Akademik Yevgeniy Bertels “Dunyoda beshta – fransuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchiligi maktablari bor edi. Endi oltinchisini, yaʼni oʻzbek romanchiligi maktabini Abdulla Qodiriy yaratib berdi” deya yuksak eʼtirof etdi. Mashhur qozoq adibi Muxor Avezov “Qodiriy romanlari goʻyo tekis sahroda toʻsatdan Pomir togʻlari vujudga kelganday paydo boʻldi” deydi. Atoqli turkman adibi Xidir Deryayev Abdulla Qodiriyni oʻzining buyuk ustozi deb sanadi. Abdulhamid Choʻlpon “Oʻzbek onasi yaqin oʻrtada ikkinchi Abdulla Qodiriyni tugʻmasa kerak...” dedi. Bu taʼriflar dengizdan bir tomchi, xolos.
Tan olish kerakki, oradan yuz yil oʻtyaptiki, “Oʻtkan kunlar” yozilganida qanday shuhrat qozongan boʻlsa, hamon qoʻldan qoʻyilgani yoʻq. Zero, yozuvchining oʻzi taʼkidlaganidek, “Yozganing agar oʻzingni yigʻlatmasa-kuldirmasa, oʻzgani hech yigʻlatmas-kuldirmas...” Roman yaratilganidan buyon oʻzbek adabiyotida necha avlod shakllangan boʻlsa, barchasining tanglayi Abdulla Qodiriy asarlari bilan koʻtarilgan. Qodiriyshunos Umarali Normatovning yozishicha, tojikistonlik bir kishi “Oʻtkan kunlar” romanini soʻzma-soʻz yod olgan ekan. U haqida “Guliston” jurnalida maqola ham eʼlon qilingan. Yozuvchi Oʻtkir Hoshimov ham “Oʻtkan kunlar”dan butun bir sahifalarni yoddan aytib beradigan bir sportchi yigitni bilishini yozib qoldirgan...
Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi haqida koʻplab tadqiqotlar yaratilgan va yuzlab kitoblar nashr etilgan, minglab ilmiy-ommabop maqolalar eʼlon qilingan, turli rakurslardan oʻrganilgan. Ammo bugun biz eʼtibor qaratayotgan shaxs adibning oʻgʻli – Habibulla Qodiriydir.
Habibulla Qodiriy
Abdulla Qodiriy (1894–1938) bilan Rahbarbonu Rasulmuhammad qizi (1895–1943) besh nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Ular: Nazifa (1916–1987), Habibulla (1918–1988), Adiba (1924–2011), Masʼud (1926–1967) va Anisa (1928–2012). Farzandlar orasida Habibulla nafaqat tashqi qiyofa, ichki olami, ijodi, hatto taqdiri bilan ham otasiga munosib izdosh hisoblanadi. U 1936-yilda oʻrta maktabni bitirgach, Toshkent davlat meditsina instituti qoshidagi meditsina ishchilar fakultetiga oʻqishga kiradi. Ammo oradan bir yil oʻtib, sogʻligi yomonlashgani tufayli taʼtilga chiqadi va 1943-yilda yana oʻqishga qaytadi. Otasi sababli 1945–1955-yillarda tutqunlikni boshdan kechiradi. Aybsizligi isbotlangach, 1956-yildan oʻqishini qayta tiklaydi va 1962-yilda oʻqishni tugatib, shifokorlik diplomini oladi. Dastlab, uch yil Glier nomidagi musiqa maktabida shifokor, 1965–1985-yillarda esa 10-shahar kasalxonasida mehnat qiladi. 1958-yildan uning ijodiy faoliyati boshlangan.
Biz Habibulla Qodiriyni asosan “Otam haqida” nomli xotira kitobi orqali bilamiz. 1974-yilda yozilgan mazkur kitob Abdulla Qodiriyning ajdodlari, xususan, otasi Qodirmuhammad (sarkor) hayoti, uning faoliyati, Abdulla Qodiriyning tavalludidan to 1926-yilda “Yigʻindi gaplar” maqolasi sabab ilk bor qamoqqa olinishi, oqlanishi, “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romonlari, “Obid ketmon” qissasi yaratilishi tarixi, obrazlarning paydo boʻlishi, umuman adib olami, hatto orzu qilgan, materillar toʻplagan va yozilmay qolgan “Amir Umarxonning kanizi” romani, umuman yozuvchining ijodiy laboratoriyasi haqida muxtasar maʼlumot beradi. “Otam haqida” 1983-yilda toʻldirilgan holda qayta nashr etiladi va oʻsha yili Toshkent shahrining 2000 yilligi munosabati bilan “Toshkent oqshomi” gazetasining bosh mukofoti bilan taqdirlanadi.
Habibulla Qodiriy 1987-yilda otasining 1913–1926-yillardagi matbuotchilik faoliyatiga bagʻishlab, “Felyeton qiroli yoki oʻz elining maxsus muxbiri” nomli maqola yozadi. Maqola “Yoshlik” jurnalining 1987-yil 11-sonining 42–54-sahifalarida eʼlon qilingan.
Habibulla Qodiriy mohir hikoyanavis ham edi. Uning 1964-yilda “Nilufar”, 1978-yilda “Qora arab” nomli hikoyalar toʻplami chop etilgan. Ushbu asarlar bugun qayta nashrini va tadqiqotchilarini kutib turibdi...
Bundan tashqari, 1967-yilda Habibulla Qodiriyning “Afrikaga sayohat” va “Yaman-Misr lavhalari” kabi sayohatnoma xarakteridagi kitoblari ham nashr qilingan. U 1969-yilda adabiyotshunos Sherali Turdiyev bilan birgalikda Abdulla Qodiriyning “Kichik asarlar toʻplami”ni bosmadan chiqargan. Habibulla Qodiriyning 1985-yilda xotira-hikoyalar va rivoyatlardan iborat “Turmush saboqlari” nomli kitobi chop etilgan. Yozuvchi oʻsha yili “Mushtum” jurnalining birinchi darajali mukofoti bilan taqdirlangan. Muallif 1986-yilda “Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida” kitobini ham nashrga tayyorlagan.
Habibulla Qodiriyning vafotidan keyin chop etilgan asari – “Qodiriyning soʻnggi kunlari” deb nomlangan xotira-qissasi boʻlib, unda Abdulla Qodiriy boshdan kechirgan mushkul kunlar, musibatlar qalamga olingan. Qissa ilk bor 1989-yilda “Yoshlik” jurnalining 4–7-sonlarida eʼlon qilinadi va jurnal mualliflari oʻrtasida tashkil etilgan yillik tanlovda bosh sovringa, 1991-yilda esa Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining mukofotiga sazovor boʻladi.
Darvoqe, Sherkon Qodiriyning yozishicha, otasi “Toshkand haqida bir narsa yozish niyatim bor. Bitsa, yozganlarimning eng zoʻri boʻlsa kerak”, der ekan. Habibulla Qodiriy 1964-yilda “Eski Toshkandda” nomli kichik tarixiy qissa ham yaratgan. Ammo orada “Otam haqida” kitobini yozishga berilib ketib, qissa chala qoladi. Sherkon Qodiriy oʻzining “37-xonadon”iga material izlash jarayonida ushbu asarni topib oladi va 2019-yilda nashr etilgan “Diydor qiyomatga qolsa netayin (Qodiriyning soʻnggi kunlari)” kitobiga kiritadi.
Umuman olganda, Habibulla Qodiriydan otasi bilan bogʻliq oʻchmas xotiralar, noyob manbalar va goʻzal hikoyalar qolgan. Uning oʻgʻillari Xondamir va Sherkon Qodiriylar bugun otalari izidan borib, Qodiriylar chirogʻini yoqib, oltin avlod silsilasini davom ettirmoqda.
Xondamir Qodiriy
Xondamir Qodiriy bugungi kunda bobosi nomidagi uy-muzey direktori boʻlib, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon”larni asl holida tiklab, nashr etilishiga bosh-qosh boʻldi. Shuningdek, “Kichik asarlari” (oʻsha paytda matbuotda chop etilgan maqolalar)ni mukammal holda toʻplab, 2007-yilda “Diyori bakr” nomi bilan nashr ettirdi.
Eng muhimi, uning koʻp yillik harakati va mehnatlari bilan Abdulla Qodiriyning besh jildlik mukammal toʻplami (2017) chop etildi. U “Adabiyot, badiiyat, abadiyat” (2004), “Soʻnmagan chiroq” (2014), “Turkistonda ocharchilik, qahatchilik” (2021) kabi koʻplab xotira kitoblarni nashrga tayyorlagan.
Sherkon Qodiriy
Sherkon Qodiriy 1958-yilda tavallud topgan. Uning tashqi qiyofasi, dangal, choʻrtkesar xarakteri va doʻlvorligi Abdulla Qodiriyga oʻxshaydi. Uning bobosiga mehri shu qadar yuksakki, buyuk adib chekkan ogʻriq va iztiroblarni oʻz ogʻrigʻi, qalb iztirobi deb biladi. Abdulla Qodiriy 1937-yilning 31-dekabr kuni tunda, oʻz uyidan hibsga olingan. Taqdirning bir tasodifini qarangki, oradan koʻp oʻtmay yozuvchi yashagan 19-tartib raqamli uyga 37-raqami beriladi. 1988-yilning 31-dekabr tunida Habibulla Qodiriy olamdan oʻtadi. Ertasiga asr namozida qabrga qoʻyadilar. Bu voqeani Sherkon Qodiriy shunday xotirlaydi. “Bizda bir odat bor: erkaklar mozordan qaytgach, ayollar bilan soʻrashadilar. Oʻshanda onam meni bagʻrilariga bosib, “Otangning yuzlarini biroz yerga qaratib qoʻyish kerakmidi... Koʻpgina gaplarini aytolmay ichlarida olib ketdilar. Zardoblari bu dunyoda qolardi...” deb yigʻlagandilar”. Vaqti-soati yetib, Sherkon Qodiriy ana shu “zardob”larning baʼzilarini aziz oʻquvchilarga havola qilishga jazm etadi va “37-xonadon” asari dunyoga keladi. Kitob bir necha bor nashr etilgan va Qodiriy muhiblarining sevimli asariga aylangan.
U 1994-yilda Abdulla Qodiriy tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Qodiriyni qoʻmsab...” nomli xotiralar kitobini tayyorladi. 2019-yilda “Otam haqida”, “Qodiriyning soʻnggi kunlari”, “37-xonadon”, “Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida” kitoblari jamlangan “Diydor qiyomatga qolsa netayin” nomli ulkan majmuani, 2019-yilda “Oʻtkan kunlar” va uning taqdiri” toʻplamini, 2024-yilda Habibulla Qodiriyning “Tirik xotiralar” kitobini nashr ettirdi.
Sherkon Qodiriy oʻtmish va yangi davr voqealari aks etgan bir necha hikoyalar muallifi. “Doʻlvor yigit” kitobi uning adabiy miqyosi, badiiy tafakkuridan dalolat beradi. U adabiyot muhibi sifatida bobosining asarlarini chuqur tahlil etib, qiyosiy oʻrganib, 2023-yilda “Abdulla Qodiriy qoldirgan xazina” nomli risola yaratdi. Unda Qodiriyning badiiy soʻz jilvasini goʻzal, jonli misollar bilan koʻrsatib, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romani, “Obid ketmon” qissasidagi badiiy ifoda, obrazlar tasviri, ularning yaratilishi, prototiplari asarda qoʻllanilgan hikmatlar va ibratli iboralarni oʻrganib, kitobxonlar uchun ijodiy bir guldasta taqdim etdi.
Sherkon Qodiriy buyuk sulola davomchisi sifatida zamondosh yozuvchi-shoirlar, ilm ahli bilan dildosh inson. Shu boisdan boʻlsa kerak, xotira kitoblarini yaratishni, ustozlarning ijod sirlari, hayotiy saboqlarini kitobxonlarga yetkazishni xush koʻradi. Uning Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik (1946–2019)ka mehri oʻzgacha edi. Ustozning purmaʼno oʻgitlarini olgan, ijodiy laboratoriyasidan xabardor, yozuvchiga sirdosh sifatidagi buyuk bir ehtirom bilan “Kunlarning birida Tohir Malik” (2020), “Tohir Malik zamondoshlari xotirasida” (2022) kitoblarini yozdiki, har ikki toʻplam oʻquvchilar qalbidan joy egalladi.
Koʻrinib turibdiki, Sherkon Qodiriy serqirra ijodkor. Hali u kishining oʻylagan koʻplab ijodiy rejalari, orzu-niyatlari bor. Quvonarlisi, Sherkon Qodiriyning bir oʻgʻli bugun qalam charxlab, tetapoya qilib kelmoqda... Umid qilamizki, oltin avlod davom etadi va “Har bir asarim – bir farzandim, chiroqchimdir” deya taʼkidlagan buyuk Qodiriy ruhi nafaqat asarlari, balki avlodlari orqali ham umrboqiylik kasb etadi.
Darvoqe, Qodiriylarni ruhan birlashtirib, ijodida mayoq vazifasini oʻtagan bir jihat – asosiy qon tomir borki, u alohida bir mavzu...
Xoliyor SAFAROV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi