Bugun dunyoda 7 mingga yaqin til mavjud. Ammo hammasi ham yetarlicha himoyalangan emas. Maʼlumotlarga qaraganda, ularning 43 foizi yoʻqolib ketish arafasida. Har ikki haftada bitta til muomaladan chiqayotganiga ishonmasangiz ham kerak…
Bor-yoʻgʻi yuzga yaqin til taʼlim tizimida, davlatlar oʻrtasidagi aloqalarda qoʻllaniladi. Oʻnga yaqini dunyoda rasmiy maqomga ega, xolos. BMT ham dunyo aholisining katta qismi soʻzlashadigan 6 tilda – ingliz, arab, rus, fransuz, xitoy hamda ispan tilida faoliyat olib boradi.
Koʻplab xalqlar ona tiliga hurmat sifatida har yili alohida bir kunni bayram qilib keladi. Keling, bunday sanalar qachon va qanday nishonlanishi bilan tanishamiz.
1952-yil 21-fevralda Bangladesh poytaxti Dakka shahrida yuzlab fuqarolar bengal tiliga rasman davlat tili maqomi berilishini talab qilib, namoyishga chiqdi. Keskin tus olgan hodisa chogʻida bir necha nafar qurbon berilgan.
1999-yili UNESCO Bosh konferensiyasida oʻsha mudhish namoyishda oʻz ona tili uchun kurashib, jon bergan yoshlar xotirasiga 21-fevral Xalqaro ona tili kuni deb eʼlon qilindi va mazkur sana koʻplab davlatlarda keng nishonlana boshlandi.
Mashhur yozuvchilar sharafiga belgilangan til bayramlari
Ayrim davlatlarda til bayrami jahonning mashhur shoir va yozuvchilarining tavallud kuniga bagʻishlab belgilangan. Masalan, har yili buyuk ingliz yozuvchisi va dramaturgi Uilyam Shekspir tugʻilgan kun – 23-aprelda “Ingliz tili kuni” nishonlanadi. Hozir xalqaro aloqa vositasi boʻlgan bu tilda bir necha oʻnlab mamlakatlar aholisi erkin soʻzlashadi. Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Malta, Avstraliya va Yangi Zelandiyaning davlat tili hisoblanadi. Osiyo va Afrikaning ayrim davlatlarida ham rasmiy maqomga ega.
Shu kuni jahonda yana bir til bayrami – “Ispan tili kuni” ham keng nishonlanadi. Bu sana 23-aprelda vafot etgan mashhur ispan yozuvchisi Migel de Servantes Saavedra xotirasi bilan bogʻliq.
UNESСO Rus tili kunini ham nishonlash tashabbusi bilan chiqqan. Mazkur bayram uchun Aleksandr Pushkin tugʻilgan sana – 6-iyun tanlangan.
Estoniyada 1996-yildan buyon 14-mart Ona tili kuni sifatida keng nishonalanadi. Eston adabiy tili rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan yozuvchi va shoir Kristyan Yaak Peterson tavallud kuni sharafiga belgilangan.
Finlandiyada til bayrami – dam olish kuni
Jahondagi eng koʻp sonli xitoy xalqi oʻzining “Xitoy tili kuni”ni 2010-yildan buyon nishonlab keladi. Bayram dunyodagi eng murakkab yozuv asoschisi San Sze xotirasiga atab har yili 20-aprelda oʻtkaziladi. Tilning bor boyligini koʻrsatish uchun 80 mingga yaqin iyeroglifdan foydalanishga toʻgʻri keladi. Ammo xitoyliklar kundalik hayotda bor-yoʻgʻi 3–5 mingtasidan foydalanadi.
Xitoy tili hozir Xitoy Xalq Respublikasi, Tayvan va Singapurda rasman davlat tili sifatida qabul qilingan, boshqa mamlakatlarda ham muloqotda foydalaniladi.
Fransuz tili kuni 2010-yildan buyon 20-martda nishonlab kelinadi. Farang lisoni jahon madaniy qadriyatlaridan biri boʻlib qolmoqda. Chunki aynan mana shu tilda Volter, Didro, Gyugo, Dyuma, Balzak, Rable kabi mashhur shaxslar ijod qilgan.
Sunʼiy til – “Esperanto kuni”ni tantana qiladiganlar ham bor. Shu tilda gaplashadigan 2 million kishi har yili 26-iyunda bayram tashkil etadi.
1978-yildan buyon har yili 9-aprelda maʼrifatparvar Mikael Agrikola sharafiga Fin tili kuni nishonlanadi. Agrikola yozma fin tili yaratilishiga ulkan hissa qoʻshgan.
1543-yili birinchi fin alifbosini yaratadi. Shu sana fin yozma tilining tugʻilgan yili hisoblanadi. Til bayrami Finlandiyada dam olish kuni hisoblanadi, lekin 1980-yildan boshlab bayram munosabati bilan davlat bayrogʻi koʻtariladi.
Haydar Aliyevning 2001-yil 1-avustdagi qaroriga koʻra ushbu sana Ozarboyjon alifbosi va tili kuni bayram qilib kelinmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlarida til bayramlari
1998-yil 20-yanvardagi Prezident qarori bilan Qozog‘iston xalqlari tillari kuni sentabr oyining uchinchi yakshanbasi etib belgilangan. 2007-yildan eʼtiboran Qozogʻistonda ish yuritish toʻliq davlat tilida olib borilmoqda. Davlat tilini mukammal bilish har bir qozogʻistonlik uchun zaruratga aylangan.
Qirg‘iziston 1989-yildan buyon har yili 23-sentabrni qirg‘iz tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlaydi. Shu yili o‘zbek xalqining ham azaliy orzusi ushaldi. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tili ham davlat tili maqomini oldi. 2020-yil 10-aprelda Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolangan qonunga asosan esa 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Zulxumor ORIFJONOVA
tayyorladi.
Oyina.uzʼni telegramda kuzating!