Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Tohir SAIDOV bilan suhbat

U dunyoga hamisha yumor koʻzi bilan qarayotgandek tuyulsa-da, aslida oʻta jiddiy istehzo va kinoya bilan boqadi. Aktyorlar borki, mashhur bir rolni oʻynab, uning taʼsiridan chiqolmay yursa, Tohir Saidov avvalgi har qanday rolini sindirish uchun eng koʻp ter toʻkkan, eng koʻp izlangan aktyordir. Zero, sanʼatga yoʻqsil gado roli orqali kirib kelib, bora-bora erkatoy shahzoda Hamletgacha koʻtarila olgan aktyor ham Tohir Saidovdir.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Tohir Saidov sanʼat uchun qanchalik sirli boʻlsa, omma uchun ham ochilmagan bir qoʻriq...

“Men hech qaysi rolni orzu qilmaganman”

Bir necha yil avval “Madaniyat va maʼrifat” telekanalida yangi loyiha yoʻlga qoʻyiladigan boʻldi. Teatr dargʻalari haqida turkum koʻrsatuvlar tayyorlaydigan boʻldik. Boshlovchi sifatida Tohir Saidovga murojaat etdim. “Juda katta savob ishga bosh qoʻshayapsizlar, albatta yordam beraman” dedi. Tushundimki, azbaroyi teatr sanʼatiga, oʻtgan ustozlarga hurmati yuzasidan hatto koʻrsatuvdagi chiqishlari uchun haq ham olmadi. Men esa shu bahona aktyorning kechinmalarini qogʻozga tushira boshlayman:

“Ijodimdan yetarlicha qoniqaman. Baʼzi hamkasblarimga oʻxshab Navoiy yo Beruniydek yirik siymolar rolini kutmaganman... Balki shunga bu rollar menga nasib etmagandir... Obid Yunusov koʻp yillar burun Ibn Sinoning yoshligini ijro etgan. Qachonlardir dilimda mana shu rolga havas boʻlgan. Afsuski, nasib etmadi. Dunyo tibbiyotining otasi boʻlgan Ibn Sinoning keksaligini ijro etishga ham endi kech.

Koʻpchilik “Parvona”dagi Oʻtkuriy roli senga mos tushadi deydi. Balki shundaydir. Oʻtkuriyni Obid akam oʻzi bilan birga olib ketdi. Yana bir Oʻtkuriyni yaratish uchun bir-ikki avlod almashishi kerak. Yaʼni Obid akamning Oʻtkuriysini koʻrmagan yangi avlod tugʻilishi lozim. Ana shunda “Oltin devor”niyam, “Parvona”niyam qayta sahnalashtirsa boʻladi. Toshbolta oshiq rolini Soyib Xoʻjayev maromiga yetkazib ijro etgan. Ozgina vaqtdan soʻng rahmatli Husan Sharipov Muqimiy teatrida Toshbolta oshiqni oʻynadi. Rol yomon ijro etildi deyolmayman, lekin xalq Husan Sharipovni qabul qilolmadi. Shuning uchun ham men Oʻtkuriyni ijro etishga qoʻrqaman.

Lekin hamon yuragimda bitta spektakl bor. “Jonimni ol, jonginam” asarini bilasiz. Juda qiziqarli mavzu. Uch kishi ijro etadi. Bir paytlar teatrimizda Nabi Rahimov, Yayra Abdullayeva va Erkli Malikboyeva oʻynagan. “Jonimni ol, jonginam” asari qayta sahnalashtirilsa, jon deb oʻynardim”.

“Shartlilik ham evida boʻlsin-da”

Negadir soʻnggi paytlar milliy teatrda sanʼat dardi, qaygʻusi bilan yashaydiganlar kamyob boʻlib ketdi deb oʻylab qolaman. Chunki oʻn yildan beri teatr sanʼati haqida koʻrsatuvlar tayyorlab yurib, yaxshi spektakl qoʻyishni emas, unvon va shon ortidan yugurayotgan qiyofalarga koʻp duch keldim. Lekin hali teatr qaygʻusidan, sanʼat dardidan kechmagan yana bir ijodkor borligini, Tohir Saidov oʻrni kelsa oʻziga va atrofdagilarga nisbatan talabchanligini va qatʼiy iroda koʻrsata olishini keyinroq tushundim:

“Ming urinmang sahnadagi yolgʻon ijro darrov sezilib qoladi. Teatr – yolgʻonga qurilgan sanʼat emas... Sahnada shartlilik degan tushuncha bor, lekin u ham meʼyorida boʻlgani yaxshi... Ellik yil avval teatrlarimizda Julyettani ellik yoshli aktrisalar ham ijro etavergan. Endi zamon koʻtarmaydi. “Oʻtkan kunlar” filmidagi Otabek rolini Oʻlmas Alixoʻjayev qirqqa yaqinlashganida oʻynagan. Yoki hindlarning “Sangam” filmini ham bir eslang:  Gupal, Radxa, Sundar. Bu uchchala aktyor ham kamida ellikka kirib ilk muhabbat yoshidagi qahramonlarni gavdalantirgan. Lekin hech kim ayblamagan.

Tarixdan bilasiz, Navoiy va Boyqaro tengdosh boʻlgan. Bitta maktabda tahsil olishgan. Oʻrtoq boʻlishgan. Lekin bizning teatrimizda ota-bola Moʻminovlar – biri Boyqaroni, ikkinchisi Navoiyni ijro etadi.  Tesha aka Tolibga qarab “doʻstim, doʻstim” deb murojaat etadi. Endi shunday spektakl qoʻyib tomoshabinni ishontira olasizmi? Yoʻq, aslo. Salla kiyib, soqol qoʻygani bilan tomoshabinga ota-bola boʻlib koʻrinaveradi. Otning qashqasidek maʼlum-ku... Tomoshabin qanday qilib ishonsin bu Navoiy yoki Boyqaro ekaniga...

“Mirzo Ulugʻbek” spektaklini-ku aytmay qoʻya qolay! Maqsud Shayxzoda pyesada Ulugʻbekni ellik olti yoshda deya yozib qoʻyibdi. Erkin Komilov yetmish besh yoshda boʻlsa, onasini esa yetmishga ham kirmagan Muqaddas Xoliqova ijro etsa, Erkin aka “onajooon” deya oʻzidan kichik ayolga murojaat qilsa... Qanaqa shartlilik bu?.. Mayli, bunga ham chidash mumkindir. Oʻsha spektaklda Ulugʻbekning oltmish yetti yoshli dehqon Ota Murod bilan uchrashadigan sahnasi bor. Teatrimizda ancha yillar avval sahnalashtirilgan variantida bu cholni toʻqson yoshli Saʼdixon Tabibullayev oʻynagan edi. Endi esa oʻttiz yoshli bolaga berib qoʻyishibdi. Bunday shartlilikni qabul qila olasizmi? Yoʻq. Choʻlpon unaqa boʻlgan, Ulugʻbek bunaqa edi, Gavharshodbegim esa shunaqa edi deb koʻzboʻyamachilik qilaversak, tomoshabinni yolgʻonga ishonishga majburlasak, sanʼatning fojiasi shu emasmi? Axir teatr yolgʻon sanʼat emas-ku?”.

Hamlet

Hozirgi zamonda Hamletlar yoʻqmi? Ular boshqa tugʻilmaydimi? Bu gʻaddor dunyoda xoʻrlikka, haqoratga, adolatsizlikka, loʻttibozlikka, fitnalarga qarshi kurasha oladigan Hamletlar qani? Shekspirning bu shoh asari milliy teatrda sahnalashtirilgan paytda turli fikr va mulohazalar quloqqa chalina boshladi. Koʻpchilik Hamlet juda yaxshi ijro etildi deyishsa, baʼzilar hozirgi zamon tomoshabiniga boʻlaveradi deya bepisand gapirishdi. Toʻgʻri, Shekspirning bu asari har bir davr uchun oʻz soʻzini aytib kelgan. Saroyda fikr aytish hissi boʻgʻilgan, isyonkorlikka toqatsizlik kechayotgan paytda tomoshabin Tohir Saidov ijrosida davr ehtiyojlariga mos qahramonni topdi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Behzod Muhammadkarimov “Men Amerikaga ketib Hamletni oʻynash baxtini boy berib qoʻydim” deya armonini izhor etgan edi. Chunki “Hamlet” spektakli teatrning tojidir. Bu spektaklga qiziqayotganimni bilib aktyorning oʻzi soʻz boshlaydi:

“Ha, agar Behzod Oʻzbekistonda boʻlganida, balki men Hamletni yanayam yaxshiroq ijro etgan boʻlardim. Chunki yoningizda kuchli raqib tursa, oʻz iqtidoringizni toʻliqroq namoyon etishga majbur boʻlasiz, undan zoʻrligingizni isbotlashga intilasiz. Mening yonimda esa oʻsha paytda kuchli raqib yoʻq edi. Masalan, yuz metrga bir oʻzingiz yugursangiz qanaqa-yu, raqib bilan musobaqa qilsangiz qanaqa? Farqi bor-ku! Shuning uchun mening yonimda Hamletni yanada yaxshiroq oʻynashga Behzod yetishmadi.

Rahmatli Hojiakbar Nurmatov ijromni koʻrib, “Bu Hamletmas, shunchaki baqiroq bir odam, tinmay ovozga zoʻr berayapti” deb oʻrinli tanqid qilgan. Bu fikr toʻgʻri. Chunki teatrimiz akustikasi juda yomon. Ustozlarimiz aytishardi, “eng oxirgi qatorda oʻtirgan tomoshabin ham puliga chipta sotib olgan, ovozing u yoqqa yetib bormasa, bu pul sen uchun halol emas”. Afsuski, bu sahnada ijro etilgan Otello ham, qirol Lir ham, Ibn Sino ham shu sababdan baqiroq boʻlib qolaveradi...”.

Bir-birimizdan oʻrganamiz

“Agar mendan kinoaktyorlik nima deb soʻrashsa, “bu – koʻzlar jangidir” deb javob bergan boʻlardim”, deydi Tohir Saidov. Shu kunlarda “Mendirman Jaloliddin” seriali haqida turli fikrlar quloqqa chalinayapti. Kimdir serialning oʻz vaqtida tasvirga olinganini uqtirmoqchi boʻlsa, birov film sifatida juda joʻn ishlanganini aytadi. Jaloliddin roliga turk aktyori taklif etilgani yaxshi albatta, lekin professional sanʼat vakillari koʻzi bilan qaraganda, turk aktyori Emre Qiviljim ijrosi Jaloliddindan ancha uzoqligi sezilib qolmoqda. Javohir Zokirov, Rayhon Ulasinova,  Raʼno Shodieva, Yulduz Rajabova kabi aktyorlarmiz ijrosi turk aktyorlarinikidan ancha taʼsirchanroq. Buning sababi nima? Negadir menga dunyo miqyosidagi turk aktyorlari berilgan rollarini qoʻl uchida oʻynayotgandek tuyuldi. Men esa ushbu serialda Nizomulmulk rolini ijro etgan Tohir Saidovni savolga tuta boshlayman:

“Sanʼatda ikkita yoʻnalish mavjud. Koʻrgazma sanʼati va kechinma sanʼati deyiladi. Biz koʻproq kechinma sanʼatiga urgʻu beramiz, chunki Stanislavskiy usulini bizga shunday oʻrgatishgan. Turk ijodkorlari esa koʻproq koʻrgazma sanʼati texnikasini oʻzlashtirgan. Oradagi farq shunda.

Biz hissiyot va qalb bilan ijro etamiz. Turk aktyorlari esa namoyish etish sanʼatini ifolalashga harakat qilishadi. Tasvirga olish jarayonlari paytida bir necha oy Turkiya mehmonxonalarida yashadik. Kechki payt ish tugagandan soʻng turk hamkasblarimiz koʻpincha xonamizga shirinlik va sovgʻa-salom olib kelib, “sizlar qanday qilib yigʻla deganda yigʻlab, kul deganda birdaniga kulishni koʻrsatib berayapsizlar? Texnikasi qanday, sirini tushuntiring” deb kelishardi. Bu Stanislavskiy sistemasining alifbosi ekanini, institutda shunday oʻqitilishini aytardik. Bu haqida soatlab suhbat qurgan kunlarimiz boʻldi. Masalan, kamera yonida rejissordan “yigʻla” degan buyruq kelganida hayotingdagi eng ogʻir damni eslaysan, yaqinlaringdan ajralgan kun boʻlishi mumkin... Shunda bu dam u holatdagi iztirobingni yodga soladi. Yoki hayotingdagi eng quvonchli voqeani eslaysan. Oʻz-oʻzidan yuzingda xursandchilik paydo boʻladi. Demak, yigʻi ham, kulgi ham oʻz-oʻzidan quyulib kelaveradi. Nega turkning ijrosida koʻzlar jangi yoʻq deyapsiz. Shunchaki oʻzini namoyish etish boshqa, ogʻriqni oltmish ming tomiringdan oʻtkazib olib, soʻng ijro etish boshqa... Shuning uchun ham men turk aktyorlarini modellarga oʻxshataman. Qaddi-qomati kelishgan, yurishi badastir, chiroyli kiyimlar kiyib, xirom aylashni joyiga qoʻyishadi, lekin koʻzida oʻsha voqealarga tegishli boʻlgan nur, munosabat sezilmasa, bu ekranda aniq koʻrinib qoladi.

Aktrisa Rayhon Ulasinova bir intervyusida turk aktyori Emre Qiviljim haqida gapirib, “Ana endi serialning ikkinchi boʻlimiga kelib, oʻzbekka oʻxshab oʻynay boshladi” degandi. Bu toʻgʻri fikr, balki ular bizdan, biz esa ulardan oʻrgangan jihatlarimiz taʼsir etgandir.

Bu serial haqida turli fikrlar aytilayotgan boʻlsa ham turkiy dunyo uchun juda muvaffaqiyatli loyiha boʻlganini vaqtlar oʻtib anglarmiz balki...”

* * *

Koʻpincha sanʼatkorga boʻlayotgan jarayonlarga munosabat bildirib borish uchun koʻp narsa xalaqit beradi. Qoʻrquv, iymanish, loqaydlik yoki tanish-bilishchilik... Shu sabab ham sanʼat ichida dardimiz, armonimiz koʻp... Lekin hech narsaga qaramay oʻz fikrini dadil ayta oladigan aktyorlar borligi oz boʻlsa-da koʻngilga taskin beradi... Tohir Saidov ana shunday kuyunchak aktyordir...

Shohsanam Xidirova yozib oldi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023 yil 2-son.

“Teatr – yolgʻon sanʼatmi?” suhbati