Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida arxeologiya fondining rivojlanish bosqichini uch davrga boʻlib oʻrganish mumkin. Birinchi davr 1876–1943-yillar, ikkinchi davr 1943–1991-yillar, uchinchi davr esa mustaqillik yillari. Har bir davrda muzeyning arxeologiya fondi uchun noyob topilmalar qabul qilingan. Masalan, birinchi davrda Ikkiboshli ilon shaklidagi tosh tumor, ikkinchi davrda Budda haykali, mustaqillik yillarida esa Temuriylar davri sovuti.

2002-yil yanvar oyida muzey fondlari Y.F.Buryakov tomonidan taqdim etilgan muhim arxeologik topilma bilan boyitildi. Mazkur topilma 2001-yilda Shohruhiya shaharchasi hududida aniqlangan XV asrga oid harbiy sovut boʻlib, u Temuriylar davri harbiy sanʼati va qurolsozlik anʼanalarini oʻrganishda alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotchilar fikriga koʻra, ushbu sovutning konstruksion xususiyatlari va tayyorlanish texnologiyasi uning bevosita Amir Temur qoʻshini jangchilariga tegishliligini asoslaydi.

Tarixiy manbalarga koʻra, 1220-yilda Chingizxonning istilolari natijasida mazkur hudud vayronaga aylangan va uzoq vaqt davomida aholi yashamagan. Keyinchalik Amir Temur tomonidan olib borilgan bunyodkorlik siyosati natijasida shahar qayta tiklanib, 1392-yilda uning oʻgʻli Shohruh Mirzo sharafiga Shohruhiya deb atalgan. Ushbu shahar nafaqat iqtisodiy va maʼmuriy markaz, balki strategik-harbiy nuqtayi nazardan ham muhim ahamiyat kasb etgan. Xususan, Amir Temur harbiy yurishlar oldidan aynan shu hududda yuqori martabali sarkardalar ishtirokida maxfiy mashvaratlar oʻtkazgan va harbiy rejalar tuzgan. Bu esa Shohruhiya shahrining oʻziga xos harbiy-siyosiy markaz sifatida shakllanganini koʻrsatadi.

Mazkur hududdan topilgan harbiy sovutning mavjudligi tarixiy-madaniy jarayonlar bilan uzviy bogʻliq boʻlib, uning aynan harbiy muhitga daxldorligini tasdiqlaydi. Amir Temur vafotidan soʻng ham Shohruhiya Temuriylar davlati va Oltin Oʻrda oʻrtasidagi siyosiy-harbiy qarama-qarshiliklarda muhim strategik tayanch nuqta sifatida faoliyat yuritgan.

Amir Temur va temuriylar davrini oʻrganish mustaqillik yillarida yangi bir bosqichga koʻtarildi. Bu davrni shuningdek, Temur shaxsiyatini nafaqat tarixchilar va siyosatchilar, balki adabiyotchilar, sanʼatshunoslar, muzeyshunoslar, hunarmandlar hamda jamoatchilik oʻrganmoqda. Amir Temurning shaxsiy buyumlari bugungi kunga qadar yetib kelgan, biroq ularning eng noyoblari Oʻzbekistonda emas, dunyoning turli manzillarida saqlanmoqda. Jumladan, tig‘ qismi poʻlatdan, sopi oltindan yasalgan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan qilichi Eronda, lal va zumrad qadalgan sovuti Turkiyada, Temur tuzuklarining asl qoʻlyozmasi Fransiyada, oltindan yasalgan va nefrit toshi qadalgan, fors tilida “Rosti-rusti”, yaʼni “Kuch adolatdadir” degan yozuvi bilan mashhur uzugi AQSHda, Hindiston yurishidan olib kelingan yoqut Quvaytda saqlanmoqda.

Oʻzbekisotn tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan sovut ustida olib borilgan ilmiy-texnik tadqiqotlar Polimerlar kimyosi va yadro fizikasi instituti mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Tahlil natijalari sovutning asosan temirdan tayyorlanganini, uning alohida qismlarini biriktirishda esa yuqori sifatli uglerodli poʻlatdan foydalanilganini koʻrsatdi. Bu oʻsha davr metallurgiya texnologiyalarining ancha rivojlanganligini tasdiqlaydi.

Konstruksion jihatdan sovut taxminan 100 ga yaqin poʻlat plastinkalardan tashkil topgan boʻlib, har bir plastinka toʻrtburchak shaklda (oʻrtacha 11×8 sm oʻlchamda) tayyorlangan va oʻzaro mustahkam biriktirilgan. Ushbu plastinkalar jangchining tanasini maksimal darajada himoya qilish bilan birga, harakatlanish imkoniyatini ham cheklamagan. Shuningdek, sovutga tegishli dubulgʻaning ayrim qismlari ham saqlanib qolgan boʻlib, bu topilmaning toʻliqlik darajasini yanada oshiradi.

Mazkur sovut oʻzining texnologik mukammalligi, mukammal saqlanganlik holati va tarixiy qiymati bilan nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo hududida noyob eksponat sifatida baholanadi. Y.F.Buryakov tomonidan Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirilgan kolleksiya tarkibiga, shuningdek, arxeologik qatlamdan aniqlangan turli xil moddiy madaniyat namunalari – xom gʻishtlar, sirlangan sopol idishlar parchalari, koʻk rangli moychiroq, hamda shisha buyum boʻlaklari ham kiradi. Bu topilmalar majmui oʻsha davr shahar madaniyati, hunarmandchiligi va kundalik turmush tarzini kompleks ravishda oʻrganish imkonini beradi.

Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi КП – 2166.

Temuriylar davriga oid sovut birgina Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida emas, Amir Temur muzeyida ham namoyish etilmoqda. Ular ikki dona. Birinchisi toʻrtburchak shaklga poʻlatdan yasalgan. Ikkinchisi poʻlat simlardan toʻqilgan. Mazkur sovutlarning barchasi karroziyaga uchragan. Ularni restavratsiya qilish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri. Temuriylar davri qurolsozligi, hunarmandchiligi, diplomatiyasi, madaniy va boshqa sohalardagi muvaffaqiyatini dunyoga tanitish va kelajak avlodga yetkazish shu yurtning farzandi sifatida barchamizning burchimiz.

Sarvar BOYMIRZAYEV,

Alfraganus universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti

Xalqaro munosabatlar va tarix kafedrasi v.b. dotsenti