Bugungi shiddatli zamonda, globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdidlar, inson ongi va qalbini egallashga boʻlgan urinishlar tobora koʻpayib borayotgan davrda maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish, targʻibotda yangicha usullarni joriy qilish, ijtimoiy ahamiyati yuqori tashabbuslarni ilgari surish har jihatdan muhim. Albatta bu borada  birinchi navbatda maʼnaviy-maʼrifiy sohaga masʼul xodimlarni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, malakasini muntazam oshirib borish faoliyat samaradorligiga xizmat qiladi.

Respublika Maʼnaviyat markazi tomonidan hududiy  boʻlim va tuman (shahar) lardagi boʻlinma rahbarlari uchun seminar-treninglar tashkil etish yaxshi anʼanaga aylangan. Bu yil ham 19-21 sentabr kunlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari hamda tuman (shahar) boʻlinmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Dastlab har bir hududiy boʻlim oʻz faoliyati, ilgʻor amaliyot, oʻziga xos yondashuv yuzasidan taqdimotlar oʻtkazdi.

Shundan soʻng har bir xodimning ish faoliyatida zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni berish maqsadida dolzarb yoʻnalishlarda, xususan, shaxsiy samaradorlikni oshirish va ish jarayonida proaktiv boʻlish usullari,  zamonaviy media orqali maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotni kuchaytirish va yoshlarni milliy qadriyat ruhida tarbiyalashda ijtimoiy tarmoqlarning oʻrni va ahamiyati,  sunʼiy intellekt va uning hayotimizda tutgan oʻrni mavzularida treninglar oʻtkazildi. 

Oʻz navbatida ushbu muloqot platformasi oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlarni birgalikda tahlil qilish, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va mavjud muammolarga samarali yechim topish, maqsadli loyihalarni muhokama qilish hamda oldinda turgan rejalar koʻrib chiqish imkonini berdi.

Seminar doirasida sportning stol tennisi va shaxmat turlari boʻyicha Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari kubogi final bosqichi tashkil qilindi.