Ozarboyjon shoiri Salomning shunday bir moʻjazgina sheʼri bor:

Bizga inqiloblar kerakmas, yetar!

Xalqni uygʻotish degani

unga uyqu bermaslik degani emas.

Darhaqiqat, xalq adabiyot va sanʼatning maʼrifati bilan, bilim va tafakkurning qudrati bilan uygʻonadi. Koʻpchigan bemaʼni baqir-chaqirlar, urho-sur, talotoʻplar, bir-birining ustiga magʻzava toʻkishlar bilan xalq emas, aksincha, olomon uygʻonadi. Eng murakkab, ogʻir yillarda Sherali Joʻrayevning qoʻshiqlari qalblarni uygʻotadigan, millatni uygʻotadigan  qoʻshiqlar boʻldi. Xoʻsh, bu qoʻshiqlar qanday paydo boʻlgan?

1960-yillardan soʻng oʻzbek sheʼriyatining yangi bir avlodi maydonga kirib keldi. Bu avlod oʻzining alangali sheʼrlari bilan millat qalbiga otash tashladi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlari oʻlik davrni dolgʻalantirib yubordi. Sheʼriyatdagi bu katta toʻlqin qoʻshiq sanʼatida ham yangi faslni boshlab berdi. Shu oʻrinda bir adibning “Jamiyatdagi oʻzgarishlar avval sheʼriyatda, soʻng musiqada, undan keyin romanda aks etadi” degan gapini eslab oʻtmak joiz. Baʼzan menga Sherali Joʻrayev shu hassos shoirlarning sheʼrlarini ijro qilib xalqqa yetkazish uchun dunyoga kelganday tuyuladi. Ha, tarixning xalqqa shunday siylovlari ham boʻladi. Uning “Oʻzbegim”, “Oʻzbekiston – vatanim manim” kabi qoʻshiqlari mustabidlar zulmidan bukilib qolgan millatning qaddini koʻtarib yuborgan edi, biz bunga guvoh boʻlganmiz. Erkin Vohidov va Abdulla Oripov sheʼrlari bilan aytilgan bu qoʻshiqlar oʻzbekka oʻzligini namoyon qilgan va asli kimligini eslatib qoʻygandi. Bu qoʻshiqlarni butun xalq joʻr boʻlib aytgan. “Oʻzbekiston” qasidasining naqoratidagi “Oʻzbekiston!” degan hayqiriq togʻlarni titratgan, “Oʻzbegim” qasidasidagi “oʻzbegim!” degan chaqiriq avlodlar tomiridagi daryoni  uygʻotgan, “Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol” degan chorlov paxta dalalaridagi qullarcha mehnatdan ezilib ketgan oʻzbek ayolining shaʼnini koʻtargan. Shuning uchun bu qoʻshiqlar xalq qalbining ovoziga aylandi. Agar dunyodagi ahli fikr bizdan “Har bir xalqning oʻz qoʻshigʻi boʻladi. Xoʻsh, sening xalqingning qanday qoʻshigʻi bor?” deb soʻrasa, hech ikkilanmasdan “Oʻzbegim” va “Oʻzbekiston – vatanim manim” deb javob bersak toʻgʻri boʻladi.

“Oʻzbegim” qoʻshigʻi ilk bor toʻyda, oshda aytilgan. Qoʻshiqning ilk bandlari ijro etilgan paytda mehmonlarga palov tashiyotgan xizmatchilar turgan joylarida qotib qolishgan. Oʻsha xizmatchilarni toʻxtatib, qayerda va qay yumush bilan turganini unuttirgan narsa nima edi? U oʻzlik edi! Oʻzini, oʻzligini sogʻingan kishilar yoʻqotgan narsasini topgan edilar.

Sherali Joʻrayev oʻzbekning bir necha avlodining birinchi raqamli qoʻshiqchisi boʻlib qoldi. Bu baxt hammaga ham muyassar boʻlmaydi. Baʼzida manaman degan sanʼatkorlar bitta avlod soʻroviga dosh berishi qiyin va buni ayni tezkor zamonda tabiiy hol deb qarash kerak. U oltmishinchi yillardan soʻng maydonga kirib keldi va umrining oxirigacha – 2023-yilning 4-sentabrigacha oʻz shohsupasidan tushmadi. Va hali ham uning bu choʻqqidagi oʻrni daxlsizdir. Bu oson emas! Bu mashaqqatli mehnat va tinimsiz ijod natijasidir.

Shu oʻrinda yana bir muhim jihatni taʼkidlashni istardim. Sherali Joʻrayev Jaloliddin Rumiy, Xoja Hofiz, Shayx Saʼdiy, Nizomiy, Navoiy, Bobur, Ogahiy kabi ulugʻlarimizning XX asrdagi xos hofizi boʻldi. Chunki asrlar mobaynida til va boshqa mezonlar oʻzgarishi jarayonida ularning anglanishi qiyinlashib qolganda Sherali aka aytgan gʻazallar hech qanday vositachilarsiz xalqning qalbidan joy oldi. Buning uchun na sharh, na lugʻat shart boʻldi. Xalq mahorat va muhabbat bilan aytilgan bu gʻazallar zimniga yashiringan oʻz ruhini tez tanib oldi. Bu alohida eʼtirof etilishi kerak boʻlgan xizmat. Chunki millatni Navoiyga yaqinlashtirish oʻz ildiziga yaqinlashtirish bilan barobar. Deylik, Alisher Navoiyning “Surai vash shams” gʻazali oʻta murakkab, oʻta ogʻir gʻazal, hatto uni shoirlar va adabiyotshunoslarning oʻzlari ham tushunishga qiynalib qoladi. Sherali Joʻrayev shu gʻazalni ijro qildi va uning ruhini millionlab qalblarga singdirdi. Sheʼrda shunday sir bor, ruhi singdimi, bas, qachondir anglanadi. Togʻda yurgan choʻpon ham, daladagi dehqon ham, kitoblar ichida yashayotgan akademik ham Navoiyning bu qudratli gʻazalini jon qulogʻi bilan tingladi, mohiyati sari qadam qoʻydi. Mirzo Boburning “Bahor ayyomi”, Ogahiyning “Koʻrmisham”, Hofizning “Ayo soqiy”, Saʼdiyning “Ey sarbon”, Rumiyning “Bilmassan” gʻazallari ham shunday qabul qilindi.

Forobiyning “Musiqa insonni tubanlik va razolat botqogʻidan qutqarib, ruhan balandga koʻtaradi” degan maʼnodagi yaxshi gapi bor. Sherali Joʻrayev qoʻshiqlarida ham shu mezon yetakchilik qiladi. Lekin XXI asr musiqasining aksar hollarda yoʻrigʻi boshqa boʻlayapti. Bu haqda rus adibi Valentin Rasputinning oʻsha mashhur gapini yana qayta keltirib oʻtishning oʻzi kifoya. U shunday degan: “Agar Pushkin enagasi Arina Rodionovnaning qoʻshiqlarini emas-da, hozirgi zamon estradasi qoʻshiqlarini tinglab ulgʻayganda edi, undan Pushkin emas, aksincha, Pushkinning qotili boʻlgan Dantes yetishib chiqqan boʻlardi”. Shuning uchun qoʻshiq va musiqaning saviyasi va tozaligi milliy did va milliy tafakkur taqdiri bilan bogʻliq ekanligini unutmasligimiz kerak.

Sanʼatkor uchun soʻzni his qilish va soʻzga his berish juda muhim daraja sanaladi. Sherali Joʻrayevda buning ikkisi ham risoladagiday butun edi. U soʻzni his etgani uchun shunday oʻlmas qoʻshiqlar yaratdi, yoʻqsa, chalajon nagʻmalar ichida qolib ketardi. U soʻzga shoirday his bera olgani uchun xalq qalbiga yoʻl topdi, yoʻqsa, allaqanday koʻlmak toʻdalar qoʻshiqchisi boʻlib qolardi. U soʻzga his bera olgani uchun baʼzan mundayroq sheʼrga ham jon kiritib yubora olardi, baland sheʼrlarni yanada balandga koʻtarib yuborardi.  Uning qoʻshiqlarida soʻz va ohang birlashadi.

Koʻp yillar burun “Yaxshidur achchiq haqiqat” qoʻshigʻining ilk marta  radio studiyasida yozilishiga guvoh boʻlganman. Soatlab Sherali Joʻrayevning ishlash jarayonini kuzatganman. U har bir soʻz, har bir tovush ustida erinmay ishlardi. Musiqadagi bitta ortiqcha nafasga ham toqat qilolmasdi. Yonidagi mutaxassislar “Sherali aka, endi boʻldi, maromiga yetdi” deganlarida ham u “Yoʻq, hali bor...” derdi. Bitta shu qoʻshiqni yozish bir haftada ham oxiriga yetmagan. Men keyinroq sahnada Bahodir Yoʻldoshevning qanday jon kuydirib ishlashini kuzatib, bu ikki sanʼatkordagi ijodiy jarayonning oʻxshashligini sezganman.

Sherali Joʻrayevni mustaqillik kuychisi edi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Aslida “Oʻzbegim” va “Oʻzbekiston – vatanim manim” qoʻshiqlari mohiyatan mustaqillikni, ozodlikni ulugʻlagan qoʻshiqlar boʻlgan. Sherali aka bu qoʻshiqlarni kuylab turganda, oʻsha vaqtlardagi mashhur bir xonandamizning “SSSR” degan qoʻshiq aytib televizorda chiqqani hali ham esimizda. Qoʻshiq naqoratida “SSSR” soʻzi buzilgan plastinkaday oʻn martalab qaytarilardi. Bizning hofizimiz unday qoʻshiqlarni aytmadi, oʻzbekni, vatanni ulugʻlaydigan qoʻshiqlar aytdi. 1991-yil 2-sentabrda Surxondaryoda boʻlayotgan bir toʻyda Sherali Joʻrayev “Azizlar! Biz mustaqil boʻldik. SSSR degan ablah narsadan qutuldik” deb hayqirganida butun el gurillagani va bu daʼvatdan kimlardir qoʻrqib, “Nimalar deyapti bu?!” deb vahimaga tushib qolganiga oʻzim guvohman.

Bu maqola bahona koʻnglimdagi yana bir gapni aytay: biz undan qarzdormiz. Shu maʼnodaki, eng farahli kunlarimiz ham, eng tashvishli kunlarimiz ham uning qoʻshiqlari bilan oʻtgan. Shu maʼnodaki, uning qoʻshiqlari tuygʻularimizga, fikrimizga, didimizga katta taʼsir qilgan, haqiqiy soʻz va musiqa neʼmatidan bahramand etgan. Biz Sherali Joʻrayev qoʻshiqlariga suyanib yashadik. Ulug‘ shoirlarimizning sheʼrlarini anglash va his etishda u har birimizga muallimlik qilgan. U mumtoz sanʼatimizni, xalqimizning buyuk ustoz hofizlari merosini yangi bir ruhda bizga taqdim etgan.

Yaxshi koʻrgan odaming haqida gapirish qiyin. Chunki koʻnglingda aytar gaplaring koʻp boʻladi. Qay birini aytishni bilmay qolasan. Sherali aka haqida gapirish ham men uchun shunday. Bundan koʻp yillar avval Sherali aka haqida bir sheʼr yozgan edim. Bu sheʼrning beshta bandi 2002-yilda “Hamal ayvoni” kitobimda “Sherali Joʻrayevga bagʻishlanadi” deb chiqishi kerak edi. Afsuski, oʻsha vaqtlarda buning iloji boʻlmadi. Zamon senzurasi bunga yoʻl bermadi. Sheʼrning oʻzi chiqishga chiqdi-yu, lekin hofizimizning nomi yulib tashlandi. Gap bunda emas. Gap shundaki, besh banddan iborat sheʼrim menda doim tugallanmaganday taassurot qoldirar edi. Buyuk hofizimiz Sherali akam vafot etgan oʻsha soatlarda sheʼrning keyingi ikki bandi yozildi. Sheʼr qiziq hodisa. Qachon boshlanib qachon tugallanishini uning oʻzi hal qiladi.

Xullas, bu sheʼrning oxirgi ikki bandi Sherali Joʻrayev vafoti kuni yozildi. Boshidagi besh band esa bundan yigirma ikki yil oldin yozilgan.

Mugʻanniy

(Sherali Joʻrayevga bagʻishlanadi)

Mugʻanniy, dardim dudidan

Dutoring duto boʻldi.

Ashki selobim ichib,

Sanavbar sato boʻldi.

Gʻayri Haq suhbatida

Ruhimni halok aylab,

Mazallat gʻurbatida

Ot surmak xato boʻldi.

Gʻaflat uyida mastmen,

Ammo noumid emas,

Qoʻl choʻzsa piri dastgir,

Kofir ham kimyo boʻldi.

Gʻavgʻoi gʻamdin ne gʻam,

Ne gʻam bu malomatdin.

Yaxshim ham, yamonim ham

Atoyi xudo boʻldi.

Dayr aro kuylab oʻtdim,

Hech holim bilolmaslar,

Kuyim – intiho boʻldi,

Koʻyim – ibtido boʻldi.

Men haqqa ketar boʻldim,

Alvido, doʻstu agʻyor,

Soʻzim bebaho boʻldi,

Dunyo bevafo boʻldi.

Ey millat, Abdulla-yu

Erkindan soʻng Sheraling

Yer ostida oqajak

Yana bir daryo boʻldi.

Eshqobil SHUKUR

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!