Zamonaviy gnoseologiyada tizimli tafakkur borliqdagi murakkablikni oʻrganishda adekvat tafakkur tarzi sifatida tadqiq etilmoqda. Tizimli tafakkur nima? Bir qator tadqiqotlarda u shunday taʼriflanadi: “tafakkurning eng rivojlangan shakli” (Аверьянов А. Системное познания мира: методологические проблемы. Москва, “Политиздат”, 1985. Стр. 263); “aqlning sifat jihatdan yangi holati” (Толкачев В. Роскошь системного мышления. Санкт-Петербург, “Эмпатия”, 1999. Стр. 347); “atrof muhitni tasvirlash va bilishning yangi usuli boʻlib, u narsa va hodisalarning oʻzaro bogʻliqligiga eʼtibor qaratadi. Zamonaviy olam shitob oʻzgarmoqda, murakkablashmoqdaki, tizimli tafakkur oldimizdagi bor imkoniyatlarni yaxshiroq koʻrish, qoʻllash va boshqarishga yordam beradi” (Медоуз Д. Азбука системного мышления. Москва, БИНОМ. “Лаборатория знаний”, 2011. Стр.150).
Tizimli tafakkur muqobili – fragmental (uzuq-yuluq, notoʻliq) tafakkurdir. Fragmental tafakkur narsa va hodisani qismlarga ajratib oʻrgansa, tizimli tafakkur obyekt qismlarini yaxlit qamrab oladi. Bir necha asrlar ilgari Xitoy faylasufi Lao Szi fragmental yondashuvning cheklanganligini taʼkidlagan: “Inson olamni qismlarga boʻlar ekan, u nafaqat ilohiy, insoniy qonunlarni ham anglashdan toʻxtaydi”.
Faqat qismlarni tahlil etish butunni tushunishga yordam bermaydi, zero, butun qismlarning oʻzaro taʼsiri orqali aniqlanadi. Alohida olingan qism butun haqida aytarli tasavvur bermaydi. Fragmental tafakkur yordamida biz narsa va hodisaning kichik qismi haqidagi axborotnigina olamiz. Fragmental tafakkur orqali kishi biron masalaning yagona yechiminigina koʻradi, uning boshqa yechimlarini koʻrmaydi. Masalan, tadqiqotchi biron muammoni yechishda uning sababini bitta omil bilan bogʻlaydi, sabab-oqibatning qatʼiy determinizmi bilan ish koʻradi. Muammoning faqat yagona yechimi ustida bosh qotirib, yangicha yechimlarni eʼtibordan soqit qiladi.
Shunday xitoy masali bor: qadimda bir dehqon yashagan ekan. Uning ajoyib oti bor ekan. Bir kuni ot qochib ketibdi-yu dehqon oʻzini baxtsiz his qila boshlabdi. Bir muddatdan soʻng ot oʻzi bilan yovvoyi otni ergashtirib qaytibdi. Dehqon yana oʻzini baxtiyor sanay boshlabdi. Ammo uning yolgʻiz oʻgʻli yovvoyi otni qoʻlga oʻrgataman deb, yiqilib majruh boʻlibdi. Dehqon oʻzini yana baxtsiz his qilibdi. Unga ikkita ot nega kerak, axir, yolgʻiz oʻgʻli majruh-ku! Shu orada imperator urush uchun askar toʻplay boshlabdi va qishloqdagi barcha yigitlarni olib ketibdi, ammo dehqonning oʻgʻli majruhligi bois urushdan qolibdi. Dehqon oʻzini yana baxtiyor his eta boshlabdi.
Mazkur masalda oʻzaro zid narsa-hodisalar bir sharoitda yaxshi va foydali boʻlsa, boshqa sharoitda yomon va foydasiz boʻlishi mumkinligi, yaxlitlikning biron qismini mutlaq yaxshi yoki yomon deb baholash xato ekani, balki ular butunda bir-biriga oʻtishi, bir-birini taqozo etishi ifodalangan.
Iqtisodiy muammolar, atrof-muhit ifloslanishi, jahon hamjamiyatidagi ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar haqida mutaxassislar koʻp gapirmoqda, yechimlari ustida bosh qotirmoqda, ammo ular haligacha topilgani yoʻq. Boisi murakkab tizimlarni anʼanaviy tafakkur tarzi yordamida anglash, tushunish dargumon. Demak, oʻzgacha tafakkur tarziga zarurat tugʻiladi. Ana oʻsha tafakkur tarzi – tizimli tafakkurdir.
Tizimli tafakkur narsa-hodisalar oʻrtasidagi ziddiyatlarni bir-birining inkori sifatida emas, balki yaxlitlikni quruvchi elementlar sifatida koʻrishni taqozo etadi. Olam yaxlit tizim ekan, u haqdagi dunyoqarashimiz ham tizimli boʻlishi zarur. Shunda olam haqidagi bilimlarimiz adekvatlik kasb etadi.
Birinchi prezident Islom Karimov “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida moddiy va maʼnaviy olam oʻzaro uygʻunlikda, yaxlitlikda mavjudligi, ular bir-birini taqozo etishi haqidagi gʻoyani ilgari suradi: “Odamning kundalik hayoti va faoliyatida moddiy va maʼnaviy asoslar bir-biriga nisbatan qanday oʻrin tutishi, ularning qaysi biri ustuvorlik kasb etishi haqida turli-tuman, baʼzan esa ziddiyatli fikr va qarashlar mavjud boʻlganini va bunday tortishuvlar hozirgacha davom etayotganini kuzatish qiyin emas... Ana shunday tushuncha va tasavvurlar asosida keyinchalik materializm va idealizm kabi taʼlimotlar maydonga chiqdi...
Ushbu masalaga chuqurroq va atroflicha nazar tashlaydigan boʻlsak, avvalo shuni aytish kerakki, bu koʻhna dunyo, biz yashayotgan hayot yagona, yaxlit bir voqelikdir. Shunday ekan, moddiy ehtiyojlarni insonning ruhiy olamiga qarama-qarshi qoʻyish, ularning birini ustun deb bilgan holda, tiriklikning asosiy maqsadi sifatida qabul qilish qandaydir biryoqlama qarash ifodasi, deb aytsak, xato boʻlmaydi (Karimov I. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2008. 47-48-betlar).
Shu kabi gʻoyalar axloqshunoslikda ezgulik va yovuzlik, estetikada goʻzallik va xunuklik, maʼnaviyatda donolik va nodonlik kategoriyalariga kengroq qarashni oʻrgatadi. Yaʼni, tizimli tafakkur mazkur juft kategoriyalar bir-birini inkor etuvchi emas, balki bir-birini toʻldiruvchi, taqozo etuvchi, birisiz ikkinchisi mavjud boʻlmasligi, ular yaxlitlikning qismlari ekanligini koʻrsatadi. Masalan, Sharqning buyuk mutafakkirlaridan biri Jaloliddin Rumiy “Agarda inson oʻta dono boʻlib, nodonlikdan butkul ozod boʻlsa edi, shu donolikning oʻzi uni vayron qilar edi. Demak, nodonlik abadiy, chunki u mavjudlikning davomiyligini taʼminlaydi. Donolik bilan nodonlik almashib turadi, nodonlik donolikka kun va tun bir-birini toʻldirgan kabi yordam beradi” (Modernizatsiya jarayonining falsafiy-metodologik tahlili. Masʼul muharrir M. Abdullaeva. Toshkent “Noshir”, 2010. 19-20-betlar), deya taʼkidlaydi.
Tizimli tafakkur, shuningdek, falsafaning fundamental masalalariga ham yangicha nazar bilan qarashimiz lozimligini uqtiradi. Jumladan, insonning mohiyatini anglashda baʼzi falsafiy taʼlimotlar aqlni (Dekart), irodani (Shopengauer), sezgilarni (J.Lokk) ustun qoʻyadi. Bunday yondashuvlar, fikrimizcha, fragmental, yaʼni analitik yondashuvdir. Zero, ular bilishda aql va sezgini bir-biridan ajratadi va faqat bittasigagina ustunlik beradi.
Bizningcha, hozirgi kunda xolizm (tizimli yondashuv) va elementarizm (fragmental yondashuv) usullarini birgalikda qoʻllash – zamonaviy gnoseologiyaning shakllangan tamoyilidir. Reduksionizm, mexanitsizm metodologik usullari fragmental tafakkurga xos. Sababi reduksionizm murakkablikdan oddiylikka oʻtishga asoslangan metodologik usuldir. Yaʼni murakkab yaxlitlikni bilish uchun u oddiy qismlarga ajratib oʻrganiladi. Bunday yondashuv klassik fanga xos edi.
Tizimli yondashuv asoslari:
– tizimning yaxlitligi;
– tizimda butun va qismning oʻzaro aloqasi;
– butunning qismga nisbatan birlamchiligi;
– tizim strukturasining ierarxikligi;
– tizim, uning strukturasi, elementlarining dinamikligi;
– tizim ehtimoliy holatlarining bir qiymatli emasligi, tashqi muhit bilan bogʻliqligi va oʻrganilayotgan tizimning xaotikligi (Лившиц В. Основы системного мышления и системного анализа. Москва, Институт экономики РАН, 2013. Стр.18).
Xulosa qilib aytganda, murakkab muammolarni yechishda, toʻgʻri yechim izlab topishda tizimli tafakkur samarali instrument boʻlib xizmat qiladi. Bunday tafakkur yuritishda har bir muammo tizimli xarakterga ega ekani eʼtirof etiladi va uni hal qilishda birgina emas, koʻplab muammolarni yechish talab etiladi. Tizimli muammolarni yechish ham tizimli tafakkurga bogʻliq. Zero, zamonaviy voqelikdagi koʻplab muammolar, inqirozlarning kelib chiqishi ham tizimli tafakkurdagi oqsoqlik bilan bogʻliqdir.
Marat NIYOZIMBETOV,
OʻzMU doktoranti,
falsafa fanlari nomzodi
“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son