Filologiya fanlari doktori, professor Dilnavoz Yusupova bilan suhbat.
– Dilnavoz xonim, Sizni sohada oʻz oʻrnini topgan mumtozshunos, navoiyshunos olima deb bilamiz. Fundamental tadqiqotlardan tashqari, ikki muhim nashr – oʻttiz jildli “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” hamda ikki jildli “Alisher Navoiy: qomusiy lugʻat”ni tayyorlashda ishtirok etgansiz. Xabaringiz bordir, avvalroq ustoz olim Boqijon Toʻxliyev bilan “Tafakkur”da suhbatlashib, “Lisoniy murakkablik bois mumtoz adabiyot, ayniqsa, Navoiy asarlari bora-bora ilmiy tadqiqotlar manbaigina boʻlib qolmasmikan?” degan masalada ham fikrlashgan edik. Toʻgʻri, navoiyshunoslik keyingi yuz yilda zamonaviy ilm-u fan bagʻrida taraqqiy etdi, mutafakkir bobomizning maʼnaviy-badiiy dunyosini bugungi kitobxonga yaqinlashtirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Ammo baribir Navoiy bitiklarini chuqur tushunadigan, badiiy asar sifatida ulardan bahra topadiganlar faqat mutaxassislardan iborat boʻlib qolgandek, “ilm – ilm uchun”dek... Albatta, shoir qalamga olgan axloqiy-maʼnaviy masalalar doimo dolzarb, maʼnaviyat sathida butun insoniyatning Navoiy dahosiga muhtojligi hamishalikdir. Biroq tamaddun choʻqqisi deb hisoblanayotgan XXI asrimizda ne-ne tamoyillar, tutumlar, munosabat-u yondashuvlar oʻzgardi; koʻp narsalar goʻyo eskirgan. Shu manzarada bugungi global dunyo, insoniylikdan tobora chekinayotgan ahli bashar yangi gʻoyalar, yangi koʻrsatmalarga ham ehtiyoj sezayotgandek...
– Mulohazalaringizda jon bor, Nodira opa. Haqiqatan, bugungi global dunyoda qarashlar va gʻoyalar, tutum va yondashuvlar oʻzgaryapti. Insonlarning yashash tarzi, tafakkurida evrilishlar sodir boʻlyapti. Ammo, nazarimda, bugun sabot, sadoqat, vafo tushunchalari har qachongidan koʻra muhim ahamiyat kasb etayotir. Shunga koʻra, hazrat Alisher Navoiy asarlarini tadqiq qilish hech qachon toʻxtamasligi kerak deb hisoblayman, hatto ilm – ilm uchun tamoyili ustun kelgan taqdirda ham. Bu tamoyildan chekinish yoki uyalishga hojat yoʻq. Asl hikmat, daxlsiz haqiqatlardan koʻpchilik yuz oʻgirgan choqda ham ahli ilm oliy maslagidan voz kechmasligi shart. “Eskilik” tamgʻasi urilsa-da, mohiyati va xosiyati eskirmas tushunchalar bor. Zero, ularni kashf etmoq, shular asosida yashamoq uchun odamzod bir qancha asrlarni bosib oʻtgan. Global axloqiy degradatsiya yoki fikriy assimilyatsiya ham ularning dolzarbligiga putur yetkazolmaydi. Insoniyat balki qay bir eʼtiqod va hikmatlarni eskirdi deb eʼlon qilar. Alhosil, fursat kelib, yangilik deya oʻzini urgan falsafa ish bermagani, maʼnaviy va moddiy ehtiyojlar oʻrtasidagi muvozanatni tiklay olmaganiga iymon keltiradi hamda eskirdi deb hukm qilgani sahifalarni qayta varaqlamoqqa majbur boʻladi. Navoiyshunoslarimiz oʻz zimmalaridagi vazifalarni bajarmoqda mardonavor davom etishlari kerak. Har xil mantiqsiz savollarga javob berish yoki tiyiqsiz istaklarni izohlash kabi vazifani zimmaga olmaganmiz. Bilʼaks, hazrat Alisher Navoiy va u kishi kabi moʻtabar zotlarning tarbiya, odob, madaniyat, eʼtiqodga doir qimmatli fikrlarini oʻrganish, oʻrgatish va sabot-u sadoqat ila targʻib qilishimiz lozim. Mening komil inonchimga koʻra, jahonni, insonni, nasl-u nasabni, hayotni, poklikni, ezgulikni qutqarish vazifasi bora-bora Navoiy singari ulugʻlar va u zotning merosxoʻrlari chekiga tushadi. Boshqacha boʻlishini tasavvur ham qilolmayman.
– Sizga “Shoir bitiklarida qalamga olingan axloqiy-maʼnaviy masalalar dolzarbligini hech qachon yoʻqotmaydi” dedim-u, yana oʻzim oʻylanib qoldim. Hazrat Navoiy 1481 – 82-yillarda “Arbaʼin”ni yozganlar. Unda Paygʻambarimiz Muhammadning (s.a.v.) qirq hadisi sheʼriy sharhlangan. 1485-yilda esa “Nazm ul-javohir” maydonga keladi. Bu turkumda hazrat Ali (r.a.) hikmatlari nazmga solingan. Navoiy bobomiz goʻyoki turli mazhablarga teng ehtiromni, bagʻrikenglikni shu shaklda namoyish qilganlar. Bugun esa... dunyo mazhablar-u tariqatlar oʻrtasidagi omonsiz kurashlar, urushlar maydoniga aylangan. Taassufki, islomdan ham, insoniylikdan ham farsax-farsax uzoq bu tavr jaholat ichida bizning yurtdoshlarimiz-da bor. Ulugʻlarimizning bitiklari, amaliy ibrati oʻz kuchini tobora yoʻqotmayaptimi?
– Fikringizni toʻgʻri anglagan boʻlsam, hazrat Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hamda Ali roziyallohu anhu soʻzlari sheʼriy talqin qilingan ikki asarni eslash asnosida Alisher Navoiy ahli sunna hamda shia mazhabiga birdek bagʻrikenglik qilgan, demoqchi boʻlyapsiz.
Nazarimda, hodisaga biroz boshqacharoq rakursda nigoh tashlash kerak. Bu ikki asar mantiqan bir-birini toʻldiradi. Hadis ilmi – alohida soha; uning asoslari, istilohlari mukammal shaklda ishlab chiqilgan. Hadislarni sheʼriy talqin etish, ayniqsa, uni tarjima qilish katta ilm va masʼuliyat talab qiladi. Paygʻambarimizdan boshqa zotlarning soʻzlari esa hikmat hisoblanadi. Lugʻatlarda hikmat “foyda va zararni, yaxshi va yomonni ajratib beruvchi soʻz” deya taʼriflangan. Paygʻambarimizning kuyovlari, jiyanlari boʻlmish hazrat Alining hikmatlari hadislarga hamohang, uygʻun va ularning sharhi maqomida ekaniga shubha yoʻq. Qolaversa, “Arbaʼin” hamda “Nazm ul-javohir”ning yozilish sabablarini muallifning oʻzi batafsil bayon qilgan.
Shoirimiz hazrat Aliga otdosh – ul zot mumtoz matnlarda sheri Xudo deb sifatlanadilar, “Hayrat ul-abror”da Navoiy bobomiz ham asadulloh deya vasf qilganlar. Ehtimol, ismdoshlik yoki Paygʻambarga eng yaqin qarindosh boʻlgani tufaylidir, Navoiy qalban Aliga alohida ehtirom sezgan. Ana shu muhabbat “Nazm ul-javohir”ni bitmoqqa undagan.
Muallif asarni Sulton Husaynga bagʻishlagani ham bejiz emas. “Boburnoma”da qayd etilishicha, Navoiy Sulton Husaynga shia tarafdorlarining taʼsiri ortishi yaxshilikka olib bormasligini taʼkidlagan. Bu masala ustoz Zuhriddin Isomiddinovning “Shavqi navo” kitobida maxsus tadqiq etilgan. Agar muammoning mazhab bilan bogʻliq nuqtasini izlasak, Navoiy asarni Sulton Husaynni, shuningdek, oʻsha davr kishilarini hazrat Ali shaxsiyati va hikmatlari bilan chuqurroq tanishtirish uchun ham yozgan deb aytishimiz mumkin. Chunki oʻsha mazhabga mansub, XV asrda ijtimoiy barqarorlikka xavf solgan ayrim buzgʻunchi guruhlar hazrat Alini umr boʻyi hokimiyat uchun kurashgan va bu kurashni kelajak avlodga ham vasiyat qilib qoldirgan siyosatchi sifatida koʻrsatgan. Yaʼni islom olamida oxirzamon paygʻambaridan keyin mashhur boʻlgan shaxs nomidan oʻz gʻarazli niyatlarini amalga oshirishda foydalanmoqchi boʻlganlar. Baʼzi mutaassib guruhlar esa hazrat Aliga muhabbatli boʻlgan sogʻlom eʼtiqodli kishilarni rofiziylikda ayblab badnom qilishga uringan. Navoiy hikmatlar tarjimasi orqali hazrat Alining shaxsiyati, dunyoqarashi, eʼtiqodi va maslagi har qanday daʼvo-yu iddaolardan baland turishini isbotlab berdi, diyonat bobida ul moʻtabar zot bilan maslakdosh ekanini koʻrsatdi. Buyuk shoirimiz oʻzi mansub boʻlgan ahli sunna eʼtiqodi va hazrat Ali eʼtiqodi oʻrtasida tafovut yoʻqligi, shia firqasi siyosiy guruh sifatida shakllanib, sof eʼtiqoddan yanglish tomonga ogʻganini tushuntirmoqchi boʻlgandir ehtimol...
Dunyoda bugun kechayotgan mazhab-u tariqatlararo ziddiyatlarning sababi ilmsizlikdir. Umuman, axborot maromi tezlashib, sahih va toʻqima, rost va yolgʻonni ajratish mahol boʻlib qolgan bir davrda bunday ixtiloflarning avj olishi tabiiy. Insoniyat bu davrni ham yashab oʻtadi, oqilona xulosalar chiqaradi hamda vaqti kelib, odamzodda jaholat va ilm oʻrtasidagi qatʼiy chegarani farqlash malakasi shakllanadi deb ishonaman.
– Hazrat Navoiy “Majolis un-nafois”ning VII majlisida Temur Koʻragondan tashqari yigirma bir nafar shoh-u shahzoda nomini zikr etganlar. Iftixor qilamizki, necha-necha podshohlarimiz sohibdevon shoir boʻlgan: Husayniy, Bobur, Feruz, Ubaydiy, Amiriy... Devon tartib bermaganlari-chi: Nishoniy (Subhonqulixon), Xon (Abdullaxon)... Turfa isteʼdod-qobiliyatning bir shaxsda jamlanishi tahsinga loyiq, albatta. Endi zamondosh shoirimiz Rauf Parfidan eshitaylik: “Odamlar kuchli, baquvvat boʻladilar. Daraxtlarni kesadilar, toshlarni oʻrnidan siljitib, har tomonga otadilar. Kuchli kimsalar odamlarni bir-biri bilan urushtirib, janjal chiqarib, davlatni boshqaradilar. Kuchli odamga nay chalayotgan shoir kerak emas. Nay chalayotgan odam nihoyatda kulgili tuyuladi unga. (Jon) Kitsning (XIX asr ingliz shoiri – N. O.) nazarida kuchli odam sheʼr yozmasligi kerak”. Buyam bir fikr-da, balki biryoqlamadir, balki ehtirosning “samoviy kuchi” (A.Oripov) ila aytilgandir... Lekin oʻylab qoladi-da odam: moziy maydonlaridagi magʻlubiyatlar-u inqirozlar “kuchli odam”larimizning sheʼrga mubtaloligidan ham emasmikan?
– Kuchni biryoqlama tushunmaslik kerak. Tarixdan maʼlumki, davlat ikki qurol uzra sobitdir – qalam va qilich. Bu ikki qurol bir-birining oʻrnini bosishga aslo qodir emas. Ammo bir hukmdorda qalam va qilichning mujassam boʻlishi bu – muazzam Sharq, xususan, bizning ajdodlarimizga xos fazilat. Soʻz maydonida qalamni, jang maydonida qilichni mohirona oʻynatgan podshoh har tomonlama komil boshqaruvchi hisoblangan.
Fikrimcha, bugungi odamlar, xususan, adabiyot kishilari bilan oʻrta asr soʻz muhaqqiqlarining sheʼrni anglashida jiddiy farq bor. Bugungi kun kitobxoniga koʻra, sheʼr odami – juda koʻngilchan, hissiyotli va hamisha kelishuv yoʻlini tutadigan yoki isyon qoʻlida ojiz qolib nuqul nola chekadigan inson. Ammo bobolarimiz nazdida, sheʼr – avvalo hikmat, insonlarni poklikka, teranlikka yetaklaydigan vosita, komillik kashfiyotidir. Har qanday tuygʻu sheʼrga solinishi mumkin emas. Faqat yuksak gʻoyalar, ezgulik tarannumi hamda odamiylik tafahhumi boʻlgan kalimalar sheʼr boʻlmoqqa loyiq. Qalb ezgulik, pokiza ishq va insoniylik qarshisida yonsin-kuysin, illo adolatsizlik, zulmga boʻyin egmasin. Deylik, yurtni gʻorat qilayotgan yov roʻparasida shoir-podshoh “Bu ham odam-ku!” deb koʻngilchanlik qilmaydi, aksincha, odamiylik haqqini poymol etgan bosqinchining ishini qilich-la bitirib qoʻyaqoladi. Shu oʻrinda mavlono Xondamir yozib qoldirgan, bugungi avlod negadir oʻta hassos va koʻngilchan deb tasavvur qiladigan hazrat Navoiy bilan bogʻliq voqeani eslasak. Zolim vazir sifatida nom qozongan Mavlono Soniʼiy boshiga katta salla oʻrab yurar ekan. Bir kuni uning nomaʼqul ishlari Husayn Boyqaroga maʼlum boʻlibdi. Sulton gʻazablanib, vazirning sallasini boshidan olib tashlashlarini buyuribdi. Shunda Navoiy podshohga yuzlanib, ushbu misrani aytgan ekan:
Chu bori sar sabuk kardiy, sabuk kun bori gardan ham.
Mazmuni: boshidagi yukni yengillatgan ekansiz, endi boʻynidagi yukni ham yengillating, yaʼni sallasini olib tashladingizmi, endi kallasini ham olib tashlang!
Demak, ajdodlarimiz zulmga, adolatsizlikka nisbatan murosasiz boʻlgan. Qoʻlida qalami boʻlgan podshohlarimiz teran shuur va keskir qilich sohibi boʻlganki, bu xususiyat millat zehniyatiga hukmdorga qoʻyiladigan talab oʻlaroq mustahkam oʻrnashgan.
Amir Temurdan keyingi tariximiz bizga inqirozlar asri deya koʻrsatiladi. Bu – tarixni anglash bobidagi muammolarimizdan biri, shu xil anglam qolipi bizga mustamlaka davridan “yodgor”dir. Tariximizni shayboniylar, ashtarxoniylar, keyinchalik mangʻitlar davridagi ziyoli va olimlar tafakkur koʻzgusi bilan kuzatish, jahondagi boshqa xalqlarning oʻz kechmishini anglash tamoyili bilan qiyosan idrok etish zarur. Shunda xalqimizning chor mustamlakasiga qadar boʻlgan asrlardagi madaniy-maʼnaviy, iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy-harbiy holati xususida ilmiy asosda yangicha va bir qadar toʻgʻri javoblar olgan boʻlar edik. Oʻsha asrlarda diyorimiz xalqlari oʻz hayotidan rozi yoki norozi boʻlgani, hayot darajasi, ijro va sud hokimiyati faoliyati muqoyasa yoʻli bilan oʻrganilsa, haqiqat yanada oydinlashar edi.
Agar Siz magʻlubiyat va inqirozlar deganda yurtimizning bosqinchilar tomonidan ishgʻol etilishini nazarda tutayotgan boʻlsangiz, bunga kuchlilarning sheʼrga mubtaloligini sabab qilib koʻrsatmaslik kerak, balki masalani kattaroq koʻlamda oʻrganish lozim deb oʻylayman. Buning uchun bizga yangi ilmiy tadqiqot metodologiyasi zarur.
– Angliyaliklarning soʻnggi oʻnyillikdagi eng sevimli oʻnta soʻzi aniqlanibdi, roʻyxatda serendipity ham bor ekan – bu fakt professor Gulnoza Odilova bilan hammualliflikdagi maqolangizda keltirilgan. Bu soʻzni ilk bora ingliz yozuvchisi va faylasufi Xoras Volpol 1754-yilda doʻsti Xaras Mannga yozgan maktubida qoʻllagan va uni “favqulodda holatlarda ongning jadal tarzda ishlab ketishi natijasida kashfiyotlar qilish va kutilmaganda omadga erishish” deb izohlagan ekan. H. Volpol soʻz maʼnosini tushunmoq uchun italyan adibi Mikele Tramezzinoning “Sarandib shohining uch oʻgʻli” asarini (1557) oʻqish kerak, deya taʼkidlaydi. Mazkur asar sharqona syujetlar asosida, xususan, Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostoni taʼsirida yaratilgan ekan. Maqolangizdan parcha keltirsam: “... yozishma natijasida mazkur asar Angliyada qayta-qayta oʻqila boshlaydi, “serendipity” esa inglizlarning sevimli soʻzi, falsafiy tushunchasiga aylanadi. Asardagi butun falsafiy maʼnoni qamrab olgan mazkur yangi soʻz Angliya va Amerikada siyosat, meditsina, rangtasvir, taʼlim, iqtisodiyot, algebraning, ilm-fan va ijtimoiy jarayonning hamma tarmoqlariga kirib boradi va fan taraqqiyotiga sababchi boʻladi”. Bu satrlarni shoyon iftixor bilan oʻqidim. Lekin... Navoiy bobomiz dostoniga taassuban yozilgan bir asarki oʻzga yurtlarda shuncha toʻlqin uygʻotgan ekan, bu hol XV asrdan soʻng nega bizda roʻy bermadi? Bugun yutuqlarimiz oz emas... ammo taassufki, ayollar xorijda noravo ishlar bilan mashgʻul-u mashhur, onalar-u otalar oʻz zurriyoti umriga zomin, erlarimiz yo gʻurbatzada qora yumushchi va yokim terror lashkarlari safida ekani ham achchiq haqiqatdir. Biz bu sira fojialarning sababini iqtisodiy mushkulotlardan, ijtimoiy omillardan axtaramiz koʻpincha. Vaholanki, oʻsha iqtisodiy-ijtimoiy muammoli vaziyatlar aql-idrok koʻzini tuyqus ochib, taraqqiyga olib chiqar ham ekan-ku! “Sabʼai sayyor”dek asarlar nega bizda serendipity effektini keltirib chiqarmaydi – nima, biz adabiyotni kiroyi targʻib qilmaymizmi? Yoki gap mentalitetdami? Yoxud adabiyot bizda faqat oʻqish uchun-u oʻqiganimiz tiynatimizga yuqmaydimi?
– Taʼkidlab oʻtishim kerak, Siz keltirgan iqtibos Gulnoza Odilovaning nuqtai nazari edi – men bu masalada boshqacharoq fikrdaman. Bir qancha jihatlarni aniqlashtirib olish zarurga oʻxshaydi. Dastlabki masala taraqqiyotni qay tarzda anglash bilan bogʻliq. U bugungi davr kishisi nazarida ikki shaklda namoyon boʻlishi kerak goʻyo. Birinchisi, taraqqiyotning moddiy tomoni boʻlib, yashashni osonlashtiruvchi vositalarning mukammalasha borishini ifodalaydi. Yaʼni odamzod qulayroq yashashi, kamroq jismoniy kuch sarflashi kerak. Imkoni boʻlsa, jonini mutlaqo ogʻritmasa-yu barcha ehtiyojlari muhayyo boʻlaversa... Ikkinchidan esa, odamlar oʻz istak va salohiyatlarini koʻz-koʻz qilish, namoyon etishda hech qanday toʻsiqqa uchramasliklari kerak – ana shunda ular oʻzini baxtli his etadi. Bu zehniyat bugun progressiv qatlamga mansublik belgisiga aylandi. Mazkur qarashlar Gʻarb tamadduni hosilasi boʻlib, mohiyatida psixoanaliz taʼlimotining fundamental asoslari yotadi.
Taraqqiyotga oid bu xil qarashlar qanday oqibatlarga olib boradi? Bunda ham ikki umumiylik bor: birinchisi – odamlarning xudbinlashuvi, mehr-oqibatning koʻtarilishi, umuman, ajdodlar insoniylik ildizi deb bilgan qadriyatlarning yemirilishi. Ikkinchisi – sogʻlom aqlga sigʻmaydigan hodisalarning targʻib qilinishi. Masalan, inson oʻz hayotini oʻz ixtiyori bilan toʻxtatishi. “Xavotir va qoʻrquvlarsiz oʻlish har kimning huquqi” qabilidagi yondashuv natijasida Gʻarbda oʻlim kapsulalari paydo boʻlganidan xabaringiz bor.
Shuningdek, transgumanizm atrofidagi bahslar ham kuchaygan, yaʼni inson ruhining bu dunyodagi abadiy hayotini taʼminlash degan gap oʻrtaga chiqmoqda. Biologik vazifalarga muakkil tana oʻta qulay muhitda yashasa ham baribir kun kelib oʻlimga yoʻliqadi. Transgumanizm tarafdorlari fikricha, jism ishlashdan toʻxtasin, jon esa oʻlmasin – ruhni boshqa bir moddaga koʻchirib oʻtkazish kerak. Sogʻlom mantiqqa zid daʼvo bu!
Yana bir misol keltiray: hozir kvadrober degan soʻz quloqqa tez-tez chalinyapti. Unga koʻra, odam oʻzini biron hayvon deb tasavvur qiladi, oʻsha jonivorga taqlid qila boshlaydi... Gʻarbda xavotirli darajada ommalashib borayotgan bu hodisalar taʼsirini yurtimizda ham koʻryapmiz.
Yoxud erkak yoki ayol oʻz jinsidan norozi boʻlib, uni oʻzgartirishga harakat qilsa va bu istakni jamiyat qoʻllab-quvvatlasa?! Soʻzim avvalida aytganim taraqqiyotning ikki shakli odamlarni oxir-oqibat ana shunday absurd tasavvur va xaos changaliga tashlayotir. Shu bois Gʻarb taraqqiyot deb taqdim qilgan model, nazarimda, inson uchun tugal baxtni bera olmaydi. Aksincha, shubha va ikkilanishlar, tubsiz tushkunlik chohiga uloqtiradi. Fikri ojizimcha, taraqqiyot ruh va qalb bilan bogʻliq holda kechishi kerak. Haqiqiy baxt va komillik yoʻli ana shu.
Endi Navoiy asarlari oxirgi besh asrda yurtimizda qay darajada oʻqilgani, ommalashgani va u ajdodlarimiz hayotida qanchalik aks etgani masalasiga kelsak. Matnshunoslarimiz guvohlik beradiki, bu davr mobaynida hazrat Navoiy asarlari tinimsiz koʻchirilgan va oʻqilgan. Hozirda birgina Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Sharq qoʻlyozmalari markazida “Xamsa”ning XV – XX asr avvalida koʻchirilgan 170 ga yaqin qoʻlyozmasi saqlanadi. Agar bu sanoqqa qoʻshni mamlakatlardagi qoʻlyozmalarni ham qoʻshsak, Navoiy dostonlarining Markaziy Osiyo intellektual hayotida qanday oʻringa ega boʻlganini tasavvur qilish qiyin emas.
Herman Vamberi oʻz kundaliklarida Navoiy ijodi va shaxsiyati Turkistondagi uch xonlik aholisi orasida birdek ulugʻlanganini yozib qoldirgan. Hazrat Navoiydan keyin turkiy tilda qalam tebratgan biror shoir yoʻqki, ul zotga murojaat etmagan, taqlid qilmagan, ergashmagan yoki oʻziga murshid deb bilmagan boʻlsa! Mutafakkir shoir gʻoyalari va qoʻllagan tasvir vositalari deyarli barcha ijodkorlar asarlarida tajalliy qiladi. Sirasi, hazratning oxirgi besh asrda xalqimizning maʼnaviy murabbiyi maqomida boʻlib, gadodan shohgacha, quldan bekkacha, avomdan xosgacha – barchaning ehtiromiga sazovor boʻlgani mutlaq haqiqatdir. Xoʻsh, mutafakkir shoir qarashlari hayotimizda qay shakllarda zuhur etgan? Bu savolga uzil-kesil va muxtasar javob berishning imkoni yoʻq, albatta. Ammo ayrim muhim nuqtalarni qisqa shaklda qayd eta olamiz: Navoiy Parvardigorga muhabbat gʻoyasini kuyladi; insonni koinotdagi mukarram yaratiq deb bilib, uning hayoti, qadri va qiymatini eng oliy qadriyat deb singdirdi, inson koʻngli va tuygʻulari pok boʻlmogʻi lozimligini uqtirdi; dunyoga mayl qoʻymaslikka, nafsga ergashmaslikka daʼvat etdi; adolatni ustun qoʻyib, zulmning ofat ekanini taʼkidladi; oʻlimdan qoʻrqmaslikka, hayotni sevishga chorladi... Hazrat Navoiydan keyin yashagan ajdodlarimiz ana shunday qadriyat va tamoyillarni hayotiy shior deb bildilar.
Gʻarbning taraqqiyot modeli va Navoiy ilgari surgan hayot maʼno-mazmuni haqidagi qarashlar bir-biriga toʻgʻri kelmaydi. Serendipity kalimasi Gʻarbning turli sohalardagi rivojlanish omili oʻlaroq koʻrilsa, bu ular ulug‘ bobomiz ijodining bir zarrasidan bahramand boʻlganiga dalil, xolos.
“Oʻzaro urushlar, xonliklar oʻrtasidagi ziddiyatlar, siyosiy birlikning yoʻqligi, xalqning ayanchli ahvoli-chi? Navoiy gʻoyalari bu holatlarni muolaja qila olmadimi?” deb soʻrashingiz mumkin. Albatta, usmonli turklar Mavlono Jaloliddin Rumiyni oʻz davlatchiligining meʼmori oʻlaroq koʻrgani kabi, hazrat Navoiy ijodi ham Movarounnahr xalqlari tafakkuri, yashash tarzi, adabiyoti va madaniyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatgan. Ammo har bir davrning oʻz xususiyati bor, gohida har qanday kuchli adabiyot yoki gʻoyalar ham unga taʼsir qilmasligi mumkin. Alqissa, har bir davr odamlari bebaho bisotdan oʻz nasibalariga yarasha ulush oladilar.
Keyingi besh asrda Turkiston xalqlarining madaniyati, yashash tarzi, tafakkuri dunyoning oʻsha vaqtdagi boshqa ellaridan aslo qolishmagan, balki ulardan oldinda boʻlgan, insonparvarroq boʻlgan deb ayta olamiz. Xalqimiz zehniyati tajovuzkorlikdan yiroq edi, sokin va tartibli umr kechirish, qadriyatlarga sodiqlik, barchaga yaxshilik qilish xislatlari butun borligʻimizga singib ketgan edi. Ehtimol, ana shu soddadillik sababli ham bosqinchilarning vahshiy, makkorona hujumlari-yu mislsiz kulfatlarni sezmay qolgandirmiz?! Yolgʻondan uzoq xalq boshqalardan ham rostgoʻylik kutadi. Masalan, professor Hamid Ziyoyev general Chernyayev Toshkentni egallash mahali mahalliy aholiga qanday vaʼdalar bergani, xalqni qay tariqa aldab qurolsizlantirgani xususida qimmatli faktlar keltirgan.
Agar xalq zehniyatiga uning adiblari yozgan asarlarga qarab baho bersak, oxirgi besh asrda Ovrupo adiblari yaratgan nasr namunalariga nazar solish koʻp haqiqatlarni ochadi. Deylik, Onore de Balzak, Stendal, Prosper Merime kabi adiblar zamondoshlarining maʼnaviy yemirilishlari, jamiyatdagi bemisl tartibsizliklar, eʼtiqodsiz kishilarning fojialarga toʻla hayoti, sofdillik va mardlikning qurbon etilishini qalamga olgan. Milliy adabiyotimizdagi gʻoya va qarashlarni shu aspektda qiyosga tortsak, inson qadri, eʼtiqod poydorligi, yaxshiliksevarlik, qadriyatlarga sadoqat, insof va nomus himoyasi oʻta mustahkam ekanini koʻramiz. Ehtimol, shu bois Navoiyning inglizzabon tarjimoni Harri Dik millatdoshlarining maʼnaviy xastaligiga davoni shoir asarlaridan izlagandir, “Alisher Navoiy koʻngil bogʻining bogʻboniga oʻxshaydi. Taraqqiyot ortidan quvib, koʻnglini ajriq bosib ketgan kishilar qalbidan ajriqlarni yulib, ruhoniyatini davolaydigan bogʻbonga...” deb yozgandir.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, hazrat Navoiy ijodi asrlar boʻyi insoniylik hamda sof eʼtiqod qoʻrgʻoni boʻlib kelayotir. Shoir dunyosidan bahravarlik hamma davr va har qanday sharoitda inson va jamiyatni saodatga yetaklashiga shubham yoʻq.
– Hayot nizomi shunday: har qanday ibtidoning intihosi bor. Shunday boʻlsa-da, internetda oʻqiganim bir maʼlumot sohaga daxldor odam sifatida yuragimga qattiq tegdi: futurologik taxminlarga koʻra, kelajakda isteʼmoldan chiqib ketadigan sohalar ichida filologiya ham bor ekan. Bu taxmin basharti toʻgʻri chiqsa, filologiyani oʻtmish qutisiga tashlab yuborgan odamzod nimalarni yoʻqotadi?
– Men hamisha yaxshi gumonda boʻlish tarafdoriman. Shundoq ham dunyo shumxabarlarga toʻlib ketgan. Bu sira taxmin-tusmollarning hammasi ham toʻgʻri chiqavermasligiga aminman. Ayniqsa, filologiya, til va adabiyot sohasi hech qachon oʻlmaydi. Axir, odamzod adabiyotsiz, soʻzsiz, tilsiz yashashi mumkinmi?! Hamma davrlarda soʻz yukini koʻtaradigan, Vatan va tilni himoya etadigan, Navoiy kabi zotlar merosiga sohib chiqib, uni kelajakka yetkazadigan oydinlar paydo boʻlaveradi. Umidim shulki, bu ilohiy iltifot to qiyomat uzilmagay!..
Nodira OFOQ suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali 2025-yil 2-son.
“Daxlsiz haqiqatlar” suhbati