“Tilim-tilim tilingan tilim”. Atoqli shoir Abdulla Oripovning ushbu mashhur satri sheʼriyat muxlislariga tanish. Muallif “qalam dehqoni” deb taʼriflagan zahmatkash ustoz – Mirtemir domlaga bagʻishlangan sheʼrdan olingan bu misra kishini chuqur oʻyga toldiradi.

Sobiq sovet davridagi hukmron mafkura, gʻirrom til siyosati tufayli tilimiz koʻplab noyob xususiyatlaridan mahrum boʻldi. Koʻhna turkiy ohanglarni ona tilimizda jonlantirishga uringan ne-ne shoir va adiblarimiz, tilshunos va adabiyotshunos olimlarimiz “panturkizm” – turkparastlik va millatchilikda ayblanib, ommaviy qatagʻon qurboni boʻlgani ham maʼlum. “Panturkizm”ga qarshi kurash kampaniyasi doirasida alifbomiz bir necha bor oʻzgartirildi; tilimiz, ayniqsa, uning tovushlar tizimi tanib boʻlmaydigan darajaga kelib qoldi.

Shoʻrocha ikkiyuzlamachi siyosat tufayli oʻzbek tili nomiga turkiy tillar guruhiga mansub deb hisoblansa-da, undagi barcha turkiy unsurlar yoʻqlikka mahkum etildi. Jumladan, oʻzbek adabiy tilini unga azaldan xos boʻlgan singarmonizmdan judo etib, boshqa turkiy tillardan ajratib qoʻyish maqsad qilingan edi. Ushbu lisoniy xusus ogʻzaki nutq va shevalarimizda saqlanib qolganiga qaramasdan, ilmiy manbalarda oʻzbek adabiy tili singarmonizmdan xoli ekani qayd etildi.

Hukmron mafkuraning tazyiq va taqiqlariga qaramasdan, millatning tili va taqdiri haqida chin dildan qaygʻuradigan fidoyi tilshunos olimlar, oz boʻlsa-da, bor edi. Ana shunday ustozlardan biri koʻp yillar Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining umumiy tilshunoslik kafedrasi mudiri boʻlib ishlagan professor, filologiya fanlari doktori Xudoyberdi Doniyorovdir. Rahmatli domlamiz murakkab zamonlarda ham ilmiy maqolalari, zamonaviy oʻzbek adabiy tiliga doir darslik va oʻquv qoʻllanmalarida ona tilimizning noyob imkoniyatlariga alohida urgʻu berardi.

Butun ilmiy faoliyatini qipchoq shevalarining boy lingvistik xususiyatlarini oʻrganishga bagʻishlagan Xudoyberdi Doniyorov oʻzbek tilining singarmonizm bilan bogʻliq noyob jihatlari xalqimizning soʻz boyligi, nutq jarayonida nozik maʼnolarni ifoda etish, ayniqsa, mumtoz sheʼriyatimizda xalqchillik, ohangdorlik va badiiy-estetik goʻzallikni taʼminlashga asrlar mobaynida xizmat qilib kelganini taʼkidlar edi. “Tilimizdagi unlilar 6 ta emas, 9 ta!” deb uqtirishdan charchamasdi ustoz. Barcha turkiy tillarda boʻlgani kabi oʻzbek tilida ham “i”, “u” va “o‘” unlilari yoʻgʻon va ingichka muqobillariga ega ekani, lekin kirill yozuvidagi alifbomizda ular bir harf bilan ifodalanib qolganini afsus va nadomat bilan aytardi.

Albatta, domlamizning bu fikrlari teran ilmiy va tarixiy asosga ega boʻlib, oʻtgan asrning 20-yillarida jadid bobolarimiz boshlab bergan maʼrifatchilik qarashlarining davomi edi. Buyuk alloma Abdurauf Fitratning 1923–1930-yillarda oʻzbek maktablarida oʻqitilgan “Sarf” (oʻzbek tilining birinchi grammatikasi) darsligidagi fikrlarni eslaylik: “Bizning tilimiz yalpi turk tilining keng bir tarmogʻidir. Turk tilida boʻlgʻan asosiy hollarning bizning tilda boʻlishi tabiiydir. ...ikkinchi raqam bilan koʻrsatilgan toʻqquz harf esa unli tovishlardir” (Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. IV jild. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2006. 142-bet).

Kitobning “Fonetika” bobida oʻzbek tilida kuchli singarmonizm borligi taʼkidlanib, ingichka – “kelmak” va yoʻgʻon – “barmaq” tarzida yozilishi, shu sababdan “kelmoq” deb yozish xato ekani uqtiriladi (Oʻzbek tiliga bor boyligi va goʻzalligini qaytaraylik. “XXI asr” gazetasi, 2021-yil 1-aprel, №13).

Singarmonizm talabi boʻyicha “kelmak” shakli toʻgʻri ekanini asrlar davomida “oʻtmoq” – “oʻtmak”, “kulmoq” – “kulmak”, “bilmoq” – “bilmak” tarzida aytib kelingani ham tasdiqlaydi. Alisher Navoiy aynan shu mezonga amal qiladi:

Oʻqub oʻtmak, oʻqub oʻtmak shiori,

Qolib yodida safha-safha bori (taʼkidlar bizniki – M.Q.).

(Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot­matbaa ijodiy uyi, 2006. 50-bet).

Fitrat bobomiz taʼkidlagan yoʻgʻon – “barmaq”qa misol sifatida esa mana bu iborani keltirish mumkin: “Ilk sen bargʻil (oldin sen bor)” (Mahmud Koshgʻariy. Devonu lugʻati-t-turk. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2017. 31-bet).

Professor X.Doniyorov singarmonizm turkiy tillarda toʻliq saqlanib qolgani, shevalarda amal qilishi, nutqda, ayniqsa, sheʼriyatda ohangni, polifoniyani kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidlab, Erkin Vohidovning mana bu satrlarini koʻp takrorlar edi:

Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolgʻon yomon,

Ul shirin yolgʻonga lekin aldanib qolgʻon yomon,

Umrimiz aldoq jahonda aldanib oʻtgay vale

Soʻnggi qiynalgʻon yomondur, soʻnggi qiynalgʻon yomon.

Ozodlik nafasi esib, XX asr boshlaridagi adabiy merosimiz toʻliq tiklana boshlagach, ayon boʻldiki, jadidlarda singarmonizm toʻliq saqlanib qolgan ekan. Buni Choʻlponning “Kishan kiyma, boʻyin egma Ki, sen ham hur tugʻilgʻonsen” degan satrlari ham, ilk oʻzbek romanining “Oʻtgan kunlar” emas, balki “Oʻtkan kunlar” shaklida boʻlgani ham tasdiqlaydi.

Afsuski, siyosiy-ijtimoiy hayotimizdagi tub burilishlarga qaramasdan, tilshunos olimlarimizning singarmonizmga munosabati oʻzgarmay qolaverdi. Hatto ilmiy manbalarda ham ushbu noyob hodisaning oʻzbek tiliga daxldorligi xususida ehtiyotkorlik bilan soʻz yuritildi. Mana, bir misol: “SINGARMONIZM (yun. syn – birga va harmonia – ohangdoshlik, uygʻunlik), unlilar garmoniyasi (ohangdoshligi) – asosan, turkiy tillarda, qisman moʻgʻul, tungus-manjur, fin-ugor, paleoosiyo tillarida uchraydigan fonetik hodisa; bunda muayyan soʻz shaklining (ham asos, ham affikslarning) barcha unlilari talaffuz (artikulatsiya) jihatdan bir turli: old yo orqa qatorga mansub (tanglay garmoniyasi) yoki lablangan yo lablanmagan (lab garmoniyasi) boʻladi... Umuman, hozirgi oʻzbek adabiy tili S. qoidalariga boʻysunmaydi. Eski oʻzbek adabiy tilida esa S. qonuni ancha izchil va ayrim hollarda toʻligʻicha amal qilgan” (Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi. 7-jild. Toshkent, 2004. 628-bet). Bu gaplar eʼlon qilinganiga ham 20 yilcha boʻlib qoldi, orada qancha suvlar oqib ketdi...

Bugungi kunda turkiy olam birligi, uning umumiy qadriyatlarini tiklash masalasiga nafaqat ziyolilar, balki davlat rahbarlari darajasida ham katta eʼtibor berilmoqda. Mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkiloti hamda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYga aʼzo boʻldi. Ushbu tashkilotning nufuzli anjumanlari, madaniy tadbirlari yurtimizda ham keng miqyosda oʻtkazilmoqda. Bizda til siyosati butunlay oʻzgardi. Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini oshirish boʻyicha tarixiy farmon va qarorlar qabul qilindi. 21­oktabr har yili Oʻzbek tili kuni sifatida keng bayram qilinadi. OAVda, internetda oʻzbek tilining nufuzini oshirish, lotin grafikasidagi joriy imlomizni takomillashtirish yuzasidan turli fikrlar, takliflar eʼlon qilinmoqda. Bu jarayonda singarmonizm masalasida ham bahs-munozaralar boʻlib turibdi. Baʼzi filolog olimlarimizning ushbu masalaga hanuz eskicha va yuzaki yondashib, agar nutq jarayonida singarmonizm qoidasiga amal qiladigan boʻlsak, tilimiz “qozoqcha” boʻlib qoladi, degan mazmundagi yengil-yelpi nuqtayi nazari kishida xavotir uygʻotadi. Bundan chiqdi, Navoiy bobomiz va boshqa mumtoz shoirlarimiz nuqul “qozoqcha” yozib kelgan ekan-da!

Albatta, nazariy jihatdan olganda, bugungi oʻzbek tili singarmonizm qoidalaridan ancha uzoqlashib ketgan. Lekin bunga tabiiy, yaʼni obyektiv jarayonlar emas, balki subyektiv – chetdan zoʻravonlarcha aralashuv holatlari sabab boʻlgan. Oqibatda tilimizning bir uchginasi gʻoyat ustomonlik bilan bilinar-bilinmas kesib tashlandi, unlilarimiz oʻz “egizak”laridan judo etildi; ular bilan birga nutqda tovushlarni ajib bir uygʻunlikda talaffuz etish imkonini beradigan singarmonizm hodisasi ham barham topdi – uning-da boshi kesildi. Beixtiyor Saʼdulla Hakim sheʼri bilan aytiladigan qoʻshiq soʻzlari qalbimizda aks sado bergandek boʻladi: “Tilim-tilim va yana tilim, Ona tilim, jon ona tilim!”

Amaliy jihatdan olganda esa, isteʼdodli shoir va adiblarimizning mahorati tufayli singarmonizm ana shunday tilim-tilim qilib kesilgan, kemtik va bemor tizim ichida ham yashab kelmoqda. Koʻhna turkiy ohanglardan ruh olib ijod qilayotgan shoir-adiblarimiz asarlarida, baxshilarimiz kuylayotgan qoʻshiq va dostonlarda bu nutqiy hodisa bamisoli uzoqlardan charchab-horib kelayotgan oʻtmish elchisidek boʻy koʻrsatib qoladi.

Demak, singarmonizm bizdan butunlay uzoqlashib ketgani yoʻq, u sadoqatli doʻstdek yonimizda turib, oʻz vazifasini sidqidildan bajarib kelmoqda.

Rubobim tori ikkidur...

Oʻzbek adabiy tilini singarmonizm amal qilgan XX asr boshlaridagi holatga toʻliq qaytarib boʻlmasligini barchamiz yaxshi tushunamiz. Qancha urinmang, maktab koʻrgan hech bir mardum shaxsiy maʼlumotlar varagʻini “tugʻilgʻon yilim” deb toʻldirmaydi. Ayni choqda, singarmonizmni “eskilik sarqiti” deb mensimaydigan boʻlsak, u bilan birga, milliy oʻzligimizning bir parchasi qulab, yoʻqlik ummoniga gʻarq boʻlishi hech gap emas. Deylik, ushbu lisoniy hodisadan xabardor boʻlmasdan, Navoiy, Bobur, Mashrab kabi ulug‘ shoirlarimiz gʻazallaridagi injaliklarni, Qodiriydek benazir adib romanlaridagi nozik sirlarni toʻliq anglash imkonsizdir. Loaqal “Qutadgʻu bilik”, “Oʻtkan kunlar” kabi mumtoz asarlar, “Avvalgilargʻa oʻxshamas”, “Yaxshilig‘” radifli mashhur gʻazallar hozirgi adabiy tilimiz meʼyorlaridan farqli ravishda nima uchun aynan shunday nomlanganini bilish uchun ham singarmonizm haqida ozgina tushunchaga, tovushlarni farqlash koʻnikmasiga ega boʻlish lozim.

Milliy oʻzlikni anglash borasida ancha ilgarilab ketgan mutaraqqiy millatlar bizning oʻrnimizda boʻlsa, “Hamonki millatimiz faxri boʻlgan buyuk adib va shoirlarimiz “oʻtgan”ni “oʻtkan” tarzida yozib kelgan ekan, keling, ularning haqqi-hurmati “yetgan”ni – “yetkan”, “ketgan”ni – “ketkan”, “netgay”ni – “netkay” shaklida adabiy meʼyorga moslab qoʻyaylik”, degan toʻxtamga kelgan va adabiy tilida ikki xil mezon boʻlishiga yoʻl bermagan boʻlar edi. Afsuski, bu darajaga yetish uchun bizga ancha qovun pishigʻi bordek...

Albatta, “qozoqcha” deyilganda, birinchi navbatda qipchoq shevasiga xos holatlar, xususan, tarkibida yoʻgʻon unlilar boʻlgan oʻzakka shunga mos qoʻshimcha qoʻshish nazarda tutilmoqda. Holbuki, tilimizda ingichka unlilari bor boʻlgan oʻzakka shunga mos qoʻshimchalar qoʻshish holatlari ham koʻp. Masalan, Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston – Vatanim manim”idagi “manim” soʻzini eslang. Yoki Navoiy bobomiz ishlatgan “yibardim”, “yudim”, “dedimki”, “dediki”, “istangiz”, “kelmadi” kabi yumshoq oʻzak, negiz va qoʻshimchalarni oʻzida mujassam etgan soʻzlarni oling.

Buyuk shoirimizning mashhur “Meni men istagan oʻz suhbatigʻa arjumand etmas”, “Istaganlar, bizni sahroyi baloda istangiz” kabi satrlarida “istamak” soʻzidagi unlilar ingichka talaffuz etilgani uchun “-gon” yoki “-gʻon” emas, “-gan” qoʻshimchasini olgan. Yana bir mumtoz misra – “Tilarmen bir yoʻli buzmoq buzulgʻon roʻzgorimni” satrida esa aksincha – “buzmoq” soʻzidagi unlilar yoʻgʻon boʻlgani uchun unga “-gʻon” qoʻshimchasi qoʻshilgan.

Hamonki, shunday ekan, bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz lozim: sozning ikkita – yoʻgʻon va ingichka pardasi boʻlganidek, turkiy tillarda ham shunga oʻxshash tamoyil amal qiladi; singarmonizm faqat “yoʻgʻon parda”lardan iborat emas, uning “ingichka parda”lari ham bor. Xorazmliklar oʻgʻizcha ohangda sevib kuylaydigan mana bu satrlarga eʼtibor bering:

Ishq rishtasi bilan belin bogʻlagʻan,

Hasrat oʻti bilan bagʻrin dogʻlagʻan.

Necha yilki, yoʻlgʻa qarab yigʻlagʻan,

Sanga kangul barsam anda yor yigʻlar.

Singarmonizmga qarshi qilich qayrayotganlar bu sheʼriy satrlarni ozarcha yoki turkmanchaga oʻxshab qolyapti desalar ajab emas. Oʻzbek tili turkiy tillar guruhiga mansub boʻlgach, undagi nutq ohangi qardosh tillarga oʻxshamay, xitoy tiliga oʻxshasinmi?!

“Oʻldirmak”ni kim oʻldirdi?

Tarixda tovushlarni farqlash, his etish boʻyicha nozik koʻnikmaning yoʻqligi, ona tilimiz toʻlaqonli adabiy til maqomiga ega boʻlmagani, maktab-madrasalarda yagona ilmiy-adabiy mezonlar asosida oʻqitilmagani tufayli xattotlar boshqa soʻzlar qatori “oʻldirmak”ni ham gʻalat shaklda – “oʻltirmoq” tarzida yozib kelgan boʻlsalar ajab emas. Qadimiy qoʻlyozmalar va ularning joriy imlodagi nashrlari diqqat bilan koʻzdan kechirilsa, bunga ishonch hosil qilish mumkin. Alqissa, Alisher Navoiy asarlarining bir va toʻrt jildli lugʻatlarida “oʻldirmak” soʻzining oʻzi ham, izohi ham yoʻq!

Maʼlumki, Navoiy – oʻzbek adabiy tilining asoschilaridan biri. Lekin shunday ulug‘ ijodkorning adabiy-badiiy merosida “oʻldirmak”ning yoʻqligi, toʻgʻrirogʻi, bizga taqdim etilayotgan nashrlarda shunday holga yoʻl qoʻyilgani, nazarimizda, jiddiy muammo. “Nega yoʻq boʻlarkan, oʻsha siz aytayotgan “oʻltirmoq” “oʻldirmak” maʼnosini beradi-ku!” degan eʼtiroz boʻlishi mumkin. Unda yana haqli savol tugʻiladi: “oʻltirmoq” soʻzi “oʻldirmak” maʼnosini anglatsa, nima uchun lugʻatlarimizda, ilmiy-metodik adabiyotlarimizda shu holatni asoslab, adabiy meʼyorga aylantirib qoʻymaymiz? Oʻsha mashhur “Devonu lugʻati-t-turk”da “oʻldirmak” va “oʻltirmoq” feʼllari alohida-alohida soʻzlar sifatida izohlangani-chi – bunga nima deysiz? (Qarang: Mahmud Koshgʻariy. Devonu lugʻati-t-turk. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2017. 99-bet.)

Ushbu masalaga professor Xudoyberdi Doniyorovning kitobidan javob topgandek boʻlamiz: “...agar Alisher Navoiy til oldi “o‘” bilan til orqa “o‘”ning farqini bilmaganida edi, “Ulki, onsiz xasta koʻnglimning yuz oh-u voyi bor, / Hajridin yuz ming meningdek oʻlsa, ne parvoyi bor” kabi sheʼriy misralaridagi til oldi “o‘”ning ishtirokida talaffuz etiladigan, “oʻlmoq” maʼnosida kelgan “oʻlgʻay” feʼllarining har birini oʻz oʻrnida bunchalik katta sanʼat bilan qoʻllay olmagan boʻlur edi. Lekin masalaning afsuslanarli bir jihati shundaki, Alisher Navoiy tomonidan bundan 500 yil oldin yaxshi farqlangan bu tovushlarni hozirgi baʼzi bir sanʼatkor va madaniyat xodimlari toʻgʻri farqlab, toʻgʻri talaffuz qilolmaydilar. Ular har ikkala “o‘”ni til oldida bir xil talaffuz etadilar” (Doniyorov X. Alisher Navoiy va oʻzbek adabiy tili. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1972. 25–26-betlar). Ustozning bu fikri eʼlon qilinganidan buyon naq 50 yil oʻtdi! Lekin bu muammo tilshunos, navoiyshunos olimlarimiz, ilmiy jamoatchiligimiz tomonidan haligacha ijobiy hal etilmagan. Mana, yana bir misol:

Gul emastur otashin, bulbullarin kuydurgali,

Kim, libos etmish qizil ushshoqini oʻlturgali

(Alisher Navoiy. Qaro koʻzim. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1988. 717-bet).

Poetika ilmi, sheʼriy sanʼatlar tarixidan ozgina xabardor boʻlgan odam yaxshi biladiki, “kuydurgali” soʻziga qofiya sifatida “oʻlturgali”dan koʻra “oʻldurgali” koʻproq mos keladi. Afsuski, buyuk shoirimiz asarlarini nashr etishdagi noqisliklar oqibatida muallif nafaqat maʼni, balki shakl, yaʼni qofiya masalasida ham eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻygan boʻlib chiqmoqda. Lekin “Majolis un-nafois” tazkirasida Atoiyning goʻzal baytiga “qofiyasida aybgʻinasi bor” deb oʻta nozik yondashgan Navoiyning “kuydurgali” soʻziga “oʻlturgali”ni qofiya qilib, xatoga yoʻl qoʻyishiga ishonish qiyin.

Shoir muxlislariga eng ishonchli manba sifatida taqdim etilgan “Alisher Navoiy qomusiy lugʻati”ni varaqlaymiz. Ajabki, bu manbada ham shu holatga duch kelamiz:

Laʼling zakoti may tutub, tirguzmasang, ey mugʻbacha,

Dayr ichra men dilxastani ranj-u xumor oʻlturgusi

(“Alisher Navoiy qomusiy lugʻati”. 2-jild. Toshkent, “Sharq”, 2016. 267-bet).

Matnshunoslikdagi bunday kamchiliklar ulug‘ mutafakkir asarlaridan olingan satrlarni sharhlash, izohlashda qoʻshimcha savollar tugʻilishiga sabab boʻladi.

Bobur Mirzo sheʼriyati xalqchil ruh, turkona singarmonizm ohangi, muddayilar, yaʼni daʼvogarlar aytmoqchi, “qozoqcha” lafzlarga toʻla:

Jamoling vasfini, ey oy, necha eldin eshitgaymen,

Ne kun boʻlgʻay, visolinggʻa mene* dilxasta yetgaymen.

Oʻzbek tilida “kabi” koʻmakchisi bor. Mumtoz adabiyotimizda, ayniqsa, Bobur sheʼriyatida u koʻpincha “kibi” tarzida ishlatilgan. “A” tovushi oʻrniga ketma-ket tiloldi “i” unlisining qoʻllanishi “kibi” soʻzi talaffuziga yanada nafislik bagʻishlaydi:

Lojaram boʻlgʻay parishon-u havoyi men kibi,

Zarra yanglig‘ kimki ul xurshid sargardonidur

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Nazm durdonalari. Toshkent, “Sharq”, 1996. 61-bet).

Tovushlarni his etib

Navoiy gʻazallarida jannatda oʻsadigan goʻzal daraxt nomi – “toʻbiy” soʻzi uchraydi. Mazkur soʻzdagi “o‘” unlisi til oldida boʻlib, yumshoq talaffuz etiladi. Lekin uni tilorqa “o‘” yoki “u” bilan adashtirib, “toʻp” soʻziga yaqinlashtirib, “toʻbiy” deb oʻqish yoki undan ham yomoni “tubiy” (quyi tarafi) tarzida tushunib, qoʻpol xatoga yoʻl qoʻyish holatlari ham yoʻq emas. Quyidagi baytga eʼtibor bering:

Koʻyung borida qilman jannatqa guzar hargiz,

Qading qoshida solman tubiygʻa nazar hargiz

(Alisher Navoiy. Xazoyin ul-maoniy. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2016. 30-bet).

Bu gʻalat misralardan “Senga olib boradigan yoʻl turganda jannatga borib nima qilaman, qaddingni koʻrsam, tubiga qaramayman”, degan kulgili maʼno chiqib qolmoqda. Aslida, bu satrda “toʻbiy” deb yozilishi kerak; shunda “Goʻzal qadding turganda, toʻbiy – jannatdagi daraxtga ham qaramayman”, degan latif maʼno anglashiladi.

Eʼtibor bersak, globallashuv taʼsirida va boshqa sabablar tufayli millatdoshlarimiz orasida ingichka va yoʻgʻon tovushlarni aytishga qiynaladigan, bu borada zarur koʻnikmaga ega boʻlmagan, “qoʻmita”ni – “koʻmita”, “bogʻcha”ni – “bogcha” (yoki undan ham yomoni – “sadik”), “xoʻja”ni – “xodja”, “haj”ni – “xadj” deydiganlar shundoq ham koʻpayib bormoqda. Agar singarmonizmni inkor qilib yuraversak, ziyolilarimiz orasida “qi”lab, “gʻi”lab, “ji”lab, “ng”lab gapiradigan; “ni” bilan “ning”ning farqiga boradigan odamning oʻzi qolmaydi.

Xalq-ku ming yil oldin qanday gapirgan boʻlsa, bundan buyon ham shunday gapiraveradi – singarmonizmga qarshi boʻlganlar harchand urinmasin, uni ogʻzaki nutqdan butunlay yoʻq qilib boʻlmaydi. Faqat ogʻzaki va yozma nutq oʻrtasida tafovut kuchayib boraveradi. Chunki mavjud adabiy til meʼyorlari uning jonli tildan toʻliq oziqlanishiga yoʻl qoʻymaydi.

Yozma merosimizning katta qismi arab xatida bitilgan. Qachondir mazkur buyuk maʼnaviy boylikni toʻliq oʻrganib, hozirgi yozuvimizga oʻtkazishimiz kerak-ku! Ana shu qadimiy qoʻlyozmalarni toʻgʻri oʻqish va tabdil etishda ham singarmonizm ilmini bilish gʻoyat muhim. Chunki arab xatidagi qoʻlyozma matnlarda unli tovushlar toʻliq aks ettirilmaydi. Binobarin, qaysi oʻrinda yoʻgʻon yoki qisqa unli tovushni qoʻyib oʻqishda qattiq va yoʻgʻon undoshlar belgi-koʻrsatkich vazifasini bajaradi. Yaʼni choʻziq va qisqa, yoʻgʻon va ingichka tovushlarning farqiga borish, singarmonizm koʻnikmasiga ega boʻlish bu masalada juda zarur.

Xalq ogʻzaki ijodi namunalarini yozib olish va nashr etishda ham singarmonizmni bilish lozim. Ana shunday koʻnikma yoʻqligi sababli asrlar davomida baxshi va sanʼatkorlarimiz tomonidan singarmonizm xususiyatlari saqlangan holda kuylanib kelayotgan xalq dostonlari, qoʻshiq va oʻlanlar hozirgi “adabiy meʼyor”ga solinib, kitob holida chop etilishi bilan avvalgi koʻrku tarovatidan judo boʻlmoqda. Masalan, Oʻzbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaevaning ijro dasturidan tushmay kelayotgan mana bu satrlar barchamizga yod boʻlib ketgan:

Goʻrdim iki pari galar,

Galar sollana-sollana.

Oshigʻinin koʻnglin olib

Galar nozlana-nozlana.

Endi shu satrlarning kitobdagi ahvoliga eʼtibor bering:

Koʻrdim ikki pari kelar,

Kelar sollana-sollana.

Oshigʻining koʻnglin olar,

Olar sollana-sollana

(Xorazm dostonlari. Oshiqnoma, 4-kitob. Urganch, “Xorazm” nashriyoti, 2009, 19-bet).

Yana bir misol. Biz bolalikdan eshitib keladigan qoʻshiq varianti:

Bir yor savdosina, yor-a, dushdim-da galdim.

Naqadar goʻzal!

Kitob varianti:

Bir yor savdosiga tushdim-da keldim (oʻsha manba, 25-bet).

Naqadar gʻarib!

Nahotki bundan ming yillar oldin – Oshiq Gʻarib va Shohsanam zamonlarida ahli Xorazm shunday ohangda gapirgan boʻlsa?!

Agar ish shu tarzda ketadigan boʻlsa, “Xamsa”, “Boburnoma” kabi shoh asarlar ham kelgusida amaldagi adabiy “meʼyor”ga solinib, asl ruhi va jozibasidan judo etilishi hech gap emas.

Bejiz emasdirki, atoqli olim, ona tilimizning zukko bilimdoni, akademik Alibek Rustamov Navoiy bobomizning isteʼdodli shogirdlaridan biri boʻlgan Atoulloh Husayniy qalamiga mansub “Badoyi’ us-sanoyi’” asarini forschadan oʻzbek tiliga XV asr adabiy meʼyorlariga moslab, singarmonizm talablariga amal qilgan holda oʻgirgan. Mana, birgina misol: “Bilmak kerakkim, mazkur soʻzlardagi ho harfi talaffuz etilmas, balki oldidagʻi harfning fathasin bildirur va vaznda eʼtiborgʻa olinmas” (Atoulloh Husayniy. Badoyi’ us-sanoyi’. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1981-yil. 10-bet).

Shunday ulug‘ ustozlar tajribasi bizga maktab boʻlishi kerak emasmi?

Soʻngsoʻz

Aziz, jurnalxon, men tilshunos emasman. “Filolog” – “soʻz sevarmani” degan eʼtirof muhrlangan dorilfunun vasiqasidan boʻlak bu sohaga daxldorligimni koʻrsatadigan hech vaqom yoʻq. Lekin muqaddas insoniy tuygʻu va fazilatlardan mahrum boʻlmagan jamiyki odam farzandlari qatori men ham ona tilim sogʻlom, mukammal va sinovlarga bardoshli boʻlsa deyman.

Ushbu maqolaning yozilishi qirq yil burun – talabalik davrimda boʻlib oʻtgan voqealar bilan bogʻliq. Samarqand davlat universiteti oʻzbek va tojik filologiyasi fakultetida oʻqib yurgan kezlarim ustoz Xudoyberdi Doniyorov bilan ota-boladek yaqin, doʻst-u sirdosh boʻlib ketgan edik. Bir gal “Muhim bir ish bor, – deb yoniga chorladi. – Leningrad davlat universiteti sharqshunoslik fakultetidan taklif keldi. Shogirdlaringizdan birini yuboring, talabalar ilmiy anjumanida oʻzbek tilida unlilar va singarmonizm mavzusida maʼruza bilan qatnashsin, deb iltimos qilishyapti. Mana, tezislarni tayyorlab joʻnatdik, ularga maʼqul”. Domla ikki varaq matnni uzatdi. Keyin davom etdi: “Buni sendan boshqasi eplolmaydi”. “Men adabiy tanqid kafedrasidaman-ku, domlalarimga nima deyman?” dedim sal oʻngʻaysizlanib. “Ularga oʻzim tushuntiraman, – dedi ustoz, – gap tilimizning taqdiri haqida ketyapti. Bilasan, zoʻr sharqshunoslar oʻsha yerda. Zora, markazdagi olimlar dardimizni tushunib, yozuvimizdagi muammolarni hal etishda qoʻllab yuborsa!” Juda sodda edi rahmatli...

Darslar tigʻizligi, zimmamda jamoat ishlari bilan bogʻliq koʻp tashvishlar borligiga qaramay rozi boʻldim. Ustoz-shogird rus tilida maʼruza matnini tayyorladik. Umrida Samarqand sarhadidan nari qadam bosmagan odam qanday qilib “shimoliy poytaxt” – Neva daryosi boʻyida paydo boʻldim, qadimiy binoda joylashgan sharqshunoslik fakultetiga qanday borib qoldim – hanuz tasavvur qilolmayman. Bir jihati aniq: Yaratganning oʻzi qoʻllab, yaxshilarni yoʻlimga tizib qoʻydi!

– Tonggi soat toʻrtga taksi chaqirib qoʻydim, tagʻin uxlab qolma! – dedi Samarqanddagi ijara uy egasi – yahudiy Rafael bobo.

– Yashka, ti molodes, yedesh zashishat svoy yazik! – dedi uning kampiri Sara momo ishning mohiyatini toʻgʻri anglab.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, fakultetimizda uch yil taʼlim olgach, oʻqishini Moskva davlat universiteti jurnalistika fakultetiga koʻchirib ketgan Akbar Nurmatov Talabalar shaharchasidan joy topishga yordamlashib, ertasi kuni “Inqilob beshigi”ga kuzatib yubordi.

Maʼruzaga munosabat qanday boʻldi, dersiz. Bilasiz, u yurtning odamlari sal dangalroq keladi.

– Bu masala barcha turkiy xalqlarda hal etilgan-ku! Sizlar nega uxlab oʻtiribsizlar? Biz faqat omad tilaymiz! – dedi anjuman raisi.

Qadrli oʻquvchi!

Sizning eʼtiboringizga havola etilgan ushbu maqolaning xamirturushi oʻsha paytdayoq xotira suprasining bir chekkasiga tashlab qoʻyilgan edi. Barcha fikrlar ustozim Xudoyberdi Doniyorovniki (Olloh rahmatiga olgan boʻlsin!), kamina faqat u kishining vasiyatini bajarib, siz – “Tafakkur” muxlislariga maqola tarzida havola etdim, xolos. Xato va oʻxshamagan oʻrinlari boʻlsa, uzr soʻrayman. Bola ismim arabiy, bobo ismim (familiyam) “qozoqcha” – chin oʻzbakiy ekanidan bexijolat imzo chekdim:

Murtazo QARShIBOY

1985 – 2023-yillar

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Tilim-tilim tilingan tilim. Koshgʻariydan qolgan til sadolari” maqolasi

* Kirill yozuvidagi nashrlarda, xususan, “Shoh va shoir” turkumida 1996-yil “Sharq” nashriyoti chop etgan “Zahiriddin Muhammad Bobur. Nazm durdonalari” toʻplamida ushbu soʻz “meni” tarzida notoʻgʻri yozilgan (47-bet) – bunda lirik qahramon subyekt emas, obyektga aylanib qoladi. Xalqimiz ham rahmi kelgan odamiga “Sen-e, bechora, koʻp qiynalding-da!” deya hamdard boʻladi, “bor-e”, “yoʻg‘-e” deb biror narsadan hayratini ifoda etadi. Yuqoridagi satrda ham oʻziga achinish, kuyunish, gʻamzadalik bor. Alisher Navoiy bobomiz ham “Men-e dardnok” deya cheksiz alam va sitamlarga oshino ekanidan faryod etadi. Xullas, “e” unlisi – “yo”i vahdat” (yoki “yo”i nakira) maʼnoni kuchaytirib, oshiqning un tortish, oh urish, xastalik va bechoralikda ham qiyosi yoʻq, tanho ekanini bildiradi.