Qay birining yozilishi toʻgʻriroq? Amir Temur deymiz va barcha manbalarda shunday yozilgan. Shu bilan birga, Temir ismi ham koʻp uchraydi. Umuman, Temur/Temir/Timur – turkiy xalqlar ichida eng koʻp tarqalgan ismlardan biri. Hozirgi oʻzbek tilida kimyoviy modda, maʼdanni – temir deymiz. Toshtemir, Eshtemir, Bektemir kabi ismlarda “temir” shakli qatʼiy oʻrnashgan, yaʼni Toshtemur demaymiz. Keling, mulohaza uchun bu soʻzning oʻtmishiga bir nazar tashlab koʻraylik.

Xoh maʼdan, xoh atoqli ot maʼnosida boʻlsin temir – turklar tarixida muhim oʻrin tutadi. Buni qarangki, ikki buyuk tarixiy shaxs: Chingizxon (Timujin) va Temur ham tugʻilishdan shu nom sohiblaridir. Temir – bu mustahkamlik, chidamlilik, kuch-qudrat, iroda ramzi, shuningdek, qadimgi turklar zehniyati, turmush tarzi, mafkuralarida markaziy oʻrin tutgan bir unsurdir.

Maʼlumki, xunlardan to koʻkturklargacha boʻlgan davrda Chin imperiyasi (hozirgi Xitoy) bilan baqamti yashagan qadimgi turklarning ajdodlari Xitoy madaniyati taʼsirida boʻlgan. Shu bois temir, kumush, oltin kabi maʼdanlarning nomlari, mutaxassislarga koʻra, oʻrta chin (xitoy) tilidan qadimgi turk tiliga oʻzlashgan. Qadimgi turklar tuprogʻi – Qocho‘ (Gaochan), Turfan yerlarida yashagan turkiy qabilalar temir qazib olish, unga ishlov berishni yaxshi bilganlar. Bizningcha, qadimgi turklarning jangovar bir xalq boʻlishida ularning temirchilik hunarlari ham muhim rol oʻynagan. Deylik, qadimgi turklar temirni oʻzlariga “boʻysundirib”, undan qurol-yarog‘ yasashni bilmaganlarida, ehtimol, Ashina qavmi Turk xoqonligiga asos solmagan, turklar tarixda yirik davlatlar, imperiyalar qura olmagan boʻlardilar. Shu bois tarix kitoblarida Temur otliq tarixiy shaxslar koʻp uchraydi.

Tilshunos olim O.A.Mudrakning yozishicha, “temir” soʻzi etimologiyasi qadimgi chincha “temir narsa” maʼnosidagi “diēt-mwɨt” kalimasiga borib taqalib, uning turkchaga oʻtgan eski xitoycha shakli “diērmwur”dir. Hozirgi xitoy tilida esa “temir” – “tiě” (鐵) deb talaffuz etilar ekan.

Eng qadimgi turkiy obidalarda ham “temir” koʻp uchraydigan soʻzlardan biridir. Qizigʻi shundaki, VIII–X asrlarga oid Urxun-Enasoy, Turfan, Sharqiy Turkiston hududlarida topilgan yodgorliklarda bu soʻz koʻproq “temir” shaklida yozilgan. “Древнетюркский словарь” lugʻatida mazkur davrga oid qadimgi turkiy obidalardan: “temir”, “temir asaq”, “temirchi”, “temirlig”, “temir qapig‘” kabi oʻnlab soʻzlar keltiriladi (ДТС. Ленинград.”Наука”.1969.551-bet).

X asrdan keyingi adabiy yodgorliklarda esa maʼdan nomi ham, atoqli ot ham asosan “temur” shaklida qayd etilgan. Xususan, XI asrga oid “Qutadgʻu bilig” va “Devonu lugʻotit-turk”da bu soʻz – tӭmүr (“تَمُر”) shaklida uchraydi. Mahmud Koshgʻariy “Devon”da, shuningdek, “tӭmүrchї”, “tӭmүrlүg”, “tӭmүrgän” kabi soʻzlarni keltiradi va barchasida “tӭmҮr” shakli saqlangan. Rabgʻuziy ham bu soʻzni “temur” shaklida yozgan. Ergash Fozilovning “Староузбекский язык. Хорезмийские памятники XIV века” lugʻatida keltirilishicha, XIV asr Xorazm adabiy muhitida ham bu soʻz – “tәmүr” (“تيمور”) hamda “temүr” (“تَمور”) shakllarida qoʻllangan. Lugʻatda “Nahjul-farodis” asaridan shunday misol keltiriladi: “nәtәk kim tәmurchiniң kөrүki tәmүrnүң yamanlarыnы ketәrүr” (“Temirchining kuragi temirning yomonlarini kurab tashlaydi”. E.Fazilov. SUYa. II. T. 1971. 378-bet).

Ovroʻpalik missionerlar tomonidan XIII-XIV asrlarda tuzilgan, asosan qipchoq lahjasini oʻzida aks ettirgan “Kodeks kumanikus” lugʻatida bu soʻz “temir” shaklida uchraydi. Umuman, qipchoq va sibir lahjalarida mazkur soʻzning “temir”ga yaqin talaffuz etilishini koʻrish mumkin (tatar, boshqird: timer; qozoq, qoraqalpoq, noʻgʻay: temir; tuva: demir; hakas: timər, yoqut: timir; chuvash timər; moʻgʻul: tөmөr). Qarluq lahjasi, xususan, uygʻurcha: tumur (تۆمۈر), eski oʻzbek adabiy tilida: temur; eski usmonli turkchasida: demur, ammo hozirgi Turkiya turkchasida: demir; ozarboyjoncha: dәmir; turkmancha: demir va hokazo.

Shuningdek, Temur ismini kiril yozuvida – “Timur” (lotinda: “Timur”) shaklida yozish anʼanasi ham bor. Maʼlumki, Temur nafaqat turkiylar ichida, balki dunyo boʻylab keng tarqalgan bir ismdir. Shu bois “Timur” shaklini bu ismning “baynalmilallashgan” koʻrinishi, deyish mumkin.

Shu oʻrinda Chingizxonning asl ismi – Temujin haqida ham ikki ogʻiz soʻz: tarixdan maʼlumki, Yasugay Bahodir tatarlar boshchisi Temujin Uge ustidan qozonilgan gʻalaba ramzi oʻlaroq oʻsha paytda tugʻilgan oʻgʻliga shu ismni bergan. “Temujin” ismi ham “temir” maʼnosini bildiradi, deyiladi, ammo nega “temu-jin”, yaʼni soʻz oxiridagi “-jin” (“-chin”) qanday maʼnoga ega? Bizningcha, bu soʻzning ikkinchi qismi ham xitoycha “metall” maʼnosidagi “jin” soʻzidir.

Guvohi boʻldikki, X asrdan to keyingi asrlargacha mintaqamizda, Sharqiy Turkistondan to Xorazmgacha boʻlgan yerlarda, biz eski oʻzbek tili deb biladigan turkiy adabiy tilda maʼdan maʼnosida ham, atoqli ot maʼnosida ham “temur” shakli qoʻllanilgan ekan. Shimoliy turk tillari guruhi, xususan, qipchoq, sibir lahjalarida esa koʻproq “temir” shakli saqlangan. Hozirgi oʻzbek tilini qarluq, qipchoq, oʻgʻuz va boshqa turkiy lahjalarni oʻzida birlashtirgan, taʼbir joiz boʻlsa, oʻrta turk tili deyish mumkin. Shu bois tilimizda bu soʻzning ikkala shakli ham mavjud va ikkisi ham bizga begona emas.

Abduvohid HAYIT