payt hut oyi dehqonchilik ishlarining taraddudi boshlanadigan, ariq-zovurlarni oʻtgan yilgi loyqa, sugʻutilardan tozalash ishlari bajarilgan. Hut oyidan chiqish bahor boshlanishi boʻlib, dala ishlari avj olgan. Turnalarning past uchishiga qarab dehqonlar yilning farovon kelishiga ishonganlar. Baland uchgan turnalar issiq kunlarga ishorat qilgan. Olma gullaganda anhor va ariqlarda toshqin kutilgan va oldindan ehtiyot choralari koʻrilgan. May-iyun boshlari javzo deyilib, don ekinlari pishgan va oʻroqqa tushilgani demak. Chillaki chumak ursa, uzum pishigʻi boshlanadi. Qovun poʻchogʻi yerga tushdimi, kuzdan darak hisoblangan. Mezon iplari uchsa rosmana kuz pallasi boʻlib, hosil yigʻini boshlangan. Qavs oyida turup sersuv boʻlib yetilgan va hokazo. Bularning bari xalqona taqvim boʻlib, mehnatkash xalq donoligining dalolati boʻlib kelgan.
Darvoqe, taqvim soʻzini koʻp ishlatdik. Shu haqida bir necha soʻz aytsak. Bu soʻz arabcha “hisoblash”, vaqt bilan bogʻliq maʼnosi esa, biror hodisani “belgilab qoʻyish”, vaqtga nisbatan rejalashtirib (niyat qilib) vaqtini tayin qilish kabi maʼnolarni anglatadi. Qadimda turkiy xalqlar orasida “yil-oy-kun” iborasi mashhur boʻlgan. Umuman taqvim tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Xususan, neolit davrida insoniyat hayotida inqilobiy holat yuzaga kelgan. Tabiat neʼmatlarini terib topib, tirikchilik qilib kelgan odamlar ilk bora yerga urug‘ qadab hosil olish mumkinligini anglaganlar. Bu yemish zahirasini barqaror qilgan. Yovvoyi hayvonlarni qoʻlga oʻrgatib, chorva xoʻjaligini tashkil qilganlar. Ekinni vaqtida ekish, chorvani tabiatning qulay pallalarida yaylovga olib chiqish singarilar vaqtni aniq hisoblash zaruriyatini keltirib chiqargan.
Asrlar davomida inson tabiat hodisalarini kuzatib toʻplagan bilimlari endi asqotib qolgan. Ayni shu tajribalar asosida Qadimgi Misr jahonda birinchilardan boʻlib Quyoshning yillik harakati hamda Katta it yulduz turkumining alfa, yaʼni eng yorqin Tir (Sirius) yulduzining avj nuqtasiga kelishidan hisob olishgan. Chunki har yili Tir yulduzi apogey (yuqori nuqtaga) yetgan kunlari Nil daryosining toshqin pallasi boshlangan. Toshqin esa Misr tuprogʻini minerallarga toʻyintirib, yangi yil hosilining yuqori boʻlishiga xizmat qilgan. Misrliklar quyoshning yillik ekliptik harakati 365 kunga tengligini hisobga olib, eng qadimgi quyosh taqvimiga asos solganlar. Misr quyosh taqvimini Rim imperatori (oʻsha vaqtda Misr Rimga bo‘ysinar edi) Yuliy sezar mil. avv. 45 yilda isloh qilib, yaʼni 365 kundan ortib qoluvchi 0,2425 sutkani ham hisoblagan holda yulian taqvimini joriy qilgan. Ushbu taqvim 1582-yilgacha Yevropada amal qilgan va, nihoyat taqvimda kichik xatolik hisobidan yigʻilib qolgan vaqt astronomik aniq vaqtdan orqada qolgani, natijada cherkov faoliyatida marsoimlarni belgilash qiyinlashgani, xoʻjalikda vaqt chalkashliklari paydo boʻlgani, soliq toʻlovlari vaqtida bahslar koʻpaygani va boshqa sabablarga koʻra Rim papasi (oliy xristian dini peshvosi) Grigoriy XIII tashabbusi va rahbarligida taqvim islohoti oʻtkazilib, vaqt hisobi quyosh harakati bilan moslashtirilgan. Ammo bu hisobda ham kamchilik yuzaga chiqib, nihoyat 1918-yilda sovet hukumatining “Vaqt haqida dekret”i bilan grigorian taqvimidagi yil boshi 12 kunga orqaga surilgan. Natijada yangi yil 1-yanvarda nishonlanadigan kun grigorian taqvimining 13-kuniga toʻgʻri keladigan boʻlgan. Bugungi katta avlod xotirasidagi “yangicha yangi yil” va “eskicha yangi yil” degan tushunchalar mazkur islohot natijasi edi.
Taqvim tarixiga yana qaytib, baʼzi qiziq tafsilotlarga toʻxtalsak. Qadim zamonlarda oy fazalaridan kelib chiquvchi vaqt hisobi keng tarqalgan edi. Buning asosida avvalo “bir kun” – kunning yoruq va qorongʻi qismining birligi alohida rol oʻynagan. Ana shu kunning boshlanishini qaysidir xalq sahar palladan olsa, boshqasi kunning quyosh tik kelgan pallasidan olgan va yarim tunni (bizningcha tungi soat 12 ni) keyingi kun boshi hisoblagan. Oyning toʻrt fazasi yetti kundan bir xilda takrorlanishi yetti kunlik vaqt birligiga, yaʼni hafta hisobiga sabab boʻlgan. Ammo qizigʻi shundaki, oy hamma vaqt ham yetti kunliklarga boʻlinmagan. Masalan, qadimgi Misr oyni uchta oʻn kunlikka ajratgan. Qadimgi Rimda oyni 8 kunliklarga boʻlishgan. Bu hisob noqulaylikka sabab boʻlgan. Chunki 8 kunlik hisob 30 kunlik oy ichida butun taqsimlanmagan. Buni oy hisobini 30-31 kunlik qilish orqali toʻgʻrilashga ham harakat qilingan.
Taqvimning quyosh harakatiga asoslangan variantida sayyoramiz Yerning quyosh atrofida aylanib chiqish vaqti – tropik yil va uning oylarga hamda kunlarga boʻlinishi hisobga olinadi. Biroq taqvim kunlar va oylar butun sonda boʻlishini talab qiladi. Tropik yil esa bunga mos kelmaydi. Chunki tropik yilda taqvimga nisbatan ortiqcha soat, minut, hatto sekundlarning minglardan bir hissalarigacha borki, bu holat taqvimni vaqti-vaqti bilan tropik yilga moslashtirib turishga toʻgʻri keladi. Oy taqvimida bu tafovut yanada katta. Chunki bir oy 29, 53 kunga teng. Islom dunyosi foydalanib kelayotgan oy taqvimining 29 va 30 kunlik qilib butunlab hisoblanishi shundan kelib chiqqan.
Musulmon olami taqvimi oy fazalari asosida shakllangan. Bu taqvim Hijriy-qamariy taqvim deb ataladi. Uning joriy qilinish tarixi xalifa Umar (r.a.) davri bilan bogʻliq. Milodiy 638-yilda, Rasululloh Muhammad (s.a.v.)ning Makkadan Yasribga (Madinaga) hijratlaridan 17 yil oʻtib, musulmon erasi boshi milodiy 622-yilning 17-iyul kuni deb belgilangan. 12 oyning islomiy taqvimdagi muborak nomlari quyidagicha: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabius soniy, Jumodul avval, Jumodus soniy, Rajab, Shaʼbon, Ramazon, Shavvol, Zulqaʼda, Zulhijja. Islomiy oylarda oʻziga xos anʼanaviy munosabat tarixi ham bor. Masalan, Muharram, Rajab, Zul qaʼda, Zul hijja oylarida urush qilish man’ etilgan.
Soʻzimizni muxtasar qilib, taqvim haqida aytganlarimiz toʻliq emasligini taʼkidlashni istadik. Zero, taqvim mavzusining chek-u chegarasini aniqlashning oʻzi ham oson emas. Tarixda va hozir amalda yuzlab taqvimlar bor. Taqvim haqida koʻplab kitoblar ham yaratilgan. Biz esa muhtaram jurnalxonga shu masalada ayrim muhim va qiziqarli maʼlumotlarni taqdim qildik.
Mirsodiq ISOQOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2026-yil 4-son.
“Vaqt falsafasi” maqolasi