Keyingi yillarda axborot makonida milliy manfaatni himoya qilish hayot-mamot masalasiga aylandi. Darhaqiqat, xalq taqdiriga oid axborotni uzatishda milliy manfaat yetakchi oʻringa chiqishi kerak; u “millat yoki mamlakat aholisining ijtimoiy ahvolini inʼikos etar ekan, milliy taraqqiyot kuchlarini harakatga undovchi muhim omil vazifasini bajaradi” (Falsafa: qomusiy lugʻat. Toshkent, “Sharq”, 2004. 268-bet).
Rossiya Federatsiyasining axborot xavfsizligi doktrinasida milliy manfaatni himoya qilish borasida axborot olish va undan foydalanish sohasida insonning konstitutsion huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, mamlakatning maʼnaviy taraqqiyotini taʼminlash, jamiyatning axloqiy qadriyatlarini mustahkamlash, insonparvarlik va vatanparvarlik anʼanalarini hamda mamlakatning madaniy va ilmiy salohiyatini yuksaltirish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilangan.
Bu borada axborot makoni muayyan hudud yoki sarhad bilan cheklanmasligi, har qanday koʻrinishdagi axborotning isteʼmolchiga yetib borishida chegara toʻsigʻi mavjud emasligini qayd etish joiz.
Axborot xavfsizligi sohasi globallashuv tufayli vujudga kelayotgan mafkuraviy tahdidlar sharoitida fuqarolar tafakkurida vatan taqdiri uchun masʼullikni shakllantirishga xizmat qilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori axborot makonida mamlakatimiz milliy manfaatini himoya qilish, fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-madaniy tafakkurini shakllantirish borasida asosiy manbalardan boʻlib xizmat qiladi.
Axborot sohasidagi milliy manfaat himoyasiga oid dunyo tajribasi asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
Taraqqiy etgan mamlakatlardagi axborot makoni va unda kechadigan jarayonlar davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bogʻliq. Ushbu mamlakatlarda davlat boshqaruvi organlari axborot makonidagi ustuvor mavqeni saqlab qolishda internet, mobil aloqa, tele va audiovizual tizimlardan hamda anʼanaviy bosma nashrlardan keng foydalanmoqda. Shu bilan birga, jamiyatda axborot xavfsizligining taʼminlangani jamiyat aʼzolari siyosiy bilimi darajasining ortishi hamda zararli gʻoyalarga qarshi immunitet shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat organlarining bu xil makondagi faoliyati axborot jarayonlarini tashkil etish, axborot oqimi ustidan nazorat, shuningdek, boshqaruvni yuritishga koʻmaklashuvchi axborot manbalarini yaratishni taqozo qiladi. Zero, har qanday zamonaviy ijtimoiy tuzumda davlat hokimiyati fuqarolik jamiyati bilan oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishga majbur. Axborotlashgan jamiyatda, ayniqsa, davlat organlari xalq bilan muloqotning samarali vositalarini yaratishi zarur.
Bugun axborot makoni ijtimoiy va individual ongni shakllantirayotir. Boshqacha aytganda, aynan axborot omili jamiyat rivojining asosiy kuchiga aylanmoqda. Doimiy kengayib borayotgan axborot makonida milliy institutlarning ustun mavqeni egallashga intilishi – davr talabi. Shuningdek, zamonaviy jamiyatda davlat boshqa subʼektlar va ishtirokchilar bilan yaqin hamkorlik qilishi va hokimiyatning ayrim funksiyalarini fuqarolik jamiyati institutlariga oʻtkazishi maqsadga muvofiq.
Global axborotlashuv sharoitida oʻzligimizni saqlab qolish uchun qadriyatlarimizga tayangan holda OAV orqali targʻibot va tashviqot ishlarini yanada yuksaltirish zarur. Bunda televidenie, radio, bosma nashrlar hamda internet kanallari orqali maxsus materiallarni yoritib borish tizimli yoʻlga qoʻyilishi lozim. Gʻarblashtirish jarayoni kechayotgan bugungi kunda milliy taraqqiyotimizning konseptual jihatlarini respublika OAV orqali yanada kengroq targʻib etmoq darkor.
Jahon sahnida mamlakatimiz obro‘-eʼtiborining oshishi birinchi navbatda milliy manfaatning taʼminlanganlik darajasi bilan oʻlchanib, bunday masʼuliyat, jumladan, axborot sohasi zimmasiga tushadi.
Umuman olganda, axborot sohasida milliy manfaat himoyasi millat kelajagi va davlatchilik taraqqiyoti uchun eng zaruriy omillardan biridir.
Amerikalik faylasuf Elvin Toffler “Uchinchi toʻlqin” asarida “Tez kunlarda tarix sahnasiga yangi hokimiyat koʻtariladi. Kuch, zoʻravonlik, boylik, pulga asoslangan boshqaruv intihosiga yetib, uning oʻrnini bilim va axborotga asoslangan hokimiyat egallaydi. Yangi hokimiyatda aql ustuvorlik qilib, u bilim, axborot va insonda shakllangan fundamental qadriyatlarni uygʻunlashtirishga xizmat qiladi ”, deb yozgan edi. Shiddatli davr olimning bashorati haq ekanini koʻrsatmoqda.
Habibullo RAJABOV,
siyosiy fanlar boʻyicha
falsafa doktori
“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son