Bugun biz isteʼmolchilar jamiyati bilan roʻbaro‘ turibmiz!
“Tezroq, koʻproq, yaxshiroq” deya navbat talashib turgan katta izdihomning qarshisidamiz. Bu izdihomni tashkil etuvchi kishilar ham, ularning beqiyos ishtiyoqi ham kecha yo bugun paydo boʻlmagan. Bu ijtimoiy holat bitta mamlakat yoki millat bilan chegaralanib qolmaydi ham.
Soʻzimiz avvalida Jaloliddin Rumiyning ushbu hikmatli soʻzlarini keltirsak, nima demoqchiligimiz yanada oydinlashadi:
Tanang otdir, ruhing uning suvoriysi,
Ot ozigʻi suvoriyga oziq boʻlmas.
Gap shundaki, biz otning qornini toʻydirayapmiz-u, uni boshqaradigan suvoriyni unutib qoʻymoqdamiz. Tilimizdagi isteʼmolchilik istilohi anchagina katta maʼnoni qamrab olmoqdaki, natijada biz tiriklik degan ulug‘ maʼnoni tirikchilik atalmish joʻn soʻz bilan adashtirib yubordik.
Dunyo boʻylab kechayotgan shunday bir qaltis jarayonda qalbning, tuygʻularning oʻlimi, maʼnaviy-ruhiy tanazzul oldingi oʻringa chiqishi kuzatilmoqda.
Faqat toparmon-tutarmon, moddiy hayoti birlamchi va yagona mezonga aylangan mavjudotga aylanib qolayotganimiz chegarasiz va meʼyorsiz isteʼmolchilikning belgisi.
Shu oʻrinda xalqning “Yomon soʻz tuzingga uradi, yomon yemish yuzingga uradi” degan naqli yodga tushadi. Bu hikmat zamirida katta mazmun bor. Insonning maʼnaviy qashshoqligi, maʼnan ochligi yomon soʻz va yomon tuzda koʻrinadi. Buni maromiylik degan hayotimizga tobora singib borayotgan soʻz bilan oʻlchab koʻrsak, yanada teranroq anglaymiz. Odam oʻz nafsi, hoy-u havasidan ustun kelgandagina haqiqiy inson boʻladi. Aksincha – marom buzilganda, shunchaki isteʼmolchi mavjudotga aylanganida esa muqaddas mezonlar buziladi.
Mavzumiz isteʼmolchilik va meʼyor ekan, bugun biz isteʼmol qilayotgan moddiy, maʼnaviy, axboriy “taomlar”ning sifati, turi bilan bevosita bogʻliqdir.
Avvalo maromiylik degan soʻzga toʻxtalsak. Har bir narsada meʼyor, marom – moʻtadillik boʻladi. Oʻzini, oʻz nafsini yenga olgan kishi asl pahlavondir deganlaridek, oltin oraliq – meʼyor boʻlmagan joyda inson ham, u mansub boʻlgan jamiyat ham faqat ziyon koʻradi.
Maromiylikning hayotimizga uygʻunligini yana shunday sharhlash mumkin: inson oraliqdagi mavjudot. U farishta va hayvon oʻrtasida yashaydi. Agar tubanlashsa, hayvondan battar holga tushishi mumkin. Mabodo nafsini, kuchini idora qilolsa, Haqni tanisa, farishtadek ulug‘ maqomga yetishi mumkin. Tan olish kerakki, bu ikki holat ham insonga ogʻirlik qiladi. Oddiy, risoladagidek, bir maromda, halol kun kechirish insonga xosdir. Ana shuni maromiylik deyish mumkin.
Oʻz navbatida “Isteʼmolchilik nima?”, “U qachon va qanday paydo boʻldi?” degan savolga ham javob berishimiz lozim boʻladi.
Aslida hammamiz isteʼmolchimiz. Har bir tirik jon qay darajadadir moddiy, maʼnaviy isteʼmolchi. Ammo maqolada qoʻllayotganimiz “isteʼmolchi” esa faqat moddiyatga urgʻu berib, chinakam hayotimizning maʼnaviy asosini toptaydigan qarashlarga asir boʻlib qolayotganlardir. Bunday isteʼmolchilarni muqaddas narsasi qolmayotgan kishilar deb taʼriflash mumkinki, bunga quyida yetarlicha izoh beriladi.
Bunday isteʼmolchilik gʻoyasi dastlab AQShda paydo boʻldi. Uning maydonga kelishi Ikkinchi jahon urushi davridagi ishlab chiqarish turgʻunligi bilan bogʻliq degan qarash mavjud, ammo bu jarayonni oʻrgangan sotsiologlar buni inkor qiladi va gʻoyaning vujudga kelishini urushdan soʻng paydo boʻlgan ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlarining saqlab qolingani bilan bogʻlaydi.
Urush yillarida AQSh sanoati jadal rivojlangan, harbiy buyurtmalar hisobiga ishlab chiqarish keskin oshgan. Urush tugagach esa garchi ehtiyoj urush davridagidek boʻlmasa-da, ishlab chiqarish surʼati yuqoriligicha saqlab qolindi. Bu esa ommaviy isteʼmolni ragʻbatlantirishni talab qilgan. Natijada amerikaliklarning isteʼmol ehtiyoji hayot tarziga singib madaniy qadriyat sifatida shakllandi.
Bunda asosiy targʻibot qurollari sifatida turli shakldagi reklama, OAV, kino industriyasidan keng foydalanildi. Ular taʼsirida urushdan keyingi “baxtli amerikalik”ning qiyofasi moddiy boylik, doimiy xarid va dabdabali turmush deya tasvirlana boshladi. Ekrandagi hayotga intilish, unga yetib olish uchun kongressmen ham, fabrikaning qora ishchisi ham tun-u kun oʻlib-tirilib ishlashga, nima qilib boʻlsa ham farovon turmushga yetib olishga talpindi. Tabiiyki, moddiy farovonlik birlamchi oʻringa chiqqani sayin Rumiy tilga olgan suvoriyning – inson maʼnaviy olamining darajasi pasaydi, yomonlashdi. Insonparvarlik, vatanparvarlik, mehr kabi inja tuygʻular, maʼnaviy tutumlar moddiyat degan ulkan qoyaga borib urildi.
Isteʼmolchilik gʻoyasi mualliflari targʻib qilgan “Yosh yasha va yosh oʻl!” degan beqaror va yengil hayotni tanlashga moyil kishilarni oʻziga ohanrabodek tortadigan shiorning paydo boʻlishi esa jarayonni tezlashtirdi.
Eshitgan kishining etini junjiktirib yuboradigan bu shior hozirgi kungacha targʻib qilinadi. Bu iboraning ommalashuvida 1949-yilda efirga chiqqan “Har qanday eshikni taqillat” nomli filmga oʻxshash kinolar katta rol oʻynadi. Filmda quyidagi jumla ishlatiladi: “Qisqa yasha, yosh oʻl, goʻzal jasadga erish”. Film ssenariysini Jerri Uold yozgan. Keyinchalik bu gʻoya Jeyms Din obrazi orqali yoshlar madaniyatining ramziga aylangan.
Ushbu gʻoya, istaymizmi-yoʻqmi, bizning jamiyatimizga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Unda asosiy gʻoya nafs va hirsni qondirish, yoshlikni faqat oʻyin-kulgi bilan oʻtkazish hamda shu yengil yoʻlni hayot tarziga aylantirishdir. Bu qarash zamirida ichkilikbozlik, kayf, palapartish jinsiy hayot kabi qarashlar ilgari surilgan.
Bu jaryonda yoshlardan eng muhim – ota-onaga farzandlik, vatan oldidagi burch, yorga, oilaga sadoqat kabi masʼuliyat olib tashlanadi. Oʻgʻil bolaning asosiy fazilati pul topish va boy boʻlish bilan, qiz bolaning xislati esa goʻzal va maftunkor koʻrinish bilan oʻlchanadi. Bunga erishish uchun axloq-odob meʼyorlarini unutish tabiiy holga aylanadi. Boylik, moddiyatning qarshisida sof insoniy tuygʻular, xususan mehr va muhabbat eskilik sarqiti sifatida chetga chiqadi. Oila degan tabarruk anʼana unutilishga mahkum etiladi.
Mazkur gʻoyaning avval AQShda, keyinchalik Gʻarb mamlakatlarida va oʻzlarini sivilizatsiyalashgan deb hisoblovchi davlatlarda keng tarqalishi oqibatida har xil ijtimoiy illatlar urchidi: bolalar ota-onasidan uzoqlashdi, jamiyatga qariyalar uyi degan atama kirib keldi. Oilaviy ajrimlar keskin ortdi, qadriyatlar inqirozga uchradi, benikoh yashash tabiiy holga aylandi, diniy qadriyatlardan eʼtiqod burchi olib tashlanib, ular shunchaki marosim boʻlib qoldi, farzandga ortiqcha yuk deb qarash kengaydi.
Yoshlar orasida yengil-yelpilikka berilish, alkogol, tamaki va narkotik moddalar isteʼmoli kuchaydi, ijtimoiy tutumlar buzilishi oqibatida OITS kabi kasalliklar keng tarqaldi.
Ming afsuski, ushbu gʻoya chegaralardan oʻtib bizning hayotimizda ham ildiz ota boshladi. Yoshlarimizning dabdabali hayotga intilishi, qasrday uy qurish, qimmat mashinalarda yurish, shov-shuvli toʻylar, bir soʻz bilan aytganda, oʻtkinchi havaslarga qurilgan isteʼmolchilik kayfiyati kuchaydi. Erkak uchun boylik va moliyaviy ustunlik ustuvor maqsadga aylandi. Ayol esa erkakning oldiga yangi talablarni qoʻya boshladi. Natijada yoshlar turmushga tayyorgarlikni bilim olish, hunar oʻrganishda emas, qanday yoʻl bilan boʻlsa-da tez boyishda deb hisoblamoqda. Bunga erishish uchun esa chet elda ishlash, qimor oʻynash, kechroq turmush qurish koʻpgina yoshlarning tayangan nuqtasi boʻlib qolayapti. Bu esa maʼnaviy va axloqiy muvozanatga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilning yanvar-dekabr oylarida Oʻzbekistonda 267,1 mingta nikoh qayd etildi. Bu 2024-yilga nisbatan 4,7 mingta kam. Ajrimlar soni esa 46,9 mingga yetib, 1,8 mingtaga oshgan.
Nikohning kamayishi avvalo nikoh yoshining kechikishi, iqtisodiy barqarorlikka intilish bilan izohlanadi. Ajralishning oshishi esa oilaviy munosabatlardagi sifat oʻzgarishlaridan dalolat beradi. Ayniqsa, ajralishlarning 60 foizdan ortigʻi shaharlarga toʻgʻri kelayotgani shahar muhitida individual erkinlik va iqtisodiy mustaqillik yuqoriligini koʻrsatadi.
Qiziq, erkinlik, moliyaviy mustaqillik bir qarashda juda yaxshidek koʻrinadi. Inson pul va moddiyat bilan yetarlicha taʼminlansa, buning nimasi yomon deyish mumkin. Ammo ayni shu omillar ajrimlar koʻpayishiga, nikoh kamayishiga, demografik oʻzgarishlarga sabab boʻlayotirki, buni inobatga olish zarur. Chunki nafsning hakalak otishi, qanoatsizlikning avj olishi mehr-oqibatni pul va moddiyatning qurboniga aylantiradi.
Yana bir achinarli jihati bugun baʼzi ijtimoiy tarmoqlar ham maromga, sof, halol insoniy hayotga qarshi gʻoyalarning targʻibotchisiga aylandi. Tarmoqlardagi kontentlarning koʻpchiligi gedonizm (hayotdan lazzat olishga moyillik), romantik nigilizm (jamiyat qoidalarini rad etish, isyonkorlik va oʻz-oʻzini yoʻq qilishga moyil ruhiyat) kabi gʻoyalarni ommalashtirish quroliga aylandi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari, olimlar va ziyolilar hamkorligida ishlab chiqilgan maromiylik gʻoyasi yuqoridagi kabi tendensiyalarga qarshi qaratilgan boʻlib, insonni nafs emas, aql va maʼnaviyat boshqarishi lozimligini targʻib etuvchi muqobil va barqaror yoʻldir. Maromiylik inson hayotida meʼyor, masʼuliyat, sabr, maʼnaviy va moddiy muvozanatga asoslanadi va oʻtmish hamda kelajak bilan hisoblashish degan yashash tarzini targʻib qiladi. Isteʼmolchilik esa aksincha, hozirni – shu bugungi lazzatni birinchi oʻringa qoʻyib, kelajak masʼuliyatini tan olmaydi.
Jamiyatimiz maʼnaviy iqlimidagi asl manzarani koʻrish, ogʻriq nuqtalarimizdan boxabar boʻlish maqsadida 2024–2025-yillarda markaz tomonidan barcha hududlarimizda sotsiologik tadqiqot oʻtkazildi. Soʻrovda 378 ming yurtdoshimiz qatnashdi. Qoʻlga kiritilgan natijadagi ayrim raqamlarni keltiramiz:
– urf-odat va marosimlarning serxarajatligi 14,6 foiz holatda oilaviy ajrimlarga sabab boʻlmoqda. Soʻralganlarning atigi 21 foizi bugungi kunda oilaviy tadbirlarni “Covid-19” pandemiyasi vaqtidagi kabi koʻpi bilan oʻttiz kishi ishtirokida kamxarj oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatlaydi, bu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 5 foiz kamaygan;
– respodentlardan jamiyatdagi qadriyatlar haqida soʻralganida, mehnatsevarlik 7,9 foiz holatda eng kerakli qadriyat sanalishi aniqlangan, ushbu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 2 foiz kamaygan, yaʼni jamiyatda halol mehnat orqali ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish darajasi pasaymoqda;
– hozirgi vaqtda 26,5 foiz ishtirokchining ortiqcha mablagʻini farzandlar tarbiyasi va ularni xorijda oʻqitishga sarflashga tayyorligi aniqlandi, biroq bu koʻrsatkich 2024-yildagidan 3,7 foiz pasaygan;
– tashqi mafkuraviy taʼsirlar va ommaviy madaniyat unsurlarining kirib kelishi sabab yoshlar tarbiyasidagi oʻzgarishlar oʻrta yosh va keksa aholi tomonidan 69,3 foiz holatda salbiy baholanmoqda.
Ushbu muammoli nuqtada Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda millat ziyolilarining asosiy vazifasi – birlashish, maʼnaviy qadriyatlarimizga, jamiyat birdamligi va ijtimoiy hayotiga salbiy taʼsir qilayotgan illatlarga qarshi choralar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishdan iborat.
Botu ALIMOV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Ot ozigʻi suvoriyga oziq boʻlmas” maqolasi