XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi jadidchilik harakati hamda uning namoyondalari faoliyati bugungi kunda tarixshunoslikning eng dolzarb tadqiqot yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, jadidlar avlodlari va yaqinlari qoʻlida saqlanib kelayotgan maktublar, qoʻlyozmalar, shaxsiy hujjatlar, fotosuratlar hamda boshqa tarixiy manbalarning ilmiy muomalaga kirishi ushbu davr tarixining ilgari nomaʼlum boʻlgan qirralarini ochishga xizmat qilyapti. Mazkur manbalar jadidlarning nafaqat ijtimoiy-siyosiy va maʼrifiy faoliyatini, balki ularning ichki dunyosi, insoniy fazilatlari, ruhiy kechinmalari va shaxsiy hayotiga oid jihatlarni ham teranroq anglash, boshqacha aytganda, psixologik portretini tiklash imkonini bermoqda.

Bu borada, ayniqsa taraqqiyparvar adib, shoir, publitsist va dramaturg Gʻoziy Yunusning avlodlari qoʻlida saqlanayotgan boy arxiv materiallari alohida ilmiy ahamiyatga ega. Ushbu merosni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab, bugungi kungacha yetkazishda Gʻoziy Yunusning nabirasi Choʻlpon Gʻoziyevning xizmartlari beqiyos.

 

Gʻoziy Yunusning nabirasi Choʻlpon Gʻoziyev.

Tadqiqotchi oʻlaroq Choʻlpon Gʻoziyevning qoʻlida saqlanayotgan Gʻoziy Yunusning shaxsiy arxiv hujjatlarini koʻzdan kechirarkanman, kutilmaganda peshqadam jadid taraqqiyparvarlaridan biri – Abdulhamid Choʻlponning Gʻoziy Yunusga yozgan xatiga duch keldim. Ushbu noyob hujjatni koʻrgan onimdagi hayajon va quvonchni soʻz bilan ifodalash qiyin. Bu maktub nafaqat Choʻlpon hayoti va faoliyatini oʻrganishda, balki jadidchilik tarixining ayrim nomaʼlum jihatlarini yoritishda ham muhim ilmiy manba boʻlishi mumkinligini angladim.

Garchi maktub hajman kichik boʻlsa-da, unda Choʻlponning oʻziga xos tafakkuri, pokiza fitrati, millat taqdiri hamda milliy madaniyat ravnaqi yoʻlidagi yuksak masʼuliyat hissi, ayniqsa, milliy teatr istiqboliga boʻlgan cheksiz ishonchi va fidoiyligi yaqqol namoyon boʻlgan.

Qolaversa, bir necha satrdan iborat ushbu maktub Choʻlponning maʼrifatparvarlik qarashlari, hamfikrlariga boʻlgan samimiy munosabati hamda kelajak avlod uchun qoldirgan maʼnaviy vasiyatini oʻzida mujassam etgani bilan alohida ilmiy va tarixiy qimmatga ega.

Shu oʻrinda Gʻoziy Yunus va Abdulhamid Choʻlpon oʻrtasidagi doʻstlik xususida qisqacha toʻxtalsam.

 

Oʻrta qator chapdan uchinchi: Gʻoziy Yunus, Abdulhamid Choʻlpon, Elbek va Ashurali Zohiriy (Gʻoziy Yunusning shaxsiy arxivi).

Otasi singari qatagʻonning achchiq sinovlarini boshidan oʻtkazgan Toʻlqin Gʻoziyev oʻz xotiralarida Gʻoziy Yunus va Abdulhamid Choʻlpon oʻrtasidagi chin doʻstlik, oʻzaro hurmat va samimiyatni yorqin tasvirlaydi. Uning xotirlashicha Abdulhamid Choʻlpon Toshkentga har kelganida, albatta, Gʻoziy Yunus xonadonida qoʻnoq boʻlgan. Yana uning eslashicha, Choʻlpon xotini Katya (Yekaterina Ivanovna Tokareva) bilan tez-tez ularning uylariga mehmonga kelib turgan. Ana shunday samimiy oilaviy munosabatlar Gʻoziy Yunusning turmush oʻrtogʻi Hadicha Aliyeva va Katya oʻrtasida mustahkam doʻstlik rishtalarining shakllanishiga zamin yaratgan.

Toʻlqin Gʻoziyevning xotiralaridagi quyidagi parcha ham diqqatga sazovor: “Otam Gʻoziy Yunus basavlat va nihoyatda mehnatkash inson edi. U kuniga 3-4 soat uxlab, faqat ijod bilan shugʻullanardi. Uyimizga tez-tez Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Elbek, Ashurali Zohiriy kabi yozuvchi-shoirlar kelib, yozgan asarlarini bizning uyda muhokama qilishardi. Bir qiziq voqea yodimda qolgan: Bir kuni onam Hadicha Aliyeva otamga eʼtiroz bildirib, “Oʻrtoqlaringiz uyga kelsa, ularning tagiga mening yangi koʻrpa-toʻshaklarimni solmang, kir qilib yuborishmoqda”, deb shikoyat qiladi. Shundan soʻng otam Chorsu bozoriga tushib, yangi koʻrpa-yostiqlarni uyga sotib olib kelib, onamga qarata “Koʻrpa-toʻshaklaringni yigʻishtirib olaver, mana bularni sol. Ular mening doʻstlarim, kir qilib yirtib yuborishsa ham sen indama, ularning bunga haqqi bor” deb aytdi”.

Gʻoziy Yunusning oʻgʻli Toʻlqin Gʻoziyev ham Choʻlponni qattiq yaxshi koʻrgan, unga chuqur hurmat koʻrsatgan. Shu boisdan boʻlsa kerak, keyinchalik u oʻgʻliga Choʻlpon deb ism qoʻygan.

Toʻlqin Gʻoziyev.

Ishonchim komil, Gʻoziy Yunus va Abdulhamid Choʻlpon oʻrtasida oʻzaro maktub almashishlar juda koʻp boʻlgan. Afsuski, zamona zayli tufayli ushbu yozishmalarning aksariyati bizgacha yetib kelmagan. Shu maʼnoda, Gʻoziy Yunusning shaxsiy arxividan, garchi bittagina boʻlsa-da Abdulhamid Choʻlponning xati topilgani shaxsan men uchun nihoyatda quvonarli voqea boʻldi.

Quyida ushbu maktubning fotosi va mazmunini keltiraman: