TEATRDA OʻZINGIZNI KOʻRASIZ...

     yoxud teatrga tushmagan “kattakon”lar haqida ham shunchaki gaplar...

 

Bir gap aytsam, ishonasizmi? Oxirida rejissyor ikkimiz ham uyalib ketdik; nima deyishni bilmay qoldik. Lahzalik sukunat choʻkdiki, yer yorilsa-yu kirib ketsang...

Nufuzli tizimning kattakonlari ( uch - toʻrt kishi) bilan sohaga tegishli boʻlgan bir asar haqida fikrlashib olishga toʻgʻri keldi. Yigʻilganlarning deyarli bari oʻqib chiqishgan. Qoʻllarida asar nusxasi .  Roʻparadagi  keng - moʻl ekranda ham drama nomi-yu, ishtirokchilari, uning mazmun mohiyati borasidagi yozuv shundoq koʻzga tashlanib turibdi.  Asosli mulohazalar aytilsa, asarga oʻzgartishi  kiritishimiz mumkin, degan oʻy ham yoʻq emas menda.

Biroq boshqalardan lavozimi baland boʻlgan kattakon soʻzining boshidayoq, “bu narsa”ni chet elliklar ham koʻradi, ehtiyot boʻlishimiz kerak, asarni yanada yaxshi qilib chiqarishimiz shart, axir bu boshqa tillarga tarjima ham qilinadi, tarqalib ketadi,  deb qoldi.  Asar nusxasini qoʻliga olib, koʻk, qizil, sariq rangli qogʻozchalar yopishtirilgan joylarga bir qur nazar soldi, ayrim jumlalarni oʻzgartirish mumkinligini ham aytdi va qishloqda yashash chin maʼnoda rohat - farogʻat, u yerdagi yumushlar kishiga lazzat bagʻishlashi, ayniqsa, insonni toblashi, dunyoqarshiga juda katta ijobiy taʼsir qilishi, oʻzi ham qishloqdan chiqqani-yu, u yerda kambagʻal odam yoʻqligi, kambagʻal boʻlsa oʻzi aybdorligi borasida, oʻta sipoyilik bilan “baʼmani” fikrlar bildirdirib, qahramonimizni ana shunday muhitda koʻksini baland tutib ulgʻayganini yozishimiz kerakligiga urgʻu berivordi.

Men hayron, rejissyor taajjubda. Bir - birimizga angrayib qaraymiz. “Nahotki, bu dramani yurtimizga kelgan ajnabiylar ham koʻrishsa, axir ular oʻzbekchani, sahnadagi artistlar esa ularning tilini bilishimaydi-ku? Yo  ekranda diologlar tarjimasi yozuv orqali berib borilarmikan? Uni kim xorijiy tilga oʻgiradi? Oldin  qoyillatib oʻzimiznikilar koʻradigan spektakl yarataylik, avval oʻzimiznikilarni teatrga jalb qila bilaylik, soʻng  bu dargohga chet elliklar tashrifi borasida qaygʻurish mumkin... “,  deb oʻylayman va teatr tomoshasiga kirib oʻtirgan horijliklarni tasavvur qilaman. Oʻzimni hech ishontirolmayman-da, aqlimga sigʻmaydi...

Ikki soat chamasi  davom etgan “muhokama”da  haligi kattakonning aqlli gaplari asosiy mayoq boʻldi, qolganlar ham oʻz mulohazalari rovishini ul zotning fikrlariga moslab olishgandi.

Ochigʻi, bu yerda aytilgan gap - soʻzlarni inobatga oladigan boʻlsam, drama ustida nari borsa ikki soat ishlasam kifoya. Hammasi joyiga tushadi. Bu men uchun qiyin emas... 

Xullas, maraka - majlisning nihoyasi koʻrinib qolgan paytda haligi kattakon bizga qarata:

–  Buni qachon tayyorlaysizlar?

– Nimani?

– Kinoni?

– Qaysi kinoni?

– Mana shuni-da!

Eyy, Xudoyim! Ustimdan muzdek suv agʻdarilganday boʻldi.

– Bu kinomas. Bu drama! Biz kinochi emasmiz. Spektakl bilan film boshqa - boshqa narsalar.  Bu sahnada qoʻyiladi. Teatr sahnasida... Teatr bu...

– Bu kinomasmi? – endi oʻzi ham bir oz noqulay ahvolga tushadi, biroq bildirmaydi.

Shuncha paytdan beri bu odam bizni kino qoʻyadiganlar, biz kinoni muhokama qilayapmiz, deb oʻtirgan ekan. Aytdim-a...

Tashqariga chiqdik.

– Bularning teatr haqida tasavvuri ham yoʻq. Ayrimlari oʻlay agar, umrida teatrga tushmagan odamlar. Essiz, vaqtimiz bekor ketdi, – ogʻrinadi rejissyor.

– Yuragim ogʻriyapti deb tish duxtirga uchrashganga oʻxshaymiz, – deyman oʻlmayinning kunidan iljayib...

 Prezidentimizning davlat ahamiyatiga molik nufuzli bir yigʻinda vaziru nozir, katta - kichik rahbarlarga qarata oxirgi bir oy ichida qaysi teatrga kirib,  qanday spektakl tomosha qilgansizlar, desam koʻpchillik javob berolmay,  uyalib qoladi degan maʼnodagi gaplari tuyqus qoʻlogʻim ostida jaranglaganday boʻldi. Ha, Davlatimiz Rahbari bu gapni bekorga gapirmagandilar. Bu tagdor gapni  oʻzini bilgan kattakonlar tanasiga oʻylab koʻrishadi,  teatrga kirishga vaqt topishadi, hech boʻlmasa, yakshanba kunlari yoppasiga ibrat maskanida spektakl tomosha qila boshlashadi, mayli, rasmiy usti - boshda emas, odmi kiyimlarda, galustuksiz kirishadi tomosha zallariga, oilasi va farzandlarini ham olib kelishadi, bulardan ulgu olgan oʻsha tizimdagi xodimlar ham hech boʻlmasa rahbaridan qoʻrqani yo uyalganidan teatrga yoʻl olishadi, axir katta arava qaysi yoʻldan yursa, mayda “gʻildirakcha”lar ham uning izidan boradi-ku,  tomosha zallari ham gavjumlashib qolar balki, degan xushyoqim xayollarga berilgandim. Teatrlar jamoalarining falon vazir yo vazir oʻrinbosari bizning teatrimizga kelib spektakl tomosha qilarkan, deb xursand boʻlishlarini tasavvur qilib koʻnglim koʻtarilgandi. Aytib qoʻyay, bugun teatrlarga biror kattakon borib spektakl koʻrsa, oʻsha yerning farroshidan tortib sahnadagi aktyori-yu teatr rahbariyatigacha oʻzgacha bir surur bilan faxrlanishini ham bilaman. Albatta, bunday holatlar onda - sonda boʻlib turar... Ha, onda - sonda... yilda bir...

Qay bir katta - kichik rahbarni qoʻqqis uyqudan uygʻotib, millat  ertasi uchun nima zarur deb soʻrasangiz, albatta,   taʼlim, maʼnaviyat, tarbiya maskanisiz millat kelajagi haqida gap - soʻz boʻlishi mumkinmasligi, madaniyat oʻchogʻi teatrning “Ibrat maktabi” ekanligi borasida kuyunchaklik bilan toʻlib - toshib gapirib beradi. Teatr unday, teatr bunday, teatr hayot, teatr najot, ketdi... bu yogʻi... naqadar chiroyli gaplar. 

Yon - atrofimizdagi, baʼzi  xorijiy davlatlardagi teatrlarga imkonim darajasida vaqt topib tushganman. Ochigʻi, men bilgan davlatlarning hech birida teatr sohasiga bizning yurtimizdagiday eʼtibor berilmaydi. Qator yillardan beri teatrlarni vazirlik va davlat idoralari tomonidan qoʻllab quvvatlash, xodimlarni teatr tomoshalariga jalb etishni yoʻlga qoʻyish,  iqtisodiy baqquvvat idoralarni teatrlarga biriktirib “Doʻstlar klub”larini tashkil qilish va... hakoza ishlar tizimli ravishda amalga oshirilib kelinayapti.

Oʻtgan yili noyabr oyida Prezidentimizning teatr sohasini rivlojlantirish borasida chiqargan tarixiy  qarori, aytish joizki,  madaniyat ahli hayotida har jihatdan mislsiz ahamiyat kasb etadi. Bu  qaror mohiyati haqida xorijlik ijodkor doʻstlarim, teatr sohasi odamlariga soʻzlab berganimda hayron qolishdi. Davlat teatrni tashlab qoʻymaganiga havas qilishdi.

Teatrda biz hayotni, oʻzimizni, oʻtmish va kelajagimizni koʻramiz. Odamzotning maʼnaviy qashshoqlik chohiga tushib ketmasligi borasida bong uradi teatr. Ayniqsa, bugun bani basharda ezgulik tushunchalari oyoq osti boʻlib, ahloqsizlik odatiy hol sanala boshlagan, turli xil ijtimoiy tarmoqlarda kelajak avlod ruhiyatiga tajovvuz qilinayotgani yaqqol sezilib qolgan, bu falokatni hamma ham payqamayotgan, befarqlik va loqaydlik urchiyotgan bizning zamonimizda, ha, shu ayni damda teatr biz uchun najot sahnasiga aylanishi shubhasiz. Behbudiy bobomizning gapi aynan bugun ham ahamiyatini yoʻqotmagan. Xullas, teatr Odamiylik haqida saboq beradigan ziyo sahnasi ekanligi oʻzini bilgan odamga kunday ravshan boʻlib qoldi.

Toʻgʻri,  teatrga kirmasangiz ham kuningiz oʻtaveradi. Lekin, oʻtayotgan kunning qandayligini  bilish uchun ham teatrga kirib turish kerak.

Yuqorida yozgan gaplarim ayrim kattakonlarning koʻngliga ogʻir botishi, bizning teatrga tushmayotganimiz bilan nechcha pullik ishing bor, degan fikrga kelishlari ham mumkin... Biroq, bir gapni yana takror aytaman, Siz uyingizdagi koʻzguga ishonmang, u Sizning tashqi koʻrinishingizni namoyon etadi. Teatr esa sizga Sizning ichingiz, koʻnglingizni ham koʻrsatib beradi. Bu oddiy koʻzgu emas... Oʻz botinini bilmagan odamning rahbalik qilishi ayanchli va xavfli hodisa.  Teatr kerak boʻlsa, jamiyatning qon tomirini ushlab tashxis qoʻya oladi. Bilaman, bunga ishonmaysiz, chunki teatrga kirmagansiz.

Shu oʻrinda bir gap aytay; hamma kattakonlar ham teatrdan olis deyolmayman. Teatrni tushunadigan, ardoqlaydigan rahbarlar, vazirlar, hokimlarni bilaman. 

Bir kuni Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri rejissyori xursand boʻlib qoʻngʻiroq qilib qoldi:

– Teatrimizda Maktab va maktabgacha taʼlim vaziri Hilola Umarova jamoasi bilan kelib spektakl tomosha qildi. Hatto spektakl tugagach, u kishi ustoz murabbiyalar bilan birgalikda sahnamizga chiqib aktyorlarimizni tabrikladi. Rosa xursand boʻldik. Baribir vazirlarning teatrga kelishi boshqachada-a, jamoamiz ham xursand boʻldi, – dedi u hayajonlanib.

Uning aytishicha, vazirning tashrifidan soʻng tizimdagi barcha tashkilotlar jamoasi teatrga spektakl koʻrgani kelishgan. Bu hol hanuzgacha davom etayapti. Chindan men vazirning ijtimoiy tarmoq orqali ham soha xodimlarini teatrga kirib turishlari lozimligi haqidagi chiqishini oʻqib sevindim, unga nisbatan hurmatim yanada oshdi. Yana bir ziyoli rahbar Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanovning oʻz jamoasi bilan teatrlarga muntazab borib turishlari, respublika teatrlari faoliyatini keng targʻib qilishi, ayrim viloyat hokimlarining oʻz hududidagi teatrlar bilan samimiy aloqada ekanligini eshitib xursand boʻlaman. Xayriyat, deyman, oʻzimcha, xayriyat, teatrni sevadigan ziyoli rahbarlar ham bor.

Lekin, bari bir, koʻnglimning bir burchida boshqalarning qachon, qaysi zamonda teatrga tushganini bilgim kelaveradi...

Qoʻchqor NORQOBIL