Kirill yozuvida biz “ғ”, “г” kabi tovushlar bilan tugagan soʻzlarga kelishik yo boshqa qoʻshimchalarni qoʻshganda, misol uchun: “тоғ+га” emas “тоққа”, “боғ-га” emas “боққа”, “туғ+ган” emas “туққан”, “тег-ган” emas “теккан”, “қўрқ-ган” emas “қўрққан” va hokazo deb yozganmiz, lotin yozuvida esa bunday yozish xato hisoblanarkan, yaʼni lotin yozuvida “toqqa” emas, “togʻga”, “yoqqan” emas, “yogʻgan”, “oqqan” emas, “oqgan” (oqmoq) yoki “ogʻgan” (ogʻmoq), ”tuqqan” emas “tugʻgan” deb yozish shart ekan.
Nima uchun? Kimdan chiqqan bu tashabbus? Turk tillarining goʻzalligi singarmonizmda, yaʼni soʻzlardagi unli, baʼzan undosh tovushlar uygʻunligida emasmi? Yaqin oʻtmishda oʻzbek tili singarmonizmdan obdon mahrum etildi. Lekin uni shevalarda, soʻzlashuv tilida hozir ham qisman qoʻllaymiz. Gapirganda biz hech qachon: “qor yogʻGAN edi, sigirimiz tugʻGAN edi” demaymiz, balki: “qor yoqqan, sigirimiz tuqqan...” deymiz. Yoki kirill yozuvida “suv oqqan”, “boshim oqqan tomon” deb yozganmiz. Ilgari kelishik, sifatdosh yasovchi va boshqa qoʻshimchalarning variantlari, misol uchun: -da (-ta), -dan (-tan, -din, -tin), -ga (-ka, -qa, -gʻa), -gan (-kan, -qan, -gʻan, -gʻon), -di (-ti) va hokazo shakllarda yozuvda toʻliq ifodalangan va bu nutqda ajoyib uygʻunlik, tabiiylik, musiqaviylik hosil qilgan.
Nazarimda endi, lotin yozuviga oʻtarkanmiz, tilimiz bu fazilatdan butunlay mahrum etilayotganday. Axir yozuv kirilldan lotinga oʻtsa, buning grammatikaga nima aloqasi bor? Yozuv oʻzgarsa, nima uchun grammatik qoidalar ham oʻzgarishi kerak? Menimcha, eng yomoni maktablarda bugun imlo shunday oʻqitilmoqda. Agar oʻquvchi “oqqan” deb yozsa, oʻqituvchi uni “oqgan” deb tuzatishga majbur va hokazo. Keyingi avlodlar buni nutqqa ham koʻchirib, aytaylik, “nutqQA” emas, qiynalib boʻlsa ham “nutqGA” deb talaffuz qilishga harakat qilishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda baʼzan oʻzbek tili qardosh turkiy tillar bilan oʻzaro solishtirilgan videolarni koʻrib qolaman va ularda qardoshlarimiz oʻz tillarida soʻzlarni erkin talaffuz qilayotganday, oʻzbekcha talaffuz esa biroz sunʼiyroqday tuyuladi menga. Yaʼni shu kabi “tashabbuslar” oqibatida tilimizni tabiiy soʻzlashuv tilidan uzoqlashtirib, sunʼiylashtirib yubormayapmizmi?
Abduvohid HAYIT