XX asr adabiyotida oʻzlarining ulkan izlarini qoldirgan, hatto maktab yaratgan “Absurd teatri” sahna tomoshasini “koʻz tomoshasi”dan “tafakkur va idrok tomoshasi”ga olib chiqqan oqim sanaladi. Ularning dramalari faqat dramaturgiya uchun emas, umuman, falsafa, psixologiya, sotsiologiya uchun ham muhim bir yuksalish davrini oʻzida aks ettiradi, inchunin bu adiblarning jahon adabiyotida oʻziga xos voqea boʻlgan mazkur pyesalari bugun milliy kitobxonligimiz (tomoshabinligimiz) uchun faqat shu janr emas, balki nasr va nazmga, adabiy jarayon, jurnalistika va sotsilogiyaga katta turtki berishiga ishonaman. Albatta, bu kitoblar oʻqilsa, oʻzbek tafakkuriga singsa, tahlil qilinsa. Milliy tafakkurning yangi qopqalari ochilishiga taʼsir qiladigan har qanday asar, fikr milliylashishi shart. Shunda milliy tafakkur bashariy tafakkurning maromiga moslashadi.
XX asr badiiy tafakkurida keskin burilish yasagan, yangi oqim sifatida butun dunyoda shov-shuv qoʻzgʻagan “absurd teatri” oʻz davrining, umuman, drama janrining yangi bosqichi, yangi pogʻonasi edi: teatr ifoda uslubiga yangi yoʻnalish olib kirishgani va sahna haqidagi mavjud qarashlarni dovdiratib qoʻygani bilan ahamiyatli. Bu esa tomosha sahnasiga nisbatan yangi munosabat davri boshlanganini bildiradi.
Natija va mulohazalar
Yangi bosqichning asoschilari safida Bekket nomi birinchilardan qayd etiladi. Bekket tomoshabinning hislariga emas, zakovatiga murojaat etadi va oʻquvchining idrok sahnasi, har bir oʻquvchi oʻzining dunyoqarashi, didi, saviyasidan kelib chiqadigan tasavvur sahnasini yaratadi. Tasavvur qilishga zakovati yetmaganlar uchun Bekket asarlari shunchaki choʻpchak boʻlib qoladi. Nomini butun dunyoga mashhur qilgan “Merfi”, “Molloy”, “Malonning oʻlimi”, “Ismsiz” kabi romanlari, “Teatr I”, “Teatr II”, “Falokat”, “Elefteriya”, “Oʻyin”, “Oʻyinning oxiri” pyesalarida (jami 11 ta roman, 20 ta dramatik asarlarida) Bekket insonning mavhumlik bilan yuzma-yuz turgan holatdagi ruhoniyatini tahlil qildi. Xuddi Kafka asarlari kabi bu pyesalarda ham inson umrini beadad sarobga, mavhumotga, oʻzligidan, oʻz qiyofasidan, insoniy xislatlaridan yotlashtirishga xizmat etuvchi, uni mute va qul qiluvchi jamiyat bilan qarama-qarshi turgan inson fojiasi qalamga olinadi. XX asr odami maʼnaviy qadriyatlar xarobasi ustida oʻtiribdi, unda oʻz hurligiga intilishdan koʻra qullikka, mutelikka moyillik kuchli. U oʻtmishdan ayro qilingan, kelajakka ishonmaydi. Bekket bu holni shunday ifodalaydi: kelajak zulmat ichida, oʻtmish esa olisda. Shu sababli ham uning asarlarida zulmat, olislik, yotlashuv ramzlari qayta-qayta boʻy koʻrsatadi.
Bekket nomini dunyoga tanitgan “Godoni kutishyapti” asari shu maʼnoda adib ijodida markaziy oʻrinda turadi. Umuman, bu asar dramaturgiyaninggina emas, XX asr dunyo adabiyotining oʻziga xos nayob hodisasi sanaladi. Alan Shneyder birinchi marta AQShda asarni sahnalashtirganda adibning oʻzidan “Godo kim oʻzi?! Siz Godo orqali nimani nazarda tutayapsiz?!” deb soʻraganida Bekket “Agar Godoning kimligini bilganimda pyesani yozib oʻtirmasdim” degan ekan. Ehtimol, yozuvchi bu yerda biroz adabiy oliftachilik qilgandir? Lekin oliftachilik qilish Bekket tabiatiga xos emasdi. Nima boʻlganda ham bir narsa ayonki, Godoning sirli boʻlib qolishining, yaʼni uning kimligi haqida adib hech qanday xulosa qoldirmaganining oʻziyoq asar haqida har kim oʻzining saviyasidan kelib chiqib xulosa qilish va sharhlash imkonini yaratdi. Asarda hech qanday voqea yoʻq, Estragon va Vladimir katta yoʻl yoqasida, qurigan daraxt ostida Godoni kutib oʻtirishadi, soʻng ularga yana ikki kishi – Posso va Lakki qoʻshiladi. Godoning kimligi ham nomaʼlum. Uning kimligini yoki nimaligini hech kim bilmaydi. Biroq asar qahramonlari “Hozir Godo keladi” deb kutib turishaveradi. Godo sahna oxirigacha nomaʼlum boʻlib qoladi, u kelmaydi, Estragon va Vladimir yana ertaga Godoni kutish uchun shu yerda uchrashishga kelishib, xayrlashadi. Boshqacha aytganda, inson hayotining bir bosqichi yakun topadi, lekin shu bosqich ertaga ham davom etishiga ishora qilinadi, demak, Estragon va Vladimirlar bir umr Godoni kutib yashashga mahkum etilgan. Bu mahkumlikni fojea sifatida baholash mumkinmi? Mumkin, lekin bu xil sharhlash ham bir tomonlama boʻlib qoladi.
“Godoning kutishayapti” – xaos, boʻshliq bilan yuzma-yuz turgan odamlar haqida. Ana shu boʻshliqda kimdir umid bilan Godoni kutib yashaydi, kimdir esa uni kutishga ham holi yoʻq, ularda kutishga ehtiyojning oʻzi yoʻq.